• Foto: Eltuz.com
Asosiy mavzular
3 iyun 2019

Andijonda elektr idorasi ishchilari uy buzishga jalb qilindi

Andijonda 25 may kuni e'lon qilingan shanbalik 29 may kuni ham davom etdi. Marhamat tumani elektr tarmoqlari korxonasi ishchisining «Eltuz»ga ma'lum qilishicha, ularga shanbalikda 100 foiz ishtirok etishlari majburligi aytilgan.

Foto: eltuz.com
Marhamat tumanida buzilayotgan uylar

Lekin 31 may kuni matbuot anjumani o‘tkazgan Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov Marhamat tumani markazini “Obod tuman markazi”ga aylantirish ishlariga byudjet tashkilotlari xodimlari jalb etilmaganligini ta'kidlagan.

«Viloyat xokimi yo yolg‘on gapirdi, yo buzish ishlariga byudjet tashkilotlari ishchilari jalb etilanligidan xabari yo‘q», deydi «Eltuz» suhbatdoshi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, elektr idorasi ishchi-xodimlari 2 kun davomida Marhamat-Asaka yo‘lidagi uylarni buzish ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishgan va bu topshiriq ularga Marhamat tumani hokimligi tomonidan buyurilgan.

«Har bir tashkilot shanba va yakshanba kunlari o‘ziga biriktirilgan 2 tadan uyni buzib bo‘lishlari shart ekan. Bizga agar buzish ishlarida ishtirok etishni istamasang, marhamat, mardikor yolla, lekin pulini cho‘ntagingdan to‘laysan, deb aytishdi. Ammo shu kunlarda mardikorlarning kunlik bahosi 50 ming so‘mga chiqib ketgan», dedi «Eltuz»ga ism-sharifi sir qolishini so‘ragan manba.

Keyingi paytlarda fuqarolar uylarining buzilishi masalasi dolzarb mavzuga aylangan. Nafaqat poytaxt, viloyat markazlari, balki tumanlarda ham uylarning buzilishi avjiga chiqqan. Yo‘lni kengaytirish, eski, ko‘rimsiz uylar o‘rnida zamonaviy bino va inshootlar barpo etish maqsadida Asaka, Marhamat tumanlarida ham aholining uylari buzilmoqda. Marhamatlik fuqaro S.R. ning so‘zlariga qaraganda, o‘tgan yili tuman hokimi Shuhrat Qamchiev uyi buzilishga tushgan fuqarolarga uylarini buzib ko‘chirib olib ketishlari va joyni bo‘shatishlari uchun bir yil muhlat bergan. Aholining noroziligi va viloyat hokimiga qilgan murojaatidan g‘azablangan tuman rahbari keyinroq bu muhlatni 6 oyga qisqartirdi.

Ayni kunlarda hokim tayinlagan 6 oy muddat ham o‘tib bo‘lgan. Uylari buzilishidan norozi bo‘lgan odamlarning hech biri bu vaqt orasida uylarini buzmadi. Ularning har birida “balki buzilmas”, degan mitti umid bor edi. Mana endi bu vazifa davlat tashkilotlari zimmasiga yuklatildi. Manbaning aytishicha, tuman hokimi “bironta xodim buzish ishlariga chiqmasa, u ishlaydigan tashkilotga chora ko‘raman”, deb po‘pisa qilgan.

Foto: eltuz.com
Marhamat tumanida buzilayotgan uylar

«Uy buzish, qurish, obodonchilik ishlari bizga begona emas. Hatto tumanimizda qurilgan 2 sotixli uylar qurilishida ham ishtirok etganmiz. Kecha bizni ogohlantirishgan: “Erta va indin ish kiyimlaringizni olib kelinglar”, deyishgan. Mana, ishxonadagi barcha erkagu ayollar shu yerdamiz. Erkaklar uy buzishyapti, bizlar esa buzilgan uyning yog‘ochini yog‘ochga, g‘ishtini g‘ishtga ajratyapmiz. Uy egalari hovlida, ko‘chalarda yig‘i-sig‘i qilish bilan ovora. Hech kim bizga hatto bir piyola choy tutmaydi. Yaxshiki, ko‘pchilik ro‘zador. Baxtimizga havo ham salqin bo‘lib turibdi. Ish ko‘p, 2 kun ichida bu ishlarni tugatishimiz kerak», deydi yana bir davlat tashkiloti ishchisi.

Uy buzilishi ishlarini tuman IIB xodimlari nazorat ostiga olishgan. Uy egalari va uy buzuvchilar orasida kutilmagan voqea sodir bo‘lmasligi uchun bosh-qosh bo‘lib turishibdi. Shanbalikka chiqqan “tekin mardikorlar” bilan esa hech kimning ishi yo‘q.

29 mayga kelib, uylarning buzilishiga askarlar ham jalb etildi. «Eltuz»ga ma'lum bo‘lishicha, shu kuni uylarni buzishga 1,5 mingtacha atrofida askar olib kelingan.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 fevral 2018
Prezident Mirziyoevning Milliy xavfsizlik xizmatini keskin tanqidlar qilgani ortidan masjidlardagi MXX xodimlari faoliyati ham cheklana boshlandi. O‘zbekiston Musulmonlari idorasi ...
25 yanvar 2016
Qamoqxona boshlig‘i o‘rinbosari poraxo‘r bo‘lib chiqdi “Huquq” gazetasining yozishicha, Navoiy viloyatidagi jazoni ijro etish muassasasi boshlig‘ining umumiy masalalar bo‘yicha ...
12 aprel 2017
2017 yil 12 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisining o‘rinbosari 68 yashar Bo‘ritosh Mustafoev yurak kasalligi bois yuzaga ...
10 oktyabr 2015
G‘allaorol tuman hokimi Azim To‘labov buyrug‘iga ko‘ra, paxta normasini bajara olmagani uchun ikki kunga qamalgan tuman bosh vrachi Yusuf ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...