Dayjest
25 yanvar 2016

Qo‘shiqchiga eshikochar bo‘lgan senator yoki turma boshlig‘i nega pora oldi?

Qamoqxona boshlig‘i o‘rinbosari poraxo‘r bo‘lib chiqdi

“Huquq” gazetasining yozishicha, Navoiy viloyatidagi jazoni ijro etish muassasasi boshlig‘ining umumiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari fermerdan 5 million so‘m pora olayotganda qo‘lga tushdi.

Ma'lum bo‘lishicha, shu viloyatning Qiziltepa tumanidagi fermer xo‘jaliklaridan biri qamoqxonaga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib bergan.
Qamoqxona boshlig‘i o‘rinbosari yetkazib berilgan mahsulotlar pulini to‘lab berish va o‘zaro hamkorlik shartnomasini uzaytirish uchun pora talab qilgan.

Ta'magir mansabdor 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

O‘qishga kirituvchilar 2 taga kamaydi

“Kuch–adolatda” gazetasi Surxondaryoda abiturientlarni pul evaziga o‘qishga kiritish bilan shug‘ullangan ikki ayol jazoga tortilganini ma'lum qildi.

Aytishilicha, bu ayollar bir shaxsdan o‘g‘lini o‘qishga kiritib qo‘yishni va'da qilib 6 million so‘m, yana bir qizning otasidan 12 million 750 so‘m pul olgan. Ammo va'da bajarilmagan.

Demak O‘zbekistonda har yili abiturientlarni oliy o‘quv yurtlariga kiritib qo‘yuvchilar soni ikki kishiga kamaydi, deb xulosa qilsak bo‘ladi.

Sudlan(ma)ganlik ma'lumotnomasi olishga talabgorlar bisyor

“Adolat” gazetasi “my.gov.uz” yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining 2015 yilgi faoliyatiga doir maqola e'lon qildi.

Maqolada bildirilishicha, 2015 yil yakuniga qadar yagona portalga 391 881 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 60 foizi yuridik shaxslar, 40 foizi esa jismoniy shaxslarning murojaatlaridir.

Gazeta “Sudlanganlik (yoki sudlanmaganlik) to‘g‘risidagi ma'lumotlarni berish” eng ommabop interaktiv xizmatlar sirasiga kirganini yozgan.

Son-sanoqsiz valyutafurushlardan uchtasi qo‘lga tushdi

“Huquq” gazetasining yana yozishicha, “Qatortol” savdo majmuasi hududida valyuta savdosi bilan noqonuniy shug‘ullanib kelgan uch shaxs SVOJJDLQK (soliq va valyutaga oid jinoyatlar va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish) departamenti xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Ulardan katta miqdordagi xorijiy va milliy valyuta olib qo‘yilgan.

Shuningdek, aybdorlarga tegishli bo‘lgan “Lasetti” va “Matiz” rusumli avtomobillar ham davlat egaligiga o‘tkazilgan.

Toshkentning deyarli barcha nuqtalarida ochiq-oydin faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa son-sanoqsiz valyutafurushlarni ushlash uchun “krisha”lardan ruxsat tegmayaptimikin?

Xonandalar TVga Iqbol Mirzoning ruxsati bilan chiqadi

“Tasvir” gazetasi estrada sohasi vakillarining reyting darajasini raisi shoir Iqbol Mirzo bo‘lgan Milliy estrada san'atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi qoshidagi Ijodiy ko‘maklashuvchi vakillar guruhi belgilashini ma'lum qildi.

Gazetaning yozishicha, litsenziya talabgori bo‘lgan xonanda kengashga murojaat bilan kelganda jonli kuylay olishi kerak. Televidenieda chiqishi uchun unga 4 ta reyting guruhi beriladi. 1 dan 4 gacha bo‘lgan reyting guruhi kontsert-tomosha faoliyati ko‘rsatish, shu jumladan, televideniega chiqish huquqini beradi. 5-6 reyting guruhi esa faqat to‘y, restoran va kafelarda aholiga xizmat ko‘rsatish huquqini beradi, xolos.

Denis Istomin halol o‘ynamaydimi?

“Kun.uz” internet nashrining yozishicha, kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etishda gumonlanayotgan tennischilar ro‘yxatida O‘zbekistonning birinchi raketkasi Denis Istominning ham nomi bor.

Ushbu ro‘yxatga kiritilgan 16 tennischidan biri bo‘lgan D.Istomin ayni paytda davom etayotgan Avstraliya ochiq chempionatining ham yakkalik, ham juftlik bahslarida ishtirok etib, birinchi davradayoq musobaqani tark etgan.

Davlat ijtimoiy tarmoqlar ishini nazorat qila olmayotganidan alamdami?

Sputnik internet nashri “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Telegram, Facebook i «Odnoklassniki» kabi ijtimoiy tarmoqlar ishini chegaralash taklifini tayyorlayotganiga oid xabarlar bois, soha ekspertining fikrini o‘rgandi.

Ekspert messenjerlar bilan bog‘liq tahdidlar haqidagi gap-so‘zlar, birinchi navbatda, davlat ularni nazorat qila olmasligi sababli kelib chiqayotganini aytgan.

Uning bildirishicha, ijtimoiy tarmoqlar ishiga ta'sir o‘tkazishning yagona yo‘li internet yoki mobil aloqani o‘chirishdir.
“Hamma narsani kutsa bo‘ladi, ammo O‘zbekiston Shimoliy Koreyaga aylanmasa kerak”, deydi ekspert.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
22 mart 2024
Mana xafta aylanib siz bilan yuzma yuzman millat. MS: Nichiksizla, xo‘jik brri, mo‘chchi oybikala. Og‘o tozoliqladan so‘llang. O‘lgan qotqon ...
23 mart 2021
Turkmaniston hukumati karantin qoidalari sabab o‘z talabalarini mamlakat hududiga kiritmayapti. Talabalar chegara punktida qolib ketgan va bir necha kundirki, ...
25 iyul 2017
1 iyuldan Farg‘onada ish boshlagan Majburiy ijro byurosi (MIB) ishidan odamlar norozi bo‘la boshladi. MIB inspektorlari uyma-uy yurib aliment, ...
5 aprel 2019
Joriy yilning 8 fevralida ishdan olinib, ustidan jinoyat ishi ochilgan DXX sobiq raisi Ixtiyor Abdullaev 4 aprel kuni uy ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...