• Foto: Eltuz.com
Asosiy mavzular
3 iyun 2019

Andijonda elektr idorasi ishchilari uy buzishga jalb qilindi

Andijonda 25 may kuni e'lon qilingan shanbalik 29 may kuni ham davom etdi. Marhamat tumani elektr tarmoqlari korxonasi ishchisining «Eltuz»ga ma'lum qilishicha, ularga shanbalikda 100 foiz ishtirok etishlari majburligi aytilgan.

Foto: eltuz.com
Marhamat tumanida buzilayotgan uylar

Lekin 31 may kuni matbuot anjumani o‘tkazgan Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov Marhamat tumani markazini “Obod tuman markazi”ga aylantirish ishlariga byudjet tashkilotlari xodimlari jalb etilmaganligini ta'kidlagan.

«Viloyat xokimi yo yolg‘on gapirdi, yo buzish ishlariga byudjet tashkilotlari ishchilari jalb etilanligidan xabari yo‘q», deydi «Eltuz» suhbatdoshi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, elektr idorasi ishchi-xodimlari 2 kun davomida Marhamat-Asaka yo‘lidagi uylarni buzish ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishgan va bu topshiriq ularga Marhamat tumani hokimligi tomonidan buyurilgan.

«Har bir tashkilot shanba va yakshanba kunlari o‘ziga biriktirilgan 2 tadan uyni buzib bo‘lishlari shart ekan. Bizga agar buzish ishlarida ishtirok etishni istamasang, marhamat, mardikor yolla, lekin pulini cho‘ntagingdan to‘laysan, deb aytishdi. Ammo shu kunlarda mardikorlarning kunlik bahosi 50 ming so‘mga chiqib ketgan», dedi «Eltuz»ga ism-sharifi sir qolishini so‘ragan manba.

Keyingi paytlarda fuqarolar uylarining buzilishi masalasi dolzarb mavzuga aylangan. Nafaqat poytaxt, viloyat markazlari, balki tumanlarda ham uylarning buzilishi avjiga chiqqan. Yo‘lni kengaytirish, eski, ko‘rimsiz uylar o‘rnida zamonaviy bino va inshootlar barpo etish maqsadida Asaka, Marhamat tumanlarida ham aholining uylari buzilmoqda. Marhamatlik fuqaro S.R. ning so‘zlariga qaraganda, o‘tgan yili tuman hokimi Shuhrat Qamchiev uyi buzilishga tushgan fuqarolarga uylarini buzib ko‘chirib olib ketishlari va joyni bo‘shatishlari uchun bir yil muhlat bergan. Aholining noroziligi va viloyat hokimiga qilgan murojaatidan g‘azablangan tuman rahbari keyinroq bu muhlatni 6 oyga qisqartirdi.

Ayni kunlarda hokim tayinlagan 6 oy muddat ham o‘tib bo‘lgan. Uylari buzilishidan norozi bo‘lgan odamlarning hech biri bu vaqt orasida uylarini buzmadi. Ularning har birida “balki buzilmas”, degan mitti umid bor edi. Mana endi bu vazifa davlat tashkilotlari zimmasiga yuklatildi. Manbaning aytishicha, tuman hokimi “bironta xodim buzish ishlariga chiqmasa, u ishlaydigan tashkilotga chora ko‘raman”, deb po‘pisa qilgan.

Foto: eltuz.com
Marhamat tumanida buzilayotgan uylar

«Uy buzish, qurish, obodonchilik ishlari bizga begona emas. Hatto tumanimizda qurilgan 2 sotixli uylar qurilishida ham ishtirok etganmiz. Kecha bizni ogohlantirishgan: “Erta va indin ish kiyimlaringizni olib kelinglar”, deyishgan. Mana, ishxonadagi barcha erkagu ayollar shu yerdamiz. Erkaklar uy buzishyapti, bizlar esa buzilgan uyning yog‘ochini yog‘ochga, g‘ishtini g‘ishtga ajratyapmiz. Uy egalari hovlida, ko‘chalarda yig‘i-sig‘i qilish bilan ovora. Hech kim bizga hatto bir piyola choy tutmaydi. Yaxshiki, ko‘pchilik ro‘zador. Baxtimizga havo ham salqin bo‘lib turibdi. Ish ko‘p, 2 kun ichida bu ishlarni tugatishimiz kerak», deydi yana bir davlat tashkiloti ishchisi.

Uy buzilishi ishlarini tuman IIB xodimlari nazorat ostiga olishgan. Uy egalari va uy buzuvchilar orasida kutilmagan voqea sodir bo‘lmasligi uchun bosh-qosh bo‘lib turishibdi. Shanbalikka chiqqan “tekin mardikorlar” bilan esa hech kimning ishi yo‘q.

29 mayga kelib, uylarning buzilishiga askarlar ham jalb etildi. «Eltuz»ga ma'lum bo‘lishicha, shu kuni uylarni buzishga 1,5 mingtacha atrofida askar olib kelingan.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
13 dekabr 2024
Aziz va mukarram, qadrli va mehribon ko‘zi qora, qoshi qora yurtdoshlarim, mana xapta aylanib siz bilan yuzma yuz betma ...
10 avgust 2022
Taniqli siyosat arbobi va shoir Muxammad Solix bilan may oyida o‘tkazilgan bu suhbat bevosita Eltuz tashabbusi bilan tayyorlandi. Faqat ...
19 fevral 2018
O‘zbekistondagi jo‘shqin siyosiy o‘zgarishlar shu paytgacha mamlakatda eng qudratli kuch bo‘lgan Milliy xavfsizlik xizmati o‘rniga yangi supertuzilma – prokuraturani ...
9 avgust 2018
Ayni paytda Toshkent arxitektura-qurilish instituti oldidagi chinorlarning bir nechasi ham tuman obodonlashtirish idorasi tomonidan kesib tashlangan. Rassom Tuz 2015 ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...