Sobiq bosh prokurorga 10 yil qamoq jazosi berildi
Bugun, 2019 yil 26 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Yunusobod tumani sudining binosida O‘zbekiston Respublikasining sobiq bosh prokurori Rashid Qodirov va boshqalarga oid (jami 13 nafar shaxs) jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmi e'lon qilindi.
Sudning hukmi bilan 2000-2015 yillarda O‘zbekiston bosh prokurori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan Rashid Qodirov shu davrlarda prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda katta lavozimlarida ishlagan Mirag‘lam Mirzaev, J.Fayziev, U.Sunnatov, R.Po‘latov, A.Musashayxov, U.Xurramov, Yu.G‘oipov, A.Mirzaev, M.Mirzaeva, fuqarolar S.Qosimov, A.Ikromov va X.Ahmadjonov bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib pora olish (Jinoyat kodeksi 210-moddasi 3-qismining “a” bandi), pora berishga dalolat qilish (JK 28, 211-moddasi 3-qismining “a” bandi), firibgarlik (JK 168-moddasi 3-qismining “a” bandi), soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash (JK 184-moddasining 3-qismi), tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish (JK 236-moddasining 2-qismi), jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (JKning 243-moddasi) kabi hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi.
Prokurorlar ustidan yarim yil davom etgan jarayon
Qariyb olti oy davom etgan, O‘zbekiston Respublikasi JPK (Jinoyat-protsessual kodeks) ning 19-moddasi, shuningdek, “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga muvofiq, yopiq tarzda o‘tkazilgan sud tergovi jarayonida barcha sudlanuvchilarning ko‘rsatuvlari birma-bir atroflicha tekshirildi, ikki yuzga yaqin guvohning ko‘rsatuvlari tinglanib, ish bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertiza va xizmat tekshiruvlari xulosalari, shuningdek, jinoyat ishida to‘plangan dalillar, ularning qonuniyligi va asosliligi nuqtai nazaridan taftish qilindi.
Sudning hukmi bilan aybli deb topilgan jinoyatlari uchun R.Qodirovga JK 50-moddasining 6-qismi tartibida 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek, U.Sunnatov 19 yilga, A. Mirzaev 15 yilga, U.Xurramov 14 yilga, J.Fayziev 13 yilga, L. Musashayxov 13 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Qolgan sudlanuvchilarga ham qilgan qilmishlariga yarasha qonun doirasida jazolar tayinlanib, ularning barchasi qo‘shimcha jazo tariqasida muayyan muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq bo‘lgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindi.
Bundan tashqari, sud og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun sudlangan R.Qodirov, M.Mirzaev, A.Mirzaev, J.Fayziev, U.Sunnatov, R.Po‘latov, U.Xurramov, Yu.G‘oipovni (JKning 52-moddasi) maxsus unvon va davlat mukofotlaridan mahrum qilish haqida taqdimnoma kiritishga qaror qildi.
Sudlanganlar aybli deb topilgan jinoyatlari oqibatida yetkazilgan moddiy zararlar, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida topshirilgan pul va xatlangan mol-mulklar hisobidan qoplanishi belgilandi.
Shuningdek, sud tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JPKning 298-moddasiga asosan, jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish masalasida O‘zbekiston Respublikasi bosh prokuroriga xususiy ajrim chiqarildi.
Ozodlik uchun insult sahnasi ko‘rsatildimi?
Sud zalida ishtirok etgan mahkumlar yaqinlarining aytishicha, jami 7 ta mahkum sud zalidan ozod qilingan. Ayblanuvchi, Toshkent shahri prokurorining sobiq o‘rinbosari 68 yashar Mirag‘lam Mirzaev va uning xotini Muhabbat Mirzaeva salomatligi yomonligi bois uyiga qo‘yib yuborilgan.
Sudni kuzatgan shaxsning «Eltuz»ga aytishicha, «Antibiotik» laqabli sobiq prokuror Mirag‘lam Mirzaev o‘zini kasallikka solib olib insultga chalingan odam rolini o‘ynagan va sud zalidan ozod qilingan.
Sud zalidan ozod qilinganlarga 5 yildan berilgan. O‘ta og‘ir jinoyatlari uchun sudlangan va ozod qilinganlar orasida R.Po‘latov ham bor. Eltuz O‘zbekiston prokurorlarining jinoyatlariga oid jarayonlarni kuzatishda davom etadi.
Eltuz.com