Asosiy mavzular
26 iyun 2019

Sobiq bosh prokurorga 10 yil qamoq jazosi berildi

Bugun, 2019 yil 26 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Yunusobod tumani sudining binosida O‘zbekiston Respublikasining sobiq bosh prokurori Rashid Qodirov va boshqalarga oid (jami 13 nafar shaxs) jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmi e'lon qilindi. 

Sudning hukmi bilan 2000-2015 yillarda O‘zbekiston bosh prokurori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan Rashid Qodirov shu davrlarda prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda katta lavozimlarida ishlagan Mirag‘lam Mirzaev, J.Fayziev, U.Sunnatov, R.Po‘latov, A.Musashayxov, U.Xurramov, Yu.G‘oipov, A.Mirzaev, M.Mirzaeva, fuqarolar S.Qosimov, A.Ikromov va X.Ahmadjonov bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib pora olish (Jinoyat kodeksi 210-moddasi 3-qismining “a” bandi), pora berishga dalolat qilish (JK 28, 211-moddasi 3-qismining “a” bandi), firibgarlik (JK 168-moddasi 3-qismining “a” bandi), soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash (JK 184-moddasining 3-qismi), tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish (JK 236-moddasining 2-qismi), jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (JKning 243-moddasi) kabi hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi.

Prokurorlar ustidan yarim yil davom etgan jarayon

Qariyb olti oy davom etgan, O‘zbekiston Respublikasi JPK (Jinoyat-protsessual kodeks) ning 19-moddasi, shuningdek, “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga muvofiq, yopiq tarzda o‘tkazilgan sud tergovi jarayonida barcha sudlanuvchilarning ko‘rsatuvlari birma-bir atroflicha tekshirildi, ikki yuzga yaqin guvohning ko‘rsatuvlari tinglanib, ish bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertiza va xizmat tekshiruvlari xulosalari, shuningdek, jinoyat ishida to‘plangan dalillar, ularning qonuniyligi va asosliligi nuqtai nazaridan taftish qilindi.

Sudning hukmi bilan aybli deb topilgan jinoyatlari uchun R.Qodirovga JK 50-moddasining 6-qismi tartibida 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek, U.Sunnatov 19 yilga, A. Mirzaev 15 yilga, U.Xurramov 14 yilga, J.Fayziev 13 yilga, L. Musashayxov 13 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. 

Qolgan sudlanuvchilarga ham qilgan qilmishlariga yarasha qonun doirasida jazolar tayinlanib, ularning barchasi qo‘shimcha jazo tariqasida muayyan muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq bo‘lgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindi.

Toshkent shahri prokurorining sobiq o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzaev

Bundan tashqari, sud og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun sudlangan R.Qodirov, M.Mirzaev, A.Mirzaev, J.Fayziev, U.Sunnatov, R.Po‘latov, U.Xurramov, Yu.G‘oipovni (JKning 52-moddasi) maxsus unvon va davlat mukofotlaridan mahrum qilish haqida taqdimnoma kiritishga qaror qildi.

Sudlanganlar aybli deb topilgan jinoyatlari oqibatida yetkazilgan moddiy zararlar, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida topshirilgan pul va xatlangan mol-mulklar hisobidan qoplanishi belgilandi. 

Shuningdek, sud tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JPKning 298-moddasiga asosan, jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish masalasida O‘zbekiston Respublikasi bosh prokuroriga xususiy ajrim chiqarildi.

Ozodlik uchun insult sahnasi ko‘rsatildimi?

Sud zalida ishtirok etgan mahkumlar yaqinlarining aytishicha, jami 7 ta mahkum sud zalidan ozod qilingan. Ayblanuvchi, Toshkent shahri prokurorining sobiq o‘rinbosari 68 yashar Mirag‘lam Mirzaev va uning xotini Muhabbat Mirzaeva salomatligi yomonligi bois uyiga qo‘yib yuborilgan.

Sudni kuzatgan shaxsning «Eltuz»ga aytishicha, «Antibiotik» laqabli sobiq prokuror Mirag‘lam Mirzaev  o‘zini kasallikka solib olib insultga chalingan odam rolini o‘ynagan va sud zalidan ozod qilingan. 

Sud zalidan ozod qilinganlarga 5 yildan berilgan. O‘ta og‘ir jinoyatlari uchun sudlangan va ozod qilinganlar orasida R.Po‘latov ham bor. Eltuz O‘zbekiston prokurorlarining jinoyatlariga oid jarayonlarni kuzatishda davom etadi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 dekabr 2018
2018 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonning tashqi qarzi qariyb 16 milliard dollarni tashkil etdi va YaIMning qariyb 40-45 foiziga yaqinlashdi. ...
27 sentyabr 2017
Farg‘ona viloyatida huqumatning o‘qituvchi va shifokorlarni paxtadan qaytarish buyrug‘iga qaramay, ular hamon dalada qolib paxta terishmoqda. Ma'lum bo‘lishicha, shifokorlar ...
3 aprel 2015
Islom Karimov rejimi o‘zining alohida ayollariga ega. Ularning otryadlari bugungi kunda o‘z huquqini himoya qilishga uringanlarning abjag‘ini chiqarmoqda. Biroq ...
27 mart 2019
Tarixchilarimiz o‘tmish qadriyatlarini mumkin qadar qadimiylashtirishni yaxshi ko‘rishi sir emas. Qadimiylik, ming yillar haqidagi ta'kidlarni o‘ylamay, hech bir faktsiz ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...