O‘zbekistondagi yashirin iqtisodiyot hajmi qancha?
Rasman e'lon qilingan ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston YaIM qariyb 50 milliard dollarni tashkil etadi. Markaziy bank raisiga ishonsak esa YaIM 100 milliard dollar.
Yaqinda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurotovning matbuot anjumanida aytgan gaplari mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining hajiga oid mana shunday ikkilanishlarga sabab bo‘ldi.
MB raisi bugungi kunda “O‘zbekistonning tashqi qarzi YaIMning 20 foiziga teng”, deya bayonot berib, “bu dunyo bo‘yicha past ko‘rsatkichlardan biri”, deya xotirjam ham qilib qo‘ydi.
“Hozirda O‘zbekistonning tashqi qarzi 20 mlrd dollarga yaqin. Buning 7 mlrd dollarini banklardan olib kirilgan investitsiya liniyalari, 8 mlrd dollarini esa qo‘shma tashkilotlardagi asosiy korxonadan sho‘'ba korxonaga kiritilgan mablag‘lar tashkil etadi”, dedi Mamarizo Nurmurotov.
Oddiyroq qilib aytganda, agar tashqi qarzimiz shuncha bo‘lsa, demak asl YaIM 100 milliard dollardan kam emas bo‘lib chiqyapti.
YaIM borasida M.Nurmurodov aytgan raqam bilan rasmiy ko‘rsatkich o‘rtasida ikki barobar farq qaerdan kelib qoldi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Balki MB raisi adashib aytib yuborgandir bu raqamni?
“Yo‘q, rais ko‘p ham adashgani yo‘q,- deydi iqtisodchi Adham Ismatov “Eltuz” bilan suhbatda. – Menimcha, rais janoblari rasmiy YaIMdan kelib chiqib emas, balki yashirin iqtisodiyot ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib gapirgan”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar tashqi qarzimiz haqida gapirganda rasmiy YaIMga nisbatan foiz chiqarilganda edi, kattaroq raqam kelib chiqardi. Shuning uchun MB raisi bu farqning kattaligini ko‘rsatishdan qochish maqsadida iqtisodiyotimizning haqiqatga yaqin hajmini aytib yuborganga o‘xshaydi.
Bundan ma'lum bo‘ladiki, deydi iqtisodchi, rasmiy doiralar hozirgi vaqtda mamlakatimizda yashirin iqtisodiyot hajmi milliy iqtisodiyotning 50 foizidan kam emasligidan kelib chiqib iqtisodiy siyosatimiz yo‘nalishini belgilamoqda.
“Eltuz”ning O‘zbekistondagi hamkori