Ro‘zimboy Hasanning 30 yilda ham eskirmagan maqolasi
Tarixga Gorbachyov hurriyati deya kirgan 1985 yildan 1991 yilgacha bo‘lgan davrda o‘zbek jurnalistikasida ko‘tarilish paydo bo‘lgani kuzatildi.
Oshkoralik, demokratiya va qayta qurish davrida ilgari taqiqda bo‘lgan mavzular ko‘tarildi. Shunday mavzulardan biri «mahalliychilik » edi. Bu mavzuni o‘sha davrning ilg‘or minbari bo‘lgan «Ësh leninchi» gazetasida jurnalist Ro‘zimboy Hasan ko‘tardi.
30 yil burun yozilgan bo‘lsa ham dolzarbligini yo‘qotmagan bu maqolani «Eltuz» nashri sizga taqdim qiladi.
Ro‘zimboy Hasan: Surxondanmisiz, Qo‘qondanmi?
— Kim deding?.. Xorazmlik bo‘lsa kerak-da! Ismi aytib turibdi: Olloshukur! E-e, ularning hammasi shunaqa. Qizlarini chetga uzatishmaydi, faqat bir-biriga sotishadi, xolos.
— O‘zimizning vodiyliklar zo‘r! Hatto «Kuydi jonim»ni yozgan shoir ham vodiyga kuyov bo‘lgan, ha!
Talabalar yotoqxonasida quloqqa chalingan ushbu suhbatning astarini ag‘darib ko‘ring… Ayni choqda ularning hammasi al-Forobiy, Farg‘oniy, Bobur avlodlarini boplab tuzlaydilar. Hatto nomlarini tilga olishni istashmaydi — «o‘shalar» deb qo‘yaqolishadi.
Mahalliychilik!
Mahalliychilik hukumatimiz tomonidan doimo qoralangan. Ayniqsa, jamiyat hayotini qayta qurishdek ezgu ishning boshlanmasi bo‘lgan KPSS Markaziy Komitetining 1985 yil aprel Plenumidan buyon o‘tgan uch yarim yillik muddatda mamlakat ichki va tashqi siyosati muhokama qilingan neki yig‘in bor mahalliychilik to‘g‘risida albatta gap-so‘z bo‘ldi. Sir emaski, turg‘unlik yillarida ro‘y bergan salbiy hodisalarning bir uchi o‘sha illatga — mahalliychilikka borib taqaladi. Asosan — kadrlar masalasida.
Mahalliychilik — jamiyatga yot unsur: tinch-totuv kun kechirayotgan qo‘shnilar orasiga nifoq tushadi, paxsa-devor oshirib qo‘shni chorbog‘ga tosh otiladi. Mahalliychilik — bir qorindan talashib tushgan, bir qozondan ovqat yeb, bir dasturxondan tuz totgan aka-ukalarni, opa-singillarni bir-biriga gij-gijlaydi. Farzand padarga, qiz modarga o‘gay bo‘lib qoladi. Birodarkushlik — mahalliychilikning serhosil mevasi!
O‘zbek tili — buyuk til. Buni tilimizda mavjud bo‘lgan qirqdan oshiq lahja va shevalar ham isbotlaydi.
O‘zbekiston respublikasi deb ataladigan go‘sha — ikki daryo oralig‘iga ham sig‘magan yurtimizning bir-biridan go‘zal manzilgohlari, qadamjoylari bisyor. Shimolda Xorazm, janubda Surxon, sharqda Toshkent qo‘r to‘kib turibdi. Bir tomonda Farg‘ona — ta'rifi xamsaga sig‘maydigan gavhar, bir tomonda yurtimizning yuragi, tariximizning bebaho ziynati — Samarqand, yana bir tomonda qiblagohimiz, ishonch va irodaning mustahkam qo‘rg‘oni — qadim Buxoro…
«Men samarqandlikman!» «Men buxorolikman!» «Biz toshkentlikmiz!» «Kamina surxondaryolik», «o‘zlaridan so‘rasak? Do‘ppingizga qaraganda Namangandansiz shekilli, yanglishmadim-a?» Bular — har kungi odatiy suhbatlar; zamonaviy musofirxonalar ostonasida bo‘sh hujra izlab, qosh-ko‘zi popukdekkina ta'viyalarga iltijo bilan boqib turgan paytingizda o‘zingizga hamroh bo‘lgan notanish kimsaga aytadigan so‘zlaringiz. Tug‘ilish guvohnomasida ham, go‘rkovning so‘nggi rasmiy hujjatida ham har bir odamning tug‘ilgan joyi xatlangan bo‘ladi. Bu yaxshi. Yurting bor, o‘z uying — o‘lan to‘shaging bor. Lekin… tug‘ilgan joyini faxr bilan aytayotgan kishi boshqa bir jo‘g‘rofiy nuqtani bepisand ohangda tilga olsa-chi? Masalan, mana bunday: «O‘zimizning Surxon odamlariga teng keladigani yo‘q! E-e, qo‘y, o‘sha buxoroliklarni eslatma!»
Mahalliychilik!
«FAN» (Farg‘ona, Andijon, Namangan), «Surqash» (Surxondaryo, Qashqadaryo) kabi nolegal gruppa va tashkilotlar borligini bilasizmi, eshitganmisiz? Poytaxtda bir-ikki yil tahsil ko‘rib, talabalik nonini yegan bo‘lsangiz — bilasiz. Balki vaqtida o‘shalardan biriga a'zo bo‘lib, gerdayib yurgandirsiz? To‘g‘rimi? Ha, balli!
Esdan chiqadimi, «Xurshidani bir xorazmlik yigit kinoga olib tushibdi», degan mish-mishdan keyin yotoqxonada xorazmliklar bilan bo‘lgan olishuv!
Yoki sigaret so‘ragan buxorolik «borzi» bachaning tanobini tortib qo‘yish uchun eks yotoqxonani «pogrom» qilganlaringiz… Aytaversak — gap ko‘p. Salgina bahona topilsa — bas, mushtumzo‘rlik boshlanib ketardi.
Xorazmliklar O. Otajonovning qo‘shiqlarini sevishadi, vodiy hamda boshqa bir qator viloyat yoshlari Sherali Jo‘raevning muxlislari, samarqandlik yigit to‘rtinchi qavat ayvonchasida O. Otajonovni «sayratayotgan» andijonlik yigitga zug‘um qiladi: «O‘chir!» «Sen o‘chir Sheralingni!» Ana, tamom! Qarabsizki, musiqa ilmida alifni hassa deydigan ikki yigit bir-birini g‘ajib tashlashga tayyor ikki olomonni boshiga to‘playdi.
Ishqibozlar orasidagi «mangu jang» — mahalliychilikka aylanadi. O. Otajonov ham, Sh. Jo‘raev ham shunchaki bahona, yolg‘ondakam bayroq xolos. O‘rtada birovning: «Men Xorazm farzandiman!», deganiyu boshqasining: «Bilib qo‘y, sherlarning makonidanman!» deb kuylagan qo‘shig‘i sarson.
Kontsertda nogoh aytib yuborilgan bir-ikki jumla esa shundoq ham lovullab borayotgan gulxanga kerosin sepadi. «Mening shogirdlarim ko‘p. Ular qo‘shiqqa qalbini ham qo‘shib yuborishadi. Ular tanti yurtning o‘g‘lonlari…» Ana shundan keyin istaysizmi-yo‘qmi, shu so‘zlar chaqiriqqa aylanadi-ketadi. Gumrohlar uni inqilobiy «Baynalminal» kabi jo‘r bo‘lishib kuylay boshlaydilar. Kimga qarshi, kimlarga qarshi? Aka-ukalariga, og‘a-inilariga, qondosh, jondosh birodarlariga qarshi, albatta.
Mahalliychilik!
Oltmishinchi yillarda Pelega, yetmishinchi yillarda Kruiffga, saksoninchi yillarda Maradonaga sig‘ingan yoshlarning — ishqibozlarning taqlidchilarini ko‘rganmisiz? «Bularning adabini berib qo‘yish kerak! «Navbahor» darvozasiga urilgan har bir golni o‘shalarning burnidan buloq qilamiz. Qani, ketdik!»
Ketishdi… O‘yin tugagan. Mag‘lub komanda a'zolari horg‘in qiyofada, boshlarini xam qilishib (yashirish qiyin) kiyinish xonasiga yo‘l olishadi. Stadionda esa kurashning «uchinchi taymi» boshlanmoqda. Mag‘lub komanda bilan g‘olib komandaning ashaddiy ishqibozlari o‘zaro «hisob-kitob» qilishmoqda.
Ur-yiqit! «Bo‘sh kelmang, namanganliklar!» «Andijonliklar, olg‘a, axir sizlar sherlarning makonidansiz!» «Uchinchi taym»ni boshqaradigan «hakam»— qozi yo‘q. Ular noiloj bir chetda hay-haylab turishibdi. Istaklari, qani hozir yelkalariga zildek botgan pogonlarni cho‘ntakka urib, yengni shimarib izdihomga o‘zlarini urishsa! To‘purar komandaning ishqibozlarini «nokaut» qilishsa!
Shunda smenalari yaxshi o‘tib, kechasi tinch uxlasharmidi? Ularni to‘xtatish qiyin. Gap-so‘z ortiqcha. Vahshiylashgan to‘daning «zuvalasi» bolalikda pishirilgan, avvalo, o‘z uyini qo‘shni bolalardan himoya qiladi. Keyin mahalla mahalla bilan hisob-kitobni to‘g‘rilaydi. So‘ngra kolxoz kolxoz bilan, qarabsizki, rayon rayonga «urush e'lon qilib» o‘tiribdi. Maktabda shunday tahsil ko‘rib, katta «savash»larda ham olib, ham oldirgan o‘smir poytaxtga ilm izlab kelibdiki, tag‘in o‘sha «sevimli mashg‘ulot» yakun topmaydi. Kurashlarda chiniqqan «akaxon»lari uni darrov «zemlyak»ka aylantirishadi…
Mahalliychilik!
Bu la'nati illat bizga bobomeros. Ikki daryo oralig‘ida yashagan ajdodlarimiz uchun ne-ne asrlar birodarkushlik odatiy hol bo‘lib keldi. Kushonlar, somoniylar, xorazmiylar, qoraxoniylar, temuriylar… Bir tilda so‘zlashib, bir tuproqda ulg‘aygan, bir daryodan suv ichgan xalq «Vatan» tushunchasini «hokimiyat» tushunchasiga ayirboshlagan taxt egalarining aybi bilan bir-birlariga qirpichoq bo‘lishdi. Qodiriy alam bilan yozgan, «tariximizning eng qora kunlari» — uch xonlik davrini oling: Xiva xonligi, Buxoro xonligi, Qo‘qon xonligi. Bu bo‘linish zamirida ham o‘sha illat — mahalliychilik. Mahalliychilik tufayli bo‘lingan xalq — tashqi dushman hamlasiga dosh berolmaydi, parokanda bo‘lgan davlatlar tanazzulga yuz tutadi…
Mahalliychilik!
Bir raykom sekretarining kolxozga yangi rais saylash payti tavsiya etilayotgan nomzodni (u boshqa xo‘jalikdan bo‘lib, odamlar unga norozilik bildirishgan edi) kuyib-pishib himoya qilganining shohidi bo‘lganman. U shunday degan: «Mana hozir ayrim kolxozchilar o‘zimizning qishloqda tug‘ilib, o‘sgan odam rais bo‘lsin deyishmoqda.
Mayli, ular aytgancha bo‘la qolsin. Lekin men hozirdanoq buning «minus» tomonlarini ko‘rib turibman. Deylik, kolxozning «oyoq» uchastkasidan birov rais bo‘ldi. Qarabsizki, bir yil o‘tar-o‘tmas xo‘jalik fondining katta qismi o‘sha uchastkaning yo‘llarini tuzatishga, ko‘chalarini obod qilishga, o‘sha yerda yangi imoratlar qurishga sarflanadi.
Agar kolxozning «atov» uchastkasidan rais qo‘yilsa, asosiy mablag‘ endi teskari tomonga oqa boshlaydi. Bu hayot tajribasida ko‘p marta kuzatilgan hodisa. Ular hamma ishni qonuniy ravishda amalga oshirishadi. Oldingi raislaringizning faoliyatiga bir nazar tashlang, axir! Yana o‘zingizdan saylanadigan raisning butun qarindosh-urug‘i ham shu yerda…
Agar boshqa xo‘jalikdan rais saylasak, unga «oyoq»liklar ham, «atov»liklar ham — bir. Do‘stiga kolxoz hisobidan imorat qurib berolmaydi, yaqin qarindoshini «yog‘liq» joyga ishga qo‘yolmaydi. Aytadigan gapim shu. O‘zlaring o‘ylab ko‘ringlar…»
O‘shanda raykom sekretari yoqlayotgan nomzod — qo‘shni kolxozlik agronom yigit raislikka saylandi. Odamlar qamrovni kengroq oldilar, shekilli. Partiya xodimi garchi bu ziddiyat tagida mahalliychilik yotganini aytmasa-da, turg‘unlik davrida bolalab ketgan illat — mahalliychilikni qayta qurish mezoni inkor etayotganini bilardi.
Boshqa bir xo‘jalikda rayon partiya komiteti byurosi tavsiya etgan yosh kadr boshqa xo‘jalikdan bo‘lgani sababli ham saylovdan o‘ta olmadi. Garchi bu xo‘jalik «burnigacha» qarzga botgan, oldingi raislar odamlarni ko‘p sarson qilishgan bo‘lishiga qaramasdan kolxozchilar, o‘zimizdan rais saylab berasan, deb turib olishdi. Keksa bir kolxozchining raykom sekretariga aytgan gapi sira esimdan chiqmaydi: «Bu yigit osmonni yerga olib tushadigan bo‘lsa-da, kerakmas. Agar itni rais qilsang ham o‘sha it o‘zimizning kolxozdan bo‘lsin!..» Bu o‘rinda izoh ortiqcha.
Mahalliychilik!
Bu la'nati bid'atni davrning ongli, ilg‘or kishilari — solnomachilar ham yenga olishmagan. Adabiy guruhlar orasida ayrim paytlari mahalliychilik yuqori cho‘qqiga ko‘tariladi. Aytaylik, vodiylik biror qalamkash nufuzli nashriyotga «katta» bo‘ldimi, demak vodiylik ahli qalamning oshig‘i olchi: qo‘lyozmasi tortmalarda yillab chang bosib yotmaydi, asarlari ko‘p nusxada, yaltiroq muqovalarda bosiladi. Samarqandlik munaqqid yoki xorazmlik shoir noshirlar kursisiga o‘tirdimi, yurtdoshlari (bu so‘zni shartli ravishda ishlatyapmiz, albatta) qo‘lini qo‘liga ishqab (Eh, zamon keldi-ku!) kelishaveradi, kelishaveradi: «Qachongacha vodiyliklar potirlatib kitoblarini chiqarib yotishaveradi?!»
Shu tariqa mahalliychilikni bayroq qilib olgan to‘dalar birlashib, mazmun va mohiyatan yakdil adabiy doiralarda juda katta kuchga — hatto bir-biriga tazyiq o‘tkazadigan, zug‘um qiladigan qudratga aylanadi. Katta-katta davralarda biror asarning badiiyligi, yozilish uslubi, til boyligi haqida bahs boshlanib ketsa, «Adabiyot nazariyasi» bir chetda qolib, to‘mtoq fikr, chirkin g‘oya, mahalliychilik «zarbdor kuch»ga aylanadi. «Ur, desa nomard qochur, mard qolur maydon ichinda». Aslida guruhbozlar orasida mard deb atashga arziydigan kishining o‘zi yo‘q. Akasiga qo‘l ko‘targan, singlisini haqoratlaydigan, otasiga aql o‘rgatadigan odam qachon mard sanalgan? Bu qaysi risolada bor?
Vodiyda kindik qoni tomgan munaqqid o‘z yurtdoshining do‘konlarda chang bosib yotgan dostonlar majmuasini ko‘klarga ko‘taradi: «Hazrati Navoiy davridan buyon hali bunday yetuk misralar yaralgan emas!» Vohalik tanqidchi esa eldoshining so‘nggi asari (koshki shu so‘nggisi bo‘lsa!) — xo‘ppasemizligidan nosfurushlar kunda «o‘qib», elga «targ‘ib» qilayotgan romanini hamdu sanolarga ko‘mib yuboradi: «Hatto Qodiriy bu darajada yoza bilmagan!»
Rahmat, ming karra rahmat sizlarga!
Jurnalistlar davrasiga bir nazar soling! Mahalliy nashrlarda mahalliychilik sal bo‘lmasa qonuniy tus olgan. Adabiy jurnallarda biror nima chiqarish uchun kamida ikki «kamyob» narsadan biri sizda bo‘lishi shart: yo tengsiz talant yoki yurtdoshingiz redaktsiyada ishlashi lozim. Respublika matbuotlarining oblastlardagi o‘z muxbirlari ado etadigan ishlardan biri — o‘z yurtdoshlarini bir-biridan oshirib maqtash. Ma'lumki, son ketidan quvish o‘sha dahshatli «olti million» raqamini dunyoga keltirgan. Yurtimizni «olti million»li quruq raqamga aylantirishga eng ko‘p hissa qo‘shganlar ham o‘shalar — shoshqaloq jurnalistlar. «Falon rayondan shikoyat xati tushgan. Tanishib, o‘qishli bir matarial tayyorlasangiz bo‘lardi», deb topshiriq beradi bo‘lim mudiri oblastdagi o‘z muxbiriga qo‘ng‘iroq qilib. «Endi… bilasiz, shu yerda yashab turgandan keyin… Bizga ham qiyin. Yaxshisi, boshqa birovni yubora qoling», deydi o‘z muxbir o‘ta odob bilan. Poytaxtdan kelgan maxsus muxbir voqeani batafsil o‘rganib, aybdorning har tuki tiklanib ketadigan feleton e'lon qilgan kuni o‘sha «o‘z muxbir» kun ora yuz-yuzga tushadigan hamtovoqlaridan biriga zamzama qiladi: «Men-ku yozmagandim. O‘sha yigitga ham shuncha aytdim, hech rozi bo‘lmadi-da. Asli vodiylik-da, ayab o‘tirarmidi…»
«O‘sadigan el bir-birini «botirim» deydi!»
Universitetda tahsil ko‘rib yurgan paytimizda guvoh bo‘lgan bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Har esga tushganda maydalashib, bachkanalashib borayotganimiz, butunlik, ulug‘lik bizdan kun ora yuz o‘girayotganini o‘ylab ketaman.
Jikkakkina gavdasi uchundir balki, talabalar orasida «Sakkokiy» degan laqab olgan adabiyotchi domlamiz mashg‘ulotlardan birida temuriylar davri haqida hikoya qilarkan, tomdan tarasha tushgandek birdan: «Falon yili Mirzo Ulug‘bek isyon ko‘targan toshkentliklarning dodini berib… » U shunday deya tinglovchilarga ma'nodor nazar tashlagan edi. Toshkentliklar yerga qapishib ketishgan, samarqandliklarning bo‘ylari bir gaz o‘sgan…
Poytaxtdagi katta bir ministrlikka nozir bo‘lgan «akaxoni» ortidan chumolidek ergashib boradigan maddohlarni ayting. «Raz, nozir bizdan bo‘ldimi, qolganlari ham o‘zimizdan bo‘ladi-da! Faqat eshigi oldida o‘tiradigan «g‘alcha»si boshqa joyniki. Rosti, boshqalarni o‘pgan durust». Qarabsizki, hammasi go‘yo risolada yozilgandek. Deylik, respublikaga rahbarlik qilayotgan tarmoq nozirligi bir guruh mahalliychilar qo‘lida. Noyob uskunalar, dastgohlar yurtiga oqaveradi. O‘sha joydan shu «akaxon»ini qora tortib kelishaveradi. Boshqalarga esa limit ro‘kach qilinadi. Chidasangiz — shu!
Endi partiyaning saylab qo‘yiladigan yuqori organlari xususida. Uzoq yillar poytaxt ko‘chalarida «tirikchilik qilgan» GAIchilar uchun yakkayu yagona orzu — «DD»dan boshlanadigan nomerli mashinalar haydovchilarining talonini bir marta teshish bo‘lib keldi. Rashidov qulagan yildan boshlab esa «DD»lar iloji boricha poytaxt GAIchilari ko‘ziga ko‘rinmaslikka intilishdi. Lekin bu paytda bechora GAIchilar qo‘rqadigan boshqa harf paydo bo‘lgan edi — «F». Endi esa…
«O‘zbekiston SSR ma'muriy-territorial bo‘linishiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida» respublika Oliy Soveti Prezidiumining Farmoni hali e'lon qilinmasdan turib, bo‘lib o‘tgan gap-so‘zlar, mashmashalarni ayting. «Mening rayonim tugarmish». «Bizning oblastni yo‘q qilishmoqchi emish…» Go‘yo rayoni tugatiladiyu bo‘zliklar, olotliklar, peshkuliklar, chortoqliklar, norinliklar, zarbdorliklar, navbahorliklar o‘z yurtidan ayri tushishadi. Mayda-chuyda kursilarga yelimlanib qolgan ayrim kaltabinlar bundan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishni ko‘zlashdi: «Ana, sizlarni yo‘q qilib yuborishmoqda. Ming yillik rayoningizni boshqalarga qo‘shishmoqchi. Qaram bo‘lib qolasizlar…»
Axir biz O‘ZBYeKlarmiz. Yer yuzida atigi o‘n olti million bo‘lgan (maqola 1988-yili yozilgan vaqtdagi statistika – tahr), shundan o‘n uch milliondan oshiqrog‘i qadimiy tuprog‘ida yashab, kun kechirayotgan o‘zbeklarmiz. Uni yana yuz pora qilish, kichik-kichik bo‘laklarga ajratib yuborish kimga foyda?! Bo‘linganni bo‘ri yeydi, degan ekan donolar. Bizni bo‘ri yemaydi, Biz bir-birimizni g‘ajiymiz, xolos.
Aytaversak — gap ko‘p. Poytaxtliklar har daqiqada guvoh bo‘lib turgan ko‘rinishlar — mahalliychilik illatining tomiri uzun, u chuqurliklardan ozuq olmoqda. Ukalarimiz (tarbiyani yoshlardan boshlamoq kerak), tengqurlarimiz va aqli noqis kattalar tanasiga o‘ylab ko‘rib, aql bilan ish yuritadigan, mahalliychilikni tag-tomiri bilan tugatib yuboradigan fursat yetmadimi? Yetdi! Agar bugun shu haqda o‘ylamasak, do‘ppini boshdan olib, mushohadani kengroq yuritmasak, ertaga kech bo‘lishi mumkin. Ertaga, sevimli shoirimiz yozganidek, «xudo urgan xalqning» holiga maymunlar yig‘lamaydimi?
Men O‘ZBYeKMAN! Xorazmlik yoki qo‘qonlik emasman! Sizchi?!
“Yoshlik” jurnali, 1988 yil, 12-son