«Ilhom» teatri joyida qoladigan bo‘ldi
Ijtimoiy tarmoqda «Ilhom» teatridan binoning olib qo‘yilishiga qarshi norozilik ortidan 11 fevral kuni Madaniyat vazirligi teatrning o‘z o‘rnida qolishini ma'lum qildi.
Vazirlikning aniqlik kiritishicha, Shodlik Palace mehmonxonasi alohida binodir va uning rekonstruktsiya qilinishi kutilayotgan Ofelos plaza shirkatiga qarashli binoga daxli yo‘q.
“Ilhom” teatri esa ta'sischisi Olga Shavrina hisoblanadigan Ofelos plaza ga tegishli bino yerto‘lasida joylashgan.
Ayni shirkat teatr joylashgan binoni rekonstuktsiya qilishni rejalagan edi.
Ofelos Plaza bunga sabab sifatida Shayxontohur tumani hokimining binoni rekonstruktsiyasiga oid xatini ro‘kach qilgan.
Hokimlik xatida bino devorlarining eskirgani va yaroqsiz holga kelgani bildiriladi.
“Eltuz”ning o‘rganishicha, Ofelos Plaza shirkati bundan ikki oy avval – 2019 yilning 3 dekabrida rasmiy qayddan o‘tgan.
Toshkentning madaniy qiyofasini tamsil qiluvchi “Ilhom” teatriga taniqli teatr rejissyori Mark Vayl 1976 yilda asos solgan edi.
Suratda: O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Ofelos plaza muassisi Olga Shavrina va «Ilhom» teatri badiiy rahbari Boris G‘afurov.
Eltuz.com