«Prezidentimizga rahmat!»
Sardoba suv ombori o‘pirilishidan zarar ko‘rgan aholi haqida reportaj qilish uchun Sirdaryoga borgan O‘zA muxbiri Anora Sodiqova 6 may kuni o‘z feysbuk sahifasiga quyidagi izohni yozdi. Ko‘p o‘tmay izoh olib tashlandi. Lekin matn ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ulgurdi.
«Sirdaryoga borib keldim. Kimdan intervyu olmay, gapni prezidentimizga rahmat deyishdan boshlab, yana «rahmat» deb yakunlayapti. Intervyu tugagach, qaytib kelib yana rahmat aytish esimdan chiqmadimi, deb so‘rab ketishyapti, behazil. 30 yildan beri TV ekranida «prezidentimizga rahmat»ni ko‘raverib, odamlarda jurnalistni ko‘rganda prezidentga «rahmat salom»i yuborish kerak, degan tushuncha shakllanganmi, hayronman. Shuncha talafotdan keyin ham «rahmat» deyishga kuch topa olgan odamlar irodasiga hayratda qoldim. Men esa arzimagan narsa – asfalt yo‘lda har chuqurga tushganda hukumatni «chiroyli iboralar» bilan eslab turaman», deb yozdi o‘z taassuroti haqida O‘zA muxbiri Anora Sodiqova.
«Eltuz» uchun karikaturalar chizayotgan rassom Kirpi falokat hududidagi ayni holatni hajviy suratida aks ettirdi.
Eltuz.com