Asosiy mavzular
10 sentyabr 2024

Vaqt mashinasi: Abduqodir Muhiddin o‘g‘li

«Eltuz» «Vaqt mashinasi» rukni ostidagi maqolalarni chop etishda davom etadi. Navbatdagi hikoyamiz Yosh buxoroliklar harakati faoli Abduqodir Muhiddin o‘g‘li hayoti haqida.

Buxoro jadidlari orasida Usmon Xo‘ja o‘g‘li kabi o‘z vaqtida bolsheviklar qatag‘onidan qutulib keta olgan odamlar ko‘p emasdi. Ularning ko‘pchiligi vatanda qolib, bolsheviklar xizmatini qiladi.

Albatta, ularni bu ishlari uchun ayblash noo‘rin. Ular ham haqiqiy vatanparvar, iste'dodli ajoyib insonlar, millatimizning asl ziyolilari edi. Afsus, ularni mudhish qismat kutib turardi.

Shunday jadidlardan biri Yosh buxoroliklar harakati a'zosi Abduqodir Muhiddin o‘g‘li (1892-1934) edi. Bu inson nafaqat O‘zbekiston, balki Tojikiston SSR davlat arboblaridan biri bo‘lgan.

Abduqodir Muhiddinov ham xuddi Fayzulla Xo‘jaev va Usmon Xo‘ja o‘g‘li kabi buxorolik badavlat savdogarning o‘g‘li edi. U Buxoro, so‘ngra Istanbul dorilfununlarida tahsil oladi.

1916 yilda otasi va aka-ukalari bilan Yosh buxoroliklar harakati saflariga kiradi. 1918 yilda muvaffaqiyatsiz inqilobdan so‘ng u ham Buxorodan qochadi. Bolsheviklar partiyasi saflariga o‘tadi.

1919 yilda uni kommunistik partiya (bolsheviklar) markaziy qo‘mitasi musulmonlar byurosiga a'zo qilib saylaydilar. Moskvada chiqadigan “Qutulish” gazetasida mas'ul kotib bo‘ladi.

Buxoroda amirlik ag‘darib tashlangach:

1920-1921 yillarda Buxoro Xalq Sovet Respublikasining inqilobiy qo‘mitasi (revkom) raisi;

1921-1923 yillarda qishloq xo‘jaligi, savdo-sanoat noziri;

1923-1924 yillarda BXSR iqtisodiy soveti raisi;

1923 yil 15 maydan vaqtincha Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Xalq nozirlari soveti raisi (bosh vazir) bo‘ladi.

Bolsheviklar Yosh buxoroliklar harakati rahbarlarini parokanda qilish yo‘llarini o‘ylagan. Abduqodir Muhiddinovni ham Buxorodan chetlatish uchun Sharqiy Buxoro hududida tashkil qilinayotgan Tojikiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasiga ishga safarbar qiladilar.

Abduqodir Muhiddinov 1924-1926 yillarda O‘zbekiston SSR tarkibida tashkil qilingan Tojikiston ASSR inqilobiy qo‘mitasi a'zosi bo‘ladi. 1926-1930 yillarda esa Tojikiston ASSR Sovnarkomi (Xalq komissarlari soveti) raisi lavozimida ishlaydi.

Abduqodir Muhiddinov Buxoro hududlari yaxlitligini asrab qolish tarafdori edi. U bolsheviklarning o‘zbek va tojik millatini bir-biriga qayrab, ularni hududiy jihatdan bo‘lib yuborish siyosatini tushunib yetgan edi.

1930 yilda Muhiddinov O‘zbekistonga ishga qaytadi. Bolsheviklar niyatlariga yetgandilar, ular Tojikiston SSRni tashkil qilib bo‘lgandilar.

1930-1933 yillarda Abduqodir Muhiddinov O‘zbekiston SSR ta'minot noziri sifatida faoliyat yuritadi. Bolsheviklar uni 1933 yil avgust oyida hibsga oladilar. 1934 yil iyun oyida aksilinqilobchi sifatida otib o‘ldiriladi. Haqiqiy vatanparvar jadid Abduqodir Muxiddinov 1958 yil 25 yanvar kuni to‘liq reabilitatsiya qilingan.

Ixtiyor Esonov
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
22 dekabr 2021
Dekabr oyi o‘rtalarida internetda Farg‘ona viloyati tug‘ruqxonasiga kelgan tug‘roq holatidagi ayol propiskasi boshqa joyda bo‘lgani sababli shifokorlar tomonidan qabul ...
18 aprel 2018
Vazirlar Mahkamasida 17 aprel kuni bosh vazir Abdulla Aripov raisligida o‘tgan videoselektorda o‘qituvchi va tibbiyot xodimlarini ko‘cha tozalashga jalb ...
24 sentyabr 2021
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 33-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.) Yozuvchi Temur Po‘latning ...
5 yanvar 2017
Biz 2016 yil davomida o‘zbek matbuotini imkon qadar kuzatib borishga harakat qildik. Mazkur kuzatishlarimiz asosida matbuotimizning o‘tgan yilgi faoliyatini ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...