Asosiy mavzular
5 oktyabr 2020

Andijon: Oddiy bemorlar va kovid yuqtirganlar bir kasalxonaga yotqizilmoqda

Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi ishchi-xodimlari shifoxonada koronavirus kasalligi bilan og‘rigan bemorlar yotganidan norozilik bildirishmoqda. 

Shifoxonada ishlovchi hamshiralardan birining aytishicha, koronavirus ishchi-xodimlar orasida keng tarqalib ketishi xavfi bor. Klinikaning professor, dotsentlariga kovid yuqmagunicha shifoxonaga bunday bemorlar yotqizilmagan. 

– Yaqindan buyon koronavirus bari “kattalar”ga yuqyapti. Andijon davlat tibbiyot institutining rektori, xirurgiya bo‘limi professori, yana bir dotsentimiz kasallikka chalingan. Ular koronavirusga ixtisoslashgan shifoxonada yotishni istashmagani uchun klinikamizning o‘zida davolanishyapti. Lekin shifoxonamiz vodiydagi yetakchi klinika hisoblanadi. Bu yerda butun Farg‘ona vodiysidan, hatto qo‘shni Qirg‘iziston viloyatlaridan ham bemorlar kelib davolanishadi. Oddiy bemor bilan koronavirus kasallarining bir joyda davolanishi to‘g‘ri bo‘ladimi, – deydi hamshira.

Klinikaning reanimatsiya bo‘limida ishlaydigan hamshiralardan biri ayni paytda bo‘limda koronavirusga chalingan 3 nafar bemor borligi, biroq bo‘lim rahbariyati jarrohlik operatsiyasidan chiqqan boshqa bemorlarni ham o‘sha bo‘limga joylayotganini ma'lum qildi. 

– Uyda 3 ta bolam, keksa onam bor. Albatta, kasallik yuqib qolishidan qo‘rqaman. Ammo buni aytsak, “xohlamasang, uyingda o‘tir”, degan javobni olyapmiz. Xo‘p, sharoitlarni shunga yarasha yaratib berishsin unda. Bizga hech qanday maxsus kiyim-bosh berilgani yo‘q. Qo‘lqopni almashtirib yetkazib bo‘lmayapti. Rahbarlarimiz esa “qo‘llaringni tez-tez yuv, antiseptik, xlor-mlor qil, o‘zingga ehtiyot bo‘lib ishlayver”, deyapti, – deydi hamshira.

Ma'lumotlarga ko‘ra, ayni kunlarda Andijon davlat tibbiyot instituti rektori Alisher Madazimov, oliy toifali jarroh, professor Fozil Nishonov klinikada virusdan davolanmoqda. 2-jarrohlik bo‘limi tajribali jarrohi Anvar Yasharovich esa koronavirusdan vafot etgan.

Shu kunlarda Andijonda aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari tobora ko‘paymoqda. Kasallanganlarning barchasi ham shifoxonalarda yotib davolanish imkoniga ega emas. Bundan tashqari, virus yuqtirganlar avvalgidek 14 kunlik qat'iy karantinga olinmayapti. 

Karantin cheklovlari yumshatilganidan so‘ng joylarda bemalol to‘y-marosimlar o‘tkazish boshlangan, gap-gashtaklar davom ettirilyapti. Bu esa virusning yanada kengroq tarqalishiga zamin yaratmoqda.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
23 may 2024
Filial boshlig‘i Kamoliddin Abdullaev o‘ziga KIA K5 rusumli mashina sotib olib kreditni xodimlarga to‘lattirmoqda. Kadastr palatasi Qibray tuman filiali ...
18 yanvar 2022
Tarmoqda ikki toifa mullalar bir-biri bilan qirpichoq bo‘lmoqda. 1-toifa: Hukumat va DXX yo‘rig‘ida yurib chiziqdan chiqmaydigan «mo‘'tadillar» 2-toifa: IShID ...
3 fevral 2020
Qashqadaryo viloyatida 30 yanvar kuni Chiroqchi tumani IIB binosidagi gumondor o‘limi yuzasidan brifing bo‘ldi. Ichki ishlar vaziri axborot xizmati ...
6 yanvar 2025
Marhamat tumanidagi “Shomat” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi X.Sh. o‘z uyidagi yotoqxona qismida qo‘lbola isitish pechini yoqishga urinib, gugurt chaqqan ...
Bloglar
12 yanvar 2025
Turli mavzularga o‘z qarashi bilan farqlanadigan bloger Kirpi Prezidentning 380-sonli qarori asosida 1000ta kitobning o‘zbek ...
7 yanvar 2025
Ijtimoiy tarmoqlarda “1000kitob” loyihasi bo‘yicha turli gap-so‘zlar aylanib yuribdi. Mansab talashuvi, ziyolilarning guruh-guruh bo‘lib, bir-biri ...
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...