UzPoster
7 oktyabr 2020

Komil Allamjonov ishi: O‘zbekistonda davlat ko‘magi va kiborlar

Islom Karimovning uzoq davom etgan (1991-2016) beqaror siyosatidan so‘ng hokimiyatni egallagan Shavkat Mirziyoev ulkan islohotlar da'vosi bilan maydonga chiqdi. Xususan, u hamma uchun teng va to‘siqsiz biznes muhitini yaratish siyosatini e'lon qildi. 

Ammo Power Brief turkumidagi navbatdagi tadqiqot prezident Shavkat Mirziyoevning bu siyosati judayam shaffof emasligini ko‘rsatadi.

“Eltuz” nashri ushbu tadqiqotning ayrim jihatlarini maqola shaklida mushtariylarga yetkazishga qaror qildi. 

Tadbirkorlik pardasi ortida

Komil Allamjonov prezident Shavkat Mirziyoev hukumati islohotlarining dastlabki bosqichida juda muhim mavqega ega shaxslardan biri edi. 

U 2017-2018 yillarda prezidentning matbuot kotibi sifatida Karimovning avtoritar tuzumi ostida ezilgan mamlakat rebrendingini amalga oshirish, imijini yuksaltirishga mas'ul bo‘ldi. 

2018 yilda unga O‘zbekiston axborot va matbuot agentligi (2019 yilda Axborot va ommaviy  kommunikatsiyalar agentligiga aylantirilgan) rahbari sifatida to‘rtinchi hokimiyatning qaddini ko‘tarish majburiyati yuklandi. 

Ammo biznes sohasidagi asosiy shubhali amallari uning 2005-2013 yillarda Davlat soliq qo‘mitasida mas'ul lavozimlarda ishlagan davrlariga to‘g‘ri keladi. 

Tadqiqot davomida yig‘ilgan dalillar o‘sha davrda u tomonidan asos solingan “Soliq info” tahririyati (soliq masalalari mutaxassislariga mo‘ljallangan gazeta), BEM (buxgalterga elektron madad – buxgalteriya hisobi uchun dasturiy ta'minot) E-Report Service (soliq platformasi) kompaniyalari Davlat soliq qo‘mitasining bevosita ko‘magida ishlaganidan dalolat beradi. 

Allamjonov bu boradagi so‘rovlarga javob bermagan bo‘lsa-da, dalillar uning kompaniyalari o‘z mahsulotlari va xizmatlarini sotishda, reklama qilishda davlat ko‘magidan foydalanganini ko‘rsatadi.  

Mazkur maqolada Soliq Info, BEM Systems, E-Report Service kompaniyalari haqida so‘z boradi. Garchi Komil Allamjonov bu kompaniyalar faoliyatida davlat ko‘magi masalasida mum tishlab o‘tirgan bo‘lsa-da, tadqiqot davomida qo‘lga kiritilgan ma'lumotlar muayyan taassurotlarga ega bo‘lish imkoniyatini beradi. 

Masalan, u Forbesdagi ochiq mulohazalarida o‘zining shaxsiy biznes manfaatlari haqida so‘z yuritadi. Bu mulohazalarida u Soliq Info, BEM Systems, E-Report Service va Avtotest Report kompaniyalari, Uz24 yangiliklar portali ta'sischisi ekanini aytadi. 

Ammo ushbu tadqiqot tayyorlanayotgan 2019 yil avgustda u ushbu kompaniyalar aktsiyadorlari reestrida ko‘rinmaydi. Shunga qaramay, mazkur kompaniyalarga bog‘liq patentlar reestrida ularning muallifi Allamjonov ekani ko‘rsatilgan. 

Masalan, “Soliq info” tahririyatining aktsiyadorlari rasman Yelena Kamolovna Allamjonova va X.Sultonova hisoblanadi. Yelena Allamjonova Komil Ismoilovich Allamjonovning rafiqasidir. (K.Allamjonovning Vikipediyadagi profili 2020 yil 30 iyulda tahrir qilingan bo‘lib, uning rafiqasi haqidagi ma'lumotlar o‘chirilgan).

E-Report Service ning aktsiyadori esa Sultonova Xurshida Ismoilovnadir. BEM Systems esa o‘z ta'sischisi “Soliq info” tahririyati orqali yana Komil Allamjonovga bog‘lanadi. 

Davlat reestridagi bu ma'lumotlar 2020 yil 26 aprelda qayta tekshirib ko‘rilganda ayrim o‘zgarishlarga uchragani, ammo ular Komil Allamjonovga bog‘liq bo‘lib qolavergani ko‘rinadi. 

Soliq Info va BEM Systems kompaniyalari tashkil etilgan vaqtda Komil Allamjonov Davlat soliq qo‘mitasi matbuot kotibi, keyin esa qo‘mita axborot xizmati rahbari lavozimlarida ishlar edi. 

Ko‘rinishidan, bu kompaniyalarning ikkalasi ham Allamjonovning lavozimi sababidan marketing va davlat amaldorlariga chiqish imkoniyatlari yuzasidan katta imtiyozlarga ega bo‘lgan. 

Xususan, Davlat soliq qo‘mitasi Soliq Info bilan birgalikda yuqori mansabdorlar ishtirokida seminarlar o‘tkazgan. Bu seminarlar doirasida BEM va Soliq Info mahsulotlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirokchilarga sotilgan. 

Bu paytda Davlat soliq qo‘mitasi Karimovning avtoritar apparatida eng qudratli tuzilmalardan biri edi. Shuning uchun bu mahsulotlarni “ixtiyoriy” sotib olish taklifini rad etishga na biznesmenlar, na buxgalerlar jur'at eta olgan. 

Garchi bu korruptsion harakatlarda Komil Allamjonov shaxsan ishtirok etganini isbotlash qiyin bo‘lsa-da, Davlat soliq qo‘mitasi mas'ul xodimi va mazkur kompaniyalar ta'sischi sifatida uning bexabar qolishini tasavvur qilish yanada mushkul.

Internetda 2011-2013 yillarda BEM va Soliq Info mahsulotlari Davlat soliq qo‘mitasi tashkil etgan tadbirlarda qanday sotilgani to‘g‘risida ko‘plab xabarlar mavjud. 

“Soliq info” gazetasiga obuna bo‘lish uchun jiddiy sabablar bor edi. Qonun bo‘yicha u bankrotlik to‘g‘risidagi moliyaviy e'lonlarni chop etuvchi rasmiy nashr sifatida tan olingandi. 

BEMga oid ma'lumotlar yanada turfa xil. Masalan, ko‘plab foydalanuvchilar bu dasturiy ta'minot ishonchli emasligi va tez-tez “osilib qolishi” haqida yozgan. Ayrim buxgalterlar esa garchi BEMni sotib olgan bo‘lsa-da, uning raqobatchisi bo‘lmish 1S dasturini ma'qul ko‘rishini bildirgan. 

Xususiy kompaniya mahsulotlarining rasmiy idoralar vakillari vositachiligida sotilishi davlat hokimiyatini suiiste'mol qilish hisoblanadi.

Shunga qaramay, Allamjonov yoki BEM va “Soliq info”ning korporativ rahbariyati bu suiiste'molliklar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri mas'ul degan yakuniy xulosa bildirishga huquqiy asos topish imkoni bo‘lmasa-da, ular bu sa'y-harakatlardan kattagina manfaat olganini inkor etib ham bo‘lmaydi. 

Qolaversa, soliq idoralari iste'molchilarni Soliq Info va BEM mahsulotlarini sotib olishga majburlaganiga oid dalillar keragidan ortiq.

E-Report Service kompaniyasi misolida esa davlat Komil Allamjonov tomonidan asos solingan bu biznesga maxsus ko‘mak va marketing xizmatlari ko‘rsatgani hujjatlar asosida dalillanadi. 

E-Report soliq va buxgalteriya hisobotlarini onlayn topshirishga imkon beradigan dastur va raqamli platformadir.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini 2013-2020 yillarda kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirishni muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi bayonnomasida ushbu dasturiy ta'minotni joriy etishga rasman rozilik berilgan. 

Komissiya yig‘ilishi bayonnomasida Davlat soliq va Statistika qo‘mitalari hamda Xalq banki manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda  Ereport dasturiy ta'minotining xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar tomonidan xarid qilinishi uchun shartnomalar tuzishga yordam ko‘rsatish va keng tushuntirish ishlari olib borishga rozilik bergani aytiladi. 

Oddiy tilda aytganda, davlat xususiy kompaniyaning mahsulotlarini sotishga yordam ko‘rsatmoqda. Kompaniya veb-sayti arxivida platformadan 12 oy foydalanishi uchun mijoz 300 ming so‘m to‘lashi kerakligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar saqlangan. Bayonnomada davlatdan xuddi shunday yordam oladigan boshqa birorta kompaniya to‘g‘risida gap-so‘z yo‘q.

Komil Allamjonov tomonidan asos solingan Soliq Info, BEM va E-Report kompaniyalari faoliyatiga tegishli umumiy uyg‘unlik shundaki, ular davlat organlari, asosan, Davlat soliq qomitasi tomonidan maxsus marketing va tijoriy yordam olgan.

Bu yordam mazkur kompaniyalarga juda katta manfaat olib kelgani hisobga olinsa, qudratli davlat organi yuqori martabali davlat xizmatchisining shaxsiy manfaati yo‘lida juda ulkan yordam ko‘rsatgani oydinlashadi. 

Tag‘in o‘qing
7 may 2020
Qadimgi Rim arenalaridagi hayot-mamot janglarini eslaysiz-a? O‘qigandirsiz, kinosini ko‘rgandirsiz… Tepada hayqirayotgan, to‘lqinlanayotgan tomoshabinlarni-chi? Hozir hayot sahnasida ro‘y berayotgan voqea-hodisalar ...
15 aprel 2017
15 aprel kuni yozuvchi Nodir Normatovni taniqli rassomlar, ijodkorlar so‘nggi yo‘lga kuzatishdi. Marhum Toshkentdagi «Yalang‘och ota» qabristonida dafn qilindi. ...
6 may 2023
2023 yil 3 may, O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoev Germaniya poytaxtida Germaniya kantsleri va prezidenti bilan uchrashdi. Huquq faollari  esa ...
24 may 2019
Rasmiy taqdimoti o‘tkazilmagan bu klipda Sherali Jo‘raev sovet yuqori nomenklaturasining sevimli ulovi bo‘lgan “Chayka” avtomobilini yolg‘iz boshqargani aks ettiriladi. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...