• Foto: Eltuz.com
Asosiy mavzular
12 yanvar 2021

Qish chillasida bekatda yashayotgan 60 yashar qariya nimalarni orzu qilmoqda?

Andijon shahridagi avtobus bekatlaridan birida to‘shakka o‘ranib, ustidan tsellofan yopib o‘tirgan bir kishiga duch keldim. O‘sha kuni havo odatdagidan sovuq, qor uchqunlab turardi.

Yoshi taxminan 60-65 lar atrofida bo‘lgan erkak sovuqda qunishib qolgan, gohi-gohida qo‘llarini chiqarib, qizarib ketgan burnini to‘shak chetiga artib qo‘yadi.

Tilanchilar odatda aholi gavjum joylar, asosan, bozorlar yaqinida o‘tirishadi. Bu bekat esa shaharning uncha gavjum bo‘lmagan qismida joylashgan (Amir Temur shohko‘chasi). Har zamon bekat yonidan o‘tib qoladigan bir-ikkita yo‘lovchini aytmasa, bu yerlarda odam uncha ko‘p bo‘lmaydi.

Har yilgidan ham sovuq kelgan joriy qish chillasida bu odam bekatda nima qilib o‘tiribdi? Salom berib, amakini suhbatga tortgan bo‘ldim.

– Bu yerga kelganimga 3 kun bo‘ldi. Boradigan joyim yo‘q. Kvartiraga kiray desangiz, pul kerak. Bitta yaxshi odam to‘shak olib chiqib berdi. Mana, shu yerning o‘zida tunayapman, – deb bekatdagi o‘rindiqni ko‘rsatdi u.

O‘zini Jalaquduq tumani Oyim qishlog‘idan deb tanishtirgan A.T. suhbatdan bosh tortmadi. Ammo ism-familiyasini internetda oshkor etishimizni istamadi.

“2015 yilda Toshkentda ishlab yurganimda xotinim uyimni sotib ketib yubordi. Shu-shu uysizman, – deb hikoyasini boshladi A.T. – Dovonda qo‘y boqdim. Yangibozorda arava tortdim. Sovuq tushib, oyog‘im yaramay qoldi. Yaxshi yurolmay qoldim.

Biz oilada to‘rt o‘g‘il edik. Ikki akam dunyodan o‘tib ketishgan. Bir akam qolgan. Lekin, ochig‘i, munosabatlarimiz yaxshi emas. Qarindoshlaringiz bo‘lgani bilan hammasigayam kerak bo‘lmas ekansiz-da. Barchaning o‘ziga yarasha g‘am-tashvishi bor. Qishning kuni bo‘lsa. Birovga bitta xonani isitib berish osonmas hozir.

Har kuni kechqurun PPX, Milliy gvardiya bolalari kelib xabar olib turishibdi. “Yigitlar, bir joyga olib borib joylashtirolmaysizlar meni, bunga imkoniyatingiz yo‘q. Boradigan joyim bo‘lmasa, nima qilay?” desam, “Ehtiyot bo‘ling-da”, deb ketishadi. Yegani u-bu narsa olib kelishadi.

Nima qilaylik, hayot shunaqa ekan-da. Uysiz bitta men emasman. Ko‘pchilikni ko‘raman. Qariyalar uyiga joylashmoqchi bo‘lib, surishtirdim. U yerga joylashish uchun pensiyaga chiqqan bo‘lishingiz kerak ekan. Pensiya olsangiz, keyin navbatga yozilishingiz mumkin ekan. Davlatimiz bitta yotoqxona qilib, mendaqa uysizlarni joylashtirganda edi…”

Andijon shahridagi “Saxovat” keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ixtisoslashgan internat uyida bugungi kunda 90 kishi yashaydi. Shundan 40 nafari nogironligi bo‘lgan shaxs.

Ularning hammasi ham yakka-yolg‘iz emas. Farzandlari, risoladagidek oilasi bo‘la turib, shu dargohda umr kechirayotgan otaxon va onaxonlar ham bor. Biroq qish chillasida ko‘chada yashab yurgan A.T. qariyalar uyiga joylasha olmaydi. Chunki uning pensiyasi ham, navbati ham yo‘q.

– Birgina orzuim shu – pensiyaga chiqib olish. Ammo qanday qilib hujjat tayyorlayman, aqlim yetmay turibdi, pul yo‘q. Pensiya olsam, ijaraga kvartira olardim. Nonga pulni topvolaman, Xudo xohlasa. Oyog‘im tuzalib qolsa, arava sudrarman balki, – deydi A.T.

Yarim soat-bir soat ichida qo‘l-oyoqlarim sovuq yedi. Boshimdan o‘tgach, bu odamga ko‘chada 3 kunni o‘tkazish oson bo‘lmaganini tushundim. Ketayotganimda A.T. ortiqcha yopinchiq (eski to‘shakmi-ko‘rpami) bo‘lsa, yordam qilishimni so‘radi…

Kecha bekatga yopinchiq olib borib, amakini uchratmadim. Uning yotog‘i – o‘rindiq bo‘m-bo‘sh, ostida shirinlik qoldiqlari, suv baklashkalari turibdi, xolos. Undan-bundan surishtirib, bu odam 3 kundan beri emas, anchadan beri bekatlarda yotib yurganini eshitdim. Qaysi bir bekat yo ko‘p qavatli uy pod'ezdida yashayotgan bo‘lsa, bilmadim. Ammo uning taqdiri mutasaddilarni befarq qoldirmaydi, degan umiddaman.

Qulog‘im ostida esa orzulari haqida aytganlari jaranglayapti: 

– Qaniydi oilam bo‘lsa, men ham issiqqina uyda choy ichi-i-i-b o‘tirsam. Ushalmaydigan orzulardan biri bo‘lsa kerak bu. Hozir birgina orzuim – pensiya olish. Shunda ijaraga kvartira olaman. Issiqmi-sovuqmi, osonmi-qiyinmi, o‘z hayotimni o‘zim ko‘raman.

«Eltuz»ning Andijondagi muxbiridan

Tag‘in o‘qing
8 yanvar 2019
Shvetsiyada terrorchilikni moliyalash va teraktlar tayyorlashda gumon qilingan olti nafar o‘zbek ustidan sud 7 yanvar kuni ertalab Ctokgolm okgrug ...
29 aprel 2019
O‘zbekistondagi «Vaqf» xayriya jamoat fondi raisi Iskandar Xalilov xizmat mashinasi sifatida minib yurgan «Malibu-2» avtomobili tarmoqlarda bahs uyg‘otdi. “Vaqf” ...
1 mart 2020
Gorbachyov davri yetishtirgan eng taniqli rus-sovet jurnalisti Vladislav Listev 1995 yilning 1 martida Moskvada otib o‘ldirilgan edi. O‘sha paytda ...
5 aprel 2023
Dastlabki tergov natijasiga ko‘ra, bu 4 nafar o‘zbek qashshog‘i Suriyada odam so‘yib terrorchilar qo‘lida shotir bo‘lgan.  Indoneziya politsiyasi brigadasi ...
Bloglar
22 sentyabr 2024
Vokal va vizual undan oldingi jiguli qo‘shig‘ining siyqa takrori xolos. Qo‘shiq melodiyasi kavkaz diskotekalridagi «Shiki ...
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...
10 avgust 2024
O‘zbekistonda bir arvoh kezib yuribdi. Bu Karimov arvohi. O‘zbekiston Karimov davridagi paranoyaga qaytib matbuotdagi «arvox» ...