Asosiy mavzular
27 fevral 2021

Xidirnazar Allaqulovga qay ahvolda? Nega uni oilasiga ko‘rishtirmayapti?

26 fevral kuni tuzilajak «Haqiqat va taraqqiyot» sotsial- demokratik partiyasi tashabbuskori, iqtisod fanlari doktori Xidirnazar Allaqulov uyidan kuch ishlatar tuzilmalar xodimlari tomonidan Andijon viloyatiga olib ketilgan.

«Eltuz» muxbiri holatni o‘rganish uchun uning yaqinlari, qo‘ni-qo‘shnilari va Andijon viloyati Buloqboshi tumani IIB bilan bog‘landi.

Xidirnazar Allaqulovning oilasi – xotini, ikki o‘g‘li va qizi bugun Andijon viloyati Buloqboshi tumaniga yetib borgan. Xidirnazar Allaqulov bilan ko‘rishish imkoni bo‘lmagan.

X.Allaqulovning voqea guvohi bo‘lgan (ismini sir tutishni xohlagan) qo‘shnisi «Eltuz»ga kecha nimalar bo‘lganini so‘zlab berdi.

«Xidirnazar akaning uyiga kuch ishlatar tizimining o‘ntacha xodimi keldi, – deydi qo‘shni. – Uni olib ketishi kerakligi ko‘rsatilgan qog‘ozni ko‘rsatdi. Domla qarshilik qildi. Oilasi holatni videoga olmoqchi bo‘lganda, ularning telefonlari tortib olib qo‘yildi.

Xidirnazar aka eshikni ichkaridan qulflab oldi, partiyaning xayrixohlariga ham uni ochmadi. Biroz o‘tgandan so‘ng taqdirga tan berib, organ xodimlari bilan Andijonga ketishga rozi bo‘ldi.

Shovqin-suron ko‘tarildi. Domlaning qizi ularga qattiq qarshilik ko‘rsatdi. Odamlar orasida birorta formalisi yo‘q edi. Barchasi fuqarolik kiyimida. O‘zini Buloqboshi tumani IIB tergovchisi deb tanishtirgan kishi odamlarga domlani nima sababdan olib ketayotganini qo‘lidagi qog‘ozdan o‘qib berdi».

Buloqboshi tumani IIBning mayor rutbasidagi tergovchisining aytishicha, partiya faoli Muhammadamin Ermatovga nisbatan hujjatlarni soxtalashtirish aybi qo‘yilgan. Bu ko‘rsatma Xidirnazar Allaqulov tomonidan berilgan.

– Bunga aniqlik kiritish uchun X.Allaqulovga ikki marta chaqiruv qog‘ozi yuborganmiz, – deydi mulozim. – Kelmagandan so‘ng IIB xodimlari yordamida olib kelishga majbur bo‘ldik. X.Alaqulovning ahvoli yaxshi. Unga hech qanday ruhiy va jismoniy tazyiqlar bo‘lmagan.

Tergov bo‘limi xodimi X.Allaqulov yaqinlari bilan uchrashtirilmayotgani haqidagi savollarga javob bermadi.

Allaqulov Buloqboshi tumani IIB tergov bo‘limi boshlig‘i Sarvar Siddiqovga telefon qilib, “chaqiruv qog‘ozi kech kelgani, qish kuni Toshkentdan Andijonga borish mushkulligini” tushuntirgan.

«Eltuz» muxbiri eshitgan audioda tergov bo‘limi boshlig‘i vaziyatni tushunib, chaqiruvni boshqa kunga o‘tkazishga rozi bo‘ladi. Aftidan, Ichki ishlar vazirligi o‘z vazifasi qolib, joriy hukumat muxoliflaridan siyosiy o‘ch olish ma'rakasida o‘z ixtiyoriga zid tarzda qatnashtirilmoqda.

Iqtisod fanlari doktori, professor Xidirnazar Allaqulov uch oy oldin yangi partiya tuzish payiga tushgandan buyon unga ko‘rinmas kuchlar tomonidan zarbalar berilmoqda.

“Bloger” nomi ostida parvarishlangan trollar armiyasi ham Allaqulovni yomonotliq qilish uchun tirishayotganligi kuzatiladi.

Xidirnazar Allaqulov haqida ikki og‘iz so‘z. U 1956 yilda Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida tug‘ilgan. Termiz davlat universiteti rektori bo‘lib ishlagan vaqtida qo‘l ostidagi nojo‘ya harakat qilgan amaldorlarni ishdan bo‘shatib, o‘ziga dushman orttirgan.

2002 yilda universitet rektorligiga tayinlanib, ikki yil ishlagach, mablag‘larni talon-taroj qilganlikda ayblanib ishdan bo‘shatilgan. So‘ng sud orqali o‘zining oqlashishiga erishgan.

Prezident Shavkat Mirziyoev 8 fevral kuni “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzolagan.

Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, prezident saylovi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlar bundan buyon oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilangan.

Shundan kelib chiqqan holda bu yilgi prezident saylovi 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Saylovda Karimov davri merosi bo‘lgan mavjud qo‘g‘irchoq partiyalar vakillarigina nomzod sifatida qatnashishi kutilmoqda.

Tag‘in o‘qing
15 aprel 2019
“Eltuz” sayti Toshkentdagi manbalariga asoslanib, oldingi haftada Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Nodir Jo‘raev Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ...
7 avgust 2019
Toshkent markazidagi Pushkin ko‘chasida 6 avgust kuni yuz bergan avariyada kamida uch shaxs, jumladan, IIVning ikki xodimi shikastlandi. Voqea ...
5 aprel 2023
Bugun eslamoqchi bo‘lganimiz – ulug‘ frantsuz yozuvchisi Antuan de Sent Ekzyuperining «Kichik shahzoda»si. 1943 yilning 5 aprelida Amerikada ilk ...
19 aprel 2018
Istanbuldagi Otaturk aeroportiga Toshkentdan uchib kelgan o‘rta yoshdagi o‘rangan o‘zbek ayoli 5000 quti sigaretani yashirincha o‘tkazmoqchi bo‘lganida bojgirlar qo‘liga ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...