ART-DURBIN
5 aprel 2021

5 minutda chizgan surati 5 millionga sotilgan Benksi

Benksi juda mashhur, u afsona, u millionlar nigohida Super Star. Nega? Asl ism-sharifi noma'lum, sirli ravishda ijod qilgani uchunmi?

Odatda bunday shaxslarga troll tamg‘asini yopishtirib, negativ qaraymiz. Yoki mato va qog‘ozga emas, ko‘cha-ko‘yda, dunyoning turli shaharlari devor va eshiklariga kechasi chizib yurgani uchunmi?

Graffiti va strit-artni hamon vandalizm, bezorilik deb baholovchilar ham talaygina. Xo‘sh, nega Benksi millionlar qalbidan joy oldi va uning tasvirlari chizilgan ondayoq xitga aylanadi?

Puxta marketing va rassomlik mahoratidan tashqari uning kuchli FUQAROLIK POZITsIYaSI mavjud. Aynan tasvirlar mazmuni rassomni mashhur qildi. Iqtisod, siyosat, jamiyatning o‘tkir muammolariga devoriy rasmlar orqali munosabat bildirgan rassom zamonamizning faol tanqidchisidir.

Benksining «o‘tkir bo‘yoqlari» AQShning agressiv tashqi siyosatini, Britaniya boshqaruv tizimini, korruptsiya, neft siyosati, irqchilik va jamiyatimizdagi boshqa illatlarni qoralaydi.

So‘nggi yil covid-19 virusi natijasidagi pandemiya muammolari ham rassomni befarq qoldirmadi. Ayniqsa, uning «Game Changer» (mato, moybo‘yoq, 91 x 91 sm, 2020 y) kartinasi juda emotsional ta'sirga ega. Kartina Janubiy Angliyaning Southampton General Hospital kirish qismida kechasi osib ketilgan, ertalab shifoxonada hayratga tushgan tomoshabinlar yana bir bor Benksini olqishladilar.

Kartinada o‘yinchoq uynayotgan bolakay qo‘lidagi hamshira superayol obrazida chizilgan, Betmen va Supermen o‘yinchoqlari esa sobiq qahramonlar sifatida chiqindi qutisiga tashlangan. Instagram sahifasida Benksi bu ishiga quyidagicha izoh beradi:

«Barcha qilayotgan xizmatlaringiz uchun tashakkur. Umid qilamanki, kartina bu joyni biroz bo‘lsa-da charog‘on qiladi, garchand u oq-qora bo‘lsa-da».

Rassomning ushbu sovg‘asi gospital ma'muriyati bilan kelishilgan holda amalga oshirilgan, kartina 2020 yil may oyidan kuziga qadar osilib turgan va 2021 yil martida auktsionda 17 mln. yevroga sotilgan (bu Benksining shu kunga qadar eng qimmat baholangan ishi). Sotuvdan tushgan pul Sauthempton shahri shifoxonasi va mahalliy sog‘liqni saqlash tashkilotiga xayriya qilingan.

Benksining ism-sharifi yaqin doiradagi do‘stlariga ma'lum, ularning ko‘magi bilan u o‘z anonimligini saqlay oladi. Boshiga kapyushon kiyib, yuzi ko‘rinmagan holatda rassom intervyular beradi, tasvirlariga dastxat quymaydi, biroq instagram sahifasida kechasi amalga oshirgan navbatdagi ishini oshkor qilish orqali maullifligini ko‘rsatadi. Benksi va uning do‘stlari birgalikda ko‘pgina provokatsion ishlarni amalga oshirishgan, masalan, Luvr kabi muzeyda yeki boshqa mashhur galereyalarda devorga tasvir chizgan.

Do‘stlari muzey xodimlarini chalg‘itib turgan vaqtda u oldindan tayyorlangan shablon yordamida juda tez chizadi va bu jarayon boshqa bir do‘sti tomonidan videoga yoziladi. Dastlab bu provokatsiyalar mayda bezorilik sifatida qoralanib, devorlar qayta bo‘yalgan bo‘lsa, ayni damda bunday tasvirlar olqishlanib, muzeyning to‘laqonli eksponatiga aylanadi, aksincha, odamlar bu devor parchasini qo‘lga kiritishga harakat qiladilar.

Taxmin qilinishicha, u 1971 yoki 1974 yilda, Buyuk Britaniyaning Bristol shahrida tavallud topgan. Rassomning dastlabki graffitilari (sprey bo‘yoqlar sepish orqali devorlarga yozish va chizish) 1990 yillarda aynan Bristol shahrida mashhur bo‘la boshlaydi. Keyinchalik esa London, Parij, Berlin kabi dunyoning turli yirik shaharlaridagi original va provokatsion tasvirlar rassomni mashhur qiladi. Aynan Benksi ijodi tufayli strit-art san'at sifatida baholana boshlandi.

Anonimlik va shaxsiy ko‘rgazmalar qilishdan bosh tortish orqali Benksi rassomlar mashhurlikka intilishi, o‘z egosi uchun ishlashi kabi stereotiplarni sindiradi. Ko‘p hollarda devordagi suratlar rassomning o‘sha shahar uchun qilgan sovg‘asidir, biroq ayrim uddaburonlar bu ijodiy ishlar orqali pul ishlashga urinishadi. Masalan, devordagi tasvir kopiyasi qog‘ozga tushirilib sotiladi yoki ko‘rgazmalar tashkil etiladi. Benksi bunday hollarda advokatlari orqali «uddaburonlarga» murojaat qiladi, qolaversa, instagram sahifasi orqali ham bu ishlar original emasligi haqida ko‘p marotaba yozgan.

Ehtimol, siz Benksi xaqida ilk bora o‘qiyapsiz, lekin ishonchim komilki, siz uning ijodi bilan tanishsiz. Ijtimoiy tarmoqlarda avatar surati sifatida, turli mavzulardagi postlar uchun tanlangan rasm sifatida Benksi chizmalaridan xabardorsiz. Shu o‘rinda bir savol paydo bo‘ldi: O‘zbekistonda ijtimoiy mavzuda, muammolarimizni, achchiq haqiqatlarni chizayotgan rassom bormi?

Muallif Akmal Rizaev

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
12 iyun 2023
Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tomonidan bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni deya belgilangan bu sana har yili 12 iyunda nishonlanadi. ...
8 may 2015
Ishdan bo‘shatilgan Lenta.ru axborot saytining bosh muharriri Galina Timchenko o‘z kasbini pitstsa tarqatuvchining ishi bilan qiyosladi. Agar pitstsada murch ...
7 dekabr 2017
1 dekabr kuni O‘zbekiston fuqarolik jamiyati tashkilotlari – Markaziy Osiyoda inson huquqlari uyushmasi va O‘zbek-german inson huquqlari forumi Vashingtonda ...
31 yanvar 2024
Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatida shu yilning 18 yanvar kuni o‘quvchilar ovqatdan zaharlanganligi haqida Eltuz xabar bergani ortidan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...