Asosiy mavzular
17 may 2021

O‘zbekistonda «muqaddas” tushunchalarga hurmatsizlik uchun hibs tendentsiyasi kuchaymoqda

O‘zbekistonda yaqinda bir qarashda arzimasdek tuyulgan, biroq mamlakatda avj olgan, hokimiyatning barcha bo‘g‘imlari, jumladan, prezident tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan navbatdagi huquqiy o‘zboshimchalik holati sodir bo‘ldi.

Voqeani tahlil qilgan «Aziya Terra» nashriga ko‘ra, Toshkent viloyatida 21 yoshli yigit bozordan xarid qilgan militsiya formasini kiyib raqsga tushgani uchun hibsga olingan va hech bir qonunbuzarlik qilmaganiga qaramay, unga 7 kunlik qamoq jazosi tayinlangan.

“Bu qonunning surbetlarcha va namoyishkorona buzilishi holati haqida 5 may kuni O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati mamnuniyat bilan xabar berdi. Ushbu ish yagona shunday hodisa emas va u shu kabi jazolashning butun boshli tendentsiyasini aks ettiradi”, deya yozadi «Aziya Terra» nashri.

“Muqaddas” militsiya formasi

Ichki ishlar vazirligining xabarida yozilishicha, asli kasbi sartarosh bo‘lgan A. ismli yigit 2 may kuni poytaxtdagi Yangiobod bozoridan ichki ishlar idoralari xodimining formasini sotib olib, o‘zi ishlaydigan sartaroshxonada uni kiyib, raqsga tushib, o‘zini videoga olgan. Keyin videoni tanishlariga yuborgan.

IIV matbuot xizmati xabarida, shuningdek, yigitning ichki ishlar xodimiga qarshilik ko‘rsatgani bildirilgan.

Toshkent viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Yuqorichirchiq tumani sudi yigitni ma'muriy qamoq jazosiga hukm qilgan.

“Bu xuddi shu singari ilk xodisa emas”, deya yozadi «Aziya Terra» nashri. O‘zbek nashrlari fevral oyida ham ayni kabi voqea haqida xabar tarqatgan.

Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida yashovchi, avtomobil yuvish shoxobchasida ishlovchi 26 yoshli Hasan Do‘stov ham militsiya xodimi kiyimini kiyib raqsga tushgan. Buning uchun u sud tomonidan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183 (bezorilik) va 209 – (vazirlik, idora va tashkilot xodimlari formasini noqonuy kiyil) moddalariga binoan 8 kunlik qamoqqa hukm etilgan.

Do‘stovning raqsini suratga olgan Diyorbek ismli voyaga yetmagan yigit ham hibsga olingan va uning ishi Mirzaobod  tumani hokimligi huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiya tomonidan ko‘rib chiqilgan.

Yoshlarning harakatlari «jamoat joylarida yurish me'yorlari va axloqiy xatti-harakatlar normalarini buzish», deb ta'riflangan.

Sudda Diyorbek ijtimoiy tarmoqda ko‘proq «layk» to‘plash uchun militsioner formasidagi Hasan Do‘stovning raqsini suratga olgani va endilikda qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirgan.

IIV xabarida yosh sartaroshga nisbatan ayblov moddalari eslatilmagan. Hasan Do‘stov bilan bo‘lgan epizodda esa ular quyidagicha ta'riflangan:

– 183-modda (mayda bezorilik). «Mayda bezorilik, ya'ni jamoat joylarida axloqsiz so‘zlar bilan ifodalangan, jamiyatdagi o‘zini tutish qoidalariga qasddan mensimaslik, fuqarolarni haqorat qilish va boshqa shu kabi xatti-harakatlar jamoat tartibi va fuqarolarning tinchligini buzish. Bazaviy ish haqi qiymatining uchdan, besh qismigacha jarima yoki o‘n besh kungacha ma'muriy qamoq jazosi qo‘llaniladi»;

– 209 (1) – modda (vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlari formasini noqonuniy ravishda kiyish). «Forma kiyish huquqi bo‘lmagan shaxslar tomonidan harbiy xizmatchilar va vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xizmatchilarining harbiy, idoraviy va maxsus kiyimlarining tasdiqlangan namunalarini kiyish. Forma musodara qilinib, bazaviy ish haqi qiymatining ikki baravaridan besh baravarigacha jarimaga tortiladi. «…

Ushbu moddalarning ikkinchisida qamoq jazosi nazarda tutilmagan, shuning uchun yoshlar mayda bezorilik uchun hibsga olingan.

«Biroq har ikkala holatda ham ushbu moddalarning qo‘llanilishi ochiqdan-ochiq uydirmadir», deya yozadi «Aziya Terra».

Formani noqonuniy kiyish to‘g‘risidagi moddada NOQONUNIY KIYIB YuRISh haqida gap boradi. Ya'ni uni kiyib olgan odam ushbu bo‘lim xodimi ekani haqida taassurot qoldirishi kerak. Biroq hibsga olingan yoshlar formani kiyib yurishmagan, balki o‘z ish joylarida uni kiyib raqs tushishgan. Ularni qoralash aynan shu formani kiygan aktyorlarni qoralash bilan bir xil. Huquqiy sohada moddalarning erkin tavsiflanishi mumkin emas: agar moddada kiyinib yurishni taqiqlash haqida gap borsa, demak, bu aynan kiyinib yurishga oiddir – undan bir necha daqiqaga foydalanib, raqsga tushish esa boshqa holatdir.

Buning yana mayda bezorilik deya deya malakalanilishi borib turgan bema'nilikdir

Bu yerda ayni moddada belgilangan «jamoat joylarida odobsiz so‘zlar bilan so‘kinish, o‘zini tutish qoidalarini qasddan e'tiborsiz qoldirish» yoki «fuqarolarni haqoratli ta'qib qilish» holati bo‘lmagan. Yoshlar xursandchilik qilishgan, lekin ularning harakatlaridan hech kim jabrlanmagan.

Militsiya formasining o‘ziga kelsak, u O‘zbekistonda muqaddas deya sanalmaydi, aksincha, (jinoyatchi «Es-eschi»lar formasi bilan bir qatorda) kiyim-kechak bozorlarida erkin sotilmoqda. Shu bilan birga, hattoki voyaga etmagan Diyorbek ham sudga tortilgan, u shunchaki do‘stining raqsga tushishini videoga olgan. Ammo videoga olish mamlakatda jinoyat yoki qoidabuzarlik hisoblanmaydi.

«To‘g‘ri, jinoyat yuz bergan edi, lekin uni hibsga olingan yoshlar emas, balki ularni mutlaqo qonunga xilof tarzda jazoga hukm qilgan yaramas sudyalar sodir etishgandi. Ichki ishlar vazirligining xabarlarida ularning ismlari tilga olinmasligi ham ajablanarli emas.

Shundan kelib chiqib, matbuot xizmatining sartaroshning «qarshilik ko‘rsatgani» (u qaytib o‘q uzganmi yoki ustara bilan tashlanganmi – o‘zingiz o‘ylab ko‘ring) va uni hibsga olishga majbur bo‘lishgani haqidagi iddaolari ham yolg‘ondir», deya yozadi «Aziya Terra».

Haykallarni tahqirlash

Maqolada yana bir qancha shunga o‘xshash holatlar misol keltiriladi.

Shularning biri ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida may oyi boshlarida Samarqand shahrining 24 yoshli fuqarosi Inomjon Pardaev Alisher Navoiy haykali yoniga borib qiliq ko‘rsatgani va baqirib, uni «kalamush» deb atagani haqidagi video bilan bog‘liq.

11 may kuni Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Inomjon Pardaev va videotasvirchi ushbu jinoyati uchun 15 kunlik qamoq jazosiga hukm etilganini e'lon qildi. Bundan tashqari, hibsga olinganidan so‘ng Pardaev xalqdan kechirim so‘rab videomurojaat chiqardi.

Sud jarayonida olingan yozuvlardan ko‘rinadiki, vaqtincha qamoqdan tashqari, Pardaev «madaniylashish asnosida», yodgorlik yonidagi videosida ko‘ringan soqolidan ham ajralgan.

«Qayd etish joiz, yigit maymun kabi o‘ta xunuk qiliq ko‘rsatganiga qaramay, hech qanday «huquqbuzarlik» sodir qilmagan. 15-asrda, boshqa bir mamlakatning Hirot shahrida yashagan shaxs yodgorligi huquqiy sub'ekt bo‘lishi va shuning uchun jabrlanuvchi sifatida tan olinishi mumkin emas. Demak, Pardaev kabi «ko‘chada qiyshayib yurgani» yoki «havodan erkin nafas olgani» uchun har bir odamni hibsga olish mumkin. Tasvirchiga chiqarilgan hukmni esa militsiya sudlov terroridan boshqa narsa deb atash qiyin.

Yuqorida tavsiflangan holatlarda jinoyat sodir etilgan, ammo ularni tag‘in yoshlar emas, balki ichki ishlar organlari xodimlari va sudya (Jinoyat kodeksining 231-moddasi – «Asossiz hukm, qaror, yoki ajrim chiqarish») sodir etgan. Bu haqda faxr bilan xabar bergan Ichki ishlar boshqarmasi vakillariga kelsak, ular sodir etilgan jinoyatni targ‘ib qilish sohasida jonbozlik ko‘rsatishgan», deya yozadi «Aziya Terra».

Xorazmdagi sumalak

Jirkanch sudlovga yana bir misol tariqasida maqolada mart oyida O‘zbekistonning Xorazm viloyatidagi sud jarayoni eslanadi.

21 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda sakkizta ayolning sumalak tayyorlayotgani videosi tarqaldi, ulardan beshtasi juda ochiq kiyimda ko‘rinish berishgan edi.

Suratga olingan sahna ijtimoiy tarmoqlarda qattiq tanqid qilindi. Ba'zilar video ishtirokchilarini yo‘q qilish bilan tahdid qila boshlashdi. Boshqa internet foydalanuvchilari esa «qanday kiyinish har kimning ishi», deya yarim yalang‘och qizlarni himoya qilishdi.

Keyinchalik «Xorazm viloyati faollari qizlarga nisbatan chora ko‘rish talabi bilan sudga murojaat qilishdi», degan xabar tarqaldi. (E'tibor bering – ularga tahdid qilganlarga qarshi emas.)

22 mart kuni Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tergov boshlanganini ma'lum qildi. O‘sha kuni «shou» ishtirokchilari so‘roqqa chaqirildi. Ma'lum bo‘lishicha, ayollar «Sahara» tungi klubi raqqosalari bo‘lib, video Navro‘z bayramidan bir kun oldin, 20 mart kuni suratga olingan.

“Sumalakni boshqa ayollar pishirgan. Klubdagi raqslar orasidagi tanaffus paytida qizlar sumalak qozoniga borib, selfiga tushishgan. Keyinchalik video internetga tarqaldi», deya xabar beradi IIB vakili.

Buning ortidan «huquq posbonlari» raqqosalarga qarshi «mayda bezorilik» moddasi yuzasidan ish qo‘zg‘ashgan. Holbuki, ushbu moddada ko‘rsatilganidek, ular «odobsiz so‘zlarni ishlatishmagan», atrofdagilarga tegajog‘liq ham qilishmagan edi.

Kelasi kuni, 23 martda esa Xorazm viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahr isudi qaror qabul qildi: shou ishtirokchilarining barchasi aybdor deb topildi, uchta ayol – 15 kunlik qamoq, qolganlarining har biriga 1,2 million so‘m (qariyb 114 dollar) miqdorida jarima solindi. Hibsga olish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilganda sudya uchta ayolning kichik bolalari borligini hisobga oldi.

«Qonunbuzarlar o‘zlarining noqonuniy xatti-harakatlarini anglab yetganliklari va qilgan ishlaridan afsuslanishlarini bildirishdi», deyiladi Xorazm telekanalining xabarida. Videotasvirga olingan sahna «o‘zbek millati, o‘zbek ayolining or nomusiga zid», deya ta'riflangan.

Hibsga olinganlardan biri keyinchalik ommaviy axborot vositalari uchun intervyu berdi. U ayni videoning tarqalishi sababli ishsiz qolib ketgani, uni ijaraga olingan kvartirasidan chiqarib yuborishgani va «ehtimol u endi fohishalik bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lishi» haqida gapirgan. Bu so‘zlar «sharaf» va «muvofiqlik» haqidagi so‘zlarga qanchalik to‘g‘ri keladi.

«Shundaymi yoki boshqacha bo‘lganmi, raqqosalarning namoyishkorona, noqonuniy va jinoiy tarzda sazoyi qilinganini hech narsa inkor eta olmaydi», deya ta'kidlaydi «Aziya Terra».

Tarmoqdagi ko‘plab sharhlovchilar bunga e'tibor berishadi:

«Videoda hech qanday qonunbuzarliklar yo‘q, u faqat tabrik va quvonchli raqs ifodasidir»;

«Xo‘sh, ular yarim yalang‘och holda sumalak pishirishgan bo‘lsa, nima bo‘libdi? Ha, [garchi] butunlay yalang‘och bo‘lib olib bo‘lsa ham pishirilsin, faqat shiri bo‘lsin”;

«Mana, senator ayol yuksak minbardan turib gapirgan gender tenglikning natijasi»;

«O‘zlari xohlagancha kiyinish – bu ularning to‘liq konstitutsiyaviy huquqidir. Buning uchun hech qanday qonunda javobgarlik ko‘zda tutmagan. Xuddi shu tarzda, siz Chorvoqda (Toshkent yaqinidagi kurort joy – tahr.) dam olayotgan yoki suzish havzalarida yurgan barcha odamlarni 15 sutka qamashingiz yoki  jarima yozishingiz mumkin»;

“Qizlarning «yarim yalang‘och» bo‘lib sumalak pishirishining nimasi yomon? Bu bilan ular kimni va qanday qilib xafa qilishdi? Bu yerda diniy asos yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas, Navro‘z islomiy bayram emas. Agar ular, masalan, bunday kiyimda kabob qilishgan bo‘lsa, ular ham javobgar bo‘ladimi? Mamlakatdagi johillik va tushunchalarning almashib qolishimasmi bu? »;

«Yarim yalang‘och? Ular cho‘milish kiyimida bo‘lishgan. Agar siz axloq bilan kurashayotgan bo‘lsangiz, u holda ko‘pxotinlikni muhokama qiling. 20 yoshli qizlar «ikkinchi xotin» bo‘lib, boshqalarning 50 yoshli erlari bilan turmush qurmasdan yashamoqda. (…) Biz dunyoviy demokratik jamiyatmizmi? Tosh asriga qaytmoqchimisiz? «

«Va yana sud hakamlarining nomlari keltirilmasligiga e'tibor qaratsak. Ichki ishlar vazirligi ularning jinoyatchi ekanliklarini yaxshi biladi va shu sababli ularning ismlari oshkor etilmasligiga harakat qiladi» deya xulosa yasaydi «Aziya Terra».

Namoyishkorona qonunsizlik

Shuningdek, 2020 yil aprel oyida uchta yosh bloger – Kamola Majidova, Umid Hamidov va O‘lmasbek Raziqov jazolandi. Ular ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi Amir Temur maydonida karantin paytida niqobsiz yurganliklari videosini joylashtirdilar. Kamera oldidagi qiz qo‘lida niqobni ushlab, o‘rta asr hukmdori yodgorligiga murojaat qilib, undan: «Amir Temur doda, koronavirus qachon O‘zbekistonni tark etadi?» deb so‘raydi.

Ular 7 aprel kuni hibsga olingan. O‘sha paytda xodimlarning boshqa qiladigan ishi ham yo‘q bo‘lsa kerak, ularni Yunusobod tumani ma'muriy sudiga olib borishgan.

Ma'lum bo‘lishicha, ularga nisbatan epidemiyaga qarshi kurashish qoidalarini buzish va mayda bezorilik bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Sud yoshlarni 15 kunga qamash va bazaviy qiymatning 5 barobari (1 115 000 so‘m yoki 117 AQSh dollari) miqdorida jarimaga hukm qildi, deya xabar berdi O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati.

Xabarda tushuntirilishicha, hibsga olinganlar karantin qoidalarini buzib, jamoat joylariga himoya niqoblarisiz chiqishgan. Temur yodgorligiga oid masalani esa sud «tarixiy shaxsga» hurmatsizlik deya hisoblagan. Bundan tashqari, «jamiyatdagi xulq-atvor qoidalarini qasddan e'tiborsiz qoldirish ifodalangan harakatlar aks etgani» bildirilgan.

Tez orada yana bir hibs amalga oshirildi. 2020 yilning 8 aprelida 21 yoshli bloger Haydar Aliev (Gonzogeidar) Toshkentda «karantin paytida huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining harakatlarini masxara qilgani» uchun yetti kunga hibsga olindi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi. Matnda muallif «ichki ishlar organlari xodimlarining ishini masxara qilish uchun odobsiz so‘zlarni ishlatganligi» ta'kidlangan.

Qonunbuzarga «Mayda bezorilik» bo‘yicha yetti kunlik ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan. Sudyaning ismi tag‘in yashirilmoqda.

«Biz sanab o‘tgan barcha sudlov holatlarining qonuniylik bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Nari borsa, «qonunbuzarlar»ni niqobsiz yurgani uchun jarimaga tortish mumkin (lekin O‘zbekiston Prezidenti ham niqobsiz yuradi, shuning uchun bu boshqa fuqarolarga ham taqiqlanmagan).

Temur haykalini jabrlangan deb hisoblash mumkin emas, chunki u jonli odam emas. O‘zbekiston qonunchiligida, zabt etilgan shahar aholisi kallalaridan minoralar qurgan, qullikka mahkum qilgan, Xorazmday butun boshli mamlakatni yer bilan yakson qilgan sarkarda haykaliga murojaat qilish taqiqlangani aytilmagan», deya yozadi «Aziya Terra».

Maqolaga ko‘ra, bloger Alievning ishida ham hech qanday bezorilik yo‘q. Kinoya qilish jinoyat yoki huquqbuzarlik emas.

Ta'kidlash kerakki, «siyosiy mahbus» tushunchasi umuman qabul qilinmagan bo‘lsa-da, Sharqiy Yevropadan bir guruh inson huquqlari himoyachilari, shu jumladan, Rossiyaning «Memorial» inson huquqlari markazi vakillari bu tushunchaning xalqaro ta'rifiga asoslanib qo‘llanma ishlab chiqishgan. Ushbu hujjatga muvofiq, ozodlikdan mahrum qilingan shaxs, agar quyidagi omillardan kamida bittasi ro‘y bergan bo‘lsa, siyosiy mahbus hisoblanadi:

a) ozodlikdan mahrum qilish adolatli sud qilish huquqini, fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt yoki inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha Yevropa konventsiyasi tomonidan kafolatlangan boshqa huquq va erkinliklarni buzgan holda qo‘llanilgan bo‘lsa;

b) ozodlikdan mahrum qilish taxmin qilingan jinoyat to‘g‘risidagi dalillarni soxtalashtirish yoki hodisa yoki jinoyat tarkibi bo‘lmagan taqdirda yoki uni boshqa shaxs tomonidan sodir etilganiga asoslangan bo‘lsa.

Ko‘rib turganingizdek, ushbu ikki nuqta ro‘yxatdagi psevdosud jazolarini fuqarolarga qarshi qaratilgan mafkuraviy sabablarga ko‘ra repressiya sifatida tan olish uchun yetarli va jazoning qisqa muddatlariga qaramay, ularga shunday baxo berish kerak. Shunga ko‘ra, bunday noqonuniy hibsga olingan odamlar – raqsga tushgan sartarosh, xorazmlik raqqosalar va boshqalar – qanchalik g‘ayrioddiy ko‘rinmasin, siyosiy mahbuslar deya tan olinishi kerak.

Tag‘in o‘qing
8 sentyabr 2018
Stokgolm sudida Telia shirkati va Gulnora Karimova o‘rtasidagi korruptsiya ishini kuzatayotgan SVT telekanali jurnalisti Elin Yonnsson «Eltuz» muxbiri bilan ...
6 noyabr 2019
Yaqinda “Sharq ziyokori” kitob do‘konidan ulug‘ rus yozuvchisi Lev Tolstoyning “Jaxon bestsellerlari” ( aslida “jahon” bo‘lishi kerak) turkumi ostida ...
21 may 2024
Vertoleti ontarilib o‘lgan Eron prezidenti minglab odamlarni qatl qilgan sharafsiz bir jallod edi. It o‘limida o‘ldi desak haqqimiz ketadi. ...
14 sentyabr 2021
«Ota-ona bilan birga nonushta qilish, nevaralar qurshovida bo‘lish, bir piyola choy ustida suhbatlar... Siz-chi, bugun ota-onangiz, buva-buvingizga quchoq ochdingizmi?», ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...