RTdan va'z: Uchoq qanotiga osilganlar
Hindikush tog‘ida gulxan yonmoqda,
Hirot tepasida olov jolasi.
Holing nima kechdi? Jabhang qayoqda?
Jayhun ortidagi yurtning bolasi?
Bu she'rni 1978 yili shoir Abdulla Oripov afg‘onlarga atab yozgan edi. Shundan buyon tarixan temuriylar yeri bo‘lgan Xuroson tuproqlarida rivojlanish va taraqqiyot bo‘lmadi.
Bu ko‘rayotganingiz apokalipsis filmlaridagi tasvir emas, balki Kobul aeroporti. Odamlar qochmoqda, radikal terrorchi toliblardan qochmoqda. Cho‘kayotgan odam xasga yopishgani kabi bu odamlar samolyot shassisiga o‘tirib yoki qanotiga osilib bo‘lsa ham toliblar deb atalgan ajinalardan yiroqroq ketmoqchi.
Buyuk ehtimolda bular yetishgan Afg‘oniston islom jumhuriyati maktablarida fizika o‘rniga diniy cho‘pchak o‘qitilgan.
Bir paytlar eshitganim she'rdagi kabi
Osmonlarni to‘ldirib samolyot uchib ketdi.
Uning mag‘rur ovozi olamni tutib ketdi.
Ey vatanim qurgan qush. To‘xta meni olib ket.
Hech bo‘lmasa bolamni qanotinga solib ket.
Ammo fizika qonunlariga ko‘ra, uchoq ko‘tarilgandan keyin shassi yopilganda uning ustidagilar pastga kesakdek qulaydi. Shunday bo‘ldi ham. Kamida 7 kishi uchoqdan qulab o‘ldi. Izdihomda oyoq ostida qolib o‘lganlar ham bor. Qochgan ham, quvgan ham xudo degan zamin bu.
Ey, xudo, xudojon, qutqar meni “Tolibon”dan, deya yig‘layotgan afg‘on qizi iztiroblariga esa Bayden bobo befarq. Rahmatli Latif bobom ta'biri bilan aytsam, chakida xalta bilan ursa ham peshanasi oqarmaydigan qavm ekan bu Jayhun ortidagi yurtning bolalari.
Yigirma yil davomida Vashington Afg‘oniston hukumatini qo‘llab-quvvatlash uchun milliardlab dollar mablag‘ va katta harbiy kuch sarflaganiga qaramay, bu mamlakatda isyonchilarga qarshi kurasha olish salohiyatiga ega bo‘lgan demokratik hukumatni shakllantira olmadi.
Chunki ular bir gapni gapirib, ikkinchi narsani o‘ylab va bu ikkisiga zid qing‘ir ishlarni qiladigan riyokorlardir. Amerikadan oylik olib, qalbida “Tolibon”ga vafodorlar to‘dasi.
Bundan 20 yilcha oldin “Ozodlik” radiosi o‘zbek byurosida rahbar bo‘lgan Rahmatjon aka bir gapni aytib bergan edi. Bir jurnalistka kelib, “Mashhad ovozi” radiosiga ishga kirishga yordam bering, deya bu akadan iltimos qiladi.
“Mashhad ovozi” shtat ro‘yxati taqvosi kuchayganlar bilan to‘la bo‘lganini eshitgan bu jurnalistka, mayli, “Amerika ovozi”yam bo‘laveradi, deya ilinj bilan boqadi.
Bularga pul bersang, Shimoliy Koreya radiosida ham ishlayveradi. Ammo ichida “Tolibon” o‘tiradi. O‘zi har bir o‘zbek ichida bittadan “Tolibon” o‘tirsa ham ajab emas.
Begona ibodatxonaga o‘z nizomi bilan yurganlar bois Afg‘onistonning biri ikki bo‘lmadi. Bo‘lmaydiyam. Din davlatga chirmovuqday yopishgan jamiyatdan taraqqiyot yuz o‘giradi.
Afg‘oniston prezidienti Ashraf G‘ani qochdi. Kema cho‘kayotganda eng avval kurma sichqon, ya'ni kalamush qochar ekan. Keyin esa sichqon va qurt- qumursqalar. Kemani eng so‘nggida umid tark etadi.
Kobul aeroportidagi videoni sharhlayotgan ayol umid maydoni bu, deya xo‘rsinadi. Ëv kelganda qochish aslida bizga otalar sunnati. 1873 yil yozida rus bosqinchilari Xivaga yaqinlashganida Xiva xoni Muhammad Rahimxon Feruz Qoraqumdagi turkmanlar yoniga qochib ketgan edi.
Tomirida qon o‘rniga qo‘rquv oqayotgan aksar o‘zbeklar “Tolibon”ga shoyon tahsinlar aytishmoqda. Balki bu “Tolibon” oshiqlarining ota-bobolari bachcha bo‘lgandir.
Afg‘oniston mavzusi hozircha shu. Hozirgi avlod cho‘pchaku rivoyat eshitaverib dunyoda fizika degan fan borligini unutgan. Fizikada bordan yo‘q bo‘lmaydi, yo‘qdan bor bo‘lmaydi, degan mantiq bor. Darvoqe, “Tolibon” o‘z ichimizda. Leonardo da Vinchi mo‘yqalamiga mansub “Mona Liza” asarining Toshkent devoriga chizilgan nusxasini o‘chirib tashlaganlar ham “Tolibon” zehniyatli o‘zbeklar edi.
Shukroniylar
Nima desangiz deng, men dinini suiiste'mol qilmagan bir mulla, so‘zini Alloh uchun aytgan bir shoir, siyosatini xalqi uchun qilgan bir arbob, g‘iybat-la birodarlarining go‘shtini yemayotgan bir jamoatni daf'atan ko‘rib qolsam, hayratga tushaman.
(Muhammad Solih)
O‘zbekistonda yangi tabaqa paydo bo‘lgan: ShUKRONIYLAR! O‘rischada “shukranist” desayam bo‘ladi. Ular hamma narsaga shukr qilishadi: yangi qamoqxona ochilsa ham “shukr”, Rossiyadan bir o‘lik kelsa ham “shukr”, saylov bo‘lmasa ham “shukr”, bozorlarini buzib tashlashsa ham “shukr”, shahardagi hamma daraxtlarni kesib tashlashsa ham “shukr”, hayit namozini bir kun oldin o‘qish haqida farmon chiqsa ham “shukr”, milisa soni ko‘paysa ham “shukr”… Hamma vaqt orqasidan qo‘shib qo‘yishadi – “yurtboshimiz borligiga”.
Zamon o‘zgarar, ammo….
Bir asr muqaddam qizillar Markaziy Osiyoda sho‘rolar hukumatini barpo etarkan, “hokimiyat ishchi va dehqonlar uchun”, degan shiorini o‘rtaga tashladi. Istiloga qarshi chiqqanlarga “xalq mulkini talon-taroj qilayotgan bir to‘da boylar va ularning gumashtalari”, degan tamg‘ani bosdi…
Ko‘p o‘tmay “Nikolayning zambaragi” o‘rniga “Paxtazor polvonlari” qo‘shig‘ini kuylashga tushdik….
Bugun ham o‘xshash manzara… “Mustaqillik bizga nima berdi? Xalq och-yalang‘och”, deydiganlar soni ko‘paygan. “Hech kimga bermayman seni, O‘zbekiston”ni jo‘r bo‘lib kuylaganlar Rossiya bayrog‘ini hilpiratishga tayyor…
(Prezidentlikka nomzodlarning suratlari ko‘rsatiladi – Oblomurodov, Qodirov, Vorisova…)
“El netib topqay menikim, men o‘zimni topmasam”, degan edi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy.
Husayn Boyqarodan buyon necha-necha baxtiqaroliklarni ko‘rgan Hirot tuprog‘i toliblarning oyog‘i ostida toptalarkan, Amudaryoning bu tomonida Navoiyning avlodlarimiz, deb da'vo qiladigan olomon Boyqaro saroyidagi siylovlardan uncha farq qilmaydigan, saylov deb nom berilgan siyosiy mashvarat tuzish bilan band.
Mashvaratga taklif qilinganlarni esa na magazinchi G‘aybulla va na uning iti taniydi…
“Kim, kuchuk birla xo‘dukka necha qilsang tarbiyat,
It bo‘lur, dog‘i eshak, bo‘lmaslar aslo odami…”.
Ulardan bittasini hatto o‘zining partiyadoshlari ham tanimasligini sirdaryolik deputat, Ozodbek Nazarbekovning “Atrofingda men sarson” qo‘shig‘i matni bilan tanilgan shoirdan chiqqan siyosatchi Muhammad Ismoil feysbukda og‘zidan gullab qo‘ydi.
Meni saylang, meni saylang…
Buyuk o‘zbek jadid shoiri va mutafakkiri Hamza Hakimzoda Niyoziy o‘tgan asr boshlaridagi qizg‘in saylov jarayonlarini ana shu misralarda ifodalagan edi.
Oradan bir asr o‘tib, siyosiy ongdan butkul mosuvo qilingan, qo‘rqitilgan va axtalangan o‘zbekning ijtimoiy ongi shu qadar kishanlandiki, endi bu olomonga yo‘lboshchilikka da'vo qilayotganlar hatto “Meni saylang!” deyishga ham botinolmay qoldi.
It tanimas partiya rahbarlarining birontasi saylovchilar bilan uchrashganda “meni saylang”, demaydi.
Desa nima qilib qo‘yishlarini yaxshi biladi…
Nafsilamrini aytganda, saylaydigan olomonga ham, o‘rislar aytmoqchi, “po barabanu”. Saylovchi yoki “elektorat” deyishga noloyiq bu olomon ko‘proq elektr g‘ami bilan ovora.
Ammo apolitik yoki siyosiy loqayd deyiladigan ana shu qatlam sobiq xonanda Jahongir Otajonovnin yana qo‘shiq kuylashni boshlaganini olamshumul yangilik sifatida qarshi oldi.
Tarmoqlarda “Jahongir to‘yga zakaz olishni boshlaganmush”, degan videoni bo‘lishishga oshiqdi.
MAShRAB OSILGANDA QAYoQDA EDING,
LORKA OTILGANDA QAYoQDA EDING,
SURIShTIRGANMIDING QODIRIYNI Yo
QALQON BO‘LGANMIDING KYeLGANDA BALO?..
HUKMLAR O‘QILUR SYeNING NOMINGDAN,
TARIXLAR TO‘QILUR SYeNING NOMINGDAN…
Darvoqe', tarixlar to‘qiladi, yozilmaydi. “Yangi O‘zbekiston”, “Uchinchi Renessans”…
Tarixni to‘qimasdan, uni o‘z amali bilan yozishga uringanlar esa sazoyi qilinadi yoki unutiladi.
Masalan, Olimpiada tarixini…
Dunyo Olimpiadasi tarixini yozganlardan biri – afsonaviy gimnastikachi Oksana Chusovitina.
“Susambil 24” kanali namoyish qilgan, Tokiodan vataniga qaytgan g‘olib olimpiadachilar orasida u orqa planda edi.
Avvalroq uni O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarishdan mosuvo qilishdi…
Qashshoqlarni ezar boyroqlar,
Kichiklarni ezar kattalar.
Lattalardan bo‘lgan bayroqlar,
Bayroqlardan bo‘lgan lattalar…
2016 yilda vodiyda o‘zidan bir necha yosh kichik oqsoqollarga “otaxonlar” deb xitob qilgan Yurtboshi dovon orqali o‘tadigan poezd yo‘li bitsa, sizlarni o‘zim Toshkentga olib borib, aylantirib kelaman, degan edi. Alloh Karim, demagan ekanmi, poezd yo‘li bitganini ko‘rmadi Islom Karim…
Uning yangi O‘zbekiston deb atalmish eski poezdi ruliga o‘tirgan shogirdi esa o‘zbeklarni Amudaryo uzra Pokistonu Hindiston bandargohlariga olib chiqishini aytib, Anjan-Moskva poezdiga chipta topolmayotgan mardikorlarning yuragini orziqtirmoqda.
Ammo Mirziyoev va Ramatovning poezdi Hind ummoniga yetib borguncha hali yana qancha suvlar oqadi. Bu orada shundoq ham viloyatdan kelgan mardikorlarning ko‘pligidan zada bo‘lgan toshkentliklar poytaxt ko‘chalarida Hindiston va Pokistondan tashrif buyurgan tilamchilar va firibgarlarning ko‘payib ketayotganidan nolimoqda…
Xuddi o‘zimizning qorako‘zlar yetmayotgandek…
Shirin tushlar ko‘rayotgan ziyolilar…
Ular ko‘chada tasodifan uchrashib qolishadi. O‘rtada yo‘q joydan janjal chiqadi. Janjal bahona ikki yosh bir-biriga ko‘ngil qo‘yadi. Ammo bir muammo bor: yigit boy, qiz esa kambag‘al. Yigitning otasi o‘g‘lini o‘z do‘stining qiziga uylab qo‘yishni istaydi. Chorasiz qolgan yigit va qiz qaltis o‘yinni boshlashga qaror qilishadi…
Ular ko‘chada tasodifan uchrashib qolishadi. O‘rtada yo‘q joydan janjal chiqadi. Janjal bahona ikki yosh bir-biriga ko‘ngil qo‘yadi. Ammo bir muammo bor: qiz boy, yigit esa kambag‘al. Qizning otasi qizini o‘z do‘stining o‘g‘liga turmushga berishni istaydi. Chorasiz qolgan qiz va yigit qaltis o‘yinni boshlashga qaror qilishadi…
Hodisalar yuz beradigan joylar: Anhor bo‘yi, hashamatli uy, kasalxona, “Malibu” avtomobili, bozor, mozor.
Bu stsenariyni o‘qiboq “Bollivud filmi”, deb o‘ylagan bo‘lsangiz kerak-a?!
Adashasiz. Bu stsenariy O‘zbekistonda ishlanayotgan filmlarning 80 foizini tashkil etadi.
Ammo bu filmlarda paxsalik uy, chiroqsiz ko‘cha, paxta dalalari, chopiqqa chiqqan maktab bolalari, tappi urayotgan ayol, milisadan kaltak yegan mardikor, fohishalik qilayotgan talabalar bo‘lmaydi aslo. Chunki o‘zbek filmlarida, xuddi Hindistonda bo‘lgani singari, insonlar orzusi hikoya qilinadi.
O‘zbekistonlik taniqli kinorejissyordan “Nega o‘zbek kinolarida faqat hashamatli uylar-u, baxtli hayot tasvirlanadi?” deb so‘radim. U kulib, “Odamlarga haqqoniy hayotni ko‘rsatsangiz, ularning ongini zaharlab qo‘yasiz”, dedi.
Jahlim chiqdi. O‘zbek kinosidan emas, taniqli kinorejissyordan jahlim chiqdi. Bizlarga bila turib yolg‘on tushlarni ko‘rsatayotgani uchun jahlim chiqdi. Uning ziyoli degan nom egasi bo‘lganiga jahlim chiqdi….
“Narodnoe slovo”mi yoki “Narodnoe plovo”?
Feysbukda deyarli har kuni bir manzaraga ko‘zim tushadi: anvoyi PALOV suratlari va ularning ostiga qo‘yilgan o‘nlab izohlar. Yangi yil arafasida ham palov surati, juma kuniyam palov surati, tug‘ilgan kundayam palov surati, Navro‘zdayam palov surati, Hayit arafasidayam palov surati.
Turiyam naqd yetti yarim million xil: Anjancha palov, Qo‘qancha palov, Denov palovi, Samarqandu Buxoro, Xorazmu Nukus… Uzum palov, anor palov, behi palov… Shapaloq palov, dieticheskiy palov (ononi qarelar, ashanaqasiyam bor ekanda, a?!), challar palov, kuyovnavkar palov, ajralish palovi, uchrashish palovi, kaltak palov (xotinidan kaltak yegan erkak tayyorlagan palov bo‘lsa kerak…). Adog‘i yo‘q, xullas.
Yaqinda biriga ko‘zim tushdi: pasxa palovi. Bu nasroniylashgan o‘zbeklar “innovatsiyasi” bo‘lsa kerak, dedim o‘zimcha. Palovga atab maxsus sahifayam bor feysbukda. Bunda ne siru sinoat bo‘lsa?!
O‘zbekistonliklar palovga mahliyo bo‘lisharkan, men yana vatanini tark etayotgan afg‘onistonliklar haqida o‘yladim. Keyingi o‘ylarim sarkazmdan yiroq va qayg‘uli…
O‘z yurtini tashlab ketishga majbur bo‘layotgan afg‘on xalqi Kobul aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagida Afg‘oniston haqidagi madhiyani kuylamoqda… Yig‘ladim. Yozig‘i ko‘p ekan afg‘onning..😔
Beoshiyona kezdim,
Xonama-xona kezdim.
Sensiz hamisha g‘amda,
Shonama-shona kezdim.
Ishqi yagonam mening,
Sendan nishonam mening.
Sensiz tuzsiz, bema'no –
She'ru taronam mening.
Sarzaminim manim,
Xasta-xasta purjafo.
Sarzaminim manim,
Besururu, besado.
Sarzaminim manim,
Dardmand erur bedavo.
Sarzaminim manim…
“Sarzamin” (“Vatan”) – Afg‘oniston haqida kuylashmoqda… Bobur Bobomurod tarjimasi
Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!