So‘kong‘ich hokimga qarshi to‘qqiz iddao
Xorazm viloyati Yangibozor tumani hokimi O‘ktam Qurbonovning bug‘doy rejasini bajarmagan hududiy rahbarlarni uyat gaplar bilan so‘kkani haqidagi maqola e'lon qilingani ortidan tumandagi bir guruh fermerlar «Eltuz»ga maktub bilan murojaat qildi. Fermerlarga ko‘ra, «Toshkentdagi ukaxoniga ishongan Qurbonov nafaqat so‘kong‘ich, balki tumandagi tadbirkorlarni qaqshatayotgan korruptsionerdir».
«Eltuz» bu maktubda keltirilgan ayblovli iddaolarni Xorazm viloyati hokimligi va prokuraturadagi o‘z manbalari orqali tekshirdi. Yangibozor hokimi Qurbonovning «prezident maslahatchisi o‘rinbosari bo‘lgan ukasiga orqa qilib ochiqasiga moddiy boyliklarni talayotgani mahalliy mulozimlar uchun sir emas» ekan.
Maktub fermerlar taassufi aks etgan misralar bilan boshlanadi:
«Yangibozor tumani hokimi O‘ktam Qurbonovning noqonuniy xatti-harakatlariga tegishli huquqiy baho beriladi va prezident siyosatiga hamohang ish olib borilib, adolat qaror topadi, degan umidda tuman ahlining fikrini bayon qilmoqdamiz. Zero, bu shaxs prezident tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosatni to‘g‘ri tushunib yetmasdan, go‘yoki o‘zidan davlatga sodiq inson yaratib, uning soyasida hamtovoqlari bilan birgalikda ochiqchasiga yurtni talash bilan ovora bo‘lib kelmoqda. Bu odam prezident apparatida ishlaydigan ukasi Quronboev Qahramon va prokuraturada ishlaydigan ukalariga ishonib, qonunni pisand qilmaydi…”.
Maktubda Yangibozor tumani hokimi O‘ktam Qurbonov «ijod» qilgan «o‘lpon» va davlat mablag‘ini o‘marish bo‘yicha moliyaviy sxemalar haqidagi 9 ta iddaoni o‘qiymiz:
- Tumandagi obodonlashtirish, qurilish va boshqa sabablarni bahona qilib, tashkilotlar, tadbirkorlar va fermerlardan “soliq” undirib kelmoqda. Tumandagi istirohat bog‘i (park) qurilishi uchun deb barcha byudjet tashkilotlari xodimlarining oylik maoshlaridan “soliqlar” undirib, har bir hudud rahbaridan 30 tonna tsement oldirgan.
- Hokim o‘z ukasi nomiga kredit rasmiylashtirib, bu kreditni qoplashni tuman tadbirkorlari zimmasiga yuklagan. Yangibozor tumanining 40 yilligi munosabati bilan har bir tashkilot, tadbirkor va fermerlarga “soliq” solgan.
- Tuman hokimi O‘ktam Qurbonov 2020-2021 yillarda 450 gektar yer maydonida sabzavotchilik-polizchilik yo‘nalishida fermer xo‘jaliklari tashkil qilib, ularning har bir gektari uchun 500 $ dollardan S.B va A. E ismli o‘rtakashlar orqali yig‘ib olib qaror, chiqarib berdi.
(«Eltuz»ning aniqlashicha, bu qarorlar qabul qilingan paytda O‘ktam Qurbonov Toshkentda bo‘lgan va qarorga o‘rinbosarlari qo‘l qo‘ygan).
4. Qurbonov meva-sabzavot eksport qilamiz deya davlatni aldab, fermerlik shirkati tuzadi, ammo ushbu tashkil qilingan sabzavotchilik fermerlari 1 tsent ham eksport qilmasdan, faqat sholi ekib, o‘zi va tuman hokimi uchun xizmat qilib kelmoqda. Umuman sholi ham topshirmasdan, yuqoridan kelgan o‘lchovlarda ko‘rsatmasdan kelmoqda.
Tuman hokimi O‘ktam Qurbonov 2020-2021 yillarda chorvasi bo‘lmagan fermer xo‘jaliklariga 1500,0 gektar chorva fermer xo‘jaligi tashkil qilib berdi. Jumladan, «Rustamboy Shohruhxon» fermer xo‘jaligiga 250,0 gektar, «Oybek Turaboy o‘g‘li» fermer xo‘jaligiga 120,0 gektar, «Xudaybergan» fermer xo‘jaligiga 60,0 gektar, «Os» nasl chorva fermer xo‘jaligiga 60,0 gektar ajratgan. Fermer xo‘jaliklari 100 foiz yeriga sholi ekib, sholi topshirmasdan, tuman hokimi bilan sherikchilik qilib kelmoqda. Natijada biz, jayhunlik fermerlarga paxta bo‘lmaydigan, zax chiqadigan yerlarga 100 foiz paxta yetishtirib rejasi qo‘yilib kelmoqda.
5. «Rustamboy Shohruhxon» fermer xo‘jaligi tuman hokimi bilan kelishib, chorva fermer xo‘jaligining 150,0 gektar yeriga sholichilik klasteri qilib qaror chiqarib oldi, evaziga S. B ismli o‘rtakash orkali 85 ming dollar olgan. Buni tumandagi hamma fermer biladi. «Rustamboy Shohruhxon» fermer xo‘jaligi 2020 yilda 200 gektar, 2021 yilda 200,0 gektar yerga sholi ekib, sholi topshirmasdan kelmoqda.
Tumanda 300,0 gektar maydonda 15 ta kooperatsiya tashkil qilindi. Kooperatsiya tashkil qilishdan maqsad yoshlarni ish bilan ta'minlash bo‘lsa-da, prezident siyosatiga qarshi turib, berilgan yer maydonlarining 10 foizini ham yoshlarga ajratmasdan, ular bilan kelishib, soxta hujjatlar tuzib, shaxsiy manfaatlarida foydalanib kelmoqdalar.
Tuman hokimi qurilish sohasida ham bir qancha jinoyatlar sodir etib, mansabini suiistemol qilib kelmoqda. Jumladan, qurilishiga 150 mln so‘m ketadigan bitta mahalla binosi uchun gektarlab yer berib, auktsionda sotilganda, davlatga kamida 1,5 mlrd tushishi kerak bo‘lgan pullar talon-taroj qilinib, evaziga tuman hokimi shaxsiy manfaati uchun 50 ming dollardan pora olib kelmoqda. Zero, muqaddas Konstitutsiyamizda va boshqa hujjatlarimizda yer umummilliy boylik ekani, uning har bir qarichi davlat tomonidan muhofaza qilinishi belgilangan.
6. Tumanga arzon narxda ehtiyojmandlar uchun kelgan har oylik moy va un faqat sherigi bo‘lmish S.B. orqali aylantirilib, ustamalar olinadi. S.B. har yili 3 ta fermer xo‘jaligiga («Lokal treyding», dehqon bozoriga qarashli TEP, «Alibek Sulaymon chorvasi» f.x) 100 gektar sholi ekib oladi. Umuman, tumanda hech qaerda ishlamaydigan S.B. barcha ishlarni hal qiladi. Jumladan, tuman hokimining uy xarajatlari to‘liq, mehmonxona xarajatlari, kadrlar masalasi. Yaqinda o‘z ukasi, hech qaerda ishlab ko‘rmagan S.M.ni 1 oy qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i etib qo‘ydirdi. 1 oydan keyin tuman hokimi o‘ziga o‘rinbosar qilib oldi. Qanday qilib qishloq xo‘jaligida 1 oy ish stajli xodimni hokim o‘rinbosari qilib qo‘yish mumkin. S.M. biz fermerlarni tugataman, deb qo‘rqitib, faqat pul yig‘ib, tuman hokimiga vositachilik qilish bilan shug‘ullanadi. Uning og‘asi S.D. tumanda bozorkom. 2020 yilda 4 ming tonna sholini tuman hokimi bilan birgalikda talon-taroj qildilar.
- Tuman hokimi O‘.Qurbonov haydovchisi Rajabboev Ruslan nomiga Yangibozor tumanidan chorvachilik kompleksi qurish maqsadida yer olib, Xalq bankidan 2,5 mlrd so‘m kredit rasmiylashtirib, ushbu mablag‘ evaziga Shovot tumanida o‘zining fermer xo‘jaligiga chorvachilik fermasini qurdi. Davlat tomonidan berilgan imtiyozli kreditni qaytarmasdan kelmoqda. O‘.Qurbonov o‘zining Shovotdagi fermaxonasini tumandagi chorva fermerlardan mol va qo‘y majburan yig‘ib to‘ldirdi.
- Tuman hokimi Qurbonov Yangibozor tumani tibbiyot birlashmasidan doimiy ravishda o‘z yaqin qarindoshlarini tekin dori-darmon bilan davolab kelmoqda.
- Tumandagi uning tamagirlik siyosatiga qo‘shilmaydigan barcha o‘rinbosarlari ishdan ketdi. O‘rniga faqat pul topish bilan shug‘ullanuvchi xodimlar kelmoqda.
«Eltuz» tasarrufidagi maktubda tuman hokimining ishqiy sarguzashtlariga oid tafsilotlar mavjud. Shuningdek ,maktubda Yangibozor tumanining joriy hokimi O‘ktam Qurbonov Hazorasp tumanida 5 yildan ortiq hokim bo‘lib ishlab butun yurtning ekin yer maydonlarini turar va noturar binolar qurish uchun sotib bo‘lganligi ta'kidlandi.
Maktubda yozilishicha, Qurbonov viloyat hokimi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan paytida ham tashkilotlardan tamagirlik qilish bilan ovora bo‘lgan:
“Ming afsuski, viloyat hokimiyatida 1 yil ham ishlay olmadi, prezident viloyatga tashrifida uni vazifasidan ozod qilgan edi. Lekin yana o‘sha ukasi ishga aralashib, davlat rahbarini chalg‘itib, Yangibozor tumaniga hokim qilib tayinlashga erishdi”, deyiladi maktubda.
Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi barcha tuman va shahar hokimlari hamda ularning o‘rinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholab chiqqan, 205 nafar hokim joy olgan ushbu reytingda Yangibozor tumani hokimi O‘ktam Qurbonov 2-o‘rinni olgan.
«Eltuz» tuman hokimi haqidagi maqoladaga imzo chekkanlar va maqolada ismlari bosh harflar bilan belgilangan mulozimlar haqida to‘liq ma'lumotga ega.
Bu maqolada e'lon qilingan iddaolar yuzasidan «Eltuz» mutasaddi tashkilotlardan rasmiy munosabat kutadi.
Eltuz,com