“Daragie vipsniki! Pazdravlayu poslednim zvonkam” – Rus maktabi direktori ruscha biladimi?
Xorazmning Urganch shahridagi rus tiliga ihtisoslashtirilgan maktabda shu maktab direktorining rus tilidagi ohangi tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.
“Eltuz” muxbirining aniqlashicha, video o‘tgan hafta Urganchdagi 28-son maktabda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” marosimida yozib olingan.
Tabrik so‘zi maktab direktori Shoira Polvonovaga berilar ekan u rus tilida yozilgan tabrik matnini to‘g‘ri o‘qib berolmadi.
“O‘zbek vatandoshlarining rus tilini bilish majburiyati yo‘q. O‘zbek vatandoshlari grammatik xato yoki aktsent bilan gapirsa andisha qilmaymiz. Lekin, rus tilidagi maktab direktori qo‘liga berilgan qog‘ozdagi matnni to‘g‘ri o‘qib berolmayaptimi u bunday maktabga rahbar bo‘lishga loyiq emas”, – deydi bolasi shu maktabga boradigan a ayol..
“Agar rostdan ham shu ayol maktab direktori bo‘lsa unda o‘quvchilardan nima kutsak bo‘ladi?”, – deydi boshqa ota-onalardan biri.
Xorazmlik nafaqadagi keksa muallim Sultonposhsha Matyaqubovaning aytishicha, muammo maktab direktorining ruscha bilish-bilmasligida emas, savodsizlik masalasida bo‘lyapti.
“Saviyasizlik, savodsizlik, bilimsizlik hozir asosiy muammo. Attestatsiya tizimi yo‘q. Gorono yoki Oblonoda tankasi bor istagan ayol kelib maktabga direktor bo‘lyapti. Maktab o‘quvchilarini imtixon qilib ko‘ring, o‘zbekchani ham bilmaydi. Savodsiz bir avlod yetishyapti. Ruscha maktabga beryapti bolasini, ruschani ham bilmaydi, o‘zbekchani ham”, – deydi sobiq muallim.
Eltuz.com