Jizzaxlik qotil Qohira aeroportida hibsga olindi
Joriy haftada Misr xavfsizlik kuchlari 30 yashar O‘zbekiston vatandoshi Xonimqul Mamasalievni o‘ta shafqattsiz qotillik va katta miqdorda o‘g‘irlikda gumon qilib, Qohira aeroportida qo‘lga oldi. Eltuz tanishgan tergov hujjatlariga ko‘ra, 1992 yili Jizzax viloyatida tug‘ilgan va Misr Arab Respublikasiga diniy ta'lim olish uchun borgan Xonimqul Mamasoliev Misrda istiqomat qilgan va valyuta oldi-sottisi bilan shug‘ullangan O‘zbekiston fuqarosini oldin qattiq jism bilan urib hushidan ketkazgani, keyin esa ko‘kragiga pichoq tiqib o‘ldirgani va maqtulning boshini namoyishkorona kesib olgani kabi shafqatsiz jinoyatlar zanjirida ayblanmoqda.
Tergov hujjatlariga ko‘ra, muhtamal qotil Mamasaliev maqtulga tegishli bo‘lgan 100 ming AQSh dollarini o‘marib, Qohira aeroportiga kelganida qo‘lga olingan. Qotillik joyidagi barmoq izlari va kuzatuv kamerasi tasvirlari doxil boshqa o‘nlab isbotlar Mamasalievning qotil va o‘g‘riligiga isbot o‘laroq sudga taqdim qilinadi.
Misr sudi Mamasalievni o‘lim jazosiga hukm qilishi taxmin qilinmoqda.
Misr qamoqlarida yuzlab O‘zbekiston vatandoshlari terrorizm, diniy ekstremizm va maishiy o‘g‘irlikda ayblanib jazo o‘tamoqda.
Ushbu rasmni Mamasoliev qotillikda ayblanib qo‘lga olinishdan bir necha daqiqa avval Qohira aeroportida selfi o‘laroq tushib tarmoqqa qo‘ygan.
@eltuz2022