Quyichirchiqda nogiron ayolning bolasi tortib olindi
Quyichirchiq tumani Madaniyat mahallasida yashovchi Nafosat Yusufboeva qaynonasi va erining tayziqiga uchrab uydan haydalgan. Qaynona va er Nafosatning ikki yashar qizini tortib olib, uchrashishga to‘sqinlik qilmoqda.
Nafosat Yusufboeva bolasini qaytarib olish maqsadida mahalla, ichki ishlar, tuman va viloyat fuqarolar sudiga, MIB va Respublika xotin-qizlar qo‘mitasiga murojaat qilgan.
Fuqarolar sudi bolani onada qoldirish haqida qaror chiqardi. Biroq mahalliy IIB, prokuratura va MIB sud hukmini ijro qilish yuzasidan hech qanday harakat amalga oshirmayapti.
Nafosat Yusufboeva 2-guruh nogironi, uning qo‘lida bir yashar farzandi qolgan – to‘ng‘ich qizi bilan esa sakkiz oydan beri ko‘risholmay sarson.
Zolim qaynona va er shantaj va do‘q-po‘pisa bilan davlat ijro organlarini qo‘rqitib, qizaloqni onasiga qaytarishdan bosh tortmoqda.
Noiloj qolgan ona farzandini qaytarishda Ombudsman va Toshkent viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasidan amaliy yordam so‘rayapti.