Asosiy mavzular
21 mart 2019

21 mart – Navro‘z, o‘zgarishlar faslining boshlanishi!

Sharqning ko‘pgina mamlakatlarida Navro‘z bayrami sifatida nishonlanadigan 21 mart yilning kun va tun teng keluvchi sanasi hamdir.

Bu kun balki jamiyat hayotidagi ziddiyatlar, tarozining qarama-qarshi tomonlari ham qaysidir ma'noda tenglashadigan, siyosiy chorrahalar kesishadigan kundir. Yana bilmadim. Biroq 1985 yilning 21 marti O‘zbekiston tarixidagi ana shunday bir kun bo‘ldi.

Markazqo‘m rahbari Ra'no Abdullaeva tamsil qilgan mavjud o‘zbek hukumati Navro‘zni yo‘q qilmoqchi bo‘ldi, oxir-oqibat o‘ziga qarshi jiddiy bir kuch – muxolif o‘zbek yoshlarini maydonga chiqardi.

Taqdir taqozosi bilan ayni Navro‘z kuni – 21 martda tug‘ilgan zamonasoz shoir Abdulla Oripov o‘sha paytda kommunist Ra'no Abdullaeva siyosatini yoqlarkan, milliy g‘oyalarni ko‘tarib chiqqan yoshlarga bunday tanbeh berganini ko‘pchilik eslaydi:

«Bu yoshlarga nima kerak o‘zi, nima istashyapti, Lenin bobomiz o‘rnidan turib ta'zim qilsinmi yoki atom bombasining knopkasini beraylikmi, astag‘furulloh!»

Muhammad Solihning “Yo‘lnoma” kitobiga kirgan “Amazon xotin” deb atalgan bobda markazqo‘m kotibasi Ra'no Abdullaevaning Navro‘z bayramiga qarshi xuruji haqida gap boradi.

“Bu shoir Abdullaevaga so‘nggigacha sadoqat bilan xizmat qildi. Hatto markazqo‘m kotibining Navro‘z bayramiga qarshi yuritgan tashviqoti doirasida Navro‘z kunini «Xotira kuni» deb she'rlar ham bitdi.

Lekin qo‘mpartiyaning Navro‘zga qarshiligi bir kun ham yashamadi, u qo‘zg‘alishlar, uyg‘onishlar davri uchun xamirturush bo‘lib xizmat qildi.

“Yoshlar Abdullaeva siyosatiga ochiq qarshi chiqdilar. Bu qarshilik avval choyxona gurunglari va majlislarda, sal keyinroq, 1985 yil yanvarida «Politbyuroga maktub» shaklida ko‘rindi”, deya eslaydi Muhammad Solih.

Navro‘zga taqiq solishga urinish suronli davrlarning ibtidosi o‘laroq tezgina o‘tdi va keyinchalik Abdulla Oripov 1988 yili afsus bilan quyidagi satrlarni bitdi.

Sen bizni kechirgin, ey Navro‘zimiz,
G‘aflatda chalg‘idi ul kun ko‘zimiz.
Yuzingga shapaloq tortib yubordik,
Sho‘rpaxta bosamiz endi o‘zimiz.

Mafkuraviy ziddiyatlar yili bo‘lgan bu davr Muhammad Solih boshchiligidagi bir guruh shoir va yozuvchilarning politbyuroga maktub yozishi, sovet hukumati matbuotining bunga qarshi aks harakatlari, shoir shaxsiga gazetalar xuruji va 1986 yili Inqilob xiyobonidagi ilk norozilik chiqishlariga yo‘l ochib berdi.

Bu allaqachon kunning tun ustidan g‘olib kela boshlagan boshqa bir davri edi.

Qudrat Bobojon
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
9 iyun 2017
Chala bitkazib topshirilayotgan, prezident buyrug‘i bilan qurilayotgan «Namunali uylar» haqida ko‘p aytildi. Chunonchi, bu binolarga ishlatiladigan eshik oynalarning o‘g‘irlab yo‘q ...
2 avgust 2016
Mustaqillik bayrami arafasida xorijliklarning o‘zbek xalqiga tabriklarini chop etish an'anasi shu kunlarda qizg‘in davom etyapti. «Jahon» axborot agentligi tayyorlagan, ...
14 aprel 2016
Toshkent viloyat Xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutiga o‘qishga kelgan o‘qituvchilar o‘zlariga nisbatan o‘quv yurti xodimlarining ...
22 may 2016
O‘g‘uzxon nomidagi Turkmanfilm kinostudiyasi boshlig‘i Saparmuhammad Jolliev o‘tgan hafta “ishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari” sababli ishdan bo‘shatildi. Bu haqda Turkmanfilm ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...