Asosiy mavzular
21 mart 2019

21 mart – Navro‘z, o‘zgarishlar faslining boshlanishi!

Sharqning ko‘pgina mamlakatlarida Navro‘z bayrami sifatida nishonlanadigan 21 mart yilning kun va tun teng keluvchi sanasi hamdir.

Bu kun balki jamiyat hayotidagi ziddiyatlar, tarozining qarama-qarshi tomonlari ham qaysidir ma'noda tenglashadigan, siyosiy chorrahalar kesishadigan kundir. Yana bilmadim. Biroq 1985 yilning 21 marti O‘zbekiston tarixidagi ana shunday bir kun bo‘ldi.

Markazqo‘m rahbari Ra'no Abdullaeva tamsil qilgan mavjud o‘zbek hukumati Navro‘zni yo‘q qilmoqchi bo‘ldi, oxir-oqibat o‘ziga qarshi jiddiy bir kuch – muxolif o‘zbek yoshlarini maydonga chiqardi.

Taqdir taqozosi bilan ayni Navro‘z kuni – 21 martda tug‘ilgan zamonasoz shoir Abdulla Oripov o‘sha paytda kommunist Ra'no Abdullaeva siyosatini yoqlarkan, milliy g‘oyalarni ko‘tarib chiqqan yoshlarga bunday tanbeh berganini ko‘pchilik eslaydi:

«Bu yoshlarga nima kerak o‘zi, nima istashyapti, Lenin bobomiz o‘rnidan turib ta'zim qilsinmi yoki atom bombasining knopkasini beraylikmi, astag‘furulloh!»

Muhammad Solihning “Yo‘lnoma” kitobiga kirgan “Amazon xotin” deb atalgan bobda markazqo‘m kotibasi Ra'no Abdullaevaning Navro‘z bayramiga qarshi xuruji haqida gap boradi.

“Bu shoir Abdullaevaga so‘nggigacha sadoqat bilan xizmat qildi. Hatto markazqo‘m kotibining Navro‘z bayramiga qarshi yuritgan tashviqoti doirasida Navro‘z kunini «Xotira kuni» deb she'rlar ham bitdi.

Lekin qo‘mpartiyaning Navro‘zga qarshiligi bir kun ham yashamadi, u qo‘zg‘alishlar, uyg‘onishlar davri uchun xamirturush bo‘lib xizmat qildi.

“Yoshlar Abdullaeva siyosatiga ochiq qarshi chiqdilar. Bu qarshilik avval choyxona gurunglari va majlislarda, sal keyinroq, 1985 yil yanvarida «Politbyuroga maktub» shaklida ko‘rindi”, deya eslaydi Muhammad Solih.

Navro‘zga taqiq solishga urinish suronli davrlarning ibtidosi o‘laroq tezgina o‘tdi va keyinchalik Abdulla Oripov 1988 yili afsus bilan quyidagi satrlarni bitdi.

Sen bizni kechirgin, ey Navro‘zimiz,
G‘aflatda chalg‘idi ul kun ko‘zimiz.
Yuzingga shapaloq tortib yubordik,
Sho‘rpaxta bosamiz endi o‘zimiz.

Mafkuraviy ziddiyatlar yili bo‘lgan bu davr Muhammad Solih boshchiligidagi bir guruh shoir va yozuvchilarning politbyuroga maktub yozishi, sovet hukumati matbuotining bunga qarshi aks harakatlari, shoir shaxsiga gazetalar xuruji va 1986 yili Inqilob xiyobonidagi ilk norozilik chiqishlariga yo‘l ochib berdi.

Bu allaqachon kunning tun ustidan g‘olib kela boshlagan boshqa bir davri edi.

Qudrat Bobojon
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
19 mart 2019
Mayli, boshlab qo‘ydim endi, men ham xaypni davom ettiray. Qozoqlarda urug‘chilik tizimi bugungi kunga qadar yaxshi saqlanib qolgan. Urug‘ ...
15 may 2020
Farg‘ona viloyatining Buvayda tumani hokimi Bekzod Ibragimov 2019 yil 28 yanvardagi qarori bilan 2015 yildan buyon faoliyat yuritayotgan “Siddiqjonobod ...
13 fevral 2022
Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi deya faraz qilaylik. Innan keyinchi… innan keyin nima bo‘ladi? Shuni sovuqqonlik bilan bir tahlil qilib ...
9 oktyabr 2023
Jurnalist Ibrat Safo yozadi: O‘zbekistonda 8 oy ichida 25 ming nafarga yaqin bola ota yoki onasiz yashashga majbur bo‘libdi. ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...