Asosiy mavzular
21 mart 2019

21 mart – Navro‘z, o‘zgarishlar faslining boshlanishi!

Sharqning ko‘pgina mamlakatlarida Navro‘z bayrami sifatida nishonlanadigan 21 mart yilning kun va tun teng keluvchi sanasi hamdir.

Bu kun balki jamiyat hayotidagi ziddiyatlar, tarozining qarama-qarshi tomonlari ham qaysidir ma'noda tenglashadigan, siyosiy chorrahalar kesishadigan kundir. Yana bilmadim. Biroq 1985 yilning 21 marti O‘zbekiston tarixidagi ana shunday bir kun bo‘ldi.

Markazqo‘m rahbari Ra'no Abdullaeva tamsil qilgan mavjud o‘zbek hukumati Navro‘zni yo‘q qilmoqchi bo‘ldi, oxir-oqibat o‘ziga qarshi jiddiy bir kuch – muxolif o‘zbek yoshlarini maydonga chiqardi.

Taqdir taqozosi bilan ayni Navro‘z kuni – 21 martda tug‘ilgan zamonasoz shoir Abdulla Oripov o‘sha paytda kommunist Ra'no Abdullaeva siyosatini yoqlarkan, milliy g‘oyalarni ko‘tarib chiqqan yoshlarga bunday tanbeh berganini ko‘pchilik eslaydi:

«Bu yoshlarga nima kerak o‘zi, nima istashyapti, Lenin bobomiz o‘rnidan turib ta'zim qilsinmi yoki atom bombasining knopkasini beraylikmi, astag‘furulloh!»

Muhammad Solihning “Yo‘lnoma” kitobiga kirgan “Amazon xotin” deb atalgan bobda markazqo‘m kotibasi Ra'no Abdullaevaning Navro‘z bayramiga qarshi xuruji haqida gap boradi.

“Bu shoir Abdullaevaga so‘nggigacha sadoqat bilan xizmat qildi. Hatto markazqo‘m kotibining Navro‘z bayramiga qarshi yuritgan tashviqoti doirasida Navro‘z kunini «Xotira kuni» deb she'rlar ham bitdi.

Lekin qo‘mpartiyaning Navro‘zga qarshiligi bir kun ham yashamadi, u qo‘zg‘alishlar, uyg‘onishlar davri uchun xamirturush bo‘lib xizmat qildi.

“Yoshlar Abdullaeva siyosatiga ochiq qarshi chiqdilar. Bu qarshilik avval choyxona gurunglari va majlislarda, sal keyinroq, 1985 yil yanvarida «Politbyuroga maktub» shaklida ko‘rindi”, deya eslaydi Muhammad Solih.

Navro‘zga taqiq solishga urinish suronli davrlarning ibtidosi o‘laroq tezgina o‘tdi va keyinchalik Abdulla Oripov 1988 yili afsus bilan quyidagi satrlarni bitdi.

Sen bizni kechirgin, ey Navro‘zimiz,
G‘aflatda chalg‘idi ul kun ko‘zimiz.
Yuzingga shapaloq tortib yubordik,
Sho‘rpaxta bosamiz endi o‘zimiz.

Mafkuraviy ziddiyatlar yili bo‘lgan bu davr Muhammad Solih boshchiligidagi bir guruh shoir va yozuvchilarning politbyuroga maktub yozishi, sovet hukumati matbuotining bunga qarshi aks harakatlari, shoir shaxsiga gazetalar xuruji va 1986 yili Inqilob xiyobonidagi ilk norozilik chiqishlariga yo‘l ochib berdi.

Bu allaqachon kunning tun ustidan g‘olib kela boshlagan boshqa bir davri edi.

Qudrat Bobojon
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 yanvar 2017
Ijtimoiy tarmoqda qorqiz kiyimini kiygan erkakni haqoratlab so‘kib, kaltaklangani aks etgan video paydo bo‘ldi. Shu bugun feysbukga qo‘yilgan, qo‘l ...
30 dekabr 2019
Zamonaviy o‘zbek romanchiligi va satira janri asoschisi Abdulla Qodiriy NKVD tomonidan «xalq dushmani» deya ayblanib, 1937 yilning 31 dekabrida ...
30 avgust 2024
Bosqinchiga yordam bergan yurtdoshlaringizni tanib oling RT: Mana hafta zuvv etib aylanib, yana siz bilan yuzma yuzman. MS: Ovong ...
11 aprel 2019
«Eltuz» nashri Muhammad Bekjonning «Qo‘rquvning nariyog‘ida» (Alvido, Jasliq!) ikkinchi kitobining audio versiyasini taqdim eta boshlaydi. «Bu kitob “O‘zbekiston qamoqxonalarida ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...