Document UZ
12 yanvar 2016

Menga qarshi hujjatlar to‘plami

Biz sobiq bankir Rustam Usmonovning 1995 yil yozgan“To‘xtatilgan parvoz” kitobidan parchalar e'lon qilishni davom ettiramiz. Obro‘li va badavlat biznesmen Rustam Usmonov O‘zbekistondagi korruptsion tuzum uchun noqulay va istalmagan shaxsga aylandi.Rustam Usmonov uni jismonan yo‘q qilishadi, deya o‘ylagandi. Uni o‘ldirishmadi. Uning biznesini yakson qilishdi, o‘zini esa turmaga tiqishdi. U so‘nggi 17 yildan beri qamoqda qolmoqda.

DOSYe

rasm578O‘zimga qarshi hujjatlar to‘plamini o‘qish juda qiziq edi. “Quloq”larning bu qog‘ozlarini o‘qir ekanman, hayotga beixtiyor boshqa tomondan nazar tashladim. To‘plamning birinchi hujjatiga 1994 yil yanvar sanasi qo‘yilgandi. Bu esa R.T.Usmonovga qarshi ish ochilishi tasodif emasligini ko‘rsatardi. 1994 yilning yanvar kunlarida Karimovning mamlakat tadbirkorlari bilan uchrashuvi respublika televideniesida ikki marta namoyish etilgandi. Men hukumatga qarshi qattiq tanqid bilan chiqish qilgandim. Kutilmaganda Karimov meni qo‘llab-quvvatlagandi. Aynan shu narsa prezidentning yashirin muxoliflarini cho‘chitgan bo‘lsa ajab emas. Chunki ularda prezidentdan yashiradigan narsalar yo‘q emasdi. Balki shuning uchun Usmonovga qarshi dalillar yig‘ishga qaror qilingan, bir gap chiqsa, shantaj va tahdidlar bilan uni tilini tiyishga majbur qilish ko‘zlangan bo‘lishi hech gap emas.

1994 yil 7 yanvarda Sergilev laqabli ayg‘oqchi men chet elga katta miqdorda pul o‘tkazganim va pul o‘tkazishdan naqd pul shaklida katta foyda olganim haqida ma'lumot bergandi. Ayg‘oqchining tuturiqsizligi shunda ediki, aslida agar men o‘z pullarimni chet elga o‘tkazsam, juda katta ehtimoliy foydani boy bergan bo‘lardim. O‘zbekistonda aylantirilayotgan har bir so‘m bir yilda 10 so‘m daromad keltiradigan bir sharoitda pul umuman foyda keltirmay, o‘lik holda yotadigan boshqa davlatga mablag‘ ko‘chirish menga nega kerak bo‘lardi? Lekin men ayg‘oqchi Sergilevdan xafa bo‘lishim nojoiz, chunki bankir bo‘la olmagani uchun u “quloq” ayg‘oqchilikni tanlashga majbur bo‘lgan…

O‘zbekistonda 1-2 may kunlari endi bayram hisoblanmasdi. Shunga qaramay, men mehnatkashlarning birdamlik kunini o‘zim tug‘ilib o‘sgan kolxozda nishonlashga qaror qildim va 30 aprel kuni Xonobodga keldim. Toshkentga qaytishda Andijonda meni OMONchilarning katta otryadi kutib turardi. Yo‘l to‘rtta KRaZ bilan to‘sib qo‘yilgandi. Men o‘z “Volga”mda edim. Haydovchidan tashqari men bilan o‘g‘lim va uning xotini bor edi.

To‘g‘risini aytganda, avvaliga men buncha ko‘p militsioner to‘planib turganiga ahamiyat ham bermadim. IIB biror operatsiya o‘tkazayotgandir, shuning uchun bizni to‘xtatgandir, deb o‘yladim. Ikki tomondagi uylarning tomida videokameralar bilan operatorlar o‘tirardi.

Oldimga yuqori martabali amaldorlar keldi. Ularning ko‘pini tanirdim, biz salomlashdik, quchoqlashib ko‘rishdik. Salomlashuvlar paytida bir mayor yonidagi hamkasbiga qarab: “Ablahlar, trevoga bilan oyoqqa turg‘izishdi, xavfli jinoyatchini qo‘lga olamiz deyishdi, o‘zlari esa shu jinoyatchi bilan quchoqlashib ko‘rishyapti”, deb so‘kinganini eshitdim. Miyamga urib qoldi: bu tomoshaning hammasi shahar hokimi niqobidagi mahalliy mafioz bilan mojarolashganim sharafiga men uchun uyushtirilayotgan ekan-da…

Bu 1994 yil 2 mayda bo‘lgandi. Maxfiy ayg‘oqchi 5 mayda yetkazgan ma'lumotida yozgandi: “Agar u jismonan yo‘qotilmasa, huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan unga qarshi amalga oshiriladigan har qanday harakat kuchli mojaro qo‘zg‘aydi”.

Shu o‘rinda bir hujjatning matnini keltirib o‘tish o‘rinli.

«MAXFIY»

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosariga
katta tezkor xodim
(familiya va unvonlar tushirib qoldirilgan)dan
Raport

Ma'lum qilamanki, Usmonov Rustam Turdievich bilan ishlaydigan manbalarimning sizga avval yetkazib berganim ma'lumotlari kuchli xavotir uyg‘otadi. Shuning uchun Sizdan o‘z javobgarligim ostida yanada qat'iy choralar ko‘rishga ruxsat berishingizni so‘rayman.

04.05.94 y. imzo

Rezolyutsiya
Tanishdim. Vaziyatga qarab ish tuting.
04.05.94 y.

Mavjudligini, albatta, hali bilmaydiganim bu hujjatning oqibatlari men uchun juda esda qolarli bo‘lgandi. 28 may kuni katta o‘g‘lim Shuhrat g‘oyib bo‘ldi. U kechqurungi reys bilan Moskvaga uchib ketishi kerak edi. Tushgacha sartaroshxonaga chiqib kelishga qaror qilgandi. Bitta shippakda ketib, uyga qaytmadi.

Biz uni hamma joydan – militsiyadan, shifoxonalardan, o‘likxonalardan qidirdik. Katta qiyinchiliklar bilan ichki ishlar vaziri o‘rinbosariga qo‘ng‘iroq qilib tushdim. U Shuhrat Qorasuv shahrida bo‘lishi mumkinligi, chunki Qorasuv sudyasi unga nisbatan qidiruv e'lon qilganini taxminladi. Qorasuvga jo‘nadim. U yerdagilar o‘g‘im haqiqatan ham qidiruvda ekanini tasdiqladi, ammo uning ushlangani haqida o‘zlarida ma'lumot yo‘qligini ma'lum qildi.

Xonobodga keldim. Shahar IIB boshlig‘i yaqin do‘stim edi. U quchog‘ini katta ochib stoldan turib keldi. Yuragim dukkilashdan to‘xtadi. Demak o‘g‘lim shu yerda, o‘yladim men. Quchoqlashib ko‘rishdik. Darrov maqsadga o‘tdim.

  • O‘g‘lim qaerda?
  • Qanaqa o‘g‘il?

  • Mening o‘g‘lim, Shuhrat.

  • Bilmayman …

  • Nega bilmaysan, o‘zing uni qidiruvda bergansan-ku.

  • Men emas, Qorasuv tumani sudyasi qidiruv e'lon qilgan. Men faqat uning qarorini shahar IIBda ro‘yxatga olganman, xolos.

  • Biz sen bilan ko‘p ko‘rishganmiz, meni qanday topishni bilasan. O‘g‘limga qidiruv e'lon qilingani haqida nega menga xabar bermading? Sen meni bilasan-ku. Men o‘zim uni oldingga olib kelgan bo‘lardim. To‘g‘risini ayt, Shuhratni ushlab kelish uchun shahar IIBdan birortasini jo‘natdingmi?

  • Xudo haqi qasam ichaman. Hech kimni jo‘natganim yo‘q, o‘g‘lingga nima bo‘lganini ham bilmayman.

  • To‘g‘risini ayt, tushun, men uning otasiman. Sening ham bolalaring bor, sen ham otasan. Tasavvur qil, qizlaringdan birortasi kutilmaganda yo‘qolib qolsa, nima bo‘ladi. Xotinim deyarli behush yotibdi. O‘g‘limdan so‘ng uni ham yo‘qotishdan qo‘rqaman.

Iltijolarim IIB boshlig‘iga ta'sir qilmadi. U pinagini ham buzmadi.

O‘sha kuni yarim tundan so‘ng biz Toshkentga qarab jo‘nadik. Har doimgidek rulda ajralmas haydovchim Qutbiddin Otaxonov edi. Kechayu kunduz u men bilan yurardi. Hatto uni ishdan bo‘shatmoqchi bo‘ldim. O‘z hayotimdan qo‘rqmasdim. Men tufayli u ham yo‘q bo‘lib ketishidan qo‘rqardim, xolos. Unga bu haqda aytganimda, barcha xavotirlarimni tarqatdi: “Xudo taqdirga nima yozgan bo‘lsa, o‘sha bo‘ladi. Yaxshi kunlarda har doim yoningizda bo‘ldim. Yomon kunlarda sizni tashlab ketish ablahlik bo‘ladi. Nima bo‘lsa ham oxirigacha Siz bilan qolaman”.

Toshkentga qaytdik. Do‘stlarim jinoyat olami zo‘ravonlariga murojaat qilishni maslahat berdi. Bordik. Javob oddiy bo‘ldi: “Usmonovning obro‘si juda baland, shuning uchun hech kim uning o‘g‘lini o‘g‘irlashga jur'at qilmaydi. “Ment”lardan izlang. Ular biznikilardan ham abjirroq ishlaydi”.

Bir haftadan so‘ng o‘g‘lim O‘zbekiston IIV vaqtinchalik hibsda saqlash izolyatorida ekanini bildik. Bu kunlarda boshimizdan nimalar o‘tgani yolg‘iz xudoga ayon. Rasmiy ayblov “bir yil ichida ikki marta mashinani mast holda boshqarish” edi.

Prezident Karimovga murojaat qildim. Uning yordamchisi G.A.Kraynov respublika ichki ishlar vaziriga shaxsan telefon qilib, ishni obektiv va qonun doirasida hal etishni so‘radi. O‘g‘lim O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Z.Almatovning buyrug‘i bilan izolyatordan qo‘yib yuborildi.

Xonobod shahri IIBni xabardor qilish uchun o‘g‘limni olib o‘sha yoqqa jo‘nadim. Ichki ishlar vazirining kafili sifatida biz bilan Toshkentdan militsiya mayori ham bordi.

Xonobod shahri IIB boshlig‘i uyida ekan. Unga bizning kelganimizni xabar qilishdi. U IIBga kelguniga qadar men uyga telefon qildim va Shuhrat bilan tez orada yetib borishimizni aytdim.

IIB boshlig‘ining xonasiga faqat IIV vakilini kiritishdi. U bir soatdan keyin chiqdi, qovog‘i soliq va darg‘azab edi. U IIB boshlig‘i Shuhratni Andijon turmasiga jo‘natishni talab qilayotganini bildirdi. IIB boshlig‘i xonasiga o‘zim kirdim. Xotirjam gapira boshladim.

  • Sen bilan 1976 yildan beri do‘stmiz. Shu vaqt ichida biror marta xizmatingdan foydalanmadim. Biror marta bir narsa so‘ramadim. Har doim do‘stligimizni qadrladim, men uchun birovning oldida yuzing qizarishini istamadim. Sen pora olmaysan. Shuning uchun senga moddiy yordam berib turishga harakat qildim. Lekin buni senga umuman bildirmadim.

Endi ko‘mak berish navbati senga keldi. Shu kunlarda xotinim bilan yarim umrimizni boy berdik. Endi hammasi joyiga tushdi, Shuhratni olib keldim. Yigirma yoshli yigitchani respublikaning eng dahshatli turmasiga jo‘natishdan maqsading nima? Asosiysi, nima uchun? Qanday katta jinoyat uchun? Transportni mast holda boshqarganlik uchun, sizlarning iboralaringda aytganda, turmaga qamash shaklidagi ehtiyot chorasini qo‘llash dunyodagi qaysi qonunda bor? Javob ber menga!

  • Tushun, men boshqacha yo‘l tuta olmayman. Aks holda ertagayoq ishimdan ayrilaman. Menga buyruq berilgan…

Dahshatga tushdim. Nahotki agar gap uning shaxsiy amalida bo‘lsa, boshliqning hatto noqonuniy buyrug‘i ham uning uchun qonun hisoblanadigan odam bilan shuncha yil do‘st bo‘lgan bo‘lsam.

  • Men seni odam deb o‘ylabman. Sen robotsan. Senda nomus ham, vijdon ham yo‘q. Senda qalb yo‘q, do‘stlik haqida oddiy tushuncha ham yo‘q. Agar senga va boshlig‘ingga o‘g‘lim kerak bo‘lsa, ol uni. Xudo menga o‘g‘il berdi, lekin uni do‘stning qo‘li bilan qaytarib oldi, deb hisoblayman. Senga xudoning o‘zi ko‘rsatsin.

Erkakka xos bo‘lmasa-da, ho‘ngrab yig‘lab, xonadan yugurib chiqdim. O‘g‘limni ko‘rib, quchoqlab oldim. Xayolan u bilan vidolashdim. Chunki uni boshqa ko‘rmayman, deb o‘yladim. Tomog‘imga bir narsa tiqilib, yarim og‘iz ham gapira olmasdim.

Tungi soat 3 da o‘g‘limni Andijon turmasiga olib ketishdi.

Ikki haftadan so‘ng sud 130 so‘m miqdorida jarima to‘lash to‘g‘risida qaror chiqardi va o‘g‘lim turmadan ozod qilindi.

Shu voqeadan so‘ng suvdan sokin, o‘t-o‘landan past bo‘lib yurdim. Menga o‘zini namunali tutish haqida yaxshigina dars berilgandi. Hammasi joyiga tushgandek bo‘ldi – 1994 yil sentyabrda meni Turkiyaga jo‘nab ketayotgan hukumat delegatsiyasi tarkibiga qo‘shishdi.

Afsuski, atrofimda sodir bo‘layotgan voqealarning aniq sabablarini bilmasdim. Balki maxfiy ayg‘oqchining quyida keltiriladigan xabari bu haqda mendan yaxshiroq tushuncha bera olar.

«MAXFIY»

Manbaning ma'lum qilishicha, R.T.Usmonovga qarshi qaratilgan barcha tadbirlarni vaqtinchalik to‘xtatish zarur. Chunki R.T.Usmonov o‘g‘liga va shaxsan o‘ziga qarshi tezkor tadbirlar rejasidan xabardorga o‘xshaydi. Maxfiy ma'lumotlar bilan ishlaydigan barcha xodimlarni qayta tekshiruvdan o‘tkazishingizni so‘rayman. 1994 yil 1 apreldan 1 avgustgacha bo‘lgan davr oralig‘ida bu shaxslardan birortasi avtomobil yoki yirik ko‘chmas mulk sotib olgan-olmaganiga alohida e'tibor qaratish zarur. Chunki mening hisob-kitoblarimga ko‘ra, tezkor tadbirlar rejasi aynan maxfiy ma'lumotlar bilan ishlaydigan kishilar tomonidan R.T.Usmonovga kamida 10 ming AQSh dollariga sotilgan bo‘lishi mumkin.

Bu haqdagi barcha ma'lumotlarni telefon so‘zlashuvlarini yashirin eshitish orqali oldim. Men aynan R.T.Usmonovning o‘g‘li bo‘yicha tezkor tadbirlar rejasi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari tomonidan tasdiqlangan hamda Shuhrat va R.T.Usmonovni tekshirish uchun maxsus guruh tuzilgan o‘sha davrda bir necha kishi u bilan uchrashuv belgilagani va bu uchrashuvlar bank joylashgan joydan uzoqroqda o‘tkazilishini talab qilganini aniqladim. So‘zlashuvlar davrida Zufar ismli shaxsning nomi ko‘proq tilga olindi. Men bu shaxsning kimligini aniqlay olmadim. Shuning uchun maxfiy bo‘lim xodimlaridan birortasining ismi shundaymi yoki yo‘qmi ekanini tekshirish zarur. Telefon so‘zlashuvlarining yozuvini xabarga ilova qilaman.
20.07.1994 y.

Xabardan ko‘rinib turibdiki, nima ish qilingan bo‘lsa, O‘zbekiston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari darajasida tasdiqlangan reja asosida amalga oshirilgan. Bu vaqtda O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari huquqiy davlat va demokratik jamiyat qurish, dunyodagi eng demokratik Konstitutsiya, eng insonparvar qonunlar haqida jar solardi. Aslida esa hammasi boshqacha edi. “Adolatli, demokratik jamiyat”da inson huquqlari hech kimni qiziqtirmasdi. O‘zbekiston Konstitutsiyasi, qonunlar, prezident farmonlari va so‘zlariga havolalar hatto davlat amaldorlarida ham istehzo uyg‘otardi. Ular Karimov davlat qurishning o‘zi yaratgan modeli asiriga aylanganini juda yaxshi anglardi. Bu modelda hammasi yaxshi, hammasi ajoyib o‘ylangan edi. Lekin bu faqat modeldagina mavjud edi, xolos. Real hayotda hammasi bundan juda yiroq edi. Aslida mamlakatni davlat amaldorlari niqobidagi mafiozlar boshqarardi. Ular uchun Karimov juda qulay prezident edi. Ular prezidentni himoyalash orqali aslida o‘zlarini muhofaza qilardi. Har qanday o‘zgacha fikr, respublika qonunlarida belgilab qo‘yilgan huquqlarga rioya etish talabi ularning g‘azabiga sabab bo‘lardi.

Buni maxfiy ayg‘oqchining quyidagi xabaridan ham bilish qiyin emas.

«MAXFIY»

Manbaning xabar berishicha, MDH ishbilarmon doiralarida R.T.Usmonovning obro‘si tobora o‘sib bormoqda. Xorijda tanilib qolgani esa yanada xavotir uyg‘otadi. “Biznes” deb atalgan ayyorona usullar orqali u xorijga juda katta miqdorda pul o‘tkazdi va shu yo‘l bilan o‘zini pul qadrsizlanishi va tekshiruvlardan sug‘urta qilib qo‘ydi. Ma'lumotlarga ko‘ra, ayni paytda u hokimiyatni oldingidan ham ko‘proq qo‘msamoqda hamda hali deputatlik va boshqa daxlsizliklardan foydalanmayotgan paytda o‘z vaqtida choralar ko‘rilmasa, bunga erishishiga shubha yo‘q. Uni yo‘ldan olib tashlash mumkin. Aks holda u prezidentimiz I.Karimovga qarshi eng kuchli muxolifat rahbari bo‘ladi.

Hozir uning bu lavozim sari intilishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjud. Pul, mashhurlik, xorijdan turib qo‘llab-quvvatlash bor. Eng asosiysi, unga sadoqatli odamlar va afsuski, ba'zi rahbarlarda yetishmayotgan juda kuchli tahliliy tafakkur mavjud. Ichki ishlar vaziri va uning o‘rinbosari o‘rtasidagi munosabatlarning buzilishi uning ayyorona o‘yini natijasi ekanini taxmin qilaman. Men ba'zida unga qarshi ishlashdan cho‘chiyman. Chunki intuitsiya va uning ba'zi harakatlari maxfiy ma'lumotlar bilan ishlaydigan xodimlar o‘rtasida unga sodiq kishilar bor, deb xulosa qilishga undaydi. R.T.Usmonov ishi bo‘yicha ma'lumotlar bilan ishlaydigan xodimlar doirasini imkoni boricha toraytirishni so‘rayman.
10.11.1994 y.

Xuddi shu noyabr kunlarida nomzodim Oliy Majlis deputatligiga qo‘yilgani ko‘pchilikka ma'lum bo‘lgandi. Aynan shu narsa ayg‘oqchilarni xavotirga solardi. Biroq maxfiy ayg‘oqchining xabarlari tor doirada muhokama etilayotgan paytda saylovchilar bilan birinchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Kuchli xavotirga tushgan ayg‘oqchi Markazga yangi xabar jo‘natadi.

«MAXFIY»

Manbaning ma'lum qilishicha, R.T.Usmonov o‘z niyatiga erishish – O‘zbekiston Respublikasi prezidenti kursisiga o‘tirish uchun aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. So‘nggi vaqtlarda nomi shunchalar mashhur bo‘lib ketdiki, har qanday choyxonada uning ismini eshitish mumkin. Agar u yangi yilgacha to‘xtatilmasa, keyin kech bo‘ladi. Eng keskin choralar ko‘rishni taklif etaman.

Shunga yaqin mazmundagi xabarlar boshqa ayg‘oqchilardan ham olindi. Natijada quyidagi hujjat paydo bo‘ldi.

«MAXFIY»
O‘zR ichki ishlar vaziri o‘rinbosariga
IIV JQB katta tezkor xodimi …dan

Raport

Ma'lum qilamanki, Usmonov Rustam Turdievich bilan ishlaydigan manbalarimning sizga avval yetkazib berganim ma'lumotlari kuchli xavotir uyg‘otadi. Shuning uchun Sizdan o‘z javobgarligim ostida yanada qat'iy choralar ko‘rishga ruxsat berishingizni so‘rayman.

Ushbu raportdan keyingi birinchi harakat respublika Oliy Kengashi deputatligiga nomzodimni chaqirib olish bo‘ldi.

Ikkinchisi esa ofisimda qorovulning o‘ldirilishi edi. Umuman, men yo‘ldan olib tashlanishim kerak edi. Ammo zarur ehtiyot choralarini ko‘rib qo‘ygandim. Ehtimol shuning uchun ular qorovulni o‘ldirish bilan meni qo‘rqitib qo‘ymoqchi bo‘lgandir.

Faol harakatlarga kirishishga ruxsat olingandan bir oy o‘tib quyidagi xabar yetkazildi:

«MAXFIY»

Manbaning xabar berishicha, “Rustambank” binosida sodir bo‘lgan o‘g‘irlik va qorovulning o‘ldirilishi ishi bo‘yicha o‘tkazilgan tergov kerakli natijani bermagan. R.Usmonovdan norozilar va uni yomonlovchilardan ko‘ra unga xayrixohlar ko‘proq. Tergovga kerakli yo‘nalish yetishmadi. Tergovni ilgari rejalashtirilganidek o‘z ishining ustalari emas, no‘noqlar olib bordi. Bu ish uchun juda aqlli va ehtiyotkor kishilarni tanlash kerakligi haqida men oldin ham ogohlantirgandim. Bu ish atrofida ko‘tarilgan g‘ala-g‘ovurdan so‘ng men o‘ylab qo‘yganlarimni amalga oshira olmayman. Menga topshirilgan vazifani o‘z muddatida bajaradigan vaziyatda emasman.

«MAXFIY»

Manbaning xabar berishicha, R.T.Usmonov juda ayyor va aqlli raqib. U bilan ishlayotgan odamlar orasini buzish kerak. Bu bizga ko‘proq ma'lumot olish imkonini beradi. Uni jismonan yo‘q qilish baxtsiz hodisa yoki kasallikday bo‘lib ko‘rinishi uchun qulay asos yaratadi.
12.02.1995 y.

Maxfiy ayg‘oqchilarning shiddatli ishlari kutilgan natijani bermadi. Mol-mulkdan voz kechishim, respublikani tark etish niyatim ularning xo‘jayinlarini qoniqtirmadi. Ularga mening o‘limim kerak edi. Ular tirik Usmonovdan qo‘rqardi. Men atrofimdagilarga xavf tug‘dirayotganim uchun emas, agentning o‘zi yozganidek, ba'zi rahbarlardan aqlliroq bo‘lganim uchun o‘lishim kerak edi. Ular Usmonov hech qanday yomon ishlar qilmagani, aynan shuning uchun uning ustidan doimiy nazorat kerakligini tan olishga majbur bo‘ldi.

«MAXFIY»

Usmonov Rustam Turdievichga
tezkor ma'lumotlar asosida tuzilgan
xarakteristika

Tashkilotchilik qobiliyatiga ega, aqlli, ayyor, qaror qabul qilishda qat'iy, so‘zida tura oladi. Ehtiyotkor, spirtli ichimliklarni suiiste'mol qilmaydi. Ayollar bilan axloqsiz aloqalari aniqlanmagan. Narkotiklarga loqayd, pulni yaxshi ko‘radi, hokimiyatga erishishni undan ham yaxshi ko‘radi. Atrofdagilarni o‘ziga oson bo‘ysundiradi. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti bo‘lish imkoniyatim bor, deb hisoblaydi. O‘zbekiston, shuningdek, xorijdagi ishbilarmonlar o‘rtasida juda katta obro‘ga ega. Hamma joyda maslakdoshlar topa oladi. Moliyaviy imkoniyatlari cheklanmagan.
25.03.95 y.

Ushbu xarakteristikada bitta noaniqlik bor. Men pulni, ayniqsa, hokimiyatni sevmayman. Agar pulni yaxshi ko‘rganimda hamma narsaga 5-6 yilda erishmagan bo‘lardim. Agar hokimiyatni yaxshi ko‘rganimda o‘zimga allaqachonlar birorta mansab sotib olgan bo‘lardim. Puling bo‘lsa, O‘zbekistonda bunga erishish qiyin emas.

Men nima maqsad uchun ishlayman?

Ish jarayonining o‘zi menga yoqadi. Bu jarayonda yagona to‘g‘ri qaror qabul qildingmi, demak g‘olibsan. Agar qaroring noto‘g‘ri bo‘lsa, o‘zingdan ko‘r. Bokschi ringga nega chiqadi? Faqat raqibni do‘pposlash uchun emas, balki ommaga va o‘z-o‘ziga raqibidan kuchli ekanini isbotlash uchun. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Men pul uchun emas, ish jarayonida o‘zimni anglash uchun mehnat qilaman. Pul – asosiy maqsad emas. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, tushlikda men birdaniga ikki hissa ovqat yeyishim yoki birdaniga ikkita kostyum kiyishim yoxud birvarakayiga ikkita mashina ruliga o‘tirishim mumkinki? Millionlab pul ishlab, o‘zim uchun uning muayyan qismini ishlata olaman. Qolgani jamiyat ravnaqiga sarflanadi.

Haddan tashqari boy odamlarni baxtsiz kishilar hisoblayman. Ular juda ko‘p ishlaydi, ammo qanchalik mantiqqa zid bo‘lmasin, kam narsaga ega bo‘ladi. Odamlar undan qattiq nafratlanishi uchun hasadchilar hamma ishni qiladi. Ularni hatto eng yaqinlari ham xush ko‘rmaydi. Boy odam topganini boshqalar bilan bo‘lishishi kerak, deb hisoblashadi. Ammo boylarning aksariyati xudo tomonidan shunday yaratilgani uchun emas, balki o‘z boyligini peshona teri bilan topgani uchun xasisdir. O‘zini barcha narsadan tiyib, kuchi, sog‘lig‘ini o‘ylamay ishlab, ular dam olish, bayramlar, do‘stlar davrasida hangomalashish nima ekanini bilmaydi.

Ular butun hayoti davomida topganini ko‘z ochib yumguncha yo‘qotish ehtimolidan doimo qo‘rqib yashaydi. Shu bilan birga, na do‘stlari, na qarindoshlari bu paytda yordamga kelmasligini yaxshi biladi.

Ishoning, shunday bo‘lgan, hozir ham shunday, yana uzoq-uzoq yillar shunday bo‘ladi. Dunyoni Xudo yaratgan. Uni biz boshqarmaymiz. Shuning uchun hayotida biror cho‘qqiga erishgan kishi faqat o‘ziga va xudoga umid qilishi kerak. Boshqa hech kim yordam bermaydi.

Boshimga tushgan har qanday qiyinchiliklarga qaramay, hech qachon zorlanmaganman. Hech kimdan yordam so‘ramaganman. Har doim o‘z kuchim bilan hal etishga intilganman. Yashirmayman, oxirgi ikki yildan beri Qirg‘iziston tog‘larida o‘z huzur-halovatim uchun ishlash mumkin bo‘lgan kichkinagina fermaga ega bo‘lish haqida ko‘p o‘ylayman. Afsuski, hozir bunday orzu ushalmas bo‘lib tuyuladi.

Men tog‘ning jo‘shqin daryosiga tushib qoldim. Uning to‘lqinlari meni toshlarga urib majaqlashga urinadi. Men esa faqat unga chap berish bilan mashg‘ulman. Hayotning mohiyati shunda.

Menga o‘lim hukmi chiqarilganini avval ham sezgandim. IIVning maxfiy hujjatlarini qo‘lga kiritib, bunga to‘liq amin bo‘ldim. Yashirmayman, vaziyatim haqida o‘ylab, har doim o‘zimga savol beraman: Meni nega o‘ldirishmoqchi? Nimaga va kimga yomonlik qildim? Biror inson mendan norizo bo‘lib ketganini eslay olmayman. Hech qachon birovdan bir tiyin olmaganman. Biror kishini aldamaganman, xafa qilmaganman. Halol ishlaganman. Yordamimga muhtoj barchaga ko‘maklashishga intilganman. Men boylardek yashamadim. Kundalik ehtiyojlar uchun zarurlaridan tashqari birorta arzigulik narsaga ega bo‘lmadim. Buni raqiblarim ham tan oladi.

Afsuski, prezidentning atrofidagi odamlarning menga xusumati bor. O‘zining prezidentga qanchalik kerakligini ko‘rsatish uchun ular go‘yoki unga katta xavf tug‘diradigan dushmanlarni o‘ylab topadi. Bu maqsadda ular har qanday imkoniyatni ishga soladi. Dushmanlarni o‘zlari o‘ylab topadi, ular dushman ekanini o‘zlari isbotlaydi. Prezidentni qutqarish uchun o‘zlari “jonini xatarga qo‘yadi” va “dushmanlar”ni yo‘q qiladi. “Dushmanlar” esa o‘z boshiga bunday noqonuniy ayblar, tuhmatlar nega kutilmaganda yog‘ilib kelayotganini bilmaydi ham.

Asl haqiqatni bilmaydigan oddiy odamlarda esa “jinoyatchilar” haqiqatan ham aybdor ekan, degan taassurot uyg‘onadi.

«MAXFIY»

Manbaning xabar berishicha, R.T.Usmonov o‘z atrofiga har ishga qodir odamlarni yig‘moqda. R.T.Usmonov tirik ekan, unda pul va sodiq odamlar bor ekan, hozirgi rahbariyatga real xavf tahdidi mavjud, prezident esa buning uchun hayoti bilan tovon to‘lashi hech gap emas. R.T.Usmonov va uning guruhini yo‘q qilishga kirishishni taklif etaman.
12.04.1995 y.

Bunday tuhmatlarga ishonishadi. Tuhmatnomalar shoshma-shosharlik bilan yig‘ilgan boshqa agentura ma'lumotlari bilan birga prezident devoniga yuboriladi. Bu yerda ular mana shu uydirmalar bilan prezidentni qo‘rqitadi va uning ijozatini olib, dushman niqobi ostida eng sadoqatli va ishonchli tarafdorlarini yo‘q qiladi. Bu asrlar davomida sinovdan o‘tgan eski usul. Ammo u hozirgacha juda yaxshi samara berib kelyapti.

Maxsus xizmatlar o‘z ishini biladi, shuning uchun ham maxsus xizmat-da. Ular hosilni birovning qo‘li bilan yig‘adi.

«MAXFIY»

Manbaning xabar berishicha, mafiya tuzilmalarida Usmonovning faoliyati va o‘zboshimchaligidan norozilik paydo bo‘lgan. Shuning uchun agar u biror baxtsiz hodisaga yo‘liqsa, maqsadga erishilmagan taqdirda ham buni jinoiy guruhlardan birining qasosi sifatida talqin qilish mumkin.
17.04.1995 y.

Ammo o‘zimning g‘ayrioddiy xatti-harakatlarim raqiblarning barcha rejalarini chippakka chiqardim. O‘zimga tansoqchilar oldim, oilamni toqqa jo‘natdim, o‘zim esa Toshkentdan jo‘nab ketdim. MXXga Ahmedovning ta'magirligi haqida ariza yozdim, ya'ni “aqlsiz” ish qildim.

Biroq MXX rahbarlari qo‘rqoqlik qildi, xatim prezidentga yetib bormadi. Xat men ustidan arz qilgan odamning qo‘lidan o‘tishi kerak edi. U “chekist”larni axborot taqdim etishda tezkor emasligi uchun koyidi. Ular g‘oz turgancha xijolat chekdi, o‘z aybini qanday qilib bo‘lsa ham yuvishga tayyor bo‘ldi. Albatta, ular aqlli odamlar. O‘z mundirini “jinoiy unsur”ning qoni bilan bulg‘ashni istashmadi va ishni IIVga oshirishdi. Bu yerda esa shuni kutib turishgandi va avvaldan tezkor tadbirlar rejasini tuzishgandi. Rejaning yakuniy maqsadi hibsga olinganidan keyin Usmonov vaqtinchalik saqlash izolyatorida o‘zini o‘ldirishini sahnalashtirish edi.

Shunday bo‘lganda Usmonov umri maxsus xizmatlar rejalashtirgandek poyoniga yetardi.

Baxtimga respublika “oliy qo‘mondonlik tarkibi” orasida halol kishi – ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatovich Almatov topilib qoldi. U hibsga olinganim haqida prezident Islom Karimovga xabar berdi. Aslida hech kim undan buni talab qilmagandi. U o‘z o‘rinbosarining barcha rejalarini chippakka chiqardi. Bu o‘rinda prezident Karimov ham iltifot ko‘rsatdi. U Usmonovni darhol hibsdan ozod qilishga buyruq berdi. Agar meni Almatovning o‘zi hibsdan ozod etganida buning uchun uni hech qachon kechirishmasdi.

Men esa “yaramas” chiqib qoldim. Ayg‘oqchining menga bergan xarakteristikasini oqlamadim. Tinchlanish, jo‘nab ketish o‘rniga….

Nega?

Chunki O‘zbekiston – Vatanimni davlat amaldorlari niqobidagi mafiozlar boshqarishini xohlamayman. Mamlakatim xalqi ozod, erkin bo‘lishini, adolat hukm surishini istayman.

Kitobimda yo‘l qo‘ygan xatolarim haqida imkon qadar ro‘yirost va hech narsani yashirmagan holda bayon etishga harakat qilaman. Balki kimgadir asqatib qolar. Zero, inson o‘z xatolaridan, aqlli odam esa boshqalarnikidan saboq chiqaradi. Agar kitobning hatto bitta odamga ham yordami tegsa, men o‘z vazifamni uddalagan bo‘laman.

Rustam Usmonov,
“Rustambank” prezidenti

Tag‘in o‘qing
21 iyul 2016
Avval ham aytganmiz, «Qishloq hayoti» ajoyib gazeta. Qishloq odamlariga, dehqonlarga ekinni qachon ekish, go‘ngni qachon qaerga ishlatish borasidagi qiymati ...
12 iyun 2017
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev, aftidan, tozalikni juda yaxshi ko‘radi. Uning qaerga borishi ma'lum bo‘lsa, o‘sha joy ulkan obodonlashtirish maskaniga aylanishi, ...
22 mart 2017
Yil boshida Istanbulning Reina tungi klubidagi qirg‘in va o‘tgan yilning yozida o‘zbek vatandoshidan 1 million 900 ming dollar pulning ...
21 mart 2023
Eltuz o‘zining kundalik ko‘rsatuvlarini davom ettiradi. Bugungi ko‘rstuvimizga o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillaridan buyon AQShda yashayotgan siyosatshunos Bahodir Fayzni taklif ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...