Document UZ
5 iyun 2017

Prezidentga maktublar: Andijonlik pensioner Sadiroxun So‘piev murojaati

Eltuz nashri «Prezidentga maktublar» turkumi ostida Respublika prezidenti virtual qabulxonasiga murojaat etayotgan shaxslarning xatlarini e'lon qiladi. Yil yakunida bu shikoyatlar qanchalik samara berganini bilish uchun maktublarga qaytishni rejalaydi.

Haqgo‘ylarni himoya qiling, janob prezident!

Andijonlik pensioner Sadiroxun So‘piev prezident virtual qabulxonasiga yozgan murojaatida, «yurt manfaati yo‘lida jamiyatdagi mavjud kamchiliklar va hokimiyat vakillarining noqonuniy xatti-harakatlari haqida ochiq-oshkora gapirayotgan kishilar»ni himoya qilishni so‘radi.

So‘piev o‘z murojaatida prezidentdan to‘g‘riso‘z fuqarolarni aynan MXX, prokuratura va ichki ishlar idoralari tazyig‘idan himoyalash kerakligini bildirgan.

Keksa faol o‘zi yashayotgan Oltinko‘l tumanidagi muammolar, kamchiliklarni yillar davomida prezident devoniga, MXX va Bosh prokuratura rahbariyatiga maktub yo‘llash orqali fosh etgani, lekin bu idoralar hech qanday chora ko‘rmay kelayotganini aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu murojaatlarida Oltinko‘l tumanida fermerlar o‘z ishchilari bilan mehnat shartnomasi tuzmasdan, ularga oylik maosh yoki ish haqida bug‘doy bermasdan kelmoqda. Ularga ish staji ham yozilmadi.

«Shaxsan o‘zim oila a'zolarim bilan fermer Ozod Haydarovning fermer xo‘jaligidagi bir gektar yerda 2010-2015 yillar davomida ishlab, har doim ortig‘i bilan hosil olganmiz. Ammo u men va menga o‘xshagan boshqa dehqonlarga haq bermadi. Erta bahordan kech kuzgacha qilgan mehnatimiz evaziga quruq go‘zapoya berdi, xolos», deydi So‘piev.

Uning iddaosiga, oltinko‘llik fermerlar takroriy ekin ekish uchun har gektar ekin maydonini o‘rtacha 2 million so‘mdan pullamoqda. Agar tumanda takroriy ekin ekiladigan 5 ming gektardan ortiq yer borligi hisobga olinsa, ularni boshqalarga sotishdan 10 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ fermerlarning cho‘ntagiga tushadi.

So‘piev fermerlar o‘zining yashirin daromadi bo‘lgan bu mablag‘dan dehqonlarga hech narsa bermayotgani, agar takroriy ekin yerlar mana shu dehqonlarga qonuniy hujjatlashtirgan holda taqsimlab berilganida ular bilan fermerlar o‘rtasida hech qanday kelishmovchilik bo‘lmasligini qayd etadi.

Keksa faol yuqori idoralar bu kabi ma'lumotlarga hech qanday javob bermagach, ularni xorijda faoliyat yurituvchi axborot vositalari orqali oshkor etganidan so‘ng mahalliy hokimiyat organlarining o‘ziga nisbatan munosabati keskin yomonlashganini ma'lum qiladi.

Jumladan, uning yozishicha, 2015 yil avgustda MXXning Andijon viloyati boshqarmasi xodimi bo‘lmish Xayrullo ismli kimsa uni so‘roq qilib, xorijiy matbuotda O‘zbekiston haqida salbiy ma'lumotlarni tarqatayotganlikda ayblagan va «vatan xoini» deb haqorat qilgan.

67 yoshli qariyani sensirab: «Sening ko‘zing hech qachon O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rmaydi. Sen nuqul kamchiliklarni qidirib, fisqi fujur qiladigan odamsan», deb aytgan.

Xayrulla S.So‘pievga mustaqillik yillarining boshlarida bedarak yo‘qolgan Abduvali qorining diniy ma'ruzalari yozilgan diskni yoki «Hizb ut-tahrir»ning varaqasini tashlab qo‘yib qamatib yuborish bilan tahdid qilgan.

«Mana sizga MXXning o‘z xalqi yoki oddiy bir fuqarosiga, ayniqsa, adolat talab qilib, haq so‘zni aytaman, degan insonga ko‘rsatgan
«muruvvati»ning yorqin namunasi», deyiladi murojaatda.

S.So‘piev xuddi o‘sha yili fohishalar ishtirokida uyushtirilgan fitna oqibatida 15 sutkaga qamoqqa tiqilgani, shundan 8 kun davomida tinimsiz tergov qilinganini bildirgan.

«Ularning yagona talabi, respublika rahbariyatiga yozgan murojaatimdagi ma'lumotlarni tuhmat deb yozma ravishda tan olishim, fermerlar dehqonlarga o‘z vaqtida oylik maosh va tonnalab bug‘doy berayotganini tasdiqlashim kerak edi», deydi So‘piev.

MXX xodimi Xayrulla bu ishlarning boshida Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov turganini ta'kidlab, keksa faolni «yana bir marta shunday shikoyat yozsam onam xotinim bo‘lsin», deya qasam ichishga majburlagan.

«Men bildimki, MXX vakillari davlat va millat foydasiga emas, aksincha mahalliy rahbarlarning malayi bo‘lib, ularning foydasiga ishlaydigan tashkilotga aylanib qolibdi», deydi So‘piev.

Keksa faol quruq yolg‘onlar bilan rivojlanish ko‘chasiga kirib bo‘lmasligini aytar ekan, prezidentdan fuqarolarning so‘z erkinligini bo‘g‘ayotgan viloyat MXX, prokuraturasi va IIB xodimlariga qarshi jiddiyroq choralar qo‘llashni va o‘zini nohaq 15 sutkaga qamagan shaxslarni jazolashni so‘ragan.

«Aks holda bular el-yurt uchun kerak bo‘lguvchi, uning koriga yarovchi to‘g‘riso‘z boshqa yurtdoshlarimizni qamab, yurtdan quvib, hatto o‘ldirishdan ham toymaydi», deb yozadi So‘piev.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 iyul 2024
«Vaqf» xayriya jamoat fondining xayriya ishlari bo‘yicha direktori Sardor Rahimxon (hujjatda Sanjar Rahimov) ehson ilinjida spektakl uyushtirgani xabar qilinmoqda. ...
5 may 2023
RT: Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana xafta aylanib siz bilan birgaman. Matchonboy sen nega qo‘lingga garmon olding. ...
27 yanvar 2021
«Eltuz» qisqa hajviy animatsion filmlar turkumini davom ettiradi. Navbatdagi filmda buldozer daraxtzorni surib tashlaydi va o‘rnida hashamdor saroy paydo ...
11 dekabr 2017
Ëshlar ittifoqi kafilligi ostida jinoyatchilar sud zalidan ozod qilinmoqda. Lekin bu kafillik shu yilning 27 sentyabrida qamoqqa olingan jurnalist ...
Bloglar
28 may 2024
Men millatchi emasman! Lekin qaytadan ta'mirlatilgan va Toshkent shahrining sobiq hokimi J. Ortiqxo‘jaev tomonidan Pasxaga ...
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...