Toliblar o‘zbek tilini maktab dasturidan chiqarib tashladi
Afg‘onistonda toliblar o‘zbek tilini maktab dasturidan chiqarib tashladi. Bu haqdagi xabar va dars jadvali 24 avgust kuni ijtimoiy tarmoqda paydo bo‘ldi.
“O‘tgan 20 yil davomida Afg‘onistonning o‘zbeklar yashaydigan hududlarida joylashgan maktablarda o‘zbek tili darslari o‘tkazilardi. Bugun toliblar bu darslarni olib tashlashdi, uning o‘rnini arabcha bilan almashtirishdi.
Bundan tashqari, «Tolibon» rejimi Amir Temur, Shayboniyxon, Mashrab, G‘aznaviy va Beruniy meroslarini o‘rganishni, shashmaqomni, navoiyxonliklarni va navoiyshunoslikni taqiqlagan. «Tolibon» she'riyatni ham taqiqlagan. Shunday qilib, Abdulaziz Komilov va uni tinglab yurgan «bizning davlat» Afg‘onistonda o‘zbek madaniyati va o‘zbek merosining yo‘q qilinishi boshlanishiga o‘z hissalarini qo‘shdilar”, deya izoh qoldirdi o‘zbek tahlilchisi Anvar Nazir o‘zining feysbuk sahifasida.
U o‘z izohiga toliblar tuzgan dars jadvalini ilova qilgan, unga chindan ham o‘zbek tili kiritilmagan.
Pushtun tili ustuvor bo‘lgan Afg‘onistonda mahalliy o‘zbeklar aholi soni jihatidan 4-o‘rinda turadi.
Eltuz.com