O‘KUF: himoyachimi yoki nazoratchi?
«Paxta kampaniyasi» mehnat huquqi bo‘yicha ekspert Andrey Mrost tomonidan o‘tkazilgan «O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi: mehnatkashlar tashkilotimi yoki ishchilarni nazorat qilish vositasimi?» mavzuidagi taqdiqot xulosalarini e'lon qildi.
Quyida ushbu tadqiqotning asosiy xulosalarini e'tiboringizga havola qilamiz.
Ko‘p yillar davomida huquqni himoya qilish guruhlari, Jahon banki va Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) O‘zbekistonni paxta sektorida kattalar va bolalarning majburiy mehnatidan foydalangani uchun tanqid qilib keldi. 2014 yilgacha minglab, balki yuz minglab bolalar maktabda o‘qish o‘rniga paxta terishga jalb qilindi. Garchi hukumat bolalar mehnatiga chek qo‘yish choralarini ko‘rgan bo‘lsa-da, kattalar majburiy mehnatidan foydalanish keng ko‘lamda davom etmoqda. O‘zbekiston XMT a'zosiligicha qolmoqda va Jahon bankidan infratuzilmalarni rivojlantirish sohasidagi loyihalar uchun moliyaviy va texnikaviy yordam olmoqda.
O‘zbekistonda mehnatkashlarning manfaatlari go‘yoki O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi (O‘KUF) tomonidan himoya qilinadi va olg‘a suriladi. Ustavida bu federatsiya hukumat va ish beruvchilardan mustaqil va demokratik tashkilot ekani yozib qo‘yilgan. 2015 yilda O‘KUF Kasaba uyushmalar xalqaro konfederatsiyasi (KUXK)ning uyushgan a'zosi maqomini qo‘lga kiritdi va unga xalqaro tan olingan mehnat me'yorlarini hayotga tatbiq etish faoliyatidagi o‘sishlarni doimiy ravishda xabar qilib turish sharti qo‘yildi.
Mustaqil kuzatuvchilar har yili kattalar terimchi sifatida paxtaga yanada ko‘proq majburiy safarbar etilayotgani haqida xabarlar tarqatayotganiga qaramay, garchi O‘zbekistonda kattalar majburiy mehnatining boshqa turi (masalan, tibbiyot xodimlari va o‘qituvchilar ishdan bo‘sh vaqtlarida shifoxona va maktablarni tozalashga tekinga jalb etiladi) gullab-yashnayotgan bo‘lsa-da, O‘KUF o‘z imkoniyatlaridan umuman foydalanmadi, shuningdek, suiiste'molliklar to‘g‘risida XMT yoki KUXKga ma'lum qilish majburiyatini bajarmadi. Buning o‘rniga federatsiya O‘zbekiston hukumati va ish beruvchilarning qilg‘iliklarini zo‘r berib himoya qilmoqda. Bundan tashqari, inson huquqlari buzilishiga qarshi kurashish yoki oddiy a'zolarining manfaatlarini olg‘a surish uchun biror marta ishchilarning chiqishlarini uyushtirmadi va jamoaviy muzokaralarda ishtirok etmadi. Aksincha, u ishchilarni hukumat tomonidan ko‘rsatma berilgan dasturlarni bajarishga jalb etadi va hukumat tomonidan ish haqi, ish soatlari, shart-sharoitlari va hokazolar aniq ko‘rsatib berilgan jamoaviy shartnomalarni tuzadi.
O‘KUXning demokratik kasaba uyushmalar safidan joy olishga urinishlari va xalqaro mehnat tashkilotlarining O‘zbekistonda mehnatkashlar huquqlari buzilishi ko‘payib borayotganini tan olish yoki buning uchun yetarli darajada choralar ko‘rishga ojizligini hisobga olib, go‘yoki mehnatkashlar vakili (O‘KUF)ning faoliyatini jiddiy o‘rganish va bu tashkilotning haqiqiy xarakteri, tuzilmasi va amallari haqida aniq tasavvurga ega bo‘lish muhimdir.
O‘tkazilgan tadqiqotda O‘KUF umum qabul qilingan har qanday xalqaro standartlar bo‘yicha mehnatkashlarning tashkiloti emasligi ko‘rsatib o‘tiladi. Shuningdek, federatsiya demokratik yoki hukumat va biznes tashkilotlaridan mustaqil emasdir. U mehnatkashlar, ularning huquq va manfaatlari himoyachisi emas, balki O‘zbekiston hukumati va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikdagi uch tomonlama tizim doirasida do‘stona sherik sifatida faoliyat ko‘rsatadi. O‘KUF demokratik kasaba uyushmalar xalqaro hamjamiyati doirasiga kirmasligi shubhasizdir, u inson huquqlari sohasida davom etayotgan qonunbuzilishlarga aloqador va KUXK a'zoligi mezonlariga to‘g‘ri kelmaydi.
Mustaqil va inklyuziv bo‘lmagan yetakchilik
O‘KUF o‘z a'zolari tomonidan boshqarilmaydi. Ular hatto muzokaralarda ham ishtirok etmaydi. Tashkilotning mahalliy yetakchilaridan eng oliy lavozimdagilaricha, asosan, hukumat va biznes vakillari, jumladan, parlament a'zolari va o‘zi «muzokaralar o‘tkazadigan» kompaniyalar direktorlari kengashi a'zolari hisoblanadi. Yetakchilar kasaba uyushmalar a'zolari tomonidan emas, balki O‘KUF kengashi va uning unchalik katta ta'sirga ega bo‘lmagan prezidiumi tomonidan saylanadi. Bunday majlislarda bir necha bor O‘zbekiston bosh vaziri ishtirok etgan, kamida bir marta majlis bosh vazir o‘rinbosari raisligida o‘tkazilgan. Federatsiya kongresslari oralig‘ida O‘KUF ustidan to‘liq hokimiyatga ega bo‘lgan prezidium a'zolari nomlari oshkor etilmaydi.
Hukumatning inson huquqlari buzilishi bo‘yicha sherigi
O‘KUF ustavida (O‘KUF ustavida belgilab qo‘yilganiga qaramay, tarjima qilingan versiyasiga kiritilmagan va federatsiya kongressi tasdiqlamagan o‘zgartirishda) O‘KUF vazifalari sirasiga O‘zbekiston prezidenti dasturlarini amalga oshirishga yordam berish ham kirishi aytiladi. Bu o‘zgartirish mehnat shartnomalari tuzishda tezda dolzarblik kasb eta boshladi. O‘KUFning barcha bo‘g‘indagi rahbarlari bu vazifani juda ochiq qabul qildi: O‘KUF hukumat tomonidan XMT asosiy konventsiyalarining son-sanoqsiz buzilishlariga nafaqat ko‘z yummoqda, balki avvalo kattalarning majburiy mehnati, bundan oldinroq bolalar mehnatini ham o‘z ichiga oladigan dasturlarni bajarishdagi ishtiroki sababli o‘zining ichki faoliyatida ham bu huquqlarni hukumat nomidan buzib kelmoqda. O‘KUF har yilgi paxta terimiga ishchilarni majburiy yollashning ishonchli vositasi hisoblanadi. Mahalliy kasaba uyushmalar saytlari, O‘KUF a'zolari terimchilarni ko‘ngillilar sifatida olqishlaydi, ba'zan eng yaxshi terimchilarga beriladigan mukofotlarni ta'riflaydi. O‘KUF majburiy mehnat ko‘ngilli «hashar» sifatida ta'riflanadigan hukumat maynavozchiligining ishtirokchisi hamdir. Hashar – O‘zbekistonda jamoa o‘z qo‘shnilari va qarindoshlariga xo‘jalik ishlarida ko‘ngilli ravishda yordam ko‘rsatishiga asoslangan xalq an'anasini ifodalaydigan atamadir. Ajabki, bu atama hukumat tomonidan o‘zining majburiy mehnat dasturlarini nomlash uchun o‘zlashtirilgan va endi u O‘KUFning kasaba uyushmalar bitimlarida muhim o‘rin tutadi.
Jamoaviy shartnomalarning ishtirokchisi emas
O‘zbekistonda mintaqaviy bitimlar, kasaba uyushmalar va jamoaviy mehnat shartnomalari bo‘yicha uch tomonlama tizim muzokaralarida hukumat, Savdo-sanoat palatasi va O‘KUF ishtirok etadi. O‘KUF yetakchilaridan aksariyati zimmasidagi ikki, ba'zan uch tomonlama majburiyatlarni hisobga olganda, ishtirokchilarning barjaradigan majburiyatlarini farqlash qiyin. Bu esa O‘KUFning hukumat tomonidan mehnatkashlar uchun taqdim etiladigan ish haqi, ish soatlari va shart-sharoitlari bo‘yicha kasaba uyushmasi bitimlarida aks etishini sezish qiyin emas. Shuningdek, ular barcha korxonalarda O‘zbekiston prezidenti dasturlarini «ma'naviyat xonalari» orqali targ‘ib qilishga ko‘rsatmalarni o‘z ichiga oladi. Kelishilgan shartnomalarning aksariyati shablon asosida tuziladi, ularning mazmun-mohiyati bir-biridan farq qilmaydi. Bu holatda muzokaralar uchun hech qanday imkoniyat qolmaydi.
Yolg‘onchi xalqaro vakil
O‘KUF XKUKga qabul qilish haqidagi arizasida ba'zi o‘rinlarda o‘zining hukumat dasturlaridagi ishtirokini yashirgan hamda o‘zini demokratik va mustaqil tashkilot sifatida ta'riflagan. Qolaversa, O‘KUF mehnatkashlarning arizalarini KUXK va XMTga taqdim etmagan. Amalda Mehnat xalqaro konferentsiyasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savollarga javob berar ekan, O‘KUF O‘zbekiston hukumatini qat'iy turib himoya qildi hamda mamlakatdagi bolalar va kattalar majburiy mehnatidan foydalanish amaliyotini inkor etdi.
Eltuz.com