Asosiy mavzular
6 dekabr 2021

Maktabgacha ta'lim vazirligi korruptsiya holatini rad qildi

«Eltuz» nashri 30 noyabr kuni “Maktabgacha ta'lim vazirligining bolalarga xos bo‘lmagan o‘yinlari” sarlavhasi ostida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video va Sentre1.com nashrida chop etilgan materiallar va hujjatlar asosida maqola chop etgan edi.

Maqolada Maktabgacha ta'lim vazirligi mulozimi imtiyozli kreditning 10 foizini poraga bermagani uchun tadbirkorning bolalar bog‘chasi qurilishini yakunlashiga xalaqit qilayotgani haqidagi iddaolari aks etgan edi.

Bu yuzadan Maktabgacha ta'lim vazirligi «Eltuz»ga xat va maqolada nomi keltirilgan vazirlik boshqarmasi boshlig‘i Abdug‘ulom Hakimovning videomurojaatini jo‘natdi.

Vazirlik maktubi va videomurojaatda tadbirkor To‘leboy Ashirov iddaolari tuhmat, u keltirgan hujjatlar esa soxta ekani bildirilgan:

“Bu tadbirkorimiz tomonidan bir necha bor tuhmat toshlari otilyapti. Nafaqat vazirlik, balki boshqa tegishli tashkilotlarga, hususan, banklarga. Bu tuhmatlar tegishli asosini topmagani uchun men shaxsan o‘z nomimdan ushbu tadbirkorga tegishli chora ko‘rish uchun, davlat tashkiloti xodimlariga bo‘layotgan tuhmatlarning oldini olish uchun, tuhmat qilayotgan tadbirkorning jazolanishi uchun huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlarga murojaat qilishga majbur bo‘laman”, deydi vazirlik mulozimi Hakimov «Eltuz»ga yuborilgan videoda.   

Vazirlik raddiya bildirgan maqolada 2020 yilda ishga tushirilishi kerak bo‘lgan, tadbirkor To‘leboy Ashirov mablag‘i hisobidan Toshkent viloyatining G‘azalkent shahrida rekonstruktsiya qilinayotgan bog‘cha haqida so‘z boradi. 

Maqolaga ko‘ra, tadbirkor To‘leboy Ashirov 2019 yilda G‘azalkentda bolalar bog‘chasi qurilishi uchun tashlandiq binoni “nol” qiymatda o‘z tasarrufiga olgan va 4 milliard 32 million so‘mlik loyiha qurilishiga o‘z zimmasidagi 25% ulush – 1 mlrd. 16 mln so‘mni sarflagan.  

Biroq vazirlik mulozimiga ko‘ra, aslida tadbirkor zimmasidagi ulush 2 milliard,112 mln. so‘m bo‘lgan va bu yuzadan tadbirkor Ashirov vazir Agreppina Shin qabulidagi kelishuvda rozi bo‘lgan:

“Tadirkor men bir milliard so‘m bilan qurilishni boshlayman deganida, vazir odilona fikr yuritib, maktabgacha ta'lim muassasasi rekonstruktsiyasiga bir milliard so‘m yetmasligini aytgan. Keyin rekonstruktsiya ishlari uchun 1 mlrd 920 mln so‘m kerakligi aniqlangan va bu summa tadbirkorga vazirlik tomonidan tavsiya qilingan. Tadbirkorning ulushi 2 milliarddan oshib ketgan va loyihani qayta ko‘rib chiqish taklif qilingan, lekin tadbirkor o‘zimning hisobimdan 1 milliard sarflab qo‘ydim, qolganini ham yonimdan sarflayman, sizlar faqat bir milliard bersanglar yetarli, degan so‘zlarni bir necha bor takrorlagan. Shunga qaramay, 1 mlrd 920 mln so‘m kredit berishga rozilik bildirilgan va bitim imzolangan”.

Hakimovga ko‘ra, dastlab bu mablag‘ so‘ralgan paytda Maktabgacha ta'lim vazirligi ishchi guruhi tomonidan qurilish joyiga borib o‘rganilgan paytda tadbirkor To‘leboy Ashirovga tegishli olib borilgan qurilish ishlari 22 foiz bajarilgani, ya'ni tadbirkorga tegishli ulushning to‘rtdan bir qismi bajarilmagani aniqlangan va hujjatlashtirilgan.

“Qurilish o‘ta sifatsiz, eng arzon materiallardan, talabga javob bermaydigan darajada amalga oshirilgani uchun ishni boshqatdan, sifatli bajarish tavsiyalari berilgan… Shundan so‘ng 2020 yil fevral-mart oylarida qayta o‘rganilgan paytda 25 foizdan oshiq ish bajarilgani aniqlangan va kredit olish uchun bitimda ko‘rsatilgan moliyani olish tavsiya qilingan”, deydi Hakimov.

Biroq Ashirov u bilan tuzilgan dastlabki bitimdagi raqamlar o‘zgartirilganini iddao qilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, keyingi hujjatda uning ulushi ikki barobar – 2 mlrd. 12 million so‘mga oshirilgan, imtiyozli kredit miqdori esa 3 barobar qisqartirilgan.

Vazirlik mulozimi esa dastlab tadbirkorga bitim namunasi berilgani, vazirlikda bu hujjat muhokama qilinganidan so‘ng original bitim imzolanganini bildirmoqda.   

“Qog‘ozga 10 foiz deb yozib ko‘rsatib, keyin cho‘nchagiga solib qo‘ydi, degan bu gaplar noilojlikdan qilingan tuhmatdir”, deydi Hakimov.

Prezident qaroriga ishonib, G‘azalkentdagi qurib bitkazilmagan bolalar bog‘chasiga bor budini sarflaganini aytayotgan Ashirovning so‘zlariga ko‘ra, loyiha komissiyasi tomonidan tasdiqlangan hujjatda belgilangan moliya qurilish uchun zarur bo‘lgan, masalan, qozonxona, bolalar maydonchasi va mebellar xarajati uchun yetarli emas.

Vazirlik mulozimi esa tadbirkorlar ulushi qurilish uchun yetmay qolishi bilan bog‘liq muammolar har chorakda monitoring qilinib, chora belgilanayotgan haqida aytadi.

Vazirlik mulozimi prezident qaroriga ishonib o‘z pullarini tikkan, keyin esa talay muammolarga duch kelgan tadbirkorlarning haqiqatan ham ko‘pligini e'tirof etadi, ammo muammolar bartaraf etilayotganini bildiradi.

Vazirlikning “Eltuz”ga yozgan xatida ma'lum qilinishicha, prezident qaroriga ko‘ra moliyalashtirilishi rejalangan 101 ta loyihaning 76 tasi moliyalashtirish uchun Moliya vazirligiga tavsiya qilingan, qolgan 26 loyiha esa garov ta'minoti bo‘lmagani uchun bekor qilingan.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
9 may 2018
O‘zbekistonda bu yilgi 9 mayni eski sovet an'analariga xos nishonlashga har yilgidan oshiqcha g‘ayrat ko‘rsatilmoqda. Bu tadbirlardan, «Eltuz» nashri ...
21 fevral 2021
Turkmanistonda 14 yoshli dzyudochi Sulaymon Tursunboev jangda prezidentning qarindoshiga «yutqazib berish»dan bosh tortgani uchun o‘ldirildi. Fojea fevral oyining boshlarida ...
25 avgust 2023
Yana xafta girr aylandi. Siz bilan yuzma yuz, betma betman.  MS: Nichiksizla, xo‘jik birra oybikalar. Shobbozdayi kadilara salom! RT: ...
14 aprel 2024
2016 yili Rioda, 2020 yil Tokioda bo‘lib o‘tgan Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi Nozimaxon Kayumova Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi tomonidan disfilifikatsiya qilindi. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...