Document UZ
22 sentyabr 2018

Gulnoraning “cho‘ntagi” nega pichoqlandi yoki Nikolayning 1$ million dollarlik uzugi qaerda?

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi sobiq direktori Jur'at Meliqulovga jiddiy tan jarohatlari yetkazganlar ustidan tergov yakunlanib jinoyat ishi sudga oshirildi.

Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tergovchilaridan birining “Eltuz”ga ma'lum qilishicha, 55 yashar Meliqulovga hujum qilishga aloqadorlikda gumonlanib uch hujumchi va bir buyurtmachi hibsga olingan.

Jur'at Meliqulov jazo muddatini o‘tayotgan Pskentdagi 64/75- manzil koloniyada 3 iyulda pichoqlab ketilgandi.

2014 yilning 20 avgustida Jur'at Meliqulov Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidan 100 million AQSh dollaridan ko‘proq mablag‘ni o‘zlashtirishda aybdor deb topilib, 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

“Eltuz” o‘z surishtiruvi paytida Jur'at Meliqulovning pichoqlanib ketilganiga oid tergov ishiga aftidan ataylabdan kiritilmagan muhim faktlarni aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.

“O‘zim yiqilib tushdim”

Shu yilning 3 iyul tongida Toshkent viloyatining Pskent tumanidagi 64/75-manzil koloniyada yuz bergan mudhish hodisa u yerdagi nozirlaru mahkumlarni oyoqqa turg‘izdi.

Jur'at Meliqulov  © eltuz.com

Manzil koloniyasi o‘z tarixida eng qonli voqealardan biriga guvoh bo‘lgandi: eng nomdor mahkumlardan biri – 55 yashar Jur'at Meliqulov muassasadan 15 kilometr uzoqlikdagi bedazorda uch noma'lum shaxs tomonidan o‘lasi qilib kaltaklanib, qonga belangan holda tashlab ketilgandi.

Iyagi va chap sonidan chuqur tig‘ jarohatlari olgan mahkum Pskent shahridagi shifoxonada operatsiya qilindi va hayoti saqlab qolindi.

Jur'at Meliqulov operatsiya stolida yotarkan, ichki ishlar xodimlari unga hujum qilgan shaxslarni qidirishga tushdi.
O‘sha kungi hodisadan yaxshi xabardor mahkumlardan birining so‘zlariga ko‘ra, Meliqulov unga hujum qilgan yigitlarni yaxshi tanigan esa-da, militsiyaga bergan dastlabki ko‘rsatmasida “o‘zim yiqilib tushdim”, deb aytgan.

Ammo tergov ishidan xabardor militsiya zobiti aynan Jur'at Meliqulovdan olingan dastlabki ko‘rsatma izquvarlarga hujumchilarni topishda “ip uchi” bo‘lib xizmat qilganini aytdi.

2018 yil yozida qonli hujum bilan nihoya topgan hodisa esa roppa-rosa o‘n yil muqaddam Islom Karimovning katta qizi Gulnora Karimovaga tuhfa qilinishi kerak bo‘lgan qiymati 1 million dollarlik 17 karatli brilliant uzuk oldi-berdisiga borib taqaladi.

“O‘zbek xalqining qonini ichdi”

Toshkent viloyati IIB tergovchisining ma'lum qilishicha, Jur'at Meliqulov pichoqlanishidan bir necha hafta o‘tib, Toshkentda yashovchilardan to‘rt nafari birin-ketin hibsga olingan.

Ulardan biri – Toshkentning Shayxontohur tumanida istiqomat qiluvchi Baxtiyor Bakaev hujum buyurtmachisi sifatida ko‘rilmoqda.


Toshkentdagi Meliqulovga tegishli ko‘chmas mulklar. © eltuz.com

Muqaddam sudlangan 45 yashar Baxti Bakaev toshkentliklar orasida “Baxti Bakay” nomi bilan tanilgan.

Tergovchi so‘zlariga ko‘ra, muqaddam sudlangan Baxtiyor Bakaev hujum motivlari haqida gapirarkan, qisqa xulosa qilgan:

“Gulnora va uning hamtovoqlari o‘zbek xalqi qonini ichib, qanchadan qancha yaxshi o‘zbek yigitlarining qamalishiga, chet ellarga chiqib qul bo‘lishiga sababchi bo‘lgani uchun Jur'atni pichoqlattirdim!”

Tahlilchilarning ishonishicha, «o‘g‘rilar qonuni»ga muvofiq, to‘g‘ri insonlar pulini nohaq yeganlar soni va yuziga pichoq uriladi. Bu esa  «og‘zingdan kirgani orqangdan teshib chiqadi», degan ma'noni bildiradi.

Ammo “Eltuz” tergovga kiritilmagan va bo‘lajak sud ajrimiga ta'sir etishi mumkin bo‘lgan faktni aniqladi.


Jur'at Meliqo‘zievning «Eltuz» o‘rgangan jinoyat ishi xulosasi nusxasi. © eltuz.com

Nikolayning Gulnoraga atalgan uzugi

Baxtiyor Bakaev do‘stlaridan birining “Eltuz”ga aytishicha, Jur'at Meliqulovning Bakaevni bankrotga uchratgani undan qasd olinishiga sabab bo‘lgan.


Toshkentning Oybek metrosi yaqinidagi Meliqulovga tegishli ikkinchi ofis binosi. © eltuz.com

“O‘n yilcha oldin Baxti Bakay Jur'atga 17 karatli brilliant uzukni ko‘rsatgandi. Bu uzuk boshqa bir biznesmenniki bo‘lgan.

Aytishlaricha, Nikolay podsho xonadoniga tegishli bo‘lgan uzukni Jur'at Meliqulov Gulnoraga (Gulnora Karimova – “Eltuz” izohi) hadiya qilaman, deb sotib olmoqchi bo‘ldi. Uzukni avval 1 million dollarga baholashdi. Jur'at 400 ming dollarini to‘ladi. Lekin bir necha kun o‘tgandan keyin Jur'at, olmos ko‘zli uzukning dog‘i bor ekan, degan bahona bilan pulning qolganini to‘lashdan bosh tortdi,” deb eslaydi Baxtiyor Bakaev do‘stlaridan biri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, uzukni qaytarish so‘ralganda Jur'at Meliqulov “Gulnoradan borib ollaring”, deya o‘dag‘aylaydi.

“Ana o‘shandan keyin Baxti Bakayning ishlari orqaga ketdi. Gulnoradan borib uzukni olishga botina olmadi, uzuk egasiga so‘ralgan pulni to‘lay olmay bankrot bo‘ldi,” deydi u.

Ko‘p o‘tmay Baxtiyor Bakaevning o‘zi ham qamaladi. Uzukning asl egasi taqdiri “Eltuz”ga noma'lum.

Gulnora Karimovaning “cho‘ntagi”

“Eltuz” 16 martda O‘zbekiston sobiq prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning “cho‘ntagi” sifatida tanilgan shaxs – Jur'at Meliqulov qamoqdan butunlay ozod etilish arafasida turgani haqida maqola chop etgan edi.

Jur'at Meliqulov haqidagi filmni mana shu yerda tomosha qiling

Mazkur film Meliqulov va yana besh nafar shaxs ustidan olib borilgan 1-472/2014 raqamli jinoyat ishi xulosalari asosida ishlangan.

Jur'at Meliqulov 2012-2013 yillar oralig‘ida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidan 100 million AQSh dollaridan ko‘proq mablag‘ni o‘zlashtirishda aybdor deb topilib, 2014 yilning 20 avgustida Toshkent shahri sudi tomonidan 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Sud xulosasiga ko‘ra, Jur'at Meliqulov FNPZda mas'ul vazifalarni bajargan besh kishi bilan birga “jinoiy til biriktirgan va o‘z vazifalarini suiiste'mol qilgan holda… FNPZ pul mablag‘larini tizimli tarzda o‘marish, pora olish, O‘zbekiston iqtisodiy manfaatlariga zid ravishda bitimlar tuzish va yirik miqdordagi soliqlardan bo‘yin tovlash bilan shug‘ullangan”.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xodimining aytishicha, FNPZ tijoriy direktori bo‘lgan Jur'at Meliqulov 2012-2013 yillarda neftdan olingan daromaddan har oy Gulnora Karimovaning shaxsan o‘ziga 10 million AQSh dollari, shuningdek, Gulnora Karimovaning fuqaroviy eri Rustam Madumarovga 8 million dollardan yetkazib turgan.

Jinoyat ishi xulosasida Gulnora Karimova va Jur'at Meliqulov o‘rtasidagi hamkorlik haqida lom-mim deyilmagan.

Faqat Meliqulovning “tergov paytida ismi aniqlanmagan shaxslar” bilan hamkorlik qilgani qayd etilgan.

Tergovda “ismi aniqlanmagan shaxslar” iborasi ortida esa O‘zbekistonning o‘sha davrdagi eng qudratli shaxsi Gulnora Karimova turgani anglashiladi.

Ammo sud hukmidan bor-yo‘g‘i besh yil o‘tib, 2018 yilning fevral oyida Jur'at Meliqulov Qarshidagi 64/49-jazoni ijro etish muassasasidan Pskentdagi 64/75-manzil koloniyaga o‘tkazildi.

So‘nggi so‘z o‘rnida…

Nikolay xonadoniga tegishli ekani aytiladigan brilliant ko‘zli uzukning qaerdaligi hozirgacha noma'lum.

Baxtiyor Bakaev o‘z sudini kutmoqda.

Jur'at Meliqulovni esa mahalladoshlari o‘n kuncha oldin Mirzo Ulug‘bek tumanidagi hashamatli uyi yonida ko‘rganlar.

Jur'at Meliqulovning Toshkentdagi uyi

“Eltuz” tasvirga olgan bu uyning qiymati, mahalliy rieltorlardan birining aytishicha, 3,5 million AQSh dollariga tengdir.

Rustam Ahmedov
“Eltuz”ning Toshkentdagi muxbiri

Tag‘in o‘qing
9 avgust 2021
Rassom Kirpi
11 may 2018
Cobiq sovet davrida rangtasvir asarlar yaratib, yorqin shuhrat qozongan sanoqli o‘zbek rassomlaridan biri Ne'mat Qo‘ziboev bundan 14 yil burun, ...
16 avgust 2019
Bundan bir qancha vaqt muqaddam internetda e'lon qilingan “Pufak” sarlavhali maqolasi ortidan taniqli yozuvchi, Karimov davrining nufuzli mulozimlaridan biri ...
20 iyun 2024
Keyingi kunlarda Eltuz tomonidan qo‘yilgan har bir materialga, o‘zini din himoyachisi deya hisoblovchilar nomidan haqoratli komentlar qo‘yilishi avj olgan. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...