Uylari tortib olingan jurnalistlar Oliy sudga shikoyat qilishdi
Aka-uka Bobojonovlarning uylarini musodara qilish qarorini Urganch tumani sudi o‘z kuchida qoldirishi ortidan 5 dekabr kuni jurnalistlarning advokati ishni nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish yuzasidan O‘zbekiston Oliy sudiga murojaat qildi.
Urganch tumanlararo fuqarolik sudining 27 noyabr kungi majlisida sudya O‘tkir Masharipov jurnalist aka-ukalar Bobojonovlarning uyini musodara qilish borasidagi o‘zi chiqargan qarorni o‘zi o‘z kuchida qoldirgan edi.
«Masharipov o‘z qarorini bekor qilishi kerak edi. Lekin u bunday qilmadi. O‘zi chiqargan, uy egalariga xabar bermasdan o‘tkazilgan, aka-uka Bobojonovlarning uylarini musodara qilish haqidagi 2018 yil fevral oyida chiqarilgan sud qarorini o‘z kuchida qoldirdi.
Bunda u sudga murojaat qilishning barcha muddatlari o‘tkazib yuborilganini ro‘kach qilmoqda. Shu bois, biz birinchi instantsiya va kassatsiya tartibidagi sudlarni chetlab o‘tib, Oliy sudga murojaat qildik», dedi jurnalistlarni himoya qilayotgan Toshkentdagi «Simay» advokatlik idorasi vakili «Eltuz» muxbiriga.
22 noyabr kuni «Ozod Yevropa – Ozodlik radiosi» (RFERL) ning Vashingtondagi qarorgohi ma'muriyati bu amalning jurnalistlardan o‘ch olinishi ekani haqida bayonot bergan edi.
Foto: 1999 yili Xorazm viloyati hokimligi Bobojonovlarga tegishli «Ey El Si» telekompaniyasini noqonuniy tarzda yopgan edi.
Eltuz.com