Zomin hokimi Alisher Abdug‘aniev Malohat Eshonqulovaga qarshi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi 2019 yilning 3 iyunida huquq faoli Malohat Eshonqulovaga qarshi Jinoyat kodeksining ikki moddasi – haqorat va tuhmat bo‘yicha jinoyat ishi ochgani haqidagi xabarni chop qildi.
“Tuhmat va haqorat uchun jazo bor” sarlavhali maqoladan ma'lum bo‘lishicha, jinoyat ishi Zomin tumani hokimi Alisher Abdug‘aniev arizasiga ko‘ra ochilgan. Malohat Eshonqulova tayyorlagan videosyujet yutub kanalida paydo bo‘lgach, hokim prokuratura va ichki ishlar idoralariga ariza bilan murojaat qilgan.
Eshonqulova shu yilning aprelida e'lon qilgan videosyujetida birmuncha ehtirosli tarzda Zomin tumani hokimligining ayni tumanda yashovchi Nishonboy Xudoyberdievga tegishli yer va uyning bir qismini tortib olish va buzish haqidagi qarori “noqonuniy” ekani haqida hikoya qiladi.
Huquq faolining Eltuzga aytishicha, Xudoyberdievga tegishli yer va uyning bir qismini tortib olish yuzasidan Zominning o‘sha paytdagi hokimi, ayni paytda Jizzax viloyati IIB mulozimi Bahriddin Safarov sudga 2016 yil noyabrda murojaat etgan.
“Safarov sudga murojaat qilganida uning egasi – “Erk” demokratik partiyasi a'zosi Nishonboy Xudoyberdiev “konstitutsion tuzumga tajovuz”da ayblanib qamoqda bo‘lgan. U 2018 yilning boshida ozod etilgan. Shundan so‘ng Zomin tumanining hozirgi hokimi Alisher Abdug‘aniev bu yerni xususiy ovqatlanish maskani qurilishiga berish haqida qaror chiqargan. Biroq Oliy sud bu qarorni to‘xtatgan”, deydi M.Eshonqulova.
Malohat Eshonqulova o‘z videolavhasida Xudoyberdievning uyi katta bozor hududiga qaragani uchun bu yerda korruptsiya alomati borligi ehtimoli haqida gapiradi. U hokim Abdug‘anievga tortib olingan, biznes qilish uchun qulay joylashgan yer qancha turishi mumkin, degan savol bilan yuzlanadi.
“Hal qilish” operatsiyasi
M.Eshonqulovaning so‘zlariga ko‘ra, mayning oxirida Zomin tumani hokimligi vakillari kelib, unga masalani hokim va jabrlanuvchi ishtirokida “hal qilish”ni taklif etishgan.
Bu taklifni qabul qilib, 25 may kuni Zominga borgan huquq faolini Jizzax viloyati IIB tergovchisi kutib olib, uni so‘roqqa tutishga uringan.
“Men uning savollariga javob berishdan bosh tortdim, chunki tergovda advokat ishtirok etishini istadim. Uyga qaytgach, men bosh prokuraturaga surishtiruvni mening yashash joyim bo‘yicha Toshkentga o‘tkazishni so‘rab iltimosnoma kiritdim. Buning sababi, men Jizzax tergovchilarining xolis va adolatli tergov olib borishiga ishonmayman. Chunki ilk bor da'vo arizasi bilan murojaat qilgan sobiq tuman hokimi Bahriddin Safarovning o‘zi hozirgi paytda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi”, deydi M.Eshonqulova.
U ishning Toshkentga ko‘chirilishini kutdi va o‘z himoyasi uchun advokat qidira boshladi.
O‘g‘irlash
“11 iyun kuni oldimga Chilonzor tumani IIB terrorizmga qarshi kurash bo‘limi xodimi Ijodbek Turg‘unov keldi, u mening (DXX hibsxonasida qolayotgan) jurnalist Said Abdulaziz Yusupov himoyasiga aktsiya o‘tkazish haqida ilgariroq bergan arizamni ko‘rib chiqayotganini aytdi. Xodim menga chaqiruv qog‘ozi berdi va u bilan militsiya bo‘limiga borishimni so‘radi”, davom etdi huquq faoli.
Hovlida esa ularni davlat belgisi yo‘q oq mashina kutib turardi.
“Men mashinaga o‘tirdim va u yerda yana ikki erkak o‘tirganini ko‘rdim, ular eshikni yopishdi… Men yo‘lda Toshkentdan chiqib ketayotganimizni sezdim. Shahardan chiqayotganimizda meni o‘g‘irlaganlar Zomin tumaniga ketayotganimizni aytishdi… Yonimda hech bir hujjatim, pulim yo‘q edi”, deydi M.Eshonqulova.
Uning ta'kidlashicha, uni o‘g‘irlaganlar yo‘lda telefon orqali kimlargadir mazkur amaliyot haqida hisobot berib borgan.
Huquq faolini Jizzaxga, IIBga olib borishgan va uni tergovchi Bobomurod Erkinov kutib olib, unga nisbatan Zomin tumani hokimi arizasiga ko‘ra tuhmat va haqorat moddalari bo‘yicha jinoyat ishi ochilganini bildirgan.
M.Eshonqulova o‘zining advokatsiz tergovchi savollariga javob bermasligini aytgan. Shundan so‘ng tashqariga chiqib ketib qaytib kirgan tergovchi tergov o‘tkazmaslikka roziligini ma'lum qilib, 12 iyunda advokati bilan kelishini so‘ragan.
“Shu kuniyoq kechasi Toshkentga, uyga qaytdim va Jizzax viloyati tergov idoralariga mutlaqo ishonmasligimdan kelib chiqib, mening ishimni Toshkentga ko‘chirishlarini so‘rab Bosh prokuror nomiga ariza yozdim”, deydi huquq faoli.
Malohat Eshonqulova o‘zining huquqbonlik faoliyati uchun ko‘plab tazyiqlarga uchragan shaxslardan biridir.
“Eltuz” jarayonni kuzatishda davom etadi.
Video: https://youtu.be/SX5eLhmwTQQ
eltuz.com