Document UZ
23 fevral 2020

Majburiy mehnatni tashkillashtirishda bank xodimlari aybdor qilindi

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 2019 yilgi paxta yig‘im-terimi davrida majburiy mehnatdan foydalanishga yo‘l qo‘yganligi tufayli ma'muriy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslar ro‘yxatini e'lon qildi.

Ushbu hujjatdan ko‘rinib turibdiki, 2019 yil oktyabr va 2020 yil fevral oylari mobaynida  Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi (Mehnatga biron-bir shaklda ma'muriy tarzda majburlash, bundan qonunda tutilgan hollar mustasno) asosida 43 nafar amaldor jazoga tortilgan. 

Mazkur modda bo‘yicha jarima miqdori eng kam ish haqining 10 barobaridan 40 barobarigacha, ya'ni 230 dollardan 690 dollargachadir.

Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) 2020 yil 5 fevraldagi matbuot xabarnomasida Senat raisi Tanzila Norboevaning so‘zlaridan iqtibos keltiradi: 

“2019 yilgi paxta terimi mavsumida xodimlarni paxta terimi mavsumiga majburan jalb qilgan 259 nafar davlat amaldori, tashkilot rahbari va direktorlar asosan jarimaga tortish yo‘li bilan jazolangan. Bu jarimalarning miqdori 2018 yildagiga nisbatan 10 baravar o‘sgan».

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ma'muriy javobgarlikka tortilgan 43 nafar rahbar, jumladan, ikki nafar tuman hokimi va besh nafar tuman hokimi o‘rinbosari ismi-sharifini oshkor qildi.

Shuningdek, jazolanganlar orasida Yer resurslari va davlat kadastri tuman bo‘limlari rahbarlari, tuman hokimligi moliya bo‘limi, veterinariya boshqarmalari boshliqlari, sanitariya-epidemiologiya stantsiyalari shifokori, pensiya jamg‘armasi tuman idoralari rahbarlari, sport klubining bir nafar rahbari, Qoraqalpog‘istondagi o‘rta maktablarning to‘rt nafar direktori, obodonlashtirish bo‘limlarining uch nafar boshlig‘i va savdo majmuasi direktori bor.

Ushbu ro‘yxat e'lon qilingandan so‘ng Xalq ta'limi vazirligi 2019 yil 3 dekabrda Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida joylashgan to‘rtta maktab direktoriga tayinlangan jazo sud tomonidan bekor qilinganligi haqida xabar berdi. 

Vazirlik xabarida mehnat inspektorlari tegishli tekshiruvlar o‘tkazmagani, maktab direktorlarining majburiy mehnatni tashkil etishdagi roli to‘g‘risida noto‘g‘ri ma'lumotlar taqdim etgani bildiriladi va shu bois qabul qilingan qaror «asossiz «, deyiladi.

Jazoga tortilgan mas'ul shaxslarning lavozimlariga e'tibor qaratilsa, majburiy mehnatdan foydalanilganini tekshiruvchi 400 mehnat inspektori haqiqiy javobgar shaxslarni, ya'ni huquqbuzarlik sodir etganlikda ayblanishi mumkin bo‘lgan yuqori mansab egalarini aniqlab, javobgarlikka torta olmagani ayon bo‘ladi. 

2019 yil noyabr oyida O‘zbekiston-Germaniya forumi (O‘GF) 2019 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumiga oid majburiy mehnat to‘g‘risidagi hisobotida yig‘im-terim mavsumi boshida butun mamlakat bo‘ylab bank xizmatchilari paxta mavsumiga jalb qilinganiga doir qator dalillar keltirdi.

XMT bayonotida «2019 yilgi yig‘im-terim mavsumida muntazam ravishda majburiy mehnat ro‘y bermagan», O‘zbekiston hukumati majburiy mehnatga jalb qilish ishlarida ishtirok etmagan, deyilgan. 

Agar shunday bo‘lsa, nega paxta terimiga, ya'ni qishloq xo‘jaligiga aloqador bo‘lmagan tarmoqlarning vakillari paxta terish bilan shug‘ullandi yoki paxta terish uchun o‘z o‘rinlariga terimchilarni yolladi? 

Nahotki tashkilotlar bu ishlarni o‘z tashabbuslari bilan amalga oshirgan bo‘lsa?! 

O‘zbekistondagi majburiy mehnat usullarini o‘rgangan har bir kishi bu kabi harakatlar qanday tarzda bajarilishini biladi. 

Paxta terimiga aloqador bo‘lmagan tashkilotlar rahbarlari tuman hokimligi buyruqlarini so‘zsiz bajaradilar, zotan, ularning zimmalariga ham davlat kvotalarini amalga oshirish mas'uliyati yuklangan. 

O‘GF bu ishlar haqiqiy buyurtma ish ekanini doim isbotlab bera oladi. Axir mamlakatdagi barcha banklar filiallari amaldorlarning buyruqlarini bajarayotgani, o‘z xodimlarini paxta terishga yuborayotgani yoki terimda ishtirok eta olmasa, terimchilarga haq to‘layotgani bu tizimdagi muammo emasmi?!

2019 yil 31 oktyabrda “Ozodlik” radiosi Jizzax viloyati Forish tumani hokimi o‘rinbosari Hokim To‘ychievning  Xalq banki tuman filiali boshqaruvchisi Bobir Obilqosimovni haqorat qilayotgani yozilgan suhbatini e'lon qildi.

Sobiq boshqaruvchining aytishicha, unga sentyabr oyi oxirida hokim o‘rinbosari Hokim To‘ychiev paxta terimida ishtirok etish uchun 20 nafar xodim ajratish bo‘yicha buyruq bergan. 

«Men bank boshqaruvchisiman. Mening ishlarim nihoyatda ko‘p. U esa mendan 20 nafar terimchi topishni talab qildi. Aslida hokim o‘rinbosari menga taalluqli bo‘lmagan ishlarni mendan talab qilish huquqiga ega emas», dedi “Ozodlik” bilan suhbatda u. 

To‘ychiev «Ozodlik» radiosi savoliga javob berarkan, bank rahbarini haqorat qilganini tan oldi va buning uchun kechirim so‘radi. 

Shu bilan birga, u Obilqosimovning ishdan ozod etilishi ko‘rib chiqilishini qo‘shimcha qildi. 

Bank rahbarining ishdan ketishini paxta terish uchun unga yuklangan 20 nafar xodim topib berishga oid vazifani bajarmaganligi hamda 30 sentyabr kuni ertalab soat 7 da paxta terimiga bag‘ishlangan yig‘ilishga kelmagani bilan izohladi.

28 oktyabr kuni O‘GF kuzatuvchisi Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumani markaziy shifoxonasi tug‘ruq bo‘limida ishlovchi hamshira bilan suhbatlashdi. 

U xodimlar har ikki kunda paxta terimiga chiqishga yoki chiqa olmagan taqdirda terimchilarga pul berishga majbur bo‘layotgani haqida gapirdi. 

Shuningdek, tug‘ruqxonaning 80 nafar xodimidan 25 nafari har kuni paxta terimiga jo‘natilayotgani yoki o‘zlarining o‘rniga terimchi topib berishga majbur qolayotganini bildirdi.

O‘GF kuzatuvchisi ushbu shifoxona xodimlari majburiy mehnat yuzasidan allaqachon shikoyat qilganliklarini aniqladilar.

Natijada 14 noyabr kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tekshiruv o‘tkazildi va tug‘ruqxonaning bosh shifokori Yo‘ldoshboy Pishiev jarimaga tortildi. 

Biroq shifoxona xodimlarini paxta terimiga majburan yuborish harakatlari to‘xtamadi, xodimlarni ishdan bo‘shatish tahdidi bilan paxta terimiga jalb qilish davom ettirildi.

2020 yil yanvar oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev yangi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, majburiy mehnatdan qayta foydalanish jinoyatga tenglashtirildi.

Biroq bu qonun o‘rta darajadagi amaldorlar, tashkilotlar rahbarlari, bosh shifokorlar va maktab direktorlarini sarosimaga soladi. 

Ular o‘z xodimlarini paxta terimiga yuborishga buyruq olganida dilemma yuz beradi, xuddi bank rahbari Bobur Obilqosimov kabi ishsiz qoladi yoki katta miqdorda jarima yoxud jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Mehnat inspektorlari majburiy mehnatdan foydalanish amaliyotini va ularni keltirib chiqaradigan butun zanjirlarni, paxta terimiga jalb qiladigan buyruqboz idoralarni tergov qilish usullarini o‘zgartirishi va puxta o‘rganishi kerak.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
12 oktyabr 2023
Eltuzga Aktsiyadorlik tijorat Xalq banki Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumani filiali rahbariyati ustidan bankning bir necha xodimlari yo‘llagan shikoyat maktubi ...
6 fevral 2018
Istanbuldagi Otaturk qo‘nalg‘asida 1 kilo 75 gramm qoradorini Toshkentga olib ketayotgan 35 yashar O‘zbekiston vatandoshi S.K ushlandi. Turkiyadagi «Hurriyat» ...
11 aprel 2023
«From Me to You» (Mendan senga) — Lennon va Makkartni dueti ijro qilgan zarif bir qo‘shiqdir. Aytilishicha, bu qo‘shiq ...
12 aprel 2024
Rasmdagi xotinni otib o‘ldirish uchun olib ketishmoqda. U Vetnamlik tadbirkor. Vetnamning Ortiqxo‘jaevi. Vetnam sudi tadbirkor Chыong Mi Lanni o‘limga ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...