Jozef Presel: Karimov bilan muzokaralar
Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi sobiq elchisi Jozef A. Presel xotiralaridan
2020 yil 19 avgust
Men 1997 yil oktyabr oyida Toshkentga kelishimdan avval Islom Karimov bilan ikki marta uchrashgan bo‘lsam-da, uni birozgina tanirdim, xolos. Shubhasiz, u men juda yaxshigina tanish bo‘lgan tashqi ishlar vaziri -A.Komilovdan va ehtimol davlat xavfsizlik idoralari ma'lumotlaridan men haqimda va 1970 yillarda Moskva elchixonasida ishlab, O‘zbekistonga qilgan safarlarim haqida ko‘p narsani bilib olgan.
O‘sha paytdagi bilimlarim va rus tilini ravon bilishim menga yordam beradi, deb hisoblardim.
Kelganimdan so‘ng uch kun ichida ishonch yorlig‘ini taqdim etdim, bu g‘ayrioddiy edi. Komilov menga ular AQShning yangi elchisi zudlik bilan ishga kirishishini istashayotganini tushuntirdi. Hech qanday tadbir o‘tkazilmadi. Karimov o‘zining o‘yin qoidalarini tushuntirdi. Barcha elchilar teng maqomda edi, ammo Qo‘shma Shtatlar (va boshqa ba'zi davlatlar), tabiiyki, katta maqomga ega edi. Agar uchrashuv so‘rasam, u meni doim qabul qilardi. Mabodo u chindan ham band bo‘lsa, bu bir yoki ikki kunni olardi, ammo undan ko‘pga cho‘zilmasdi. Buning evaziga u mendan faqat «prezident darajasidagi» masalalar bo‘yicha murojaat qilishimni so‘rardi. Boshqa barcha masalalarimni vazirlik darajasida hal etishga harakat qilishim kerak. U, albatta, menga istalgan vaqtda qo‘ng‘iroq qilishi mumkin edi.
Elchi sifatidagi butun faoliyatim davomida biz shu tarzda ishladik. Men u bilan o‘rta hisobda har ikki oyda bir marta yoki shunga o‘xshash vaqt oralig‘ida ko‘rishishim kerak edi. Vaqt o‘tishi bilan Komilovning ishtirokisiz meni qabul qilish unga qulayroq bo‘lib qoldi, keyin esa hatto burchakdagi tansoqchiga ham ehtiyoj qolmadi. Tilni yaxshi bilganim uchun uchrashuvlarga odatda yolg‘iz borardim.
Bizda hech qachon yaqin shaxsiy munosabatlar bo‘lmagan. Bir tomondan, O‘zbekiston protokoli bunga yo‘l qo‘ymasa, ikkinchi tomondan, Karimov shunchaki oddiy inson emas edi. Mening uchrashuv bo‘yicha so‘rovlarim har doim aniq masala yuzasidan bo‘lardi. Biz «100 gramm» aroq bilan o‘tirishlar, AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi kengroq munosabatlar va ularni qanday yaxshilash kerakligi haqida munozaralar o‘tkazmadik.
Aslida mavzular juda ko‘p edi, masalan, O‘zbekistonning ichki siyosati, Karimov umuman gapirmaydigan Rossiya bilan munosabatlar. U o‘zining Markaziy Osiyodagi hamkasblarini katta ishtiyoq bilan ko‘proq muhokama qilardi (u qozog‘istonlik Nazarboevdan boshqa hech kimni yoqtirmasdi, boshqalarni hurmat ham qilmasdi. U ayniqsa, Turkmanistondagi Niyozovni yoqtirmas va uni ahmoq deb atardi, shuningdek, Qirg‘izistondagi Akaevni ham yomon ko‘rar, uni siyosatchi emas, «shunchaki fizik» deb aytardi). AQSh uning ushbu hamkasblariga qanday munosabatda ekanidan ham xabardor edi. Garchi u uchta kichik davlat haqida qayg‘urmasa-da, Amerika do‘stligi va iltifoti oldida Nazarboevni o‘ziga eng katta raqobatchi sifatida ko‘rardi.
Hech qachon uning saroyiga shunchaki birga ichish uchun kira olmasligim aniq bo‘lgach, men u bilan bog‘lanishning boshqacha usullarini topishga harakat qildim. Men elchixona oldiga o‘zbek og‘aynilar bilan munosabatlar o‘rnatish vazifasini qo‘ydim. U kim bilan ichadi, kim bilan ov qiladi, karta o‘ynaydimi yoki tennis? Uning ma'shuqasi kim? Sinfdoshlari-chi? Va hokazo. Barcha harakatlar behuda ketdi. U asosan ishlardi. Boshqa tomondan esa bir muncha vaqt o‘tgach, prezidentning qabuliga kirish muammosi nafaqat menda, balki o‘zbek amaldorlarida ham mavjudligi ayon bo‘ldi. Men buni Komilov o‘zi rektor bo‘lgan ingliz tilli Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida har chorakda bir martadan chiqishim kerakligi haqidagi fikrni o‘ylab topganida tushunib yetdim.
Elchixona mening nutqlarimni rus tiliga tarjima qilar, Komilov prezident shunda ularni albatta o‘qiydi, deb meni ishontirardi. Biz mavzularni oldindan kelishib olardik, ba'zan uning fikri, ba'zida esa meniki. Amerika elchisi va talabalar o‘rtasidagi suhbat mavzusi sifatida tanlangan uning takliflari bir-ikki gal g‘alati ham tuyuldi, keyinchalik ular Komilov ta'sir o‘tkazmoqchi bo‘lgan, yaqinlashib kelayotgan biror siyosiy masala bilan bog‘liq ekani ma'lum bo‘ldi.
1999 yilning boshida Karimovga qilingan deyarli muvaffaqiyatli amalga oshgan suiqasddan keyin barchasi o‘zgarib ketdi. Biz, nemislar, isroilliklar va ruslar ham bir-birimizdan o‘zib prezident xavfsizligini kuchaytirish, yuz bergan voqeani tergov qilishda o‘z xizmatlarimizni taklif qila boshladik. O‘zbekiston ma'muriyati asosan chet elliklar uchun yopildi, mening bundan mustasno bo‘lganim ajablanarli bo‘lsa kerak. Men Karimov bilan tez-tez uchrasha boshladim, ba'zi vaqtlarda meni ehtimol bir oyda ikki marta chaqirishlar ham bo‘ldi. Aynan shu davrda u o‘zi haqida, sovet byurokratiyasi paytida qanday ko‘tarilgani, mustaqil O‘zbekistonning birinchi prezidenti sifatida duch kelgan muammolar, tengdoshlari bilan bog‘liq boshqa muammolar haqida suhbatlashdi. Afsuski, bu o‘z-o‘zini tahlil qilish davri uzoq davom etmadi.
Karimov iliq va yoqimli shaxs bo‘lmasa-da, ba'zan unda hazil-mutoyiba tuyg‘usiga o‘xshash bir narsa bor edi. Bir kuni u o‘z nutqini bo‘lib, meni 1453 yilda turklar Konstantinopolni egallab olganidan boshlab Markaziy Osiyoning butun tarixini aytib berish niyati yo‘qligiga ishontirdi. Boshqa safar esa ulkan (tom ma'noda minglab odamni qamragan) Navro‘z bayramida meni ko‘rmaganini aytdi. Agar u biror tadbirda qatnashsa, AQSh elchisi ham albatta qatnashishi kerak ekan. U menga o‘zbek ordenini taqdim etdi, aftidan, men bu ordenni olgan birinchi chet ellik edim, shunda u buni «sizning hukumatingizga emas», aynan menga berganini uqishim kerakligini aytdi.
Karimov AQShga nisbatan bir qancha sxematik nuqtai nazarga ega edi. Biz katta, badavlat va dunyoda muhim rolga ega edik. Biz ular uchun hamma narsani qila olamiz va ular esa agar imkon topsalargina bizga yordam bera olishardi. Biz biroz g‘alati va beo‘xshov edik, Markaziy Osiyoni tushunmasdik, tushunarsiz qiliqlarimiz bor edi: inson huquqlari, matbuot erkinligi, ekologik muammolar. Uning uchun AQSh hukumati yaxshi ahamiyat kasb etolmagan. Oq uy unga mehribon edi, Klinton xonim uning oldiga tashrif buyurdi. Mudofaa vazirligi ham yaxshi yordam ko‘rsatdi. Markaziy razvedka boshqarmasi ham xuddi shu sabablarga ko‘ra yaxshi munosabatda edi. Davlat departamenti esa yomon edi, chunki u asosan tanqid qilardi. Kongress tushunarsiz, lekin baribir yomon edi. Va boshqalar. AQSh elchisi esa shularning o‘rtasida edi…
Jozef A. Presel, 1997 yildan 2000 yilgacha AQShning O‘zbekistondagi elchisi bo‘lib ishlagan.
Maqola originali Davis Center for Russian and Eurasian Studies nashrida bosilgan. «Eltuz» tarjimasi