Document UZ
6 sentyabr 2023

O‘zbek Forumi: “Indorama Agro” O‘zbekistonda mehnat huquqlarini buzmoqda

2023 yil 3 avgust kuni “Indorama Agro” kompaniyasida inson huquqlari buzilishi va yerlarning noqonuniy tortib olinayotgani yuzasidan O‘zbekiston inson huquqlari forumi (O‘zbek forumi) Bankwatch Network ko‘magida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB)ga shikoyat xati yo‘lladi.

Shikoyatda bildirilishicha, “Indorama Agro” paxta ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish uchun YeTTB va Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK)dan jami 130 million dollar miqdorida kredit olmoqda.

Shikoyat O‘zbekistondagi “Indorama Agro” kompaniyasining Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlaridagi faoliyatidagi qonunbuzarliklar to‘g‘risida O‘zbek forumi va mahalliy hamjamiyatlarning ko‘plab hisobotlari bank xodimlari va kompaniya rahbariyatiga yetkazilgani, ammo sezilarli yaxshilanishlar bo‘lmagani ortidan berilgan.

Hujjatda, O‘zbek forumi yerning noqonuniy tortib olinishi, yerdan foydalanish imkoniyati yo‘qligi, ommaviy ishdan bo‘shatish va mehnat shartnomalari suiiste'mol qilinishi oqibatida tirikchilik manbalarini yo‘qotgan, shuningdek, kasaba uyushmasini tarqatib yuborishga urinishlar haqida xabar bergan o‘nlab ishchi va fermerlar bilan suhbat o‘tkazgani bildirilgan. Bundan tashqari, “Indorama Agro” kompaniyasi bilan paxta yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzgan fermerlar topshirilgan paxta uchun to‘lovlar kechiktirilgani va paxta uchun minimal narx belgilanmagan ekspluatatsion shartnomalardan shikoyat qilishgani aytilgan.

“Ochiq-oshkora gapiradigan ishchilar va manfaatdor tomonlar tahdid va o‘ch olish xavfi ostida qolmoqda. O‘zbek forumi monitorlari bilan suhbatdan so‘ng fermerlar va ishchilar xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan so‘roq qilingan va “xalqaro tashkilotlar” bilan gaplashmaslik to‘g‘risida ogohlantirilgan” deyiladi jumladan Xalqaro moliya tashkilotiga yozilgan shikoyatda.

“Indorama Agro” loyihasi boshlanganidan beri mahalliy hamjamiyatlarga katta zarar yetkazdi. Fermerlarning yeri bir tomonlama tartibda, oldindan ularning roziligisiz va tovon pulisiz kompaniyaga berilgan. Buning o‘rniga, fermerlarga doimiy ish bilan ta'minlash borasida bajarilmagan va'dalar berilib, endilikda ular o‘z oilalarini boqishga ham qiynalmoqda. Biz xabar bergan qanchalab huquqbuzarliklarga qaramay, YeTTB bu yil kompaniyaga qo‘shimcha 25 million dollar miqdorida kredit ajratdi. Qani tegishli tartibdagi tekshiruv?” – deydi O‘zbekiston inson huquqlari forumi direktori Umida Niyozova.

“YeTTB inson huquqlari buzilishi haqidagi ko‘plab xabarlarga qaramay, loyihani ma'qulladi. Bank loyihaning ekologik va ijtimoiy ta'sirini samarali baholay olmadi va bank standartlari talab qiladigan manfaatdor tomonlarning mazmunli ishtirokini ta'minlamadi, – dedi Bankwatch vakilasi Nina Lesikxina.

U shuningdek YeTTB O‘zbekiston paxta sektori bilan bog‘liq xatarlarni e'tiborsiz qoldirib, mahalliy hamjamiyatlarga zarar yetkazganini bildirdi. “Biz IPAMdan bankni javobgarlikka tortishni va tegishli choralar ko‘rilishini ta'minlashni kutamiz” dedi.

Qisqacha ma'lumot:

“Indorama Agro” 2018 yilda O‘zbekiston hukumati qarori bilan bug‘doy va paxta yetishtirish uchun tashkil etilgan konglomerat bo‘lib, Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan “Indorama Group” tarkibiga kiradi.

“Indorama” 2016 yilda Farg‘ona viloyatidagi “Indorama Kokand Textile” korxonasida bolalar mehnatidan foydalangani yuzasidan O‘zbek forumi tomonidan XMKga paxta terimchilari nomidan shikoyat yo‘llanishiga sababchi bo‘lgan. Biroq “Indorama” boshqa banklardan, xususan, Osiyo taraqqiyot banki (OTB)dan kredit olishda davom etib, jumladan, yaqinda kompaniyaga koviddan tiklanish va iqlim o‘zgarishini yumshatish uchun 15 million dollar miqdorida mablag‘ ajratilgan.

Tag‘in o‘qing
20 sentyabr 2023
G‘ijduvonda 25 nafar yosh bolalarni avtomobiliga mindirib harakatlangan haydovchining qoidabuzarligi mahallasida keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi.  Qadrli muhlislar bugun ...
3 sentyabr 2016
«Islom Abdug‘anievich 2016 yil 2 sentyabrda Toshkent shahrida bosh miyada qayta tiklanmaydigan o‘zgarishlarga va poliorgan yetishmovchiligiga olib kelgan miya ...
16 aprel 2025
Javobgarlikka tortilsin Aslida farmon talablariga amal qilmagan nazorat organlarining mansabdor shaxslari tadbirkorlik sub'ektlari ruxsatsiz tekshirilganligi va ularning xo‘jalik faoliyatiga ...
28 aprel 2021
Davlat soliq qo‘mitasi va uning tarkibiy bo‘linmalari xodimlari birlashgan kasaba uyushmasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboevni sudga ...
Bloglar
30 aprel 2025
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
8 aprel 2025
Boshqirdistonning Ay Yola musiqa guruhi yaratgan Homay qo‘shig‘i turkiy xalqlar superxitiga aylandi va Shazam reytingi ...
28 mart 2025
O‘zbek blogosferasi haqiqiy jinnixonaga aylandi. Ishsiz, pulsiz qolgan biror bekorchi yoniga o‘ziga o‘xshagan bekorchini olib, ...