Asosiy mavzular
30 aprel 2024

30 aprel – O‘zbekiston “Erk” demokratik partiyasi ta'sis qurultoyi bo‘ldi

rasm1258
«Erk» demokratik partiyasining Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingani haqidagi guvohnoma

1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

Bundan oldin o‘sha yilning 12 aprel kuni Muhammad Solih boshchiligida O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining kichik zaliga to‘plangan ziyolilar guruhi yangi demokratik partiya tuzish uchun harakat boshlashgandi.

O‘sha majlisda ishtirok etgan shoir Erkin Vohidov¸ munaqqid Ahmad A'zam¸ yozuvchi Zohir A'lam, olimlar Shodi va Tohir Karimovlar yaqindagina parlament deputatligiga saylangan Muhammad Solih taklif qilgan «Erk» demokratik partiyasi degan nomni yangi tuzilma uchun tanlash qarorini ma'qullashdi.

«Ësh leninchi» gazetasida O‘zbekistonda yangi siyosiy partiya tuzilgani haqida maqolacha chop qilindi.

1990 yilgi ta'sis qurultoyi ishtirokchisi, shoir va sobiq siyosiy mahbus Maqsud Bekjon o‘sha kunlarni eslab, eluz.com nashri uchun maxsus maqola yozib berdi.

«Erk» partiyasi tavalludi kuniga

O‘tgan asrning 80-yillarida yosh o‘zbek shoirlari ijodida «erk» so‘zi tez-tez ishlatila boshladi, bu jarayon tom ma'noda «dildagining tilga chiqishi» edi. Sovet rejimi loshidan chiqayotgan chirindi hidi bilan birga, darz ketgan rejimning yoriqlari orasidan tashqi dunyodan kelayotgan erk epkinlari yosh shoirlarning she'rlariga ko‘cha boshlagan edi. Yangi o‘zbek she'riyatining eng yorqin vakillaridan biri bo‘lgan Muhammad Solih bundan avvalroq erk haqida quyidagilarni yozgandi:

rasm1263
Maqsud Bekjon

Tilchining degani

«Erk» so‘zi
Otasi emasmikin «erkak» so‘zining?
Shunday bo‘lishi mumkin,
Faqat – o‘tgan zamonlarda.

«Erk» so‘zida balki
Umuman ma'ni yo‘qdir,
«Erk» so‘zi shunchaki
O‘layotgan askarning bo‘g‘zidan chiqqan
«Hiq»illashdir?

Shunday bo‘lishi ham mumkin,
Faqat Afg‘on tomonlarda.

Biz uchun esa
Erinchoq odam to‘qigan so‘zday tuyular u,
Shunchalar qisqa:
Erk.

1986

She'rdagi «erinchoq» ifodasi «erkak» va «erk» kalimalarining bizning zaminimizda yuz tutgan ayanchli evolyutsiyasi sifatida ko‘rilsa ham bu ta'na emas, balki ogohlantirish edi. «O‘layotgan askarning bo‘g‘zidan chiqqan «hiq»illash» esa ozodlikning qurbonsiz bo‘lmasligiga ishora edi.

Xullas, oradan ko‘p o‘tmay, she'rdagi majozlar hayotga ko‘chdi, 1990 yil 30 aprel kuni «Erk» demokratik partiyasi tashkil etildi.

Partiya mohiyatan milliy ozodlik harakati sifatida dunyoga kelgan, uning demokratik sifati esa milliy ozodlik g‘oyasining bir qismi edi.

Aynan shuning uchun ham «Erk» partiyasi vakillari sovet imperiyasi qulashi arafasida rus demokratlari tomonidan tashkil etilgan butunittifoq «Demokraticheskiy soyuz» tashkilotiga qo‘shilmadi, chunki partiya uchun birlamchi omil milliy mustaqillik g‘oyasi edi.

rasm1260
1993 yili O‘zbekiston Adliya vazirligi qonun va partiya nizomiga xilof tarzda «Erk» DP faoliyatini to‘xtatish haqida qaror chiqardi.

Partiya tashkil topganidan so‘ng 2 oy o‘tar-o‘tmas O‘zbekiston kompartiyasi rahbari Islom Karimov va uni boshqarib turgan Moskva ayg‘oqchilari va ularning gumashtalari ko‘rsatgan qattiq qarshiliklarga qaramay, O‘zbekistonning Mustaqillik deklaratsiyasining mamlakat parlamentida qabul etilishiga erishdi.

Bu millatning buyuk bir g‘alabasi edi.

«Erk» partiyasi o‘zining chorak asrlik faoliyati davomida O‘zbekistondagi mustabid rejim qatag‘onlari barobarida muxolifat ichiga kirib olgan turli seksotlar, baxil, bekorchi va boshibuzuqlarning hujumlariga uchradi. Birovlarga ig‘vo qilishdan boshqa narsaga yaramaydigan bu ig‘vogarlar legioni chorak asr davomida «Erk» partiyasiga qarshi ig‘vo qilish hisobiga kun kechirdi.

Ayni gapni Karimov rejimi haqida ham aytish mumkin: – «Erk» va uning lideri Muhammad Solihga qarshi targ‘ibot davlat siyosatining lokomotiviga aylantirildi.

«Erk» mustabid rejimning butun qatag‘onlariga qaramay, marginallashmadi, o‘z g‘oya va nizomlariga sodiq qoldi, o‘z siyosiy ritorikalarida ba'zi guruhlar singari «achavot»lashmadi, o‘zining yuksak siyosiy saviyasini saqlab qola bildi. Siyosiy leksikonda muayyan bir saviya va ohangning saqlab qolinishi – «achavot kulturi»dan, bozor shallaqiligidan bezgan va charchagan xalq uchun naqadar muhim ekanligini hech unutmadi.

Bugun men safdoshlarimning bir oz ma'yus va o‘ychan, ammo samimiy va qat'iyatli chehralariga boqib, xalqimizning kelajagi porloq ekanligiga zarracha ham shubha qilmayman.

Partiyamizning tavallud kuni bilan sizlarni chin dildan tabriklayman, aziz safdoshlarim, birodarlarim!

Maqsud Bekjon
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
13 iyun 2022
Xavfsizlik xizmatlari jurnalistlarga ba'zi mavzulardan qochish va ayrim xabarlarni o‘chirtirish uchun tahdid qiladi, qo‘rqitadi va bosim o‘tkazadi. Bu maqola ...
16 oktyabr 2020
Azizlarim, og‘a, ini, opa, singil, katta va kichiklarim. Mana, yana uchrashdik. Oldingi uchrashuvimizdan beri 168 soat o‘tibdi. Yetti marta ...
10 sentyabr 2018
Keskin qarashlari bilan ijtimoiy tarmoqda tanilgan jizzaxlik tadqiqotchi Rafael Sattorov «Eltuz» muxbiri bilan suhbatda O‘zbekistondagi tuzumni «arxaik neofeodal jamiyat», ...
17 may 2021
(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” audiokitobining 28-qismi. Matnni muallifning o‘zi o‘qigan. Audiokitobning boshi va oldingi qismlari “Eltuz”ning “Imperativ” ...
Bloglar
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...
22 sentyabr 2024
Vokal va vizual undan oldingi jiguli qo‘shig‘ining siyqa takrori xolos. Qo‘shiq melodiyasi kavkaz diskotekalridagi «Shiki ...
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...