Asosiy mavzular
7 sentyabr 2017

O‘zbekistonda paxtaga safarbarlik boshlandi

O‘zbek rasmiylarining mamlakatda majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi, shifokor va pedagoglar terimiga jalb etilmasligi haqidagi iddaolariga qaramay, bu yil ham paxtaga ommaviy safarbarlik boshlandi.

«Eltuz» nashriga 6 sentyabr kuni toshkentlik hasharchilar Jizzax dalalarida paxta terishga olib ketilgani haqidagi ma'lumot kelib tushdi. Shuningdek, Jizzaxdagi barcha o‘qituvchi va tibbiyot xodimlari 7 sentyabrdan paxta terimiga chiqarilishi haqida ma'lumotlar bor.

Yig‘ilishlarda o‘qituvchi va shifokorlarga paxta bo‘yicha bosimlar kuchaytirilgani, hokimlar terimchilarni dalaga kunlik chiqish tarzida jalb etishni rejalashtirgani aytilmoqda.

Militsiya kuzatuvi va yo‘qlamasi asosida

5 sentyabr kuni Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida, eng avvalo, maktab o‘qituvchilari, maktabgacha ta'lim muassasalari va tibbiyot xodimlari uchun paxta yig‘im-terimi e'lon qilindi.

«Eltuz» muxbirining bildirishicha, bu haqda muassasalarga 4 sentyabr kuni kechga yaqin xabar berilgan.

Buyruq shahar hokimligidan bo‘lgani, shu asosda xalq ta'limi bo‘limi boshlig‘i topshirig‘iga ko‘ra, ta'lim muassasalariga va shifoxonalar rahbarlariga 5 sentyabr kuni ertalabga xodimlarini terimga tayyorlashi aytilgan.

Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri binosi yonida 5 sentyabr kuni tong sahardan barcha tashkilotlar xodimlari to‘plandi.

Xalq ta'limi bo‘limi, maktab direktorlari, shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda IIB xodimlari kuzatuvi va yo‘qlamasi asosida har bir tashkilotdan 30-40 foiz xodimlar safarbar qilindi. Ular soat 6:00 da avtobuslarda paxta dalalariga yo‘l oldi.

Terimning birinchi og‘ir kuni

Guliston shahridagi bolalar dispanseri hamshirasi «Eltuz» muxbiriga terimning birinchi kuni juda og‘ir kechgani, suv va oziq-ovqatda muammoga duch kelingani, daladagi ish vaqti uzoqligi to‘g‘risida bildirdi:

«Bu yildan umidimiz katta edi. Terim mavsumida o‘z ish joyimizda bo‘lishimizni kutgan edik. Ammo unday bo‘lib chiqmadi. Kecha kechqurun menga bo‘lim boshlig‘imiz telefon qilib, tonggi soat 5-30 da teatr binosi oldiga terimga shay holda yetib kelishimni talab qildi.

Dabdurustdan kelgan xabar meni va oila a'zolarimni dovdiratib qo‘ydi. Birinchidan, paxta bo‘lishini kutmagan edik, garchi bunga ishonish qiyin bo‘lsa-da. Ikkinchidan, dalaga chiqishga tayyor emasdim. Bolalarimni kimgadir tashlab ketishim yoki o‘rnimga dalaga chiqishga odam topishim zarur edi. Qo‘shnilarimga tayinlab, saharlab yetib bordim. Hattoki dalaga olib chiqishga ovqat qilishga ulgurmadim, natijada kuni bo‘yi och qoldim. Buning ustiga, dalaga suvni ham kech olib kelishdi va kun issig‘ida suvsizlikdan qiynaldim. Eng yomoni, avtobus ham bizni olib ketish uchun kech yetib keldi. Qorong‘uda soat 20-00 dan oshganda uyga yetib keldim. Juda uzoqdagi dalaga olib borishgandi. Bolalarim uyda ovqat-nonsiz qolib ketdi».

Ta'lim vazirining yolg‘oni

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida AQSh Senatining Xalqaro munosabatlar bo‘yicha qo‘mitasi vakillari ishtirokidagi uchrashuvda hukumat rasmiylari mamlakatda majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi haqida gapirgandi.

24 avgustda aytilgan bu gaplarga ishongan maktab o‘qituvchisi «Eltuz» muxbiriga umidlari puchga chiqqanini aytadi:

«Nahotki, hammasi ertak edi. Oliy ma'lumotli o‘qituvchilarni aldab, ermak qilish yaxshi ishmi, axir?! Vazirimiz o‘z nutqida «o‘qituvchilarning hammasi oliy ma'lumotli, dalaga haydasa, majburlasa chiqib ketavermaydi-ku”,, degan ma'noda gapirgandi. To‘g‘ri, biz har kimga bo‘yin egavermaymiz. Ammo direktor “dalaga chiqmasang, arizangni yozda, ket!” deb tursa, qo‘limizdan nima keladi? Ishdan haydash bilan tahdid qilishgandan keyin majbur bo‘lamiz dalaga borishga».

U bu yilgi terim har galgidan keskinroq tartibda bo‘lishini taxmin qiladi. Holbuki, O‘zbekiston xalq ta'limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov Kun.uz nashriga bergan intervyusida: «So‘nggi 5-6 yilning ichida maktablar paxta yig‘im-terimiga umuman jalb etilmagan”, degan edi.

Oshkoralik davri tugadimi?

O‘zbekistonda Xalqaro press klub ko‘rsatuvlarida jonli efirlar orqali xalqning dardi, muammolari ochiq-oshkora aytila boshlagani necha yillardan beri bosh ko‘tara olmaydigan ziyolilarda umid paydo qilgan edi.

«Ammo natija nima bo‘ldi? Press klubning ishi vaqtincha to‘xtatildi va jonli efirlar bekor qilindi. Hammasi shu paxta muammosi sababli ekanligini eshitdik. Shunday ekan, davlat o‘zi majburiy mehnatga bosh bo‘lsa, biz oddiy xodimlar nima ham qila olardik?!» dedi gulistonlik o‘qituvchi «Eltuz» muxbiriga.

«Eltuz»ning Andijondagi mobil muxbiri bu yil paxta terimi sal kechroq boshlanishini, biroq vaziyat hamon avvalgidek ekanini bildirdi.

«Paxtani 15 sentyabrdan deyishyapti. Ammo allaqachon shtab tuzilib, terimchilarning ro‘yxati shakllanib bo‘lgan», deydi u.

Mobil muxbirning aytishicha, hukumat avvaliga paxtaga chiqarmaymiz deb va'da berib qo‘ygan, ammo endilikda o‘qituvchi va shifokorlarga o‘z tashabbusimiz bilan paxtaga chiqamiz, degan mazmunda tilxat berish majburiyati yuklangan.

Xalq ta'limi vaziri: Huquq buzilishiga faollarning o‘zlari aybdor

Xalq ta'limi vaziri o‘qituvchilar majburiy mehnatiga oid bayonotlarida o‘qituvchilarni hech kim majburlab ishlatmayotganini iddao qilgan.

«O‘zi uchun mablag‘ ishlashi – marhamat. Uyi dalaning oldida bo‘lsa, buning yomon jihati yo‘q. O‘zbekistonning boyligi uchun chiqib, o‘zining yana pul ishlab olish imkoniyati bor. Lekin majburan hech kim bu ishga jalb etilmaydi”,- degandi Inoyatov.

Xalqaro press klubning kuni-kecha bo‘lib o‘tgan tadbirida esa u pedagoglarning majburiy mehnatga jalb etilishiga hukumat yuritayotgan siyosatni emas, balki jamoatchilik, o‘qituvchining o‘zi, maktab rahbariyati, tumanlardagi faollarini aybladi.

«Ular o‘qituvchini himoya qilishmaydimi? Yoki u o‘z huquqini o‘zi himoya qilmaydimi, degan masala turibdi. Nima uchun o‘qituvchi o‘z huquqi buzilishiga o‘zi yo‘l qo‘yib beradi», deya savol tashladi go‘yoki dunyo bexabar vazir.

Majburiy mehnat aynan hokimiyat organlari tomonidan tashkil etilayotgani uchun o‘qituvchilarning huquqlarini hech kim himoya qilmasligiga bunday primitiv usulda ishontirishga urinish esa ko‘pgina amaldorlar hali ham yolg‘on siyosatdan voz kecha olmayotganini ko‘rsatadi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
23 dekabr 2016
Farg‘ona viloyat hokimining tumanlarda o‘tkazayotgan majlislarda chiroq o‘chib qolib, majlis ahli lampa chiroq, qo‘l fonarlarini yoqishga majbur bo‘lishmoqda. Tumanlarning ...
24 mart 2024
Salim Abduvaliev 2023 yilning 1 dekabr kechasi Toshkentdagi uyida hisbga olingan edi. Eltuz insayderlariga ko‘ra, navbatdagi “maski shou” amaliyotida ...
7 dekabr 2017
AQSh Davlat departamenti; AQSh Adliya departamenti; Birlashgan qirollikning Hamdo‘stlik ishlari va tashqi ishlar vazirligi. Markaziy Osiyoda inson huquqlari uyushmasi, ...
3 may 2019
Ko‘rib turganingiz uy oddiy o‘zbek mulozimining uyi. Uy egasi davlatdan aniq summadagi maosh olgan va tijorat bilan  shug‘ullanishi qonunan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...