Kundalik
7 dekabr 2017

O‘g‘irlangan aktivlarni qaytarish bo‘yicha global forum

AQSh Davlat departamenti; AQSh Adliya departamenti;
Birlashgan qirollikning Hamdo‘stlik ishlari va tashqi ishlar vazirligi.

Markaziy Osiyoda inson huquqlari uyushmasi, LeMan, Frantsiya;
O‘zbek-german inson huquqlari forumi, Berlin, Germaniya.

2017 yil 1 dekabr.

Biz, O‘zbekiston fuqarolik jamiyati tashkilotlari, Markaziy Osiyoda inson huquqlari uyushmasi va O‘zbek-german inson huquqlari forumi Vashingtonda 2017 yil 4-6 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan O‘g‘irlangan aktivlarni qaytarish bo‘yicha forum homiylari, tashkilotchilari va ishtirokchilariga sobiq diktator Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova tomonidan o‘g‘irlangan aktivlar atrofidagi vaziyatga e'tibor qaratish maqsadida murojaat etmoqdamiz. Islom Karimovning o‘limi va mamlakatda yuz berayotgan ayrim o‘zgarishlarga qaramay, O‘zbekistonda hamon avtoritar va korruptsion rejim hukm surmoqda.

Hukmron rejim tomonidan o‘zbek xalqining yuzlab million dollari o‘g‘irlandi. Bu rejimning a'zolari hamon mamlakat hukumatidagi yuqori lavozimlarda qolmoqda. Keng tarqalgan poraxo‘rlik illati hukumatdagilardan kimningdir aybi emas, avvalo, davlat hokimiyatining barcha bo‘g‘inlarida chuqur ildiz otgan tizimli korruptsiya mahsulidir.

Qayd etilgan aktivlarning ularning mamlakatdan olib chiqib ketilishiga imkon yaratgan shu hukumat qo‘liga topshirishi bu mablag‘ning hukmron tabaqa vakillari tomonidan qayta o‘g‘irlanishini anglatgan bo‘lardi. Bu esa BMTning korruptsiyaga qarshi konventsiyasi mazmun-mohiyatiga, shuningdek, korruptsiyalashgan tizimning asl qurbonlari bo‘lgan O‘zbekiston xalqi manfaatlariga ziddir.

Gulnora Karimovaning bir milliard dollardan ortiq miqdordagi aktivlari muzlatilgan va ayni paytda ularni musodara qilish masalasi ko‘rib chiqilayotgan mamlakatlar, avvalo, hukmron doiralar vakillariga xorijiy va mahalliy kompaniyalardan ko‘p million dollarlik poralarni olish va ofshor tuzilmalar orqali “pul yuvish” imkoniyatini yaratgan institutsional shart-sharoitlar tubdan o‘zgargan yoki o‘zgarmaganiga ishonch hosil qilishi kerak. Ta'kidlash kerakki, hozirgi kunda O‘zbekistonda avtivlarni va jamiyat boyligini qaytadan o‘g‘irlashga to‘siq qo‘yishi mumkin bo‘lgan korruptsiyaga qarshi islohotlarga hatto kirishilmagan; mamlakatda manfaatlar to‘qnashuvini tartibga soluvchi biror-bir hujjat hali ham yo‘q; davlat amaldorlari va parlament a'zolarining o‘z daromadlari va aktivlari haqida majburiy deklaratsiya topshirishi tizimi joriy etilmagan; shaffof va jamiyatga hisobdor bo‘lgan davlat xaridlari va litsenziyalarni taqsimlashning tanlov tizimi mavjud emas; ijro hokimiyatidan mustaqil bo‘lgan adolatli sud tizimi hamon yaratilmagan; advokatura Adliya vazirligining ma'muriy bosimi va milliy xavfsizlik organlari nazoratida turibdi. Mamlakatda davlat mablag‘lari bilan bog‘liq shaffoflik va hisobdorlik standartlari hozircha qaror topmagan. Korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mustaqil organlar hamon yo‘q. So‘z va matbuot, uyushma va yig‘inlar erkinligining haqiqiy kafolati mavjud emas. Buning oqibatida davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilikning samarali nazorati o‘rnatilmagan. O‘zbekiston siyosiy vajlar bilan javobgarlikka tortilgan minglab fuqarolar qamoqxonalarda qolayotgan dunyoning eng repressiv davlatlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Tergov organlari va turmalarda qiynoqlar keng qo‘llaniladi, aybsizlik prezumptsiyasi hech qanday kuchga ega emas, sud hukmini chiqarishda esa “telefon huquqi” deb atasa bo‘ladigan tamoyil ustuvorlik qiladi. Davlat ichidagi davlat hisoblanadigan Milliy xavfsizlik xizmati jamiyat va mamlakat qonunlari oldida umuman hisobdor emas. Qishloq xo‘jaligining paxtachilik va boshqa sektorlarida ommaviy majburiy mehnat amaliyotiga hamon chek qo‘yilgani yo‘q . Bularning barchasi hokimiyat suiiste'molliklari va tizimli korruptsiya uchun qulay sharoit yaratadi.

O‘zbekistonda institutsional zaiflik bilan bir qatorda korruptsiya madaniyati ustunligi mavjud, amaldorlar qonun doirasida emas, boshliqlari yoki homiylariga sadoqat tamoyili asosida ish ko‘radi. Sobiq prezident Islom Karimov davrida yuqori martabali davlat amaldorlari hukmron Karimovlar oilasining boyishi uchun asosiy rolni o‘ynagan va buning evaziga o‘zlariga shaxsiy boylik orttirish imkoniyatini qo‘lga kiritgan. Ayni shu amaldorlar hozir ham davlatda yuqori rahbarlik lavozimlarida o‘tiribdi. Abdulla Aripov davlat telekommunikatsiya agentligi rahbari sifatida amalda Gulnora Karimovaning korruptsion tizimi ishtirokchisi bo‘lgan. U o‘z jinoyatlari uchun nafaqat hech qanday javobgarlikka tortilmadi, balki bosh vazir etib tayinlandi. Korruptsion tizimning boshqa bir ishtirokchisi Rustam Inoyatov hamon Milliy xavfsizlik xizmatini boshqarmoqda. Boshqacha aytganda, mamlakatda korruptsiyaga imkon yaratuvchi tizimli shart-sharoitlar nuqtai nazaridan ham, Karimovlar oilasining korruptsion harakatlari ishtirokchisi bo‘lgani uchun shaxsiy javobgarlik nuqtai nazaridan ham deyarli hech qanday o‘zgarish yuz bergani yo‘q.

Shu sababli biz Gulnora Karimovaning aktivlarini ular musodara etilgan taqdirda amaldagi hukumat qo‘liga topshirishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz. O‘zbekistonda yuqorida qayd etilgan aktivlarning xavotirsiz qaytarilishini ta'minlashga imkon beradigan hech qanday tizimli o‘zgarishlar yuz bermadi. Mazkur aktivlar saqlanayotgan davlatlar bu mablag‘lar yana o‘g‘irlanmasligi, davlat korruptsiyasining qurboni bo‘lgan o‘zbek xalqiga xizmat qilishi uchun ularni qaytarishning boshqa yo‘llarini izlab topishi lozim.

Nega biz bu maktubni aktivlarni repatriatsiya qilish bo‘yicha qaror beradigan rasmiy organ hisoblanmaydigan O‘g‘irlangan aktivlarni qaytarish bo‘yicha global forumga yo‘llayapmiz? Forum o‘g‘irlangan aktivlarni o‘z mamlakatiga qaytarish masalalari bo‘yicha siyosatni ishlab chiqish uchun eng nufuzli global anjumandir. Biz mazkur Forumga ochiq xatni ishtirokchi mamlakatlar bizning O‘zbekistondagi vaziyat bilan bog‘liq xavotirlarimizni hisobga oladi va aktivlarni qaytarish masalalarini mazkur mablag‘lar o‘g‘irlangan davlatlardagi mavjud ahvoldan kelib chiqqan holda ko‘rib chiqishga oid chaqirig‘imizga quloq tutadi, degan umidda yozishga qaror qildik.

Biz forumga O‘zbekiston misolida asoslanilgan tavsiyalarimizni taklif etamiz:

Birinchisi: o‘g‘irlangan aktivlarni O‘zbekiston kabi mamlakatlar hukumatlariga so‘zsiz qaytarish mumkin emas. Bunday yondashuv jahon siyosatining eng muhim qismi bo‘lgan davlat suvereniteti tamoyillariga zid kelishi shart emas. Ammo ayrim holatlarda, ayniqsa, xuddi O‘zbekistondagi kabi, davlat xalqaro huquq va o‘z qonunchiligini buzgan taqdirda xalqaro huquq ustuvorligi mumkin va shartdir. Harbiy jinoyatlar, shuningdek, insoniyatga qarshi jinoyatlar bilan bog‘liq holatlar xalqaro huquqni qo‘llashning ustuvorligiga misol bo‘la oladi. Hokimiyatning oliy bo‘g‘inlaridagi davlat korruptsiyasi xalqaro huquq qonunlari bilan jazolanadigan jinoyatlar sirasiga kiritilishi kerak. Ushbu holatda O‘zbekiston kabi mamlakatlar hukumatlarini o‘g‘irlangan aktivlarni idora qilishdan mahrum etish bu yo‘nalishdagi muhim qadam bo‘lgan bo‘lardi.

Ikkinchisi: aktivlarni restitutsiya qilish yuqori darajadagi korruptsiya va inson huquqlarining tizimli buzilishi bilan tanilgan mamlakatlardagi korruptsiyalashgan hukmron toifalarning jazosiz qolishiga yo‘l qo‘ymaslikning ajoyib imkoniyatidir.

BMTning korruptsiyaga qarshi konventsiyasida o‘g‘irlangan aktivlarni saqlovchi davlatlar (tranzit yoki aktivlar joylashtirilishi mo‘ljallangan mamlakatlar) bu aktivlarni ular o‘g‘irlangan mamlakatlarga qaytarishi kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan. Ammo bu mezon avtomatik ravishda va so‘zsiz qo‘llanilishi kerak emas. Aktivlarni qaytarish jarayoni bu mablag‘larni so‘rayotgan davlatlar (aktiv o‘g‘irlangan mamlakatlar) sudining aktivlar o‘g‘irlanishiga olib kelgan harakatlar uchun aybdor bo‘lgan mas'ul shaxslar va bu aktivlar repatriatsiyasi bo‘yicha chiqargan hukmiga asoslangan bo‘lishi shart. O‘z navbatida, bu yuridik qaror adolatli sudlov standartlariga muvofiq bo‘lishi lozim. Agar mamlakatda qonun ustuvorligi va adolatli sudlovning mustaqil tizimi bo‘lmasa, bunday standartni ta'minlash imkonsiz.

Uchinchisi: aktivlarni qaytarishi so‘ralayotgan davlat o‘z aktivlari o‘g‘irlanishiga imkon yaratgan mamlakatlardagi institutsional sharoitlarni hisobga olishi va avvalo bu sharoitlar o‘zgargani, tubdan isloh qilinganini aniqlashi shart. Aktivlarni qaytarishi so‘ralayotgan davlat, shuningdek, aktivlar o‘g‘irlangan mamlakatda korruptsiyaga qarshi kurashishning samarali mexanizmi joriy etilgani va bu mexanizmlar amaliyotda qanday ishlayotgani masalasini ko‘rib chiqishi lozim.

To‘rtinchisi: aktivlarni qaytarish to‘g‘risidagi qaror inson huquqlari sohasidagi xalqaro huquq nuqtai nazaridan baholanishi talab etiladi. O‘z xalqi huquqlarini muntazam buzib kelayotgan, ozodlikdan mahrum etish muassasalarida qiynoqlar kunlik amaliyotga aylangan mamlakat hukmron doiralari kelib chiqishi korruptsiyaga bog‘liq bo‘lgan va musodara etilgan aktivlarni olish va idora qilish huquqiga da'vo qilishi kerak emas.

Forum homiylari, tashkilotchilari va ishtirokchilari bizni eshitishiga hamda mamlakatimizning ayanchli misolini e'tiborga olishiga juda ham umid qilamiz.

Qisqacha o‘zimiz haqimizda:

Frantsiyaning LeMan shahrida joylashgan Markaziy Osiyoda inson huquqlari uyushmasi 2006 yilda o‘zbekistonlik siyosiy qochqin Nadejda Otaeva va uning hamkorlari tomonidan tashkil etilgan. O‘tgan davr mobaynida tashkilot Markaziy Osiyodagi siyosiy qochqinlar va inson huquqlari buzilishi qurbonlarining 1250 nafariga yordam ko‘rsatdi. Uyushma inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlari doirasida inson huquqlari buzilishidan jabr ko‘rganlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha keyslar o‘tkazadi. So‘nggi bir necha yil ichida uyushma Markaziy Osiyoda inson huquqlari vaziyati yuzasidan Yevropa Ittifoqiga 40 ta, BMT tuzilmalariga 11 ta hisobot taqdim etdi.

pochta: ahrca.org@gmail.com;http://ahrca.org/; adres: TsentrMBE 140, 16, rueduDocteurLeroy, 72000 LeMans, Frantsiya.

Berlinda joylashgan O‘zbek-german inson huquqlari forumi (O‘GF) 2010 yilda o‘zbekistonlik siyosiy qochqin Umida Niyozova va uning hamkorlari tomonidan tashkil etilgan. O‘GF ham inson huquqlari, ham korruptsiya bilan bog‘liq muammolar – O‘zbekiston paxta sektorida davlatning majburiy mehnat tizimini monitoring qilishga ixtisoslashgan.

Shuningdek, O‘GF Eltuz.com yangiliklar saytini ham yuritadi.

Tag‘in o‘qing
2 yanvar 2017
Ijtimoiy tarmoqda qorqiz kiyimini kiygan erkakni haqoratlab so‘kib, kaltaklangani aks etgan video paydo bo‘ldi. Shu bugun feysbukga qo‘yilgan, qo‘l ...
2 avgust 2016
Mustaqillik bayrami arafasida xorijliklarning o‘zbek xalqiga tabriklarini chop etish an'anasi shu kunlarda qizg‘in davom etyapti. «Jahon» axborot agentligi tayyorlagan, ...
15 aprel 2020
Havo bugun ham buzuq. Kechasi yana yomg‘ir yog‘di. Tuni bilan bezovta uxladim. Nam havoga oyog‘im og‘ridi. Ko‘rgan tushlarim esa ...
10 mart 2016
Manzura Instagramdagi shaxsiy sahifasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida o‘tkazilayotgan ...
Bloglar
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...
22 sentyabr 2024
Vokal va vizual undan oldingi jiguli qo‘shig‘ining siyqa takrori xolos. Qo‘shiq melodiyasi kavkaz diskotekalridagi «Shiki ...
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...