Asosiy mavzular
23 yanvar 2018

World Politics Review: «O‘zbek bahori» O‘zbekiston elitasining boyishi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi

World Politics Review onlayn jurnalida muallif ko‘plab sharhlovchilar «o‘zbek iliqligi» deya atayotgan so‘nggi voqealar tahlili haqida maqola e'lon qildi. Muallifning ta'kidlashicha, iqtisodiy munosabatlardagi ba'zi liberallashtirish mamlakatda aholi turmush tarzi yuksalishiga olib kelishi mumkin.

Ammo amalda xususiylashtirish va yangi investitsiyalardan asosiy foydani baribir bir guruh amaldorlar va biznesmenlar ko‘radi. Ular davlatning sobiq mulki egalariga va yangi investitsiya loyihalarining yangi sheriklariga aylanadi.

Quyida ingliz tilidagi mazkur maqolaning tarjimasini e'tiboringizga havola qilamiz.

O‘tgan haftada O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Oripov va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon har ikki davlat lariga O‘zbekiston va Tojikiston hududlarida 30 kun muddat davomida vizasiz yurish huquqini beruvchi bitimni imzoladi. Shu tariqa bu kelishuv bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan tuzumlar tomonidan 2001 yilda amalga kiritilgan cheklovlarni olib tashladi. Bu qadam dunyoning eng yopiq davlatlaridan biri bo‘lgan O‘zbekistonning asta-sekin ochilayotganining navbatdagi dalolatidir.

Dunyoga ochilishning tashabbuskori O‘zbekistonni 27 yil davomida – 2016 yil sentyabrda vafot etguniga qadar boshqargan Islom Karimovning o‘rniga kelgan prezident Shavkat Mirziyoev bo‘ldi. O‘tgan yilning sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasida chiqish qilganida Mirziyoev o‘zining pirovard maqsadi mamlakatda demokratiya qurish ekanini ta'kidlagandi. Ammo tanlangan siyosiy yo‘l hokimiyatni o‘zbek xalqiga berishga samimiy intilishdan ko‘ra iqtisodiy munosabatlarni elitaning manfaatlari yo‘lida qayta qurishga bog‘liqdek ko‘rinmoqda.

Mirziyoev vazirliklarni sovet davri texnokratlaridan tozalab, ularni ayrimlari G‘arbda tahsil olgan yoshroq byurokratlar bilan almashtirmoqda. O‘sha paytdan beri siyosiy hayotda bir qator marginal islohotlar o‘tkazildi. Maxfiy xizmatlar tomonidan tuzilgan, tuzumning dushmanlari kiritilgan qo‘rqinchli «qora ro‘yxat»dagi nomlar soni 17582 tadan 1352 taga tushirildi. Kamida 16 nafar siyosiy mahkum, jumladan, 18 yil davomida turmada saqlangan jurnalist Muhammad Bekjon ozodlikka chiqarildi. Huquq-tartibot idoralariga qiynoqlar qo‘llagan holda iqrorlik ko‘rsatmalari olish taqiqlandi. O‘tgan yil yozida hukumatning paxta yig‘im-terimi davrida bolalarning majburiy mehnatidan foydalanmaslik to‘g‘risidagi qarori chiqarildi. Mustaqil OAV va fuqarolik jamiyati o‘rtasida umid uyg‘otuvchi muhit hukmronlik qilmoqda. Chunki ularga ilgari taqiq ostida bo‘lgan mavzularni ko‘tarishga ruxsat etildi. Ammo ular hali ham o‘z faoliyatida jiddiy cheklovlarga uchrab turibdi.

Mirziyoev o‘ziga meros qolgan sust iqtisodiyotga eng ko‘p e'tibor qaratmoqda. Ko‘plab tabiiy boyliklar va qishloq xo‘jaligi resurslariga ega bo‘lganiga qaramay, kuchli markazlashgan iqtisodiyot Karimov davrida yomon nazorat qilinar, hamma sohada korruptsiya chuqur ildiz otgan edi. O‘tgan yil kuzda hukumat ishbilarmonlik rivojini to‘xtatib turgan va ko‘p milliardli qora bozorning vujudga kelishiga sabab bo‘lgan halokatli valyuta nazoratini bekor qildi. Endilikda investitsiyani jalb qilish usuli sifatida hukumat soliq islohotiga va kichik biznesni tartibga solishni kamaytirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.

Biroq Mirziyoev hukumati xalqaro munosabatlarda eng sezilarli o‘sishga erishishga muvaffaq bo‘ldi. O‘z o‘tmishdoshining izolyatsiyaga asoslangan siyosatiga qarshi o‘laroq, Mirziyoev O‘zbekistonning o‘z qo‘shnilari bilan munosabatlarini tikladi, Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya va Xitoyga safar uyushtirdi. Shuningdek, u so‘nggi 15 yil davomida O‘zbekistonning AQShga tashrif buyurgan ilk yetakchisi bo‘ldi. Xorijiy davlatlar bilan muloqotlarning yo‘lga qo‘yilishi o‘z samarasini berdi. Nyu-Yorkka tashrifi davomida prezident xorijiy hamkorlar, jumladan, «Boing» va «Jeneral Elektrik» kompaniyalari bilan 2,6 milliard dollarlik shartnomalar imzoladi. O‘tgan yilning mayida Xitoyga qilingan safar energetika, savdo, infratuzilma va boshqa sohalarda misli ko‘rilgan 23 milliard dollarlik kelishuvlar tuzilishiga olib keldi. Hukumat ma'lumotlariga ko‘ra, 2017 yilning birinchi to‘qqiz oyi davomida tashqi savdo hajmi 17 foiz o‘sdi.

Oddiy vatandoshlar O‘zbekiston iqtisodiyotining ochilishidan so‘zsiz yutayotgan bir vaqtda asosiy yutuq egasi baribir prezident Mirziyoevning o‘zi bo‘lib qoladi.

Ayrimlar «iliqlik» va «o‘zbek bahori» haqida gapirayotgan ayni paytda cheklovlar hali mavjudligini esdan chiqarmaslik muhimdir. Karimov hukmronligi davrida O‘zbekiston dunyoning eng repressiv davlatlaridan biri edi. Amerikaning siyosiy va fuqaroviy erkinliklar holati bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazadigan «Fridom haus» nodavlat notijorat tashkiloti fikricha, O‘zbekiston inson huquqlarini eng ko‘p buzadigan beshta mamlakatdan biri hisoblanardi. Ammo O‘zbekiston hali demokratiyadan ancha uzoq va Mirziyoev qo‘yayotgan qadamlar tizimli islohotlar o‘tkazishga qaratilgan sa'y-harakatlardan ko‘ra ko‘proq siyosiy kursni o‘zgartirishni ko‘zda tutadi.

Mirziyoevning siyosatidan hukumatdagilarning hammasi ham rozi emas. Karimov yaratgan tizimni himoya qilishga moyil muxolif kuchlarning yetakchisi davlat xavfsizlik xizmatining nufuzli rahbari Rustam Inoyatov hisoblanadi. Siyosiy mahkumlar ozod etilganiga qaramay, so‘nggi oylarda bir qator jurnalist va faollar qamoqqa olindi yoki ushlanganidan so‘ng vafot etdi. Ba'zi xabarlarga ko‘ra, ushbu hibsga olishlar ortida go‘yoki Mirziyoevni hokimiyat tepasiga olib kelgan Inoyatov turibdi. Maxfiy xizmat rahbarini o‘yindan chiqarish o‘z hokimiyatini mustahkamlayotgan Mirziyoevning asosiy vazifalaridan biri sanaladi.

Mirziyoev davridagi «iliqlik»ni o‘zbek xalqi farovonligi yo‘lidagi altruistik urinish sifatida baholash ham noto‘g‘ri bo‘ladi. Oddiy fuqarolar O‘zbekiston iqtisodiyotining tashqi dunyoga ochilishidan so‘zsiz yutishiga qaramay, hammadan ko‘p Mirziyoevning o‘zi yutadi. Masjidlarda baland ovozda azon aytilishiga ruxsat berilishi yoki majburiy mehnatning cheklanishi kabi ommabop chora-tadbirlar ham prezidentning legitimligini oshiradi. Yanada muhimi shundaki, O‘zbekistondagi restrukturizatsiya jarayonlari nihoyatda zarur bo‘lgan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish yo‘li bilan iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan. Ammo bfqqqqu ko‘proq kimlarga foyda keltiradi?

So‘zsiz, yangi ish o‘rinlari yaratiladi va kichik biznes katta erkinlikni qo‘lga kiritadi. Biroq Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham elita vakillari davlat va iqtisodiyotni boshqarishdan olinadigan daromadni o‘z ittifoqchilari o‘rtasida taqsimlashni ko‘zda tutadigan patrimonial boshqaruv tizimi mavjud. Keyingi yillarda fuqarolar turmush darajasi o‘sishini kuzatishi mumkin, ammo amalda xususiylashtirish va yangi investitsiyalardan asosiy foydani baribir bir guruh amaldorlar va biznesmenlar ko‘radi. Ular davlatning sobiq mulki egalariga va yangi investitsiya loyihalarining yangi sheriklariga aylanadi.

Mintaqaning boshqa davlatlaridagi kabi ularning davlat bilan munosabatlardan oladigan foydasi so‘zsiz o‘zlarining cho‘ntagini qappaytiradi va bu pullar yashirin offshorlarga chiqarib ketiladi. Islohotlar haqida har qancha og‘iz ko‘pirtirilmasin, O‘zbekistonning dunyoga ochilishi keyingi yillarda Mirziyoev bilan aloqalarni yanada mustahkamlaydigan elita vakillari uchun bundan-da boyish imkoniyatidir.

Edvard Lemon,
2018 yil 18 yanvar, payshanba

Edvard Lemon Endryu Mellon jamg‘armasining (The Andrew W. Mellon Foundation) postdoktorantura stipendiyasi sohibi va Kolumbiya universitetining Harriman instituti (HarrimanInstitute) o‘qituvchisi hisoblanadi. Uning ilmiy ishi Markaziy Osiyoning postsovet davlatlaridagi siyosat va xavfsizlikni o‘rganishga qaratilgan.

eltuz.com

Tag‘in o‘qing
9 fevral 2017
Prezident Mirziyoev kunda-kunora turli uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Televidenie bu uchrashuvlarni qo‘ldan kelgancha qirqib, montaj qilib, amallab efirga uzatyapti. Ammo bosma ...
10 iyun 2016
Bugun, 10 iyun – toshkentliklar uchun og‘ir yo‘qotish, eng ekologik jamoat transporti bo‘lgan tramvay so‘nggi manzilga kuzatilganini yana bir ...
19 noyabr 2019
Ayni saylov avj pallasiga chiqqan payti poytaxt hokimi bilan bog‘liq bunday kompromat chiqishi siyosiy jarayonlar rivojlangan davlatlarda deputatlikka nomzodlar ...
24 noyabr 2023
– Mana xafta zuvv etib aylanib yana siz bilan yuzma yuzman. MS: Ovong og‘o, bugun beshlanjiy gun. Gurungni sizdan ishitamiz. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...