Asosiy mavzular
31 dekabr 2018

Yangi ochiq O‘zbekiston uchun xayoliy xorij investorlari

“Open Democracy” (Ochiq demokratiya) onlayn resursi ulkan qurilish loyihasi – “Toshkent siti” bo‘yicha surishtiruvini e'lon qildi. Surishtiruv davomida qurilish uchun tenderni yutgan kompaniyalarning shubhali moliyaviy tarixga ega ekanligi aniqlangan. Quyida ushbu surishtiruvning tarjimasini e'tiboringizga havola etamiz.

Yangi ochiq O‘zbekiston uchun xayoliy xorij investorlari

Toshkentdagi yirik qurilish loyihasi mamlakatni g‘arb kapitali uchun ko‘z-ko‘z qilishga mo‘ljallangan. Bizning surishtiruvimiz asosiy investorlar “uy”ga ancha yaqin bo‘lishi mumkin, degan xulosaga asos bermoqda.

“Toshkent siti”ning 3-blokidagi har biri o‘ttiz qavatli ikkita bino dizaynining loyihasi. Manba: Tashkent City.

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning vafotidan ikki yil o‘tib, avval yopiq bo‘lgan mamlakat xalqaro investorlar uchun ochiq bo‘lishga qiziqish bildirdi. Entuziastlar buni “o‘zbek bahori”, mamlakatning yangi rahbari Shavkat Mirziyoev rahbarligidagi yangi ibtidosi sifatida baholamoqda. Boshqalar esa Markaziy Osiyoning mazkur davlatidagi sust va noizchil sur'atdagi liberal islohotlar xorijiy kapitalni jalb etish uchun foydalanilayotgan parda bo‘lishi mumkinligini ta'kidlamoqda.

O‘zbekiston poytaxtidagi umumiy qiymati 1,3 milliard dollarni tashkil etuvchi, yuqori texnologiyali ishbilarmonlik markazini rivojlantirishga qaratilgan, hukumat homiyligidagi «Toshkent siti» loyihasini olib ko‘raylik. Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya va Germaniya firmalari qurilishning asosiy uchastkalarini oldi. Bu flagman loyiha, tahlilchi Dilmira Matyoqubovaning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonni siyosiy islohotlar, investitsiyalar va boshqa davlatlar bilan do‘stona munosabatlardan manfaatdor bo‘lgan mamlakat sifatida rebrending qilishga mo‘ljallangan. Loyihani shaxsan nazorat qilayotgan Mirziyoev 2017 yil oktyabrda: «Toshkent-siti» – bu o‘zimizni xalqaro hamjamiyatga namoyish etish uchun foydalaniladigan loyiha», degan edi.

Ammo «Toshkent siti»ning xorijiy investorlaridan birini yaqindan kuzatib, Markaziy Osiyo bilan chambarchas bog‘langan kompaniyalar va xususiy shaxslarning murakkab tarmog‘iga duch kelinadi. Bu esa O‘zbekistonning rasmiy OAVlari jar solgan dastlabki ijobiy xabarlarni shubha ostiga qo‘yadi. «Hyper Partners GmbH» garchi «Toshkent siti»ning 3-bloki bo‘yicha nemis investori deb e'lon qilingan bo‘lsa-da, aftidan ayni paytda firibgarlik aybi qo‘yilayotgan qozog‘istonlik tadbirkor bilan hamkorlik qiluvchi uyg‘ur ishbilarmonlariga tegishlidir. Na mana shu, na uning hamma biladigan direktorlari bilan bog‘liq boshqa kompaniyalar yirik qurilish loyihalarini bajarish tajribasiga ega emas.

O‘zbekiston hukumatining xorijiy investorlarga o‘zining xayrixohligini namoyish etish istagi jurnalistlarni «Toshkent siti»dagi tenderlarni yutgan kompaniyalar egalariga nisbatan surishtiruv o‘tkazish va aniq moliyaviy asossiz ishlayotgan kompaniyalar va xususiy shaxslarning murakkab tarmog‘ini fosh etishga undadi. Germaniyadagi huquqiy masalalar bo‘yicha ekspertlar yordamida biz chigil tugunni yechish va «Toshkent siti»ning asosiy investorlari va xorijiy pudratchilaridan biri hisoblanmish «Hyper Partners GmbH» ortida turgan tarmoqni aniqlashga muvaffaq bo‘ldik.

Nemis fronti

Germaniyada ro‘yxatga olingan va «Toshkent siti»ning 3-blokidagi har biri 30 qavatli ikkita minoradan iborat savdo markazini qurish bo‘yicha shartnoma imzolagan «Hyper Partners» kompaniyasi aslo nemislarniki emas.

Moliyaviy ma'lumotlarga ko‘ra, 2018 yil 3 avgustdan boshlab kompaniyaning yagona xo‘jayini Mustafo Polvon bo‘lgan. U 100 foiz aktsiyalarni qo‘lga kiritib, rahbarlikni qabul qilganida 18 yoshda edi. Kompaniya kapitali uni Germaniyada ro‘yxatdan o‘tkazish uchun zaruriy minimal summa – 25 000 yevroni tashkil etadi. Tekshiruvlarning ko‘rsatishicha, «Hyper Partners»ni aslida yosh Mustafo emas, balki uning qarindoshlari va biznes sheriklari boshqarishi ehtimoli bor. Ko‘rinishidan «Toshkent siti» loyihasi rahbariyatida yirik loyiha tenderi g‘olibi sifatida 19 yoshli yigitchani tanlashi uchun asos va sabablar juda kam.


19 yoshli Mustafo Polvon «Hyper Partners GmbH»ning asosiy aktsiyadori ekanini tasdiqlovchi ro‘yxat.

«Hyper Partners»ning asoschilari Valeri Volf (54 yosh) va Yevgeniy Rozenberg (61 yosh) hisoblanadi. Volf va Rozenberg qaysi millatga mansub ekani aniq emas, ammo ismining yozilishi ular kelib chiqishi rus tilli ekanini taxmin qilish imkonini beradi. Volf va Rozenberg kompaniyani 2018 yil 26 fevralda ro‘yxatdan o‘tkazgan.

Avvalroq ular ikkita boshqa kompaniyaga – 2008 yil noyabrda «W&R Handelsgesellschaft GmbH» va 2016 yil avgustda «Statuswest GmbH»ga asos solgan edilar: 2018 yil oktyabrdan buyon barcha uch kompaniya bitta manzil (Assar-Gabrielsson-Straße 10-14, Dittsenbax, Germaniya)da ro‘yxatga olingan.

Moliyaviy hisobotlarga ko‘ra, «W&R» kompaniyasi – Volf va Rozenburg o‘rtasidagi o‘n yillik sheriklik oddiy ish bo‘lmagan. Kompaniya asosan vannaxonalar uchun  tovarlar sotgan. Germaniya kompaniyalari davlat savdo reesti ma'lumotlari «W&R» kompaniyasi qarzga botib borganini ko‘rsatadi.

Anonimlik sharti bilan ma'lumotlarni tahlil qilishga rozi bo‘lgan huquq masalalari bo‘yicha nemis ekspertining aytishicha, uch yil avval qozog‘istonlik aktsiyador paydo bo‘lmaguncha «W&R» kompaniyasi bankrotlik yoqasida turgan edi.

2015 yilda Qozog‘iston fuqarosi Baurjon N.Boymuxanov «W&R» aktsiyalarining uchdan bir qismiga ega bo‘ldi va uning aktsiyadoriga aylandi. Boymuxanovning investitsiyalaridan so‘ng kompaniyaning moliyaviy muammolari kredit hisobiga yechim topdi.

Germaniya kompaniyalarining davlat savdo reesti ma'lumotlari Baurjon Boymuxanov «W&R Handelsgesellschaft GmbH» aktsiyalarining uchdan bir qismini 2015 yilda qo‘lga kiritganini ko‘rsatadi.

Germaniya davlat savdo reesti ma'lumotlariga ko‘ra, kompaniya «740 VB gg. Gesellschaftern» deb belgilangan 78 419 yevro miqdoridagi qarz haqida e'lon qilgan. Volf va Rozenbergning avvalgi qarzlari har doim «730 VB gg. Gesellschaftern» tarzida ko‘rsatib kelingan. Aktsiyador (nemischasiga «Gesellschaftern») yangi qarz bergan.

«W&R» kompaniyasi 2015 yilgi o‘z balans vedomostlarida o‘sib borayotgan qarzlarini ro‘yxatga olishni davom ettirgan bir paytda keyingi yilda qarzdorlik taxminan 70 ming yevroga qisqartirilgan, ammo kompaniya balans vedomostining daromadlar jadvaliga aniqliklar kiritilmagan. Huquqshunosning so‘zlariga ko‘ra, bu qo‘shimcha tahlillarni talab qiladi:

«Bu yerda ikki stsenariy bo‘lishi mumkin: yoki aktsiyador kompaniyaga kamida 78 419 yevro miqdorida «kredit» bergan, yoki qarzni to‘lash va'dasi bilan naqd pulsiz operatsiya shartnomasi imzolangan. Agar kredit berilgan bo‘lsa, pullar balans vedomostlariga umuman ko‘rsatilmagani g‘alati. Mabodo bu stsenariy to‘g‘ri bo‘lsa, o‘tkazib berilgan mablag‘ darhol sarflangan bo‘lishi kerak».

2016 yilda «W&R» kompaniyasining qarzi avvalgi yildagi 245 462 yevrodan 156 336 yevrogacha qisqargan.

«2016 yilda kompaniyaning qarzni kamaytirish uchun kapitali bo‘lmagan, shuning uchun savol tug‘iladi: qarzni to‘lash uchun 89 126 yevroni kim to‘lagan? Boshqacha aytganda, kompaniya orqali deyarli 90 ming yevro yashirin tarzda o‘tgan», deya xulosa qildi ekspert.

Volf va Rozenbergning sherigi Boymuxanov Xitoy biznesi manfaatlari bilan chambarchas bog‘langan qozog‘istonlik tadbirkordir. 2015-2016 yillarda Boymuxanovning Qozog‘istonda ro‘yxatga olingan «Bazis Alatau» kichik qurilish kompaniyasi Qozog‘istondagi viloyat hukumatining loyihasi tenderida ishtirok etish uchun Xitoyning «Chjonfu» kompaniyasi bilan ishlagan. Biz Qozog‘iston soliq to‘lovchilari davlat reestridagi ma'lumotlarga asoslanib uning shaxsini tasdiqlashimiz mumkin. Bu ro‘yxatda uning tug‘ilgan yili Germaniya savdo reestridagi hujjatlarga mos keladi.

Joriy yil boshida Boymuxanov hibsga olingan edi. 20 fevralda u biznes sherigi G.Nabieva bilan birgalikda ushlangan hamda qurilish va yer ijarasi bo‘yicha shartnomalar, shuningdek, Xitoy va Qozog‘iston chegarasining har ikki tomonida faoliyat yurituvchi «Xorgos» chegaraoldi hamkorlik xalqaro markazi bo‘yicha qo‘shma biznes loyihada qimor o‘yinlari uchun noqonuniy ruxsatnoma berishga urinish bilan bog‘liq 1 milliard tanga (2,4 million yevro) miqdoridagi firibgarlikda ayblangandi. 2018 yil 26 fevralda Boymuxanovning biznes sheriklari Volf va Rozenbeng «Hyper Partners GmbH» kompaniyasiga asos soldi.

Uyg‘ur aloqasi

Bu yerda tafsilotlar etnik guruhlar va tadbirkorlik aloqalari o‘zaro birlashadigan geografik nuqta – Shinjon va Qozog‘iston o‘rtasididagi chegara tomon yetaklaydi.

«Toshkent siti» yangi loyihasining tepadan ko‘rinishi. Manba: Tashkent City.

Qozog‘iston fuqarosi, etnik uyg‘ur, Dubayda yashovchi Abduqodir Habibula 2016 yil iyulda «W&R» kompaniyasining asosiy aktsiyadoriga aylandi. Habibula va Boymuxanovning har biri kompaniyaning 40 foiz aktsiyasi ustidan nazorat o‘rnatdi hamda Volf va Rozenbergga 10 foizdan aktsiyani qoldirdi. Bu bitimdan ikki hafta o‘tib Volf va Rozenberg Germaniyaning Dittsenbax shahrida yashovchi Polvon Habibulla bilan birgalikda «Statuswest GmbH» nomli yangi kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazdi. Kompaniya «W&R» bilan bitta manzilda ro‘yxatga olindi. Polvon Habibulla 20 ming yevro qiymatdagi 80 foiz aktsiyaga egalik qildi, Rozenberg va Volfning har biri esa 2 500 yevrolik aktsiyalarni nazoratiga oldi.

Polvon Habibullaning nafaqat familiyasi «W&R» boshqaruvini egallagan Abduqodir Habibulanikiga juda o‘xshaydi, balki ular bir kunda – 1964 yil 16 fevralda tug‘ilgan ham. Turli yurisdiktsiyalardagi solishtirma ilovalar va bir xil tug‘ilgan kun Polvon Habibulla va Abduqodir Habibula bitta odam bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatadi. Ammo Germaniya kompaniyalari reestrlaridagi yozuvlarning har xilligi va xatolar bu holatni qandaydir aniq ko‘rsatib berishni qiyinlashtiradi. Ushbu shaxs ismining bir necha xil variantlari butun dunyo bo‘yicha korxonalar reestrida uchraydi. Bu o‘rinda biz Qozog‘iston fuqarosi Abduqodir Habibulla ismining Buyuk Britaniya ro‘yxatga olish palatasi ma'lumotlar bazasidagi rasmiy yozilishidan foydalanishga qaror qildik.

2014 yilda Habibulla Londonda «Palwan Limited» kompaniyasiga asos soldi. «Palwan» Germaniyada yashash uchun Habibulla foydalanishi mumkin bo‘lgan, nemischada «Palvan» deb yoziladigan ismdir. Ammo Buyuk Britaniya reestrida Habibulla shu mamlakat turg‘uni sifatida ko‘rsatilgan. «Palwan Limited» faollashtirilmagan kompaniya bo‘lib, uning aktsiyadorlari orasida Habibullaning ehtimoliy qarindoshlari bor: Aybibula Palivanmuxaymaiti (1991 yil avgustda tug‘ilgan), Buyuk Britaniyada yashaydi va Xitoy fuqarosi; Rezi Maliya (1967 yil aprelda tug‘ilgan), Buyuk Britaniyada yashaydi, Xitoy fuqarosi; Aybibula Yamimaiti va Aybibula Nuerbiya.

«Palwan Limited»ning ikki aktsiyadori – Abibulla Palivanmuxaymaiti va Rezi Maliya boshqa bir kompaniya – «AKA London Trading Limited» (keyin nomi «AKA London Limited»ga o‘zgartirilgan)ning aktsiyadorlari va direktorlari hisoblanadi. Bu kompaniya 2015 yil 29 oktyabrda Buyuk Britaniyaning Kingston-apon-Tems shahrida ro‘yxatga olingan. Buyuk Britaniyada yashovchi, Xitoy fuqarosi Abibula Nuermaymaiti (1989 yilda tug‘ilgan) ham kompaniya aktsiyadorlari sirasiga kiradi.

Dubay, Qirg‘iziston, London, Germaniya va Turkiyada ro‘yxatga olingan kompaniyalarni nazorat qiluvchi bu direktorlar va asosiy aktsiyadorlar Xitoy va Qozog‘iston pasportlariga ega. Ular butun Yevropa va Osiyoda turli yurisdiktsiyalar va investitsion imkoniyatlardan foydalanuvchi, turli mamlakatlarda yashovchi xalqaro uyg‘ur jamoatchiligi vakillaridir. Ochiq ma'lumotlarga ko‘ra, 2015-2016 yillar oralig‘ida «AKA London Trading» Abduqodir Habibula (Habibulla ismining orfografik xato bilan yozilgan ko‘rinishi bo‘lishi mumkin, chunki ma'lumotlarda u «AKA London Trading Limited» direktorlari bilan bog‘langan tomon sifatida ko‘rsatilgan) ismli shaxsdan qariyb 2 million funt sterling qarz olgan.

Shuningdek, 2015-2016 yillar oralig‘ida Buyuk Britaniyaning bu kompaniyasi Turkiyada ro‘yxatga olingan, uyg‘ur guruhlari bilan bog‘liq «Palvan Insaat Turizm Lojistik San. TIC. Ltd» kompaniyasidan ham 7,1 mln funt sterling qarz ko‘targan. Turkiyaning «Sariq sahifalar» biznes ma'lumotnomasidan olingan axborotga ko‘ra, Buyuk Britaniyaning «Palwan Limited» kompaniyasi rahbari Aybibula Palivanmuxaymaiti Turkiyaning ushbu kompaniyasi boshlig‘i sifatida ro‘yxatga olingan. «Palvan Insaat» kompaniyasi Istanbulning turar joy tumanlaridan birida joylashgan. Google Streetview dagi ko‘rinishlar va sinchiklab o‘rganishlar ushbu manzil bo‘yicha birorta biznes faollikni ko‘rsatib bera olmadi.

https://cdn.opendemocracy.net/files/imagecache/article_xlarge/wysiwyg_imageupload/555493/Picture%209.png
«Palvan Insaat Turizm Lojistik San. TIC. Ltd» manzili. Manba: Google Streetview.

Habibulla va «Palwan Limited»ning boshqa ikki aktsiyadoriga tegishli bo‘lgan Dubaydagi «AKA International DMCC» sho‘'ba korxonasi bu turmoqdagi chindan ham mavjud ko‘chmas mulkka ega bo‘lgan yagona kompaniya hisoblansa ajabmas. Haqiqatan ham bu kompaniya Qirg‘izistondagi yuqori texnologiyali «Bishkek Smart City» loyihasiga sarmoya kiritgan. Hukumatning bu loyihasi yo‘l harakatini xavfsizligini ta'minlash va shaxs yuzini aniqlashni ta'minlash uchun kameralar o‘rnatishga yo‘naltirilgan. Qirg‘iziston hukumatining bildirishicha, loyihaning asosiy investori Xitoyning «Beijing China Veterans Lingxin Capital Management» davlat investitsiya jamg‘armasi bo‘lib, uning amalga oshirilishini «Huawei Technologies» ta'minlaydi. 2018 yil yanvarda imzolangan bitimga ko‘ra, «Beijing China» jamg‘armasi 51 million dollar investitsiya ajratadi. Qirg‘iziston hukumati qolgan mablag‘ni (9 million dollar) ajratishi kerak edi, ammo so‘nggi daqiqalarda pul ajratishni rad etdi. Qirg‘iziston Respublikasi Investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish agentligi direktorining so‘zlariga ko‘ra, «Huawei» kompaniyasi loyihaga investitsiya kiritishga tayyor bo‘lgan yangi sherikni – Qirg‘izistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan «AKA Invest» kompaniyasini tanlagan.

Ayni paytda Qirg‘izistonning «Kloop.kg» va «Respublika KG» saytlari «AKA»ning investitsiyalari va egalarini o‘rgandi. «Kloop.kg» xodimlari «AKA Invest» kompaniyasi vakillariga murojaat etganida ular kompaniya Dubaydagi «AKA International DMCC»ning sho‘'ba korxonasi ekanini, uning egalari etnik uyg‘urlar – qozog‘istonlik Abduqodir Habibulla hamda xitoyliklar Abibula Nuermaymaiti va Abibulla Palivanmuxaymaiti ekanini ma'lum qildilar. «AKA Invest» Qirg‘iziston poytaxti Bishkekdagi kafe manzilida joylashgan. «Siz savollaringizni kafedagilarga berishingiz mumkin, ular esa bizga aytadi», dedi kompaniya vakili jurnalistlarga. Bu holat shaharni rivojlantirishning yuqori texnologiyali loyihasiga 9 million dollar investitsiya kiritish uchun asosning ishonchsiz ekanidan dalolat beradi. Qolaverersa, uyg‘ur tadbirkorlari boshqa loyiha – “Toshkent siti”ga ham mablag‘ yotqizmoqda.

Volf va Rozenberg nemis kompaniyalarining kimligi ma'lum direktorlari sifatida maydonga chiqayotgan bir paytda Polvon Habibulla 2016 yilda «Statuswest»ning 60 foiz aktsiyasini qo‘lga kiritdi. Germaniya kompaniyalarining davlat reestridagi ma'lumotlarga ko‘ra, 2016 yilda «Statuswest» noma'lum manbadan 500 000 yevro miqdorida qarz olgan. Aktivlar yetishmovchiligini hisobga olganda qarz Volf va Rozenbergdan olinganiga ishonish qiyin. Qarz olingandan so‘ng Khabibulla/Habibullah [Habibulla familiyasining ikki varianti] hujjatlarda kompaniyaning 60 foiz aktsiyasi egasi sifatida namoyon bo‘ladi.

2017 yildan 2018 yilgacha bo‘lgan oraliqda bu kompaniyalar ustidan nazorat Habibullaning oila a'zolari, Volf va Rozenbergga berildi. Ayni paytda «W&R» Volf va Rozenberg ismli o‘ttiz yoshli ikki erkakka tegishlidir. 2018 yil avgustdan boshlab «Hyper Partners»ning asosiy aktsiyadori 19 yoshli Mustafo Polvon bo‘lib qoldi.


Germaniya savdo reestriga ko‘ra, «W&R Handelsgesellschaft GmbH»ning aktsiyadorlari.

Korruptsiyaga qarshi kurashchi va aktivlarni musodara qilish va qaytarish to‘g‘risidagi yaqinda e'lon qilingan hisobot muallifi Tomas Meyn quyidagilarni gapirdi:

«Bu ma'lumotlar loyihaning haqiqiy, ya'ni benefitsiar egalarini xorijda ro‘yxatdan o‘tkazilgan kompaniyalar yordamida yashirish qanchalik oson ekanini ko‘rsatadi. Loyiha, so‘zsiz, juda ko‘p xavotirli signallar bermoqda: mablag‘ manbasi noma'lum, «Toshkent siti» savdo markazi loyihasi uchun javobgar bo‘lgan kompaniyaning haqiqiy benefitsiari 19 yoshli o‘smir ekaniga ishonish esa qiyin».

Nemis kompaniyalarining ushbu tarmog‘idan kreditlash va naqdlashning murakkab tsikllariga ega noshaffof investitsiyalar uchun qobiq sifatida foydalanilgan bo‘lishi ehtimoli bor. «Hyper Partners GmbH»ning investor va aktsiyadorlari bo‘lmish Abduqodir Habibulla va boshqa tadbirkorlarni aniqlashning qiyinligi tasodifiy bo‘lmasligi mumkin.

Ularning shaxsi va ushbu loyihaga aloqadorligi Kloop.kg va boshqa kuzatuvchilar tomonidan boshlangan surishtiruvlarga javoban o‘tkazilgan o‘rganishlarga javob bo‘lishi haqiqatga yaqin. Xuddi shunday, Boymuxanovning «W&R»da tutgan o‘rni va joriy yilning fevralida u firibgarlikda ayblanib hisbga olinganidan bir haftadan kamroq vaqt o‘tib «Hyper Partners»ning ro‘yxatga olinishi uning loyihalar va ushbu kompaniyalarning noma'lum benefetsiarlari o‘rtasidagi vositachi sifatidagi roli barbod bo‘lganidan darak berishi mumkin.

Yevropa va Markaziy Osiyodagi yirik moliyaviy jinoyatlarga oid ishlar bo‘yicha o‘n yildan ortiq tajribaga ega bo‘lgan ekspert mazkur ishni anonimlik sharti bilan sharhlashga rozi bo‘lib, soxta nemis kompaniyalari shubha uyg‘otishini aytdi.

«Nemis kompaniyalarining tavakkalchilik darajasi yuqori bo‘lgan yurisdiktsiyalardan kelayotgan ta'minlanmagan shaxsiy qarzlar hisobiga moliyalanishining tijoriy asoslari kishini ajablantiradi. Ma'lumotlarga ko‘ra, ta'minlanmagan bunday zaymlardan keladigan pullar keyinchalik Germaniyadan O‘zbekistonga yo‘naladi. Investitsiyalarning yakuniy benefitsiarlari anonimligini kafolatlashni hisobga olmaganda bunday bitimlardan nima foyda bor», deydi ekspert.

Markaziy Osiyodan kelayotgan mablag‘lar nemis kompaniyalari orqali yana Markaziy Osiyoga qaytadi. Ayni paytda bu mablag‘lar Toshkentga «Hyper Partners»ning investitsiyalari orqali qaytib, O‘zbekistonga yo‘naltiriladi. Ikkita muhim savol ochiq qolmoqda: nega uyg‘ur tadbirkorlari o‘z kompaniyalarini bunday yo‘l bilan tuzdilar? Bu odamlar zanjirning so‘nggi bo‘g‘inimi yoki ular pul oqimining ortida turgan boshqa shaxslar uchun yana bir parda vazifasini o‘taydimi?

https://cdn.opendemocracy.net/files/imagecache/article_xlarge/wysiwyg_imageupload/555493/DSC_0736_0.JPG

«Toshkent siti» loyihasi uchun imoratlarning buzilishi.


Global tavakkalchiliklar bo‘yicha konsalting kompaniyasi bo‘lmish «Control Risks»ning Rossiya va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bo‘yicha katta sherigi Tim Stenlining so‘zlariga ko‘ra: «Asosiy investitsiya loyihalari ishtirokidagi ehtimoliy firibgarona investitsiya sxemalariga oid ushbu surishtiruv investorlar va donorlik hamjamiyatlariga ular tegishli huquqiy tekshiruvlarni o‘tkazmasa yoki uchinchi tomonning tavakkalchilarini aniqlash va oldini olish bo‘yicha zaruriy choralarni ko‘rmasa, tavakkalchiliklar kelib chiqishi mumkinligining o‘z vaqtidagi eslatmasidir».

«Bu ma'lumotlar muayyan nemis kompaniyalari orqali kelayotgan mablag‘larni tekshirishi lozim bo‘lgan Germaniya hukumati oldiga juda ko‘p savollarni qo‘yadi. Agar O‘zbekiston hukumati xorijiy investitsiyalarni jalb etishga jiddiy yondashsa, u bunday loyihalarga talabgor bo‘layotgan kompaniyalarning benefitsiar huquqlari haqidagi barcha ma'lumotlarni nafaqat to‘plashi va tekshirishi, balki bunday axborotlarning ochiq bo‘lishini ham ta'minlashi kerak», dedi Tomas Meyn.

Xullas, «Toshkent siti» nafaqat o‘smir investorni qabul qilgan, balki ayni paytda 1 milliard tanga (2,4 million yevro) miqdoridagi firibgarlik aybi qo‘yilgan qozog‘istonlik tadbirkor bilan yaqin aloqadagi kompaniyalar va bir necha millionlab fut sterling shaxsiy kreditlar beradigan faol va nofaol qator kompaniyalarni tamsil qiluvchi uyg‘ur sarmoyalari bilan ishlashga qaror qilganga o‘xshaydi. Ehtimol Rozenberg va Volf kompaniyalarining ochiq auditini talab qilib vaqti kelgandir.

«Open Democracy» onlayn resursi jurnalistlari munosabat olish uchun «Hyper Partners GmbH», «Statuswest GmbH», «W&R Handelsgesellschaft GmbH» va «Toshkent siti» xalqaro biznes markazi bilan bog‘landi, ammo birorta javob ololmadi.

«Eltuz» tarjimasi. Maqolaning ingliz tilidagi originalini «Open Democracy» sayti orqali o‘qishingiz mumkin

Tag‘in o‘qing
13 fevral 2020
Anvar Obidjonning 1983 yil yozilgan «Ey, yorug‘ dunyo!» kitobi mazmuni ba'zi jihatlari bilan shu bugungi O‘zbekistonda yuz bergan voqealarga ...
16 oktyabr 2019
“Bizdan jiz-z!”ning bugungi sonida Shvetsiyada yashovchi o‘zbek faoli Do‘stnazar Xudoynazarov “Eltuz” muxlislari uchun pishloqli sharchalar (sыrniki) qanday tayyorlanishini namoyish ...
19 iyun 2023
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi maktublarni o‘qiymiz. Bu safar ularni o‘qishda va tanlashda sun'iy intellekt mansublari bo‘lgan Uyg‘un Egamberdi va ...
17 dekabr 2019
10 dekabr kuni toshkentlik 35 yoshli Amir Sharifullin ikki noma'lum shaxs tomonidan mashinada o‘g‘irlab ketilgan va qandaydir qo‘riqlanadigan joyga ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...