ART-DURBIN
13 fevral 2020

Anvar Obidjonning bugunni eslatuvchi asari

Anvar Obidjonning 1983 yil yozilgan «Ey, yorug‘ dunyo!» kitobi mazmuni ba'zi jihatlari bilan shu bugungi O‘zbekistonda yuz bergan voqealarga ham juda o‘xshaydi.

O‘zbek adabiyotining zabardast yozuvchisi Anvar Obidjon 25 yanvar kuni 72 yoshga to‘ldi. U 1947 yilning 25 yanvarida Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida tug‘ilgan edi. 

Uning «Ey, yorug‘ dunyo!» kitobida o‘xshash voqealardan tashqari, odamlar tabiatidagi ta'magirlik, laganbardorlik, maddohlik ko‘rinishlari bugungi kun zehniyati kabi aks etgan.

Alamazon ismli asar qahramoni nomidan bayon qilingan qissa ikki oshnaning Jandag‘orda adashib qolishlaridan boshlanadi.

1983 yili chop qilingan kitob muqovasi

Yulduzistonda hokimiyat almashuvi

Ular adashib-adashib, g‘or orqali Yulduziston deb atalgan yer osti saltanatiga kelib qoladilar.

Fe'lidagi qo‘polligi, ta'magirligi va maqtanchoqligi bilan bugungi kun mentlaridan qolishmaydigan ikki mirshab – Tirtiq va Shilpiq ularni josuslikda gumonlab, so‘roq qiladi.

Humo Xartum – asardagi e'tiborga loyiq ijobiy qahramonlarning biri.

U Qo‘tir To‘rtinchi davrida tug‘ilgan «mirzaterakdek ingichka bir chol».

Qo‘tir Oltinchi vafotidan keyin iqtidorga kelgan Isqirt Birinchi davrida uni yangi qoidalarga rioya etmagani uchun jinniga chiqarishib, hukumat ishlaridan chetlatishgan.

Eshakka sig‘inadigan xalq

Kitobni rassom T. Redkina va V. Nemirovskiy bezagan

Isqirt Birinchi mamlakat hukmdori Qo‘tir Beshinchi vafotidan so‘ng qo‘tirlar sulolasini tugatib taxtga o‘tiradi.

Iflosliklarni yaxshi ko‘rgani uchun butun mamlakat xalqini isqirt yurishga majburlaydi.

Pokiza yuradiganlar zindonlarga tashlanadi, tavba qilib, isqirt bo‘lishga va'da berganlargina ozod etiladi.

Yulduzistonliklar ongiga zo‘ravonlik bilan jirkanch odatlar singdirilgan.

Barcha ma'rifatli, adolatparvar, xalqparvar pok kishilar Yulduzistonning chekka Ajdarobod viloyatiga quvg‘in qilingan.

Chunonchi, Isqirt Birinchi go‘daklik chog‘ida eshak emib qo‘ygan.

Shahzoda va podshoh oilasini bu isnoddan qutqarish uchun shahzodani payg‘ambar, eshakni esa zo‘rlab xudo deya e'lon qilganlar.

Odamlarni eshakka sig‘inishga majbur etganlar.

Saroy maddohlari

Kitob illyustratsiyasi. Rassom: T. Redkina

Oldin o‘tgan podshohni ulug‘lagan shoir Dutoriy endi mamlakatning yangi rahbari Isqirt Birinchiga atab she'rlar yoza boshlaydi:

Yuvilmagan betingiz muncha chiroyli,
mog‘or bosgan etingiz muncha chiroyli.
U yoningiz kir erur, bu yoningiz kir,
Oldingizu ketingiz buncha chiroyli.

Yoki

Ey, Dutoriy, onangga suykanmag‘il ko‘p,
Sening pushtipanohing Isqirt Birinchi.

Hukmdor g‘azabidan qo‘rquv shu darajada bo‘lganki, Alamazonning safardagi sodiq do‘sti Eshmat Ishma ham zindonband bo‘lishdan qo‘rqib Isqirt Birinchini ulug‘lashga kirishadi:

Yashasin Isqirt Birinchi,
Isqirt Birinchi yashasinlar!
Toza yurgan xumboshlarni
qamoqqa guldurgup
tashlasinlar!

Kitob illyustratsiyasi. Rassom: T. Redkina

Saroy amaldorlari

Xufiya ishlar boshlig‘i Fisqiddin Makru Maraz har qanday shaxsga josuslik aybini qo‘yib, qamatishga tayyor amaldor.

Lekin yangi podsho davrida Isqirt Birinchining amakisi – bosh vazir Burbulitning obro‘si undan balandroq.

Endilikda maxfiy xizmat boshlig‘i Fisqiddinning obro‘si yaqinda mamlakatga qozikalon bo‘lgan Hoshim Xeziddin darajasida.

Shuningdek, ulardan bir tish pastda bosh ayg‘oqchi Isom Ittu Iskabtopar, ikki mirshab – Shilpiq bilan Tirtiq turadi.

Ularning barchasi mamlakat rahbarining bema'ni yo‘riqlarini olqishlab martabali bo‘lishgan.

Alamazon va uning piyodalari

Mana shunday istibdod, g‘aroyib odatlar hukm surgan yer osti o‘lkasiga tushib qolgan asar qahramoni Yulduzistonni adolatsizliklardan qutqarish istagini amalga oshirishga kirishadi.

U mavjud rejimni achchiq hajv qiluvchi «Bay-bay-bay» ansamblini tashkil etadi:

Shohning bitta siri bor,
Yetti qavat kiri bor,
Burbulitga ulfatdir,
El boshiga kulfatdir.

Kerilib gap sotarmish,
Burnin birov artarmish.
Haddan oshdi tirmizak,
O‘nglanmaydi urmasak.

Bay-bay-bay!

deya qo‘shiq aytadi Anvar Obidjonning quvnoq qahramonlari.

Toshtaqalik Alamazon shu tariqa mutoyiba aralash zo‘r fantaziya ko‘rsatib, xalqni kurashga otlantiradi, ularning ongini uyg‘otib, g‘alaba qozonishga erishadi.

Kitobning onlayn nusxasini bu yerda o‘qish yoki ko‘chirib olish mumkin.

Akmal Rizaev
O‘zbekistonlik muallif taxallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
23 aprel 2018
Ayni kunlarda Toshkentdagi umumta'lim maktablarida turniket o‘rnatish keng ko‘lamda, aksariyat hollarda majburiy tarzda boshlab yuborilgan. Xabarlarga ko‘ra, maktablarga turniket ...
30 yanvar 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 40-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.) “Erkni istagan ruh ...
18 may 2020
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi mulozimasi Mariya Zaxarova «rasmiy idoralarda o‘zbek tilining majburiy qilinishini kamchilik yoqlayotgani»ni yozg‘irgani ortidan tarmoqdagi mo‘'tadil ...
28 dekabr 2019
Kelayotgan yilning fevral oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Rossiyaga kutilayotgan tashrifi chog‘ida mamlakat uchun hayotiy masalalar muhokama qilinadi.  Bu ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...