Asosiy mavzular
15 fevral 2019

DXX xodimi Mirziyoevni hokimiyatdan bosqichma-bosqich ag‘darish rejasi haqida

Bugunga qadar «Eltuz» tahririyati DXX rahbariyatidagi o‘zgarishlar haqidagi silsila maqolalariga biror rasmiy izoh ola olgani yo‘q. Shunga qaramay, tahririyat olingan keyingi ma'lumotlarni nashr etishga qaror qiladi va muqobil ma'lumotlarni taqdim eta oladiganlar bilan gaplashishga tayyorligini bildiradi.

“Eltuz” bu gal MXX xodimi yo‘llagan elektron maktubni imloviy xatolarini to‘g‘rilagan va qisqartirgan holda berishga qaror qildi.

Bunga O‘zbekiston DXXsida oxirgi kunlarda yuz berayotgan voqealar va ularning jamoatchilik hamda mamlakat kelajagi uchun nihoyatda dolzarbligi sabab bo‘ldi.

Avval Ixtiyor, keyin Sharif

O‘zbekistonning birinchi prezidenti vafot etganidan so‘ng prezident kim bo‘ladi, degan savol birinchi navbatda turardi va natijada Shavkat Mirziyoev prezident bo‘lishiga kelishildi. O‘shanda mamlakatimizdagi eng qudratli ikki shaxs – Rustam Inoyatov va Zelimxon Haydarov bo‘lajak prezidentga ikki shartni qo‘yishdi:

  1. Barcha davlat ishlarini ular bilan maslahatlashgan holda bajarish;
  2. Ular va ularning oila a'zolari daxlsizligi kafolatini berish.

Shavkat Mirziyoev prezident etib saylangandan keyin davlatimiz ravnaqi va xalqimiz turmushini yaxshilash maqsadini ko‘zlab tub islohotlarni boshlab yubordi. Lekin bu ikki shaxs ko‘plab masalalarda prezidentimizning tashabbus va qarorlariga qarshilik ko‘rsata boshlashdi. Bu qarshilik, ayniqsa, ular o‘z lavozimlaridan chetlatilganlaridan keyin juda kuchaydi. Ular sabotaj usullaridan ham chekinishmadi. Ba'zi hollarda buning uddasidan ham chiqa bilishdi.

Prezidentning shaxsan o‘zi qabul qilgan qarorlari turli bahonalar bilan bekor qilingani bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Shu bilan birga, prezident Shavkat Mirziyoev ozod etgan inson huquqlari faollari, siyosiy va diniy mahkumlar hamda biznesmenlarning reabilitatsiya qilishni so‘rab yozgan arizalari qondirilmadi.

Tezkor ma'lumotlarga ko‘ra, Rustam Inoyatov prezident sayloviga qadar davlat rahbarining obro‘yini to‘kish va hokimiyatda prezidentga ko‘mak beradigan rahbarlarni chetlatib, o‘zlariga sodiq bo‘lgan shaxslarni tayinlash rejasini tuzib chiqqan. Keyingi prezidentlikka ular Ixtiyor Abdullaevni tayyorlashgan. U bir muddat prezident bo‘lgach, hokimiyatni Rustam Inoyatovning o‘g‘li Sharif Inoyatovga topshirish kelishuvi bo‘lgan.

Yomonotliq qilishning 7 bandi

Shavkat Mirziyoevni hokimiyatdan chetlatish rejasi quyidagi bandlardan iborat bo‘lgan:

1. Saylovga qadar yirik miqdorda mablag‘ tayyorlash;

2. Xalqni Mirziyoevga qarshi qilish;

3. Tadbirkorlarni prezidentga qarshi qilish;

4. Dindorlarni prezidentga qarshi qilish;

5. Terrorizm tahdidi bilan prezidentni qo‘rqitish;

6. Xorijiy o‘lkalarda Shavkat Mirziyoev imijini buzish;

7. Rossiya bilan munosabatlarni buzish.

1, 2 va 3-bandlarni bajarish uchun yangi soliq qonunini qabul qilishdi. O‘zlarining odamlari bo‘lmish bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov va soliq qo‘mitasining raisi Bekzod Musaev strategiyasi asosida ishlab chiqilgan bu qonun oldindan tadbirkorlar va oddiy xalqqa juda katta qiyinchilik tug‘diradigan va tadbirkorlik sub'ektlari keskin kamayib ketishiga qaratilgan edi.

Qonun loyihasida Gruziya va Turkiya soliq siyosati samarali ekani ko‘rsatilgan, ammo amalda unga ko‘plab o‘zgartirishlar kiritilgan edi. Ushbu qarorning salbiy oqibatlari hozirdanoq o‘z ta'sirini ko‘rsata boshlagan – davlat byudjetiga tushum tobora ozayib bormoqda. Bu holat yil oxiriga qadar davom etsa, vaziyatni o‘nglash uchun kamida o‘n yil kerak bo‘ladi. Ammo real ahvolni prezidentdan berkitib kelishmoqda.

1, 4, 5, 6 va 7-bandlarni shaxsan Ixtiyor Abdullaevning o‘zi zimmasiga olgan. Bu ishlarda unga ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Davron Nazarmuhamedov, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Murod Azimov yordamchilik qilganlar.

Shavkat Mirziyoevga terorizm xavfi kuchayib borayotgani haqida Ixtiyor Abdullaev bir necha marotaba ma'lumot bergan va bu ma'lumotlarni Ichki ishlar vazirligi tasdiqlagan. Agarda DXXda hozirgi kundagi tozalashlar bo‘lmaganida mamlakatda saylovga yaqin qolganda bir nechta terrorchilik harakatlari Ixtiyor Abdullaev va uning jamoasi tomonidan tashkillashtirilar edi.

Bunday reja hozirda hibsga olingan DXX raisining maslahatchisi Alisher Eshonxo‘jaev va DXX raisining birinchi o‘rinbosari Jahongir Egamov tomonidan ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, rejaga muvofiq, Alisher Eshonxo‘jaev narkotrafik tashkil qilib, yig‘ilgan mablag‘larni prezident saylovi davomida Shavkat Mirziyoevga qarshi ishlatishi kerak edi.

Ixtiyor Abdullaev topshirig‘i bilan DXX tomonidan barcha masjidlarda, shuningdek, diniy oliygohlar va o‘qish markazlari rahbarlari va ziyolilarga qarshi hujumlar tashkil qilindi.

Bunday hujumlardan faqat bitta maqsad ko‘zlangan edi – aholining dindor tabaqasini prezidentga qarshi qilish.

Ommaviy axborot vositalari orqali turkum ko‘rsatuvlar va eshittirishlar tashkillashtirilib, prezidentning diniy erkinliklarga oid va'dalari shunchaki xo‘jako‘rsinga ekani targ‘ib etildi.

Chet ellardan kelgan investorlarning loyihalarini ataylabdan o‘tkazmaslikka harakat qilindi. Vazirlar Mahkamasining investorlarni jalb qilishdagi ta'siri va roli susaytirildi.

Xorijiy o‘lkalar, ayniqsa, Rossiya rahbariyati va Shavkat Mirziyoev o‘rtasidagi munosabatlarni buzishni shaxsan Zelimxon Haydarov o‘z zimmasiga olgan.

Eltuz izohi

DXX zobiti yo‘llagan navbatdagi maktubni “Eltuz” tahririyati mutlaq haqiqat deb hisoblamaydi. Ammo zobitning hozirgacha bergan ma'lumotlari o‘zining to‘liq tasdig‘ini topganligi uchun maktubning samimiyligini ham inkor qilib bo‘lmaydi.

Hozirgacha DXX zobiti “Eltuz”ga yetkazgan ma'lumotlar, jumladan, xavfsizlik xizmatining yuqori martabali rahbarlari qamalgani haqidagi faktlar o‘z isbotini topdi.

Ushbu maktub nashrga tayyorlanayotgan paytda “Eltuz”ning hukumatdagi yana bir manbasidan ma'lumot keldi. Bu ma'lumotlarga ko‘ra, DXX sobiq raisi Ixtiyor Abdullaev 11 fevral kuni qamoqqa olingan. U hozir DXX tergov izolyatorida saqlanmoqda. Shuningdek, DXX sobiq raisining kuchishlatar tizimlarida ishlaydigan barcha qarindoshlari qo‘lga olingan.

Ayni paytda “Eltuz” o‘z manbalarining konfidentsiallik kafolatini saqlaydi va boshqa tomonlar uchun ham ochiqligini bildiradi.  

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 sentyabr 2018
Shunday qilib… bugun men Oybek uy muzeyiga, shoir va vatanparvar Rauf Parfining 75 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy kechaga bordim. Frantsiya ...
23 may 2019
2019 yilning 3 mayida prezident imzolagan va matbuotda e'lon qilingan qonunda O‘zbekistondagi barcha haydovchilar malaka oshirish sertifikati olishi kerakligi ...
16 yanvar 2023
Rassom Tuz @eltuz
7 iyun 2016
Farg‘ona shahrining Farg‘onadagi istirohat bog‘ida o‘tkazilgan Pushkin tavalludiga bag‘ishlangan tadbir Shekspirning “Romeo va Juletta” asari asosida sahnalashtirilgan tomosha bilan ...
Bloglar
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...