Asosiy mavzular
9 dekabr 2020

O‘zbekiston hukumati musodara qilingan aktivlarni mas'uliyat bilan boshqara oladimi?

O‘g‘irlangan va xalqaro maydonga olib chiqib ketilgan aktivlarni o‘z mamlakatiga qaytarish korruptsiyaga qarshi global kurashning muhim vositasidir. 

Bu kleptokratlar va jinoyatchilar o‘margan aktivlarni chet el yurisdiktsiyalarida saqlashga urinayotganlarni hushyor torttiradi va jabrdiylarga mazkur mablag‘larni qaytarish imkoniyatini oshiradi. 

Ammo hukumatlar va ularga yaqin doiralarning korruptsion jinoyatlaridan jabrlangan xalqqa o‘g‘irlangan aktivlarni qaytarish jarayonining o‘zi juda murakkabligicha qolmoqda.

Shuning uchun noqonuniy aktivlarni qaytarish bilan bog‘liq xavf-xatarlarni boshqarish va ularning zarar ko‘rgan jamiyatlarga foyda keltirishini ta'minlash maqsadida tobora ko‘proq xalqaro mezonlar ishlab chiqilmoqda. 

Bu mezonlar Aktivlarni qaytarish bo‘yicha ko‘p tomonlama global forum (Global Forum on Asset Recovery) tomonidan ishlab chiqilgan Musodara qilingan o‘g‘irlangan aktivlarni korruptsiya holatlarida tasarruf etish va topshirish tamoyillari (GFAR principles)da o‘z aksini topgan.

Olster universiteti kriminologiya yo‘nalishi professorlari Kristian Lasslett va Devid Stanchak tomonidan tayyorlangan hisobotda ushbu tamoyillar bilan bog‘liq jarayonlar tahlil etilgan. 

Ularning bildirishicha, GFAR tamoyillari aktivlarni qaytarish bilan shug‘ullanuvchi tomonlardan yuqori shaffoflik va hisobdorlik standartlariga rioya etishni va fuqarolik faolligini talab qiladi. 

Shuningdek, tamoyillardan birida qaytarilgan aktivlardan korruptsiya natijasida yetkazilgan zararni qoplashga yordam beradigan tarzda foydalanish va o‘g‘irlik qayta takrorlanishining oldini olish tavsiya qilinadi.

Oddiy qilib aytganda, repatriatsiya qilingan aktivlarni qaytarish bilan bog‘liq jarayonlar to‘liq shaffof bo‘lishi kerak. Bu mablag‘larni boshqaruvchi davlat va nodavlat tashkilotlar jamiyat oldida to‘liq javobgar bo‘lishi shart.

Qaytarilgan aktivlar yetkazilgan zararni imkon qadar qoplashi va korruptsiyaga qarshi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi muhimdir. 

E'tiborli jihati, jabrlangan odamlar qaytarilgan mablag‘lardan foydalanish qarorini qabul qilishda o‘z ovoziga ega bo‘lishi katta ahamiyat kasb etishi kerak.

Hisobot mualliflari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning bozorni liberallashtirish va davlat xizmati professionalligini oshirishga qaratilgan islohotlarini e'tirof etar ekan, hukumatning GFAR mezonlariga mosligiga e'tibor qaratadi. 

Bunda o‘rganish uchun Karimova, uning sheriklari yoki aloqador shaxslardan tortib olingan kompaniyalar – “Central Asia Megastar” MChJ (bojsiz savdo va marketing), “Neftgazmontaj” MChJ (neft va gaz sohasidagi qurilish), “MDS-Servis” MChJ (xususiy poliklinika va tez yordam), “Rubicon Wireless Communication” MChJ (telekommunikatsiya) va “Terra Group” MChJ (mediaxolding) tanlab olindi. 

Ma'lum bo‘lishicha, ushbu korporativ aktivlarning bir qismi, masalan, “Central Asia Megastar” va “Neftgazmontaj” davlat mulki bo‘lib qolmoqda.

“MDS-Servis Clinic” MChJ esa 2018 yilda sud qarori asosida kim oshdi savdoda sotilgan. “Rubicon Wireless Communication” MChJ hozir davlat tasarrufida, ammo yaqinda Prezident farmoni bilan ommaviy kim oshdi savdoga qo‘yilgan. “Terra Group” yoki uning aktivlari to‘g‘risida ommaviy ma'lumotlar esa kam.

Mualliflar tadqiqoti “MDS-Servis” xususiy shifoxonasi va tez yordam xizmati bilan bog‘liq kim oshdi savdodagi shubhali jihatlarni aniqladi. Bu savdoda “InFinBank” bilan bog‘liq “Master Leasing” xolding kompaniyasi g‘alaba qozongani ma'lum bo‘ldi. 

Xavotirlarga sabab bo‘ladigan jihati shundaki, Karimova sindikati ilgari ham o‘z harakatlari uchun shu bankdan foydalangan. Boshqa tomondan, bu bank bilan bog‘liq tuzilmalarning faoliyati shubhali ekani haqida ko‘plab iddaolar bor. 

Masalan, “InFinBank”ning asosiy egalaridan biri sifatida ko‘riladigan Farhod Mamatjonovga aloqador ekani aytiladigan “Swiss Invest Holding AG” kompaniyasining Rossiya va O‘zbekistonda jinoyatchilik va korruptsiyaga aloqadorligi to‘g‘risida jiddiy dalillar keltirildi. 

Tadqiqot davomida aniqlangan ikkinchi muammo aktivlarni musodara qilish va ularni boshqarish bo‘yicha shaffoflikning yo‘qligidir. Sud qarorlari jamoatchilikka ochiq emas va auktsion lotlariga havolalar ishlamadi. Hukumat musodara qilingan ushbu korporativ aktivlar, ularni boshqarish yoki sotish bo‘yicha muhim hujjatlarni nashr etmadi.

Ushbu xulosalarga asoslanib, O‘zbekiston hukumati Karimova sindikatidan musodara qilingan ichki aktivlarni boshqarishda oshkoralik, hisobdorlik va inklyuzivlikning asosiy mezonlariga tubdan rioya qilmayapti, degan xulosaga kelish oqilona bo‘lar edi. 

Bu hukumatning xalqaro aktivlarni qaytarish tamoyillariga javob berish qobiliyatini baholash uchun eng aniq mezon ekani va ichki qonunbuzarliklar naqadar qo‘pol bo‘lganini hisobga olgan holda tadqiqot mualliflari aktivlarni qaytarish jarayonini ta'minlashda uchinchi tomon mexanizmidan foydalanishni qat'iy tavsiya qiladi.

Tavsiyaga ko‘ra, masalan, musodara qilingan o‘g‘irlangan mol-mulkni mustaqil sudlarga kirish imkoniyati mavjud bo‘lgan qat'iy korporativ shaffoflik va korporativ boshqaruv to‘g‘risidagi qonunlar bilan tartibga solinadigan yurisdiktsiya tarkibiga kiruvchi mustaqil notijorat kompaniyaga yoki O‘zbekistondan tashqarida tuzilgan trastga o‘tkazish mumkin. 

Albatta, uchinchi tomon yordamida shaffoflik, hisobdorlik, nazorat va inklyuzivlik protokollari bilan amalga oshirilgan bir qator muvofiqlashtirilgan tashabbuslar orqali o‘g‘irlangan aktivlarni bosqichma-bosqich qaytarish mumkin bo‘ladi.

Uchinchi tomon mexanizmi qo‘shimcha xarajatlarni talab etadi. Shunga qaramay, hisobot mualliflari Karimova sindikatidan tortib olingan ichki aktivlarni boshqarishda asosiy korporativ boshqaruv standartlari aniq buzilgan bo‘lsa, ushbu mexanizmni istisno variant tarzida qo‘llash muhim bo‘lishini ta'kidlamoqda. 

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
30 dekabr 2020
Ichida prezident va'zlari qamalgan smartfon sotuvga chiqdi. Eltuz.com
20 avgust 2021
Joriy yilning 5 avgustida Oliy sudning sudlov hay'ati O‘zbekiston fuqarosi David Bagmanyanni ruhiy nosog‘lom deb topish to‘g‘risida avval qabul ...
8 avgust 2018
Rassom Tuz bugun e'tiborni Rossiya propagandasining «qonxo‘r enaga» fojiasidan Markaziy Osiyo muhojirlariga qarshi foydalanayotgani mavzuiga qaratadi. Rassom Tuz 2016 ...
30 aprel 2019
Prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoeva 15 aprel kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligi rahbari o‘rinbosari etib tayinlangani ortidan matbuotda ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...