Asosiy mavzular
9 avgust 2021

Bosim ostidagi o‘zbek olimlari ilmiy davrani safsata bilan to‘ldirmoqda

O‘zbek olimlarining xorijda e'lon qilinadigan maqolalarining 98 foizga yaqini obro‘si yo‘q jurnallarda chop etiladi.

Devid Trilling

Markaziy Osiyo bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni kuzatib borgan har qanday kishi shubhali va ishonchsiz nashrlar o‘zbek tadqiqotchilarining ishlari bilan to‘lib-toshganiga guvoh bo‘ladi.

Eurasianet nashri e'lon qilgan yangi maqolada buning sababi ma'lum qilinadi: O‘zbekiston hukumati bosimi ostida olimlar yirtqich jurnallar – muayyan haq evaziga retsenziyalash yoki tahrir qilish kabi eng zarur amallarni ham chetlab o‘tadigan noshirlar changaliga tushadi. 

Ko‘plab tadqiqotchilar imkoniyatlaridan ortiqcha daraja ko‘proq ilmiy ish e'lon qilishga majbur bo‘ladi va bu sifatga ta'sir ko‘rsatadi. Shu bois, o‘zbek olimlari ayrim hamkasblari ochiqchasiga “bullshit” (safsata) deb ayta oladigan tadqiqotlarni tarqatishda dunyoda yetakchilar qatorida turadi. 

“Chop qiling yoki yo‘q bo‘ling”. Bu global muammo, ayniqsa, O‘zbekiston olimlari o‘rtasida dolzarblashdi, deb hisoblaydi Toshkentdagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xodimi Baxtiyor Eshchonov va uch hammuallifning ilmiy ishlar retsenziya bilan nashr etiladigan “Publications” jurnalida e'lon qilingan yangi maqolasida. 

Eshchonov va uning hamkasblari ushbu “soxta tadqiqotlar”ning tarqalishini kuzatib, O‘zbekistondagi muammolar biri mahalliy, biri global bo‘lgan ikki omilga borib taqaladi, degan xulosaga keldi. 

Birinchi omil – mahalliy byurokratlar. Oliy attestatsiya komissiyasi, Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi olimlardan “ilmiy mavqeini yo‘qotmaslikni, hamkasblari orasida raqobatbardoshlikni saqlab qolishni va karera qilishni istasa”, tez-tez maqola nashr etishni talab qiladi. 

Oliy attestatsiya komissiyasining “amalda imkonsiz” talablaridan biri shuki, doktorantlar kamida 10 ta maqola (shu jumladan, 1 tasi chet elda) chop etishi shart.

Mualliflar ko‘rsatganidek, 2010 yildan kuzatila boshlangan, sifatga emas songa bo‘lgan bu talab “mamlakatning ilmiy mavqeini yuksaltirmadi, aksincha, unga zarar yetkazdi”. Chunki bu “ilmiy doirada qolishni istaganlarni soxta tadqiqot bilan shug‘ullanishga undaydi”. 

“Bundan tashqari, xalqaro darajada raqobatbardosh bo‘lishni istaydigan tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash sust: O‘zbekistondagi hech bir universitet tadqiqotlarga ko‘malashishga qaratilgan qat'iy va puxta o‘ylangan siyosat yuritmaydi”.

Ikkinchi omil dunyoda foydalanish uchun ochiq bo‘lgan jurnallar ko‘payishiga bog‘liq bo‘lib, bu yirtqich jurnallar paydo bo‘lishiga yordam bergan nisbatan yangi hodisadir.

Eshchonov va hamkasblarining yozishicha, ezgu niyatda 2000 yillarda tadqiqotchilar va ayrim notijorat tashkilotlar akademik tadqiqotlarni pul to‘lab o‘qishdan voz kechish va ulardan foydalanishni demokratlashtirish orqali butun dunyo bo‘ylab ilm-fan taraqqiyotiga yordam berishga urinishgan. 

Natijada nufuzli akademik nashrlar xarajatlarni o‘quvchidan olimga yuklab, mualliflardan maqolalarni qayta ishlash uchun to‘lov (APF) olishni boshladi. Minglab dollar bo‘lishi mumkin bo‘lgan bu to‘lovlar kambag‘al mamlakatlar uchun juda qimmatlik qiladi. 

“O‘zbekistondagi tadqiqotchilarning oylik daromadi foydalanish uchun ochiq bo‘lgan obro‘li jurnallarning bu to‘loviga qurbi yetmaydigan darajada past, shuning uchun aksariyat tadqiqotchilar o‘z ishlarini yirtqich jurnallarga topshiradi”.

Muammo ko‘lamini baholash uchun Eshchonov va uning jamoasi 2016 yildan 2019 yilgacha chet elda maqola e'lon qilgan o‘zbek olimlari sonini hisoblab chiqishdi. Ularning aniqlashicha, bu davrda O‘zbekistondan 1110 nafar olim 610 ta xalqaro jurnalda 2500 ta maqola e'lon qilgan. 

Keyin ular yirtqich jurnallarni sifat jihatidan aniqlashga urinib, retsenziyalash davomiyligi (bir necha kunda navbat kelishi – yomon belgi), topshirish jarayoni (agar taqrizchilar ma'lumotlarga qiziqsa) va muharrirlar uchun aloqa ma'lumotlarining mavjudligi kabi omillarga e'tibor qaratdi. 

Yana bir belgi – e'lon qilish narxi (ba'zi yirtqich jurnallar 80 dollar atrofida haq oladi). Nihoyat, jurnallar qaerda joylashgan? 

“Yirtqich nashrlarning aksariyati Yevropa mamlakatlarida va AQShda ro‘yxatdan o‘tgani ajablanarli emas, chunki tadqiqotchilar bu mamlakatlarda joylashgan nashriyotlar obro‘li va ishonchli ekaniga ishonishadi”.

Mualliflarning ma'lumotlariga ko‘ra, 2010 yilgacha o‘zbek tadqiqotchilari ishlarining 90 foizi nufuzli xalqaro jurnallarda, yuqorida ko‘rsatilgan tekshiruvlardan o‘tgan nashrlarda chop etilgan. 

2010 yillarda bu ko‘rsatkich tez pasayib, 2018 yilda bor-yo‘g‘i 2 foizni tashkil etdi: “Boshqacha aytganda, hozirgi vaqtda 100 ta maqoladan 98 tasi yirtqich jurnallarda chop etiladi”. 

Nufuzli jurnallarda chiqadigan kam sonli ishlar, asosan, fizika va kimyo fanlari bo‘yicha bo‘lib, O‘zbekiston bu fanlar bo‘yicha yetakchilar qatorida turadi. 

Ularning xulosalari Olmaotadagi Al-Forobiy nomidagi Qozog‘iston milliy universiteti xodimi Bo‘lat Kesovning tadqiqotlariga asoslangan.

2020 yilda Kesov o‘zbek olimlari maqolalarining 60 foizi xalqaro tadqiqotlarning asosiy ma'lumotlar bazalaridan biri bo‘lgan “Scopus”ga kirmaydigan jurnallarda chop etilganini aniqladi.

Bu esa O‘zbekistonni sifatsiz ilmiy maqolalar tayyorlash bo‘yicha jahon yetakchisiga aylantirdi. Agar “Scopus”ga ba'zi yirtqich jurnallar ham kirishini inobatga olganda ularning soni yanada ko‘proq bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Ogohlantiruvchi belgilar

Maqolada, shuningdek, jurnalning ishonchliligini tekshirmoqchi bo‘lganlar uchun foydali maslahatlar mavjud. Eshchonov modeliga ko‘ra, agar jurnal nomida balandparvoz so‘zlar bo‘lsa, u yirtqich bo‘lishi ehtimoli ko‘proq: “ilmiy” va “tadqiqot” so‘zlari ehtimolni 35%, “xalqaro” so‘zi yana 20 foiz oshiradi. 

Uzunroq sarlavhalar ham ogohlantiruvchi belgidir: “So‘zlar soni bittaga ko‘paygani sayin jurnalning yirtqich bo‘lish ehtimoli 2 foiz oshadi”.

Bu Eurasianet tajribasiga mos keladi.

Eshchonov va boshqalardan ancha oldin Eurasianet muxbiri Piter Leonard “Google Scholar” tomonidan indekslangan ko‘plab o‘zbek maqolalari “Amerika siyosiy fanlar, huquq va kriminologiya jurnali”, “Amerika amaliy fanlar jurnali”, “Amerika qishloq xo‘jaligi va biotibbiyot muhandisligi jurnali [sic]” kabi jarangdor nomga ega nashrlarda chop etilganini payqadi. 

U shular va “Amerika” so‘zli nomga ega boshqa bir necha jurnallar Las-Vegas atrofida ro‘yxatdan o‘tgan PhysicalAddress.com nomi ostidagi kompaniyalarni kuzatdi. Bu “virtual manzil va virtual pochta qutisi xizmati” mijozlarga oyiga atigi 7,98 dollarga elektron pochta xabarlarini skanerlash va jo‘natishni taklif qiladi.

Boshqacha aytganda, noshirlar Las-Vegasda emas. Aslida qayd etilgan muharrirlarning ko‘pchiligi o‘zbekchaga monand familiyaga ega ekani Eshchonov va hamkasblarini hushyor torttirgan (“geografik xilma–xillik yo‘qligi”) yana bir belgidir Bundan tashqari, mazkur jurnallar deyarli faqat o‘zbek mualliflarining ishlarini chop etadi.

Toshkent diplom tegirmonida bu kabi O‘zbekiston-Amerika jurnallari o‘ynayotgan rol masalasi jiddiy ilmiy tekshiruvlarga loyiq alohida mavzudir. 

Tag‘in o‘qing
1 sentyabr 2016
Miyasiga qon quyulgani aytilgan Islom Karimovning tug‘ilgan uyidan 100 metr naridagi Chorraxa masjidi bo‘ladigan muhim tadbir – dafn marosimi ...
30 mart 2017
«Oila va jamiyat» gazetasini (29.03) varaqlar ekansiz, undagi maqolalarda bugungi o‘zbek jamiyatining ancha og‘riqli muammolari tilga olinganiga guvoh bo‘lasiz. ...
16 noyabr 2020
Mayli, nonko‘rga chiqaring, mayli, dushmanga va mayli, provokatorga. Lekin men hozir shunchaki faktlarni konstatatsiya qilmoqchiman. Ushbu rasmga qarang. Kimdadir ...
21 may 2016
O‘zbek rasmiylari milliy til rivoji va rag‘batini hukumat farmonlari, qarorlari bilan ochilgan universitet va uning tarkibida ochilgan o‘zbek tili ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...