Asosiy mavzular
16 fevral 2022

Tuya qilingan rag‘bat pullari yoki “Diskover invest”da nima gaplar?

Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevga tegishli “Diskover invest” qurilish kompaniyasi ishchilariga har yili an'anaviy ravishda to‘lab kelingan yillik rag‘batlantiruvchi mukofot puli bu yil berilmadi. 

Bu haqda “Eltuz”ga ma'lum qilgan manbaning bildirishicha, 2021 yil uchun to‘lanishi kutilgan, odatda o‘n uchinchi oylik deb ataladigan bu rag‘bat pullari kompaniyaning 4 mingdan ortiq ishchisining har biriga o‘rtacha 4 million so‘mdan to‘g‘ri kelishi kutilgandi. 

“Rahbariyat biz sizga o‘n uchinchi oylik to‘lashga majbur emasmiz, deb aytib, milliardlab so‘m mablag‘ni ishchilarga bermadi”, deydi kompaniya rahbariyati xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib “Eltuz”ga maktub yo‘llagan manba.

Ushbu maktubda kompaniyada mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilarning ish sharoiti to‘g‘risida ham ma'lumotlar berilgan. 

Unda yozilishicha, ishchilar yil 12 oy davomida, hatto shanba-yakshanba kunlari ishlatiladi. Bayram kunlari ham kompaniyada ish kuni hisoblanadi. Sog‘lig‘i yomonlashgan ishchilar ishdan darhol chetlatiladi. 

“Mehnat ta'tili uchun pul to‘lanmaydi. Agar ishchilar oilaviy sharoitdan kelib chiqib yoki biror muammo sabab uyiga borib kelmoqchi bo‘lsa, ariza yozishi va o‘z hisobidan mehnat ta'tili olishi kerak”, deyiladi maktubda.

“Eltuz” manbasi “Diskover invest” kompaniyasi ishchilarining noroziliklaridan Jahongir Ortiqxo‘jaevning xabari yo‘q bo‘lsa kerak, deb o‘ylaydi va kompaniya rahbarlarini xuddi hokimlariga o‘xshatadi. 

“Ular ishga kirganidan ko‘p o‘tmay millionerga aylanishadi. Qo‘shib yozish, yo‘q ishchilarga oylik chiqarish orqali kompaniyani o‘marishi SSSRdan qolgan tizim kabi ishlaydi”, deydi maktub egasi.

U “Eltuz” sayti va “Ozodlik” radiosida chiqib turadigan maqola va videolarni Jahongir Ortiqxo‘jaevning shaxsan o‘zi ko‘rishini bilishini ma'lum qilar ekan, shu mavzuni saytga chiqarishni iltimos qilgan. 

Uning yozishicha, ishchilar kompaniyadagi muammolarni aytishga qo‘rqadi. Shikoyat qilsak, ishdan haydab yuborishadi, deb indamay ishlayverishadi. Bu esa “Diskover invest” rahbarlarga judayam ma'qul keladi. 

Toshkent shahri hokimining “lyubaya biznes xarasha” degan so‘zlari allaqachon O‘zbekistonda “qanotli ibora”ga aylanib ulgurgan. Maktubda hokim buvaning bu “hikmati” kompaniya rahbarlari tomonidan o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatilayotgani aytiladi. 

Xususan, qurilish ob'ektlarida qo‘shib yozish, mahsulotni talon-taroj qilish, va nihoyat, ishchilarning oyligiga ko‘z tikib, ochiqchasiga o‘marish “biznesi” avj olgan. 

“Ishga kirganidan ko‘p o‘tmay judayam boyib ketishadi rahbarlar. Avval oddiy prorab bo‘lib kelib, so‘ng qurilish ob'ekti boshliqligiga ko‘tariladi. Keyin sifatli qurilish materiallarini ko‘chaga chiqarib sotib yuborib, sifatsizlarini yangi uylar qurilishiga ishlatishadi”, deydi manba. 

“Ofisda o‘tiradigan, ko‘pni ko‘rgan “aqlli” rahbarlar esa ishchilarga to‘lanishi kerak bo‘lgan milliardlab pullarni bermay, ochiqchasiga hazm qilib yuborishadi”, deya qo‘shimcha qiladi u. 

“Diskover invest” Jahongir Ortiqxo‘jaevga tegishli o‘nlab kompaniyalardan biri hisoblanadi. Bu shaxsning ulkan biznes imperiyasi ko‘plab shubhali moliyaviy faoliyatga aralashgani haqida mustaqil va norasmiy manbalar tinimsiz yozayotganiga qaramay, O‘zbekistonda bu borada birorta tekshirish yoki o‘rganish o‘tkazilgani haqida ma'lumot yo‘q. 

Xususan, “Eltuz” ham Buyuk Britaniyadagi Olster universiteti kriminologiya professori Kristian Lasslettning Jahongir Ortiqxo‘jaev biznesiga oid surishtiruvi natijalarini o‘z sahifalarida e'lon qilgan.

Eltuz.com 

Tag‘in o‘qing
21 avgust 2017
1961 yil Buxoroda tug‘ilgan. Toshkent Davlat Universitetining jurnalistika fakultetini bitirgan. 1995 yil fevralda O‘zbekistondan chiqib ketgach, avval Bi Bi ...
22 noyabr 2016
O‘zbekiston rasmiy matbuoti Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning mamlakatga tashrifini yoritishda faqat O‘zA tomonidan berilgan rasmiy xabarlarga tayandi. Avvalo, ...
30 oktyabr 2021
29 oktyabr kuni Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanlararo fuqarolik sudida shoir Yo‘lchi Ro‘zievning O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Yusmonovaga qarshi ...
29 dekabr 2016
28 dekabr kuni kechqurun, O‘zbekistonda ochilmayotgan Farg‘ona.ru, Ozodlik, Amerika ovozi, Bi Bi Si, O‘zbekiston xalq harakati kabi saytlardan to‘siq ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...