Asosiy mavzular
30 aprel 2022

O‘zbekiston mudofaa sanoati davlat puli yo‘q bo‘ladigan «bermud uchburchagi»mi?

Joriy oyda O‘zbekiston hisob palatasi, korruptsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi, monopoliyaga qarshi qo‘mita, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Mudofaa vazirligi, harbiy prokuratura ishtirokida mudofaa sanoati tizimlarida keng qamrovli audit tekshiruv o‘tkazdi.

@eltuz manbalari tanishgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi raisi Oybek Ismoilov tomonidan uyushtirilgan ishlab chiqarish O‘zbekiston Respublikasiga o‘n milliondan ko‘p AQSh dollari miqdorida zarar yetkazgani ma'lum bo‘ldi.

Bu tekshiruv natijalarining matbuotga chiqmayotgani va prezidentga taqdim qilinmaganligini Eltuzning Mudofaa vazirligidagi manbasi Oybek Ismoilovning «akaxonlar» ko‘magida o‘z qilmishlarini bosti bosti qilmoqchi bo‘lgani bilan bog‘ladi.

Vazirlikdagi manbaning Eltuzga yozishicha «tekshiruvda  zarar  oshkor bo‘lgani suiiste'molliklar o‘z tasdig‘ini topganiga qaramay, Oybek  Ismoilov bu safar  ham o‘z akaxonlari ko‘magida suvdan quruq chiqmoqchi»

Korruptsiya uchun qulay zamin

Jurnalistika darslarida AQSh armiyasi uchun aslida 5 dollar turadigan bolg‘a 200 dollarga  sotib olinganini fosh qilgan jurnalist olqishlanadi. Mudofa sanoati o‘z xarid va harajatlarini sir tutgani uchun ko‘p holda tanqiddan xoli va korruptsiya uchun qulay zaminga aylanadi.

Ukrainaga bostirib kirishdan oldin Rossiya armiyasi dunyodagi eng kuchli beshta armiyadan biri hisoblangan. Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (International Institute for Strategic Studies, IISS) ma'lumotlariga ko‘ra, 900 ming harbiy xizmatchi birlashtirgan Rossiya armiyasi dunyodagi  beshta kuchli armiyadan biridir (AQSh, Xitoy, Hindiston va Shimoliy Koreya).

Ammo nega bu armiya o‘zidan zaif hisoblangan Ukraina armiyasini ikki oydan beri yenga olmayapti? 

Tahlilchilar Rossiya armiyasini zaif va notavon qilgan jihatning korruptsiya ekanligiga diqqat qaratishdi.

Keyingi olti yil ichida Rossiya har bir sohada O‘zbekiston uchun «o‘rnak oladigan» va «taqlid qilinayotgan» mamlakatga aylandi.

Eltuz tanishgan materiallarda O‘zbekiston mudofaa sanoati korruptsiya bobida Rossiyadan «o‘rnak olgani» aks etgan. 

Yangi O‘zbekiston fonida  harbiy-sanoat majmuasi tanazzul manzarasi

Prezident Shavkat Mirziyoev O‘zbekistonda hokimiyat tepasiga kelganidan  (keltirilganidan) buyon mamlakat sanoat salohiyatini kuchaytirish va mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, shuningdek, korruptsyaga qarshi kurashish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb etish ritorikasiga urg‘u berib keladi.

Bu ritorika  fonida O‘zbekistonning «rivojlanayotgan» yosh harbiy-sanoat majmuasining qulash tendentsiyasi kuzatilmoqda.

«Balki qulash so‘zidan ko‘ra ichki yemirilish desak¸ to‘g‘ri bo‘ladi»  deya ta'kidladi hozir chet elda istiqomat qilayotgan sobiq o‘zbek mulozimi Eltuz bilan suhbatda.

Mudofaa vazirligi sir asrorlarini yaxshi bilgan sobiq mulozim iddaosiga ko‘ra¸ «yiqilishning boshlanishi,  bu sohada  muhtamalan o‘z manfaatlari bo‘lgan Bosh vazir Abdulla Aripovning  to‘liq akaxonligi va himoya  shamsiyasi ostida  tayinlangan va amaldagi Davlat Mudofaa sanoati qo‘mitasi raisi Oybek Ismoilovning sohaga kelishi bilan bog‘liq.»

O‘zbekiston Hisob palatasiga yaqin manbaning Eltuzga bildirishicha, aynan Oybek Ismoilov kelishi bilan shundoq ham korruptsiyalashgan  harbiy-sanoat majmuasida davlat byudjetini o‘marish  va turli sxemalar yordamida o‘zlashtirish ko‘lami keng qamrov kasb qilgan.

«Chirchiq Oliy Tank qo‘mondonlik-muhandislik maktabi va O‘zbekiston Qurolli kuchlari Akademiyasining bitiruvchisi Oybek Ismoilov 2020 yil yanvar oyida  qo‘mita raisligiga tayinlangani bilan ishni harbiy-sanoat majmuasidan ishlab chiqarish, loyihalash, moliyaviy-iqtisodiy hisob-kitoblar bo‘yicha tajribaga ega bo‘lgan barcha malakali kadrlarni ishdan bo‘shatish, ularning o‘rnini  o‘z shaxsiga sodiq, ammo malakasiz  xodimlar bilan almashtirishdan boshladi», deb ta'kidladi manba.

Eltuzning boshqa mustaqil manbalardan aniqlashicha¸ 2020 yilning ikkinchi kvartalidan boshlab  O‘zbekiston Mudofaa vazirligidan harbiy maktablarni bitirgan va ulkan harbiy xizmat tajribasiga ega shaxslar ishdan  bo‘shatilgan. Eltuz podpolkovnik rutbasidagi ishdan bo‘shatilgan bitta zobit bilan bu haqda  gaplashdi.

Zobit o‘zini ishdan nohaq bo‘shatilgan, deb biladi.

Eski kadrlardan tozalangan maydonga, yangi rais o‘ziga sodiq odamlarnigina  harbiy-sanoat majmuasi korxonalari rahbarlari lavozimlariga joylashtira boshlagani kuzatildi.

Eltuz manbalari iddaosiga ko‘ra, nepotizm va tanish bilishlikka asoslangan  notavon kadrlar siyosati bilan bir qatorda Oybek Ismoilov va uning jamoasi  mudofaa sanoati tizimida korruptsion sxemalar ustiga qurilgan va davlatga katta va uzoq muddatli zarar beradigan noprofessional ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishgan.

«Ismoilov va uning jamoasi davlat xavfsizligi va mudofaa qudrati uchun ajratilgan katta miqdordagi mablag‘ni o‘zlashtirgani tekshiruvda aniqlandi», deydi manba. Uning iddaosiga ko‘ra, bu zarar miqdori o‘n million AQSh dollaridan ancha ko‘p.

Manbaning ishonishicha, bu zararlardan biri – «salohiyati bo‘lmagan holda dron ishlab chiqarish oqibatida bo‘lgan»

O‘zbek matbuoti  O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan qilinayotgan «olamshumul ishlar» xususan «Dron» ishlab chaqirilgani haqida pozitiv habarlar yozib keladi.

Mudofaa sanoatidagi real vaziyatni bilgan mulozim Eltuz bilan suhbatda «Matbuotda e'lon qilingan maqolalarda  yuqori baholangan ishlab chiqarish  aslida iqtisodiy jihatdan foydasiz, eksport salohiyatidan mosuvo va mahsulot o‘laroq mutlaq sifatsiz ekaniga» e'tibor qaratarkan «shu bilan birga, ular davlat xavfsizligi uchun ajratilgan davlat mablag‘larini o‘zlashtirishga fokuslangan sxemalardir», deya ta'kidlaydi.

Fakt, raqam va isbotlar

Quyidagi faktlar  O‘zbekiston mudofaa sanoatini byudjet pullari izsiz yo‘qoladigan «Bermud uchburchagiga» aylantirgan Ismoilov  «ijodining yorqin namunalaridir:

Rais Oybek Ismoilov va uning muovini Jamol Tursunov (Samarqand Oliy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik kollejini tamomlagan) Mudofaa sanoati qo‘mitasi qoshidagi innovatsion texnologiyalar markazi bazasida bir qator ishlab chiqarish ob'ektlarini ochdi.

Markazda faoliyat yuritayotgan xususiy  shirkat Yeko-Casper MChJ harbiylar uchun Robocop himoya kostyumlari, qalqon va dubulg‘a, o‘q o‘tkazmaydigan yelaklar, gaz niqoblari (protivogaz) ishlab chiqaradi.

Ayni paytda Mudofaa sanoati qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqarilgan yuqoridagi har qanday mahsulotning narxi yuqori sifatli xorijiy namunalar narxidan kamida ikki baravar yuqori.

Shaxsiy himoya elementlarini sinovdan o‘tkazgan harbiy mutaxasislar bu uskunalarning standartlarga javob bermasligi va  tashqi hujum yoki tahdid bo‘lgan taqdirda harbiy xizmatchilarning hayotini to‘g‘ri himoya qila olmasligidan shikoyat qilgani aks etgan hujjatlarni Eltuz muxbiri ko‘rdi.

Bu hujjatlarga ko‘ra, harbiy tuzilmalarga sotiladigan gaz niqoblarining aksariyati nuqsonli bo‘lib chiqqan.

Eltuz suhbatlashgan manbaning ta'kidicha,  O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan (aslida yig‘ilgan) bu uskunlarning barchasidan foydalanish mumkin emas, chunki ular belgilangan sifat standartlariga javob bermaydi va sog‘likka zarar yetkazadi.

Bu yerda asosiy narsa shundaki, ushbu mahsulotlar haqiqiy jangovar foydalanishda o‘zbek harbiy xizmatchilarining hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soladi va shu bilan O‘zbekiston qurolli kuchlarining jangovar qobiliyatiga putur yetkazadi.

Manbaning Eltuzga bildirishicha, ushbu  qusurli mahsulotlarning xaridorlari – O‘zbekistonning harbiy tuzilmalaridir;

«Davlat Mudofaa sanoati qo‘mitasi raisi Oybek Ismoilov Bosh vazir Abdulla Aripovning ko‘magi bilan, ularning sifati pastligi va narxi sezilarli darajada oshganligi haqidagi ma'lumotlarga qaramay, o‘z mahsulotlarini ularga majburan o‘tkazmoqda.»

Manbaning ta'idicha, bu holatda¸ qo‘mita raisi Oybek Ismoilovning sohani bilmasligi va ma'suliyatizligi boshqa loyihalarni amalga oshirishda ham namoyon bo‘lmoqda:

1.  Oybek Ismoilov huquq-tartibot idoralari va iqtisodiy hisob-kitoblar bilan muvofiqlashtirilmagan holda Chirchiq samolyotlarni ta'mirlash zavodi bazasida dronlar ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirdi. «Ishlab chiqarilgan» mahsulot parametr va xususiyatlari O‘zbekiston harbiy boshqarmalari ehtiyojlariga javob bermaydi. Asnoda loyiha va unga sarflangan davlat mablag‘lari talabga javob bermaydigan va behuda uskunani ishlab chiqarishga sarflangani o‘rtaga chiqdi.

2.  Oybek Ismoilov tashabbusi bilan yaratilgan  va bosh vazir Abdulla  Aripov shamsiyasi ostida ishlaydigan tuzilma «Krantas» MChJ bazasida  ishlab chiqarilgan «Tarlon» va «Qalqon» zirhli mashinalarining prototiplari –  O‘zvekistondagi harbiy me'yorlariga mos kelmasligni mutaxassislar aniqlagan. Ammo, Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan, “Tarlon” va “Qalqon” broneviklari  mamlakat mudoffa tizimlari tarafidan xarid qilinishiga majburlandi. Shu bilan birga, “Tarlon” zirhli mashinasi Turkiyaning «Nurol Makina» shirkati ishlab chiqargan broneavtomobilning past sifatli nusxasi bo‘lib, «Nurol Makina» allaqachon o‘z mualliflik huquqining buzilishiga rasman norozilik bildirgan.

Oybek Ismoilov va uning muovini Jamol Tursunov lobbichiligi ostida  Xitoy firmalaridan biridan – ARZ harbiy avtomobillarni ta'mirlash zavodi uchun 500,000 AQSh dollarga stanoklar sotib olingan.

O‘tkazilgan tekshiruvda bu stanoklar bozorda  analoglari bo‘lgan shunga o‘xshash uskunalardan ikki barobar qimmatligi aniqlangan.

Nega bozorda ikki barobar arzon va nisbatan sifatli uskuna turganda aynan bu Xitoy shirkatining sifati shubhali va qimmat stanoklari sotib olindi?

Javob oddiy.  Narxi oshirib ko‘rsatilgan xariddan “cho‘tal” (“otkat”) olishdir.

Bu holatda foyda ko‘rgan taraf – Ismoilov va Xitoy shirkati.

Zarar ko‘rgan esa – O‘zbekiston davlat byudjeti hamda qudratiga putur yetkazilgan mamlakat armiyasi.

Bu shubhali va qimmat stanoklarni ilgari O‘zbekiston sanoatiga turli foydasiz va eskirgan ishlab chiqarish uskunalarni sotib, mamlakat iqtisodiga zarar keltirgani fosh qilingan shaxs – «otkat tujjori» N. Atajanovdir.

Atajanov Xitoy shirkatining ishonchnomasi asosida qimmat stanoklarni mudofaa sanoatiga tiqishtirgan.

Oybek Ismoilov va Jamol Tursunovlarning «Davlat xaridlari» haqidagi qonun talablarini aylanib o‘tib, narxi ataylab qimmat qilingan uskunalarni sotib olishga qaror berishi, Eltuz manbalariga ko‘ra, aynan o‘sha “otkat” olish ishtahasi bilan bog‘liq

“Otkat” olish ishtiyoqi bois Ismoilov tarafidan O‘zbekiston manfaatlariga javob beradigan boshqa takliflar ham ko‘rib chiqilmadi.

Shu tariqa O‘zbekiston mudofaa sanoati davlat puli yo‘q bo‘ladigan “Bermud uchburchagi”ga aylandi.

Faqat bir farq bor. “Bermud uchburchagi”da kemalar izsiz yo‘qolsa¸ mudofaa sanoatiga  uchun yo‘qotilgan pullar mulozimlar cho‘ntagida paydo bo‘lmoqda.

Fizika qonuni. Bir yerda kamaysa, bir yerda ko‘payadi. Ammo bu holatda mamlakat qonunlari nega ishlamay qolmoqda?

Ovchilar uchun bir millionlik o‘q

Joriy oyda o‘tkazilgan tekshiruvda  Oybek Ismoilov va Jamol Tursunovlar O‘zbekistonning «Davlat xaridlari to‘g‘risida» gi qonunchiligini buzgan holda, texnik-iqtisodiy tahlil o‘tkazmasdan, ovchilar uchun bir million yevrodan ortiq qiymatga ega o‘q-dorilar ishlab chiqarish uchun uskunalar sotib oldi.

Bu O‘zbekiston ovchilarining ehtiyojidan 100 barobar ko‘pdir.

Shu bilan birga, ushbu patronlarni  eksport qilish imkonsiz, chunki ularning narxi mavjud bozor narxlaridan o‘ta qimmat, ya'ni bir patronga 50 tsentga narxlangan.

Holbuki, import xarajatlari qo‘shilgan holatda ham, bu o‘qlarning Yevropa va Rossiyadagi analoglari, sifatiga qarab, 15 sent bilan 20 sent oralig‘idagi narxda sotilmoqda.

Noprofessional hisob-kitoblarga ko‘ra, sotib olingan patron ishlab chiqaruvchi bu uskunalar yilda atigi 4 kun ishlaydi xolos.

Nega  o‘zbek ovchilari o‘z ov  miltiqlari uchun o‘q-dorilariga 2,5-3 barobar ko‘proq pul to‘lashi kerak? Ismoilovni boyitish uchunmi?

Shuningdek, harbiy-sanoat majmuasi korxonalarida Oybek Ismoilov tashabbusi bilan qilingan barcha xaridlar «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunga zid ravishda amalga oshirilayotgani  va ko‘p hollarda ularning xulosalari soxtalashtirilgani ham tekshiruv davomida yuzaga  chiqqan.

Ushbu faktlarni tekshiruv davomida aniqlagan mufattishlarda  qator  savollar tug‘ildi – Davlat Mudofaa sanoati qo‘mitasi raisi Oybek Ismoilov kim uchun va kimning manfaatlari uchun ishlaydi? Nega davlat pullari atay  narxi oshirilgan va aksar holda keraksiz uskunalar sotib olishga sarflandi? O‘zbekiston Respublikasining jangovar qobiliyatiga putur yetkazadigan, askarlar salomatligi va hayoti uchun xavf tug‘diradigan past sifatli mahsulotlar uchun kim javob beradi? Nega o‘zbek harbiylarining hayoti  xatarga suqildi?

Davlat hisobidan hashamat. Uch aravali mulozim.

Harbiy va iqtisodiy qudrati O‘zbekistonnikidan anchayin kuchli bo‘lgan Germaniya va Shvetsiya kabi davlatlarining mulozimlari ishga jamoat transporti yoki o‘z shaxsiy avtomobillarida qatnashadi. Davlat byudjetida bu mulozimlar uchun avtomobil xarid qilish nazarda tutilmagan. O‘zbekiston  Davlat Mudofaa sanoati qo‘mitasi raisi Oybek Ismoilovga esa davlat hisobidan uchta avtomobil xizmat ko‘rsatadi.

Nega uchta, masalan, beshta emas, degan savol ham tug‘iladi.

Bu savolga javob bergan Eltuz manbasiga ko‘ra, avvaliga Ismoilovga ikkita lyuks avtomobil xizmat ko‘rsatgan.

«Bu Mercedes-Benz va Captiva avtomobillari edi. Ammo, Ismoilov  uchrashuv va delegatsiyalarni tashish uchun mikroavtobus sotib olish uchun ajratilgan mablag‘ga uchinchi Malibu avtomobilini sotib oldi. Bu avtomobilni Ismoilov shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatilib kelgani tekshiruv davomida aniqlandi.»

Bu tekshiruvlar natijalari o‘q o‘tmaydigan seyflarga qamalib, natijalari davlat rahbariga yetib bormasligi uchun Ismolovning akaxonlari qattiq harakat qilmoqda, deydi maqola yozilishi asnosida Eltuz bilan muloqotda bo‘lgan mufattish.

Uning hazil aralash aytishicha, Ismoilovning hukumatdagi tirik qalqonlari u ishlab chiqargan temir qalqonlardan yuzlarcha marta mustahkam.

So‘ng so‘z o‘rnida

«Eng muhimi urush bo‘lmasin» degan istak tez-tez quloqqa chalinadi. Mudofaa sanoatidagi korruptsionerlar esa «butun o‘g‘irliklarni urush paytida spisat qivorish mumkin», degan mantiqni sevishadi. Ammo 2014 yilda Qrim ishg‘oli paytida Ukraina armiyasning korruptsiyaga botgani soldatlarning yegani noni otishga o‘qi yo‘q bo‘lmagani fonida o‘rtaga chiqdi.

2021 yilda AQSh tarafidan «emizilgan» Afg‘oniston armiyasi ham yillar davomida o‘lik jonlardan iboratligi ma'lum bo‘ldi.

Maqtalgan rus armiyasining Ukrainadagi talafotlari ham korruptsiya  «sharofati» ekani haqida aksar gapirmoqda. Shu bois, butun o‘g‘irliklarni urush paytida «spisat qivorish mumkin» degan aqida o‘z dolzarbligini yo‘qotdi. Taroziga qo‘yilgan narsa esa mamlakat mustaqilligi va o‘zbek askarlarining hayot mamotidir.

«Eltuz» O‘zbekiston harbiy prokuraturasi va Mudofaa vazirligidan bu maqolada keltirilgan iddaolar borasida malakali izoh kutadi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 iyun 2022
“Pop tumani hokimligida yolg‘onchilik, yerlarni talon-taroj qilish avj olgan. Tanish-bilishchilik kuchaygan, tadbirkor fermerlarning yer maydonlari noqonuniy tortib olingan”. Bu ...
13 oktyabr 2017
11 oktyabr kuni ixtimoiy tarmoqlarda «Mahalla» telekanalining Sirdaryo tumani muammolari haqidagi ko‘rsatuvi videosi ovoza bo‘ldi. Ko‘rsatuvda tuman hokimi mulozimi ...
7 sentyabr 2020
Eri tomonidan ayovsiz kaltaklanib, bolasining axlati to‘la uch kunlik pampersni yeyishga majburlangan samarqandlik 25 yoshli Mustahkamning do‘pposlangani videosi tarqalganidan ...
3 noyabr 2017
1 noyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp grin-kart lotereyasini bekor qilishga chaqirdi. Nyu-Yorkda terrorchilik hujumini amalga oshirgan O‘zbekiston vatandoshi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...