Asosiy mavzular
11 fevral 2023

Mustaqil paxta kooperativlari – yangi O‘zbekistonning yetim bolasi

O‘zbekistonda paxta yetishtiruvchi fermerlar tuzgan mustaqil kooperativlar faoliyati amaldorlar amri va qonunni o‘zboshimchalik bilan qo‘llash yo‘li bilan to‘xtatilmoqda.

2019 yilda O‘zbekistonda paxta sohasini xususiylashtirish boshlanganidan beri butun mamlakat bo‘ylab fermerlar yerlarning noqonuniy olib qo‘yilishi va xususiy paxta klasterlari bilan tuzilgan muammoli shartnomalar yuzasidan ko‘plab noroziliklar bildirilgan.

O‘z paxtasining eng kam narxi ko‘rsatilmagan bo‘sh shartnomalar, yoqilg‘i va o‘g‘itlar narxi oshirib yuborilishi, topshirilgan paxta uchun haq to‘lanmaslik, paxta rejasi real bo‘lmagan darajada yuqoriligi, reja bajarilmasa, yer musodara qilinishiga olib kelishi minglab fermerlarni qarzga botirdi va umidsiz qildi. Bunga javoban qator viloyatlardagi paxtakor fermerlar klasterlar monopoliyasini chetlab o‘tish maqsadida kooperativlar tuzishga kirishdi.

Paxtachilik kooperativlari O‘zbekiston uchun 2020 yilda paxta yetishtirish bo‘yicha davlat buyurtmasi tugatilgandan so‘ng paydo bo‘la boshlagan yangi hodisa. Germaniya qishloq xo‘jaligi federal boshqarmasi mutaxassislari yordamida ishlab chiqilgan “Qishloq xo‘jaligi kooperativlari to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun taqdim etilgani xabar qilingan edi.

Biroq hukumat amaldorlari ko‘pchiligi qarzga botib borayotgan, davlat subsidiyalarini olmaydiganlar qatorida muvaffaqiyatli mustaqil fermer xo‘jaliklarini ham bo‘g‘ish yo‘llarini izlamoqda.

Klaster nomidan ish tutayotgandek ko‘ringan mahalliy amaldorlar kooperativlar faoliyatiga samarali to‘sqinlik qilmoqda, hatto ba'zi hollarda ularning paxtasini tortib olib, klasterlarga yetkazib bermoqda.

Yangi O‘zbekistonda klaster tizimidan tashqarida mustaqil dehqonchilikning rivojlanishi istalmagan xolat bo‘lib qolmoqda.

Xorazm viloyatidagi “Xonqa Gold Fiber” kooperativi

Germaniyadagi O‘zbekiston inson huquqlari forumi (O‘zbek forumi) hukumat amaldorlari tomonidan kooperativlar faoliyatiga to‘sqinlik qilingan ko‘plab holatlarni hujjatlashtirib, o‘nlab fermerlar bilan suhbatlar o‘tkazdi.

Bu kooperativ bilan bog‘liq vaziyat sudlarning xolisligi va davlat mansabdor shaxslarining kooperativlar faoliyatiga to‘sqinlik qilish uchun tushunarsiz motivatsiyasidan dalolat beradi.

2022 yil dekabr oyida Xonqa Golden Fiber kooperativ ikki hafta avval qo‘shni tumandagi paxta tozalash zavodiga yetkazib berilayotganda mansabdor shaxslar tomonidan noqonuniy olib qo‘yilgan 3,5 tonna paxtaning qaytarilishga erishdi.

Kooperativ 2022 yil yanvar oyida uchta fermer xo‘jaligi tomonidan paxta yetishtirish, tola va kalava ishlab chiqarish maqsadida tashkil etilgan. 2022 yilgi paxta hosili davlatdan katta miqdorda subsidiya oladigan xususiy paxta klasterlaridan farqli o‘laroq, fermerlarning o‘z mablag‘lari hisobidan to‘liq moliyalashtirildi.

“Xonqa Gold Fiber” kooperativi asoschisi va rahbari Shokir Xo‘janiyozov paxtaning olib qo‘yilgani yuzasidan prokuraturaga ariza bilan murojaat qilgan va prokuratura bu ishni ma'muriy sudga oshirgan.

2022 yil 23 dekabrda sud qishloq xo‘jaligi sohasini nazorat qilish bilan shug‘ullanuvchi davlat organi – Agroinspektsiyaning paxtani olib qo‘ygan mansabdor Iskandarov Uktamboyga 4.500.000 sum miqdorida jarima soldi. Iskandarov “xususiy mulk huquqini buzganlik”da aybdor deb topildi.

Adolat qaror topdi va kooperativ o‘z faoliyatini davom ettirishi mumkin edi. Biroq fermerlarning g‘alaba nashidasini Agroinspektsiya tomonidan 2022 yil 6 dekabr kuni Urganch shahri xo‘jalik sudiga “Xonqa Gold Fiber” kooperativini tugatish talabi bilan berilgan da'vo arizasi buzdi.

Agroinspektsiya prezidentning 2020 yil mart oyida qabul qilingan qaroriga ko‘ra, paxta klasterlari tashkil etilgan tumanlarda fermer xo‘jaliklari kooperativlari bo‘lishi mumkin emasligi haqida ma'lum qildi.

Shu bois, Agroinspektsiyaning ta'kidlashicha, Xonqa tumanida “Xorazm Tex” paxta klasteri faoliyat yuritayotgani sababli “Honqa Gold Fiber” kooperativi tugatilishi kerak edi.

Prezident qarorida klasterlar faoliyat ko‘rsatayotgan tumanda kooperativlar faoliyati yo‘lga qo‘yilmasligi to‘g‘risida aniq ko‘rsatma yo‘qligiga qaramay, sud da'voni Agroinspektsiya foydasiga hal qildi.

Darhaqiqat, prezidentning ushbu qarori kooperativlar tashkil etishni qonuniylashtirgani bilan tarixiy ahamiyatga ega edi. Bundan tashqari, O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, agar qarorlar amaldagi qonunlarga zid bo‘lsa, qonun ustuvor hisoblanadi.

Agroinspektsiyaning da'vosi “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonundagi “fermer xo‘jaliklari paxta yetishtirish, uni yig‘ishtirib olish, qayta ishlash, tashish va o‘zlari xohlagan joyda sotish huquqiga egadirlar”, degan talabni buzadi.

“Xonqa Gold Fiber” kooperativini yopishdan manfaatdor yagona tomon Agroinspektsiya emas edi. 2022 yil noyabr oyida Urganch shahri xo‘jalik sudi Xonqa tumani hokimligining Shokir Xo‘janiyozovning 2019 yilda 49 yil muddatga tuzgan yer ijarasi shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi da'vosini qanoatlantirdi.

Sud ushbu qarori yangi tashkil etilayotgan kooperativ uchun juda katta oqibatlarga olib keldi. Chunki u Agroinspektsiyaning “Xonqa Gold Fiberr” endi uchta fermer xo‘jaligidan iborat emasligini da'vo qilishiga asos bo‘ldi.

Bu esa kooperativ tashkil etish uchun zarur huquqiy asosdir. Shunday qilib, Agroinspektsiya uchta ta'sischidan birining yer ijarasi bekor qilingani sababli kooperativ tugatilishi kerakligi haqida da'vo qilishi mumkin bo‘ldi.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi bo‘yicha mutaxassisning fikricha, yer ijarasini bekor qilish va fermer xo‘jaligini tugatish ikki alohida jarayon. Fermer xo‘jaligi odatda turli qishloq xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanadi, yer ijarasi shartnomasi bekor qilinganda fermer xo‘jaligining o‘zi avtomatik tarzda tugatilmaydi.

Boshqa har qanday biznes singari fermer xo‘jaligi ham o‘z faoliyatini boshqa joyda yuritishga qaror qilishi mumkin. Shunga qaramay, sud Xo‘janiyozovning yer ijarasi shartnomasi bekor qilingani sababli fermer xo‘jaligi tugatilishi haqida qaror chiqardi.

Agroinspektsiya esa bundan ham uzoqroqqa borib, kooperativ a'zolari bilan tuzilgan paxta yetishtirish shartnomalari Qishloq xo‘jaligi boshqarmasida ro‘yxatdan o‘tmaganini da'vo qildi.

Aslida bu shikoyat uchun qonuniy asos yo‘q. Xususiylashtirishdan avval fermerlar va davlat o‘rtasida paxta yetishtirish bo‘yicha shartnomalar Qishloq xo‘jaligi boshqarmasida ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak edi.

Bu mantiqiy tartibga solish, chunki davlat fermerlarga past foizli kreditlar berardi. Biroq paxta sohasi xususiylashtirilgach, fermerlar bilan davlat emas, xususiy paxta klasterlari shartnoma tuzmoqda. Kooperativlarda esa fermerlar va kooperativ o‘rtasida shartnomalar tuziladi.

Shunga qaramay, mutasaddilar tadbirkorlik sub'ektlari o‘rtasidagi shartnomalar davlat ro‘yxatidan o‘tmagan taqdirda, ular haqiqiy emasligini ta'kidlab, Qishloq xo‘jaligi boshqarmasida ro‘yxatdan o‘tkazishni davom ettirishni talab qilmoqda.

“Xonqa Gold Fiber” kooperativini yopish va uning rahbari Xo‘janiyozovni sud orqali ta'qib qilish harakatlari izchil davom etmoqda. 2022 yil davomida hokimlik Xo‘janiyozovning yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasini bekor qilish maqsadida ikki marta sudga murojaat qilgan.

Xo‘janiyozovning aytishicha, uning hokimlik bilan muammolari 2022 yilning bahorida boshlangan. O‘shanda tuman hokimi hech qanday qonuniy huquqsiz qo‘shimcha 40 tonna bug‘doy yetkazib berishni talab qilgan.

2022 yil aprel oyida xo‘jalik sudi hokimlikning yer ijarasini oldindan bekor qilish to‘g‘risidagi birinchi da'vosini tasdiqlovchi dalil taqdim eta olmagani sababli rad etdi.

Biroq hokimlikning 2022 yil 24 noyabrdagi Xo‘janiyozov “Xorazm Tex” klasteri bilan shartnoma majburiyatlarini ketma-ket uch yil davomida bajarmagani haqidagi iddaosi asosida fermer xo‘jaligining ko‘p yillik yer ijarasi shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi ikkinchi da'vosi ijobiy natija berdi.

Hokimlik fermerni yerdan “nomaqbul” va “ruxsatsiz” foydalanganlikda, ya'ni 2022 yilda ruxsatsiz qo‘shimcha yetti gektar bug‘doy va olti gektar sholi ekkanlikda ham aybladi.

Yerdan “nomaqbul” va “ruxsatsiz” foydalanish hokimliklar tomonidan fermerlarga yer ijarasini bekor qilish bilan tahdid qilish orqali bosim o‘tkazishining keng tarqalgan sababidir.

O‘zbekistonda fermer xo‘jaliklari “mustaqil xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar” hisoblansa-da, taqsimlash tizimi deb ataladigan tizim qonundan ustun bo‘lib, fermerlardan o‘zi uchun foydali bo‘lgan emas, balki davlat xohlaganini yetishtirishni talab qiladi.

Yer ijarasi shartnomalarida dehqon muayyan yer maydonlarida qandaydir qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishi shart. Biroq suv va boshqa zaruriy resurslardan foydalanish imkoniyati fermerlarning ishlab chiqarish maqsadlariga erishish qobiliyatiga sezilarli ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Xo‘janiyozov O‘zbek forumiga bergan intervyusida “Xorazm Tex” klasteri tomonidan belgilangan ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini suvdan foydalanish imkoniyati yo‘qligi sababli bajara olmaganini aytdi.

Xo‘janiyozovning fermer xo‘jaligidagi suv tanqisligi hatto 2022 yil oktyabr oyida Agroinspektsiya tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda ham tasdiqlangan va shuning uchun ishlab chiqarish rejasi kamayishi kerak edi.

Buning o‘rniga Xo‘janiyozovga belgilangan reja haddan tashqari yuqori bo‘lib, uni yerni ijaraga olish shartlarini bajarmaslikka majbur qildi.

Shokir Xo‘janiyozov o‘z xo‘jaligi va kooperativini saqlab qolish uchun kurashni davom ettirish niyatida va O‘zbekiston qonunchiligining ko‘rinib turgan buzilishi yuzasidan Oliy sudga shikoyat arizasi kiritgan.

Moliyaviy nochor klasterlar

2023 yil 13 yanvar kuni Fermerlar kengashi Bosh prokuraturaga soliq idorasi soliq qarzlarini majburiy undirayotgani munosabati bilan paxta fermerlarining soliq to‘lovlarini kechiktirish bo‘yicha xat yubordi.

Kengash xabariga ko‘ra, 30 000 ga yaqin fermer – paxta fermerlarining aksariyati 2022 yilda yetishtirgan va topshirgan paxtasi uchun hali to‘liq haq olmagan va shu sababli soliqlarni to‘lay olmayapti.

Ko‘plab paxta klasterlari moliyaviy nochorlik bilan kurashayotgan bir paytda, davlat tomonidan ajratilayotgan saxovatli subsidiyalarga qaramay, mahalliy hokimiyat organlarining mustaqil kooperativlarni tor-mor etish harakatlarini tushunish va mantiq chambariga solish qiyin.

Tag‘in o‘qing
4 iyun 2018
Soliq qo‘mitasi raisi Botir Parpievning ishdan olinishi unga aloqador kimsalarni kemadan qochishga urinayotgan kalamushlarga aylantirgan ko‘rinadi. Qudratli soliqchining katta-katta ...
9 avgust 2016
«Adolat» gazetasi (05.08.16) qariyb 25 yildan kutilayotgan militsiya to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishi mumkinligi to‘g‘risida mujda berdi. Gazetaning yozishicha, «Adolat» ...
15 mart 2022
O‘zbek suhandoni orqa planidagi suratda rossiyalik mard ayol Marina Ovsyannikova. Rassom Tuz
7 dekabr 2020
Rassom Kirpi karikaturasi
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...