Asosiy mavzular
8 yanvar 2024

Toshkent halokat yoqasida

2019 yilning iyulida internetda taniqli yozuvchi Murod Muhammad Do‘st “Pufak” sarlavhali maqola e'lon qildiyu, Aripovu, Ortiqxo‘jaevlarning xeyt kompaniyasi nishonishga aylandi.

Yozuvchi bosh vazir Abdulla Aripov rahnamoligida mamlakatning har bir burchagida “siti”lar qurilishi yuzasidan o‘zgacharoq fikr bildirgan, ayniqsa, ularni qurayotgan firmalar faoliyati shubhali ekaniga ishora qilgan edi.

“Pufak” maqolasi chiqishidan 8 oy oldin Toshkentga hokim etib tayinlangan Jahongir Ortiqxo‘jaev Olmazoru Yunusobod Sitilari qurilishini boshlab yuborgandi. Ortiqxo‘jaev Toshkentni Dubayga aylantirishga va'da bergandi.

Toshkentda minglab daraxt ayovsiz kesib tashlandi.

“Sanoqsiz sitilar, yilda bir marta majlis o‘tadigan hashamatli binolar, zo‘rlab tiqishtirilayotgan turli “namunali” uylar, boylarga atalgan, lekin haligacha xaridor topilmay bo‘m-bo‘sh turgan qasrnamo uylar uzra buyuk bir pufak shishib kelmoqdaki, bir-ikki yil ichida paq etib yorilib ketishi muqarrar”, deya ogohlantirgan edi Murod Muhammad Do‘st.

Bugun Toshkent shahri dunyo bo‘yicha 10 o‘rinda. Ammo, Ortiqxo‘jaev va'da qilgan Dubay ko‘rsatkichlari bo‘yicha emas. Bugun yozuvchi Murod Muhammad Do‘st bashorati nechog‘li to‘g‘ri bo‘lgani ro‘yobga chiqmoqda.

Toshkent dunyodagi eng go‘zal, eng obod, eng qulay shaharlar ro‘yxatida emas.

Aksincha, bir paytlar “porla sharq mash'ali”  deya madh etilgan O‘zbekiston poytaxti dunyodagi havosi eng iflos shaharlari o‘ntaligiga kiritildi.

Murod Muhammad Do‘st aytganiday,  pufak “paq” etib yorilmadiyu, lekin teshilib, piss etib yel chiqarmoqda. 

So‘nggi ko‘rsatkichlar bo‘yicha, Toshkentda havo ifloslanishi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalaridan salkam 19 baravar ko‘pdir.

Qiyoslash uchun aytamiz, Qirg‘iziston poytaxti Bishkek eng ifloslangan shaharlar orasida 24-o‘rinda, Ostona esa 96 -o‘rindadir.

HAVO IFLOSLANIShINING ZARARLARI

Toshkent havosining ifloslanishi poytaxt hayotiga ko‘p jihatdan salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Mana ulardan ayrimlari:

1. Sog‘liq: Ifloslanish aholi, ayniqsa bolalar, qariyalar va oldindan sog‘lig‘ida muammolari bo‘lgan shaxslar orasida saraton, nafas yo‘llari va yurak-qon tomir kasalliklarini ko‘paygan.

2.  Hayot sifatining pasayishi:  ifloslanish shaharlardagi umumiy hayot sifatini pasaytirgan. Yoz mavsumida shaharning ayrim hududlarini yoqimsiz hid bosadi. 

3.  Atrof-muhitning buzilishi:  ifloslanish ekotizimlarga zarar yetkazdi,  suv manbalari ifloslandi, daraxtlarning ayovsiz kesb tashlanishi natijasida shahar cho‘llashmoqda,  biologik xilma-xillik pasaymoqda.

4. Xarajatlarning oshishi:  Ifloslanish sog‘liqni saqlash xarajatlarining oshishiga, mulk qiymatining pasayishiga olib kelishi mumkin. 

5.  Ijtimoiy tengsizlik:  ifloslanish ko‘pincha nomutanosib ravishda marginallashgan jamoalarga ta'sir qiladi va mavjud ijtimoiy va iqtisodiy nomutanosiblikni kuchaytiradi. Tabaqalashuv tufayli Toshkentda faqat boylar yashaydigan hududlar paydo bo‘ldi. Poytaxtda yaqin kelajakda gettolar paydo bo‘la boshlasa ajablanmang.

NIMA QILMOQ KYeRAK?

Agar Toshkentni ekologik falokatdan qutqarmoqchi bo‘lsak, Eltuz quyidagi choralar ko‘rilishi shart deb hisoblaydi:

– Qurilishlarga kamida o‘n yilga maratoriy e'lon qilish kerak yoki bino qurish shartlarini kuchaytirish kerak. Misol uchun, bitta bino qurgan shirkat 1000 dona daraxt ekib o‘stirishi kerak;

– Daraxt kesganni qotil sifatida qamash kerak;

– Toshkentda mashinalarni keskin kamaytirish kerak;

–  80 navli benzinni butunlay sotuvdan chiqarib tashlash kerak. Mashina sotib olgan shaxs qimmat, ammo sifatli benzin sotib olish yo‘lini ham qiladi;

– Benzin va dizel hisobiga harakatlanadigan mashinalar ishlab chiqarishni ozaytirib, elektrokarlarni ko‘paytirish kerak;

– eski mashinalarni shaharga umuman kiritmaslik zarur. Shahar markaziga kirishni esa pullik qilib qo‘yish kerak.

Eltuz bu tavsiyalarni o‘zi o‘ylab topayotgani yo‘q. Bunday tajribalar dunyoning eng ko‘rkam shaharlarida qo‘llanilgan. Londonda shahar markaziga kirgan mashina kuniga 15 funt, ya'ni salkam 20 dollar to‘laydi. Londonda halqa yo‘llar bilan bir qatorda halqa o‘rmonlar barpo etilgan. Shahar aylanasiga “yashil belbog‘” bilan o‘rab olingan. Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar 2035 yilga borib o‘zidan zahar chiqaruvchi benzin va dizel yoqilg‘isi bilan yuradigan avtomobillar ishlab chiqarishni butunlay to‘xtatishga qaror qilgan. Saudiya Arabistoni hukumati atrof-muhit vandalizmiga qarshi kurashish bo‘yicha qat'iy choralarni e'lon qilgan.  Bir yarim yil muqaddam kuchga kirgan qonunga ko‘ra, daraxt kesganlar deyarli 8 million dollar jarima va 10 yil qamoq jazosiga hukm qilinadi.

To‘g‘ri, barcha choralar o‘ta keskin, ammo kelajak avlodlarga cho‘lu biyobon qoldirishni istamasak, og‘ir yo‘ldan borishga majburmiz.

Tag‘in o‘qing
20 iyul 2016
Odatdagidek, bu ishga, ya'ni g‘o‘za nihollarini chekanka qilish ishlariga ham byudjet tashkilotlari xodimlari – bog‘cha opalar, o‘qituvchilar, shifokor va ...
6 yanvar 2022
O‘zbek muxolifat lideri Muhammad Solih Eltuz muxbiri bilan suhbatda Qozog‘istondagi voqealarga munosabat bildirdi. O‘zbekiston «Erk» demokratik partiyasi lideri Muhammad ...
26 dekabr 2023
Rossiyalik siyosatchi Zaxar Prilepinning «Rossiya segodnya» matbuot-markazidagi anjumanda qilgan bayonotidan norozi o‘zbeklar stakan ichida bo‘ron qilib, erlarga ontarilib, dod voy qilib ...
29 sentyabr 2020
Ismi va ish joyi “Eltuz”ga ma'lum ekspert yo‘llagan maktubda O‘zbekiston madaniyatiga va tarixiga oid obidalarning saqlanishi yuzasidan aynan shunday ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...