«O‘zbekiston ham ukrainaliklarni yo‘q qilishga qo‘shildimi?»
O‘zbekiston va Qozog‘iston Rossiyaga porox va portlovchi moddalar ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan paxta va undan olinadigan maxsulotlarni sotish hajmini oshirdi. Bu haqda Uyushgan jinoyatchilik va korruptsiya haqidagi xabarlar loyihasi (OCCRP) jurnalistik tekshiruvi mualliflari yozmoqda.
G‘arb sanktsiyalari tufayli Rossiyaning xorijiy harbiy texnologiyalarni sotib olishi qiyinlashgan. Ammo artilleriya uchun eng zarur komponent hisoblangan porox yetkazib berish uchun Kreml baribir Markaziy Osiyodagi ikki qo‘shnisi – Qozog‘iston va O‘zbekistonning ko‘magiga tayanishi mumkin, aynan ular Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng, poroxning asosiy komponenti bo‘lgan – paxta tsellyulozasi eksporti hajmini oshirdi, deya yozmoqda surishtiruv mualliflari.
O-SI-SI-AR-PI ning Hokimiyat va voqealar guruhi qo‘lga kiritgan hujjatlarga ko‘ra, Rossiyaga paxta tsellyulozasi importining 98 foizdan ortig‘i Qozog‘iston va O‘zbekistondan etkazib berilmoqda va bu maxsulotning import hajmi Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinchilik urushi boshlaganidan buyon ancha oshgan.
Keling endi buni batafsilroq tahlil qilamiz. Paxta tsellyulozasi nima va u nima uchun ishlatiladi? Paxta tsellyulozasi yokm pulpasi sof oq tolali modda bo‘lib, undan turli xil plenkalar va matolar, masalan kolbasa, sosiska va sigaretlarni qadoqlashda ishlatiladigan suv qog‘oz, viskoza, bo‘yoq, loq, filtrlashda va boshqa soxalarda ishlatiladigan maxsus qog‘oz, sun'iy ipak, ofis mahsulotlarni ishlab chiqarishda foydalanish mumkin
Ammo 2023-yilning iyun oyidan boshlab paxta tsellyulozasi Yevropa Ittifoqida eksport nazorati ostiga olindi, chunki undan harbiy maqsadlarda ham foydalanish mumkin.
Ana endi keling, O‘zbekiston qanaday qilib bosqinchi davlatgavn paxta tsellyulozasini yetkazib berayotganini tahlil qilaylik.
O‘zbekiston o‘zining “oq oltini” bilan mashhur ekani hech kimga sir emas. Mamlakat dalalarda majburiy mehnatdan, jumladan bolalar mehnatidan foydalanib uzoq yillar Sovet Ittifoqining aksariyat hududini paxta maxsulotlari bilan ta'minlab keldi.
Garchi bunday yondashuv keyingi yillarda qisman bartaraf qilingan bo‘lsa-da, O‘zbekiston hamon yirik paxta ishlab chiqaruvchi mamlakat hisoblanadi. UN Comtrade ma'lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda paxta tsellyulozasi yetkazib beruvchi mamlakatlar orasida O‘zbekiston 4-o‘rinni egallagan.
Eksport-import operatsiyalari bo‘yicha oshkor bo‘lgan ma'lumotlarga ko‘ra, 2023-yilning yanvaridan sentyabrigacha kamida 7 ta o‘zbek shirkati Rossiyaga umumiy qiymati 8,7 million dollarga teng umumiy qiymati 4,8 million kilogramm paxta tsellyulozasini eksport qilgan, bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 70 foizga ko‘pdir, deya yozadi jurnalistik tekshiruv mualliflari.
Biroq jurnalistlar hozircha O‘zbekistondagi faqat ikkita shunday shirkat va ularning egalari kimligini aniqlashga muvaffaq bo‘lishgan. Rossiya Federal soliq xizmati saytida O‘zbekistondan paxta tsellyulozasi yetkazib beruvchilarning asosiylaridan biri, mamlakatdagi eng yirik paxta tsellyuloza ishlab chiqaruvchi shirkat Farg‘ona kimyo zavodi ekanligi ta'kidlangan. Korporativ hujjatlarga ko‘ra, kompaniyaning yakuniy egalari ham ikki nafar Rossiya vatandoshidir.
Import Genius axborotlar bazasidan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, 2022-yil va 2023-yil boshida Farg‘ona kimyo zavodi Rossiyaning import qiluvchi kompaniyalariga nafaqat xom ashyo yetkazib bergan, balki Rossiyaning Qozon va Perm viloyatlaridagi ikkita porox zavodiga qiymati 2,2 million dollardan ortiq bo‘lgan maxsulotlarni yetkazib berib, ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'minlagan.
O‘zbekistonning yana bir yirik eksportchisi, Raw Materials Cellulose (ROU MATERIALS SYeLLULOUS) – xomashyo tsellyulozasi shirkati haqida kam narsa ma'lum. Onlayn korporativ platformadagi ma'lumotlarga ko‘ra, u «natriy karboksimetiltsellyuloza, nitrotsellyuloza va porox» ishlab chiqaruvchi Rossiya va boshqa xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qiladi. Nitrotsellyuloza bu paxta tolalaridan tayyorlanadigan yengil yonuvchan mahsulot bo‘lib, u asosan o‘q-dorilar zaryadini ishlab chiqarishda foydalanaladi.
Kompaniya eksportining katta qismini rossiyalik importerlarga sotgan. Ammo, shu bilan birga, tranzaktsiya ma'lumotlariga ko‘ra 2022 yilda shirkat deyarli yarim million dollarlik xomashyo tsellyulozasini Tambovdagi porox zavodlariga 14 marta to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib bergan.
2023 yilda ushbu kompaniyaning Rossiyaga eksporti kamida 2,6 million dollarni tashkil etdi, bu ochiq manbalardagi mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, oldingi yillardagidan sezilarli darajada ko‘pdir.
Rossiyaning “Lenaxim” import kompaniyasi jurnalistlarga Farg‘ona kimyo zavodidan paxta tsellyulozasi kombinati va Raw Materials Cellulose shirkatlari bilan ular o‘rtasida shartnoma majburiyatlari imzolangani va ular tsellyuloza xomashyosi yetkazib berishganini tasdiqlashdi, biroq korxonalar ushbu mahsulotlardan qay tarzda foydalanayotganini bilmasliklarini aytishdi. Boshqa importchilar esa jurnalistlarning savollariga javob berishmadi.
Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlaganida, Rossiyadagi porox zavodlari asosan paxta pulpasi haridiga oid ma'lumotlparni chop qilishni to‘xtatishdi, bu esa jo‘natilgan manzilni aniqlashni qiyinlashtirdi. Rossiya qonunlariga ko‘ra, ma'lumotlarni oshkor qilish talablari davlat sirini tashkil etishi mumkin bo‘lgan ma'lumotlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Biroq Rossiya-Ukraina mojarosi boshlanishidan oldin yoki undan ko‘p o‘tmay imzolangan ba'zi uzoq muddatli shartnomalarda paxta tsellyulozasi O‘zbekistondan maxsus mudofaa maqsadida sotib olinganidan dalolat beradi.
Masalan, 2021-yil oxirida imzolangan davlat xaridlari to‘g‘risidagi hujjatda Perm shahridagi porox zavodi tutunsiz porox yoki raketa yoqilg‘isi ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan portlovchi modda bo‘lmish ballistit ishlab chiqarish uchun 2022-yil oxirigacha Farg‘ona kimyo zavodidan paxta tsellyulozasi sotib olingani ko‘rsatilgan. Shartnomaga ko‘ra, xarid “mamlakat mudofaasi va davlat xavfsizligini ta'minlash” maqsadida amalga oshirilgan.
Jurnalistlarning so‘roviga javoban Farg‘ona kimyo zavodi mutaxassislari paxta tsellyulozasi “Rossiya korxonalarining maxsus poroxlarini ishlab chiqarish talablariga javob bermasligi”ni aytishdi.
Ko‘pincha, bu maxsulot «nitro-laklar ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan nitrotsellyuloza sifatida ishlatiladi», deyiladi jumladan zavod vakilining javobida. Maktubda u kompaniyaning Rossiya porox zavodlari bilan bevosita aloqasi borligini inkor etadi.
“Mahsulotlarimiz va kompaniyamiz sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilmasligi uchun Rossiya kompaniyalari bilan hamkorlik ham biz tomondan, ham O‘zbekiston hukumati va banklari tomonidan qat'iy nazorat qilinadi”, — deyiladi jumladan maktubda.
Yana bir yirik eksporter Raw Materials Cellulose shirkati bosh direktori esa jurnalistlarning savollariga javob bermadi. O‘zbekistondagi boshqa eksporterlarga jo‘natilgan so‘rovlarga esa maqola chop etilgan paytga qadar javob olingani yo‘q.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham jurnalistlarning so‘rovlariga javob berishni o‘ziga ep ko‘rmadi.
Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi avvalroq Rossiyaning sanktsiyalarni chetlab o‘tishiga yordam berganlarga nisbatan ham sanksiyalar qo‘llanishi haqida ogohlantirgan edi. Garchi O‘zbekistondagi ayrim kompaniyalar Rossiyaga sanktsiyalarni chetlab o‘tishda yordam bergani uchun allaqachon “qora ro‘yxat”larga kiritilgan.
Joriy yilning iyun oyida O‘zbekistonning ikki kompaniyasi – «Alfa Beta Creative» MChJ va «JI EF KYeY LODJISTIK EYShA» MChJ Yevropa Ittifoqining Ukrainaga qarshi urushi tufayli Rossiyaga qarshi joriy etilgan 11-sanktsiyalar paketiga kiritilgan edi. Yevrokomissiya hisobotida aytilishicha, har ikkala kompaniya ham Rossiya harbiy-sanoat kompleksiga yordam bergani, xususan G‘arbdan Rossiya mudofaa sanoati uchun mahsulot sotib olishga uringani uchun sanktsiyaga tushishgan.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushi munosabati bilan qo‘llanilgan sanktsiyalarning 12-paketiga O‘zbekistonning yana bir kompaniyasi – “Mvizion” MChJ ham qo‘shildi, uning Ukrainaga qarshi urushda bosqinchi Rossiyaning jangarm harakatlarida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan “elektron komponentlar va kompyuter dasturlari”ni yetkazib berish orqali yordam bergani aniqlangan.
Rasmiy Toshkentning OCCRP jurnalistik tekshiruviga munosabati esa hozircha noma'lum.