Xazoraspning senator hokimi “MOT”ni qanday mot qildi?
Paxta terimi mavsumida majburiy mehnatga oid monitoring o‘tkazish maqsadida “Alyans” inson huquqlari lideri Yelena Urlaeva bilan 2015 yilning 27 sentyabr kuni Xorazm viloyatining Hozarasp tumanida qo‘nim topdik.
Mahalliy aholi bilan suhbat jarayonida, barcha joylarda bo‘lgani kabi Xazoraspda ham barcha kasb egalari – o‘qituvchi, shifokor, kollej o‘quvchilari paxtakorga aylantirilganligiga guvoh bo‘ldik.
Mahalliy aholidan olgan ma'lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, “Xorazm viloyati rahbarlari, Hozarasp tuman hokimiyati paxta masalasi bo‘yicha “MOT” (O‘zbekchalashtirganda: XMT – Xalqaro Mehnat Tashkiloti)dan kuzatuvchilar kelishini uch kun oldin bilganlar. Shaxsan Hozarasp MXX boshlig‘ining o‘zi mahalliy tashkilot va turli idora rahbarlarini, jumladan, Tuman sog‘liqni saqlash tizimi bosh shifokorini, tuman xalq ta'limi mudirasini, maktab va kollej direktorlarini ““MOT”dan komissiya kelib-ketgunga qadar kollej o‘quvchilarini, shifokor va o‘qituvchilarni paxta dalasidan vaqtincha uy-uylariga qaytarib turinglar, “MOT” kuzatuvlari ketishgach, yana barchani paxta dalasiga qaytarasizlar” deya og‘zaki ogohlantirgan, og‘zaki buyruq bergan.
Mahalliy hokimiyat rahbarlarining sa'i-harakatlari bilan “MOT”( Mejdunarodnoy organizatsii truda), ya'ni “XMT”(Xalqaro Mehnat tashkiloti) ekspertlari kelish arafasida paxta terimiga jalb etilgan jamiki hasharchilar – shifokorlar, o‘qituvchilar, kollej o‘quvchilari zudlik bilan paxta dalasidan olib chiqib ketilgan. “MOT”ning paxta mavsumida majburiy mehnat yuzasidan monitoring o‘tkazish istagidagi ekspertlari Hozaraspga kelib-ketishgach esa, barcha kasb egalari, kollej talabalari yana paxta dalalariga qaytarilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, Xorazm viloyat rahbarlari, Hozarasp tuman hokimligi “MOT” tashkilotini MOT qilishgan!
- Meni, – deydi paxta terimiga safarbar etilgan kollej o‘quvchilaridan biri, – paxta terimidan kutilmaganda uyga qaytarishgani uchun ota-onam “Hali paxta mavsumi tugagani yo‘q-ku, paxta rejasi to‘lgan ham emas-ku, nega o‘quvchilarni paxtazordan yig‘ishtirib olishdi?” deya nihoyatda taajjublanishgan edi. Ota onamning hayrat va sevinchi ko‘p uzoqqa cho‘zilgan emas. “MOT”ning komissiyasi kelib-ketishgach, bizni yana paxta dalalariga qaytarishdi.
Majburiy mehnatga oid monitoring jarayonida biz mahalliy hokimiyat vakillari Xalqaro Mehnat Tashkiloti kuzatuvchilarini qanday qilib chalg‘itishga muvaffaq bo‘lganligini nafaqat eshitdik, balki bu haqda kollej o‘quvchilaridan intervyular ham oldik:
Xazorasp tuman hokimligi Xalqaro Mehnat Tashkilot ekspertlari qulog‘iga qay tarzda lag‘mon ildi? Bu haqda paxta terimiga jalb etilgan kollejning 2 nafar o‘quvchisi shunday hikoya qiladi:
(Ikki nafar kollej o‘quvchi qizlarining intervyusi ilova qilinadi)
“Senatorning qutirganini ko‘ring”
Mahalliy aholining ma'lumotlariga ko‘ra, Hozarasp tumani hokimi, senator O‘ktam Qurbonov tuman prokuraturasi, MXX, IIB boshliqlari va xodimlari ko‘magida har kuni mahalliy vaqt bilan soat 21.00 dan to tungi soat 3.00 ga qadar paxta yig‘im-terimining olib borilishi yuzasidan hokimiyat binosining majlislar zalida majlis o‘tkazadi.
Mazkur yig‘ilishga tumanning barcha tashkilot mutasaddilari taklif etiladi.
Senator bo‘lish baxti nasib etgan hokim O‘ktam Qurbonov mazkur majlislarda qay bir tashkilot belgilab berilgan kunlik paxta terish rejasini uddalamagan bo‘lsa, o‘sha tashkilot rahbarini jamiki tashkilot rahbarlarining ko‘z o‘ngida tahqirlaydi, kaltaklaydi.
- Har bir tashkilotga xodimlarining soniga qarab bir kunlik paxta terish normasi belgilangan. Masalan, tumandagi 33-maktab ma'muriyati zimmasiga har kuni bir yarim ming tonna paxta terish vazifasi yuklatilgan. 33-maktabga kamroq plan qo‘yilgan. Negaki maktab kichik. O‘qituvchi va o‘quvchilar soni kamroq, – deya ma'lumot berdi bizga qishloq aholisi vakillari, – Masalan, sizlar kelishingizdan uch kun oldin tuman birlashgan shifoxonasi shifokorlari kunlik belgilab berilgan paxta rejasini uddalay olmagan ekan. Shuning uchun Hozarasp tuman hokimi, senator O‘ktam Qurbonov “Rayzdrav”ning bosh shifokori Ravshanbek Yusupovni 300 nafarga yaqin tashkilot rahbarlari va xodimlari, fermerlar ishtirok etayotgan majlislar minbariga chiqarib nafaqat haqorat qildi, balki ayovsiz kaltakladi ham. Bosh shifokorimizning mutaxassisligi kordiolog. O‘z ishining ustasi. Hozir bunday mutaxassislarni topish mushkul. Hokimimiz har kungi yig‘ilishda uch-to‘rt tashkilot rahbariga qo‘l ko‘taradi.
Hozarasp aholisi bizga “Paxta terimida majburiy mehnatga oid asl haqiqatlardan xabardor bo‘lishni astoydil istasangiz, eng avvalo, Xudoning bergan kuni kechda bo‘ladigan hokimiyat majlisida ishtirok eting, o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib, qulog‘ingiz bilan eshitib, tuman hokimi, senator belgilangan kunlik paxta terish normasini bajara olmagan tashkilot rahbarlarini qay tariqa do‘pposlashiga shaxsan o‘zingiz guvohi bo‘ling” deya taklif kiritishdi.
To‘g‘ri, biz aholidan olgan axborotlarga qanoat hosil qilishimiz, o‘zimizni o‘qqa-cho‘qqa urmasligimiz ham mumkin edi. Ammo jurnalist birgina eshitganigagina ishonib qolmasligi kerak. Kimdir hokimga – senator O‘. Qurbonovga hasad qilib ham uning nomini qasddan qoralashi mumkinmi? Mumkin. Bu hayot. Unda hamma narsa sodir bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Shu bois ham jurnalist degani, mening nazarimda, eshitganlarining rostligiga iymoni komil bo‘lishi uchun tekshirib ko‘rishi, ikki tomonni ham birdek tinglab, ana undan keyin xulosa chiqarmog‘i shart deb bilaman. Aks holda bir tomonga nohaq jabr yetkazib qo‘yish hech gap emas. Qachonki, eshitganlaringni ko‘zing bilan ko‘rsang, shundagina dalillarga tayangan holda qo‘lga qalam olasan, ana shundagina yozganlaringga yolg‘on aralashmaydi, haqiqatni yozasan.
Xuddi ana shunday printsipdan chiqib kelgan holda men huquqbon Yelena Urlaevaning maslahatiga asosan, hokim-senator O‘ktam Qurbonovning paxta yig‘im-terimining borishiga bag‘ishlab o‘tkazishi rejalashtirilgan majlisida ishtirok etish maqsadida mahalliy ayollar kabi kiyinib, boshimga durra tang‘ib, 2015 yilning 29 sentyabr kuni kech soat 20.40 larda Hozarasp tuman hokimiyati binosi tomon yo‘l oldim. Majlislar zaliga kirdim. Bu yerda 200 dan ortiq odamlar o‘tirardi. Sekingina kirib, uchinchi qatorga cho‘kdim.
Bizni xabardor qilishgani kabi, tungi soat 21.00 lardan o‘tganida majlislar zaliga tuman hokimi, senator O‘ktam Qurbonov kirib keldi.
Majlislar minbaridagi stullardan biriga, mikrofon qarshisiga cho‘karkan, qo‘lidagi “Kunlik paxta terimi rejasining uddalanishiga oid ma'lumotnoma ro‘yxati” asosida kunlik paxta terimi rejasini uddalay olmagan tashkilot nomlarini birma-bir atab, rahbarlarini bitin-ketin o‘rnidan turg‘azib, ularga o‘dag‘aylay ketdi.
Masalan, “Xazorasp pochta shu yerdami?” yo‘qlama qila ketdi O‘ktam Qurbonov. Pochta rahbari sekingina o‘rnidan turdi. Odatiga ko‘ra senator pochta rahbariga dag‘dag‘anisini boshladi:
“Rayzdrav” qaerda?… TumanGaz, qanisan?… RayONOchi? … Xazorasp neft? Xazorasp elektr? Butun bir boshli idora xodimlaring bilan kun bo‘yi 1200 kilogramm paxta terasanmi? Borasan, hoziroq borib, to tonggi soat 7.00 ga qadar tun bo‘yi paxta terasan. Rejani bajarasan! Shaxsan o‘zim borib, nazorat qilaman!…” mazmunidagi do‘q-po‘pisalar bo‘ldi. Suv quygandek jim-jit majlislar zalida tuman hokimi O‘ktam Qurbonovning yuqoridagi kabi xitoblari yangrardi.
Xozarasp hokimi, senator o‘ktam qurbonovning aynan ana shunday dag‘dag‘alari tuman tashkilotlari va kollej o‘quvchilarini majburiy mehnatga jalb etilayotganligining yaqqol isboti edi!
Tabiiyki, men o‘z kasbim taqozosiga ko‘ra senator olib borayotgan mazkur yig‘ilishni tasmaga muhrlab borardim.
Oradan taxminan 7 daqiqalar o‘tdi chamasi, senatorning mobil telefoni jiringlab qoldi. “Men majlis o‘tkazayapman” javob qildi go‘shakni ko‘targan xokim O‘ktam Qurbonov. Go‘shak ortidagi ovoz muhimroq gap aytdi shekilli, Xazorasp hokimi chaqqonlik bilan o‘rnidan turib, telefonini qulog‘idan qo‘ymasdan, gaplasha-gaplasha majlislar zali minbari ortidagi xona tomon yo‘naldi. Haligina paxta terim rejasini uddalay olmagan tashkilot rahbarlariga udag‘aylab turgan hokim 2-3 daqiqadan so‘ng parda ortidagi xonadan butunlay boshqa odamga aylanib chiqdi. Kutilmaganda ovoz ohangi muloyimlashib, majlis mavzusini tubdan o‘zgartirib yubordi:
“Paxtakorlarga uch mahal issiq ovqat bormi? Bank, terimchilarning pullarini vaqtida berayapsizmi? Savdo, un, yog‘larni paxta dalalariga tashkil etayapsizlarmi? – degan mazmundagi so‘zlar-la “g‘amxo‘rlik” qilib, barcha tashkilotlarni birma-bir “yo‘qlama” qilib, o‘rnidan turg‘azib, uy-uylariga bir-bir javob bera boshladi:
“Obodonchilik, turing, necha kishisizlar? Qani, uyingizga boring” dedi hokim. Tuman obodonlashtirish bo‘limi rahbari uch-to‘rt xodimi bilan o‘rnidan turdi va hokimning izmidan so‘ng eshik tomon yo‘naldi.
Hozarasp tuman hokimi, senator O‘ktam Qurbonov, “TumanGaz, Tuman Elektr, RayONO, Rayzdrav, Agrobank, pochta, sanepstantsiya, moliya, soliq….” – deya birma-bir tashkilot rahbarlarini turg‘azib, uylariga ketishga izin bera boshladi. Tuman rahbarlari birin-ketin majlislar zalini tark eta boshladi.
Majlislar zalida bor-yo‘g‘i, adashmasam, 6 nafar ayol bor edi. Ular birinchi va ikkinchi qatorlaridan joy olishgandi. Men esa ularning orqasidagi 3-qatordan o‘rin egallagandim.
Hokim ayollarning tashkilot nomini aytib, chorlab qoldi. Olti ayol birvarakayiga o‘rnidan turib, ruxsat tekkach, ketishga chog‘landi. Qarasam, majlislar zalida birin-ketin odamlar soni siyraklashmoqda.
Mabodo, shu ayollar bilan qo‘shilishib majlislar zalini tark etmasam, hayhotdek majlislar zalida yolg‘iz o‘zim qolib ketishim ham hech gap emas. Shu bois ham ayollarga qo‘shilib eshik tomon yo‘naldim.
Endigina majlislar zali eshigi tutqichidan tutgan ham edimki, mikrofonda senator O‘ktam Qurbonovning “Opa, hali sizning ketishingizga ruxsat yo‘q. Ortingizga qayting. Qani, kelib o‘rningizga o‘tiringchi?” degan hukmi yangradi.
Hokim menga qarata xitob qilayotganini anglasam-da, o‘zimni bilmaganlikka solib, ortimga o‘grilmasdan, yo‘limda davom etdim. Ortimdan tuman hokimining “Opani ortiga qaytaringlar” degan amirona ovozi jarangladi.
Endigina majlislar zalidan chiqib ulgurgan ham edimki, hokimning buyrug‘iga binoan majlislar zalidan uch nafar erkak kishi yugirgilab chiqishdi. Ana shundagina men majlis minbarida o‘tirgan tuman hokimi, senator O‘ktam Qurbonovga qo‘ng‘iroq qilgan shaxs “Yig‘ilishga jurnalist kirgan” deya ogoh etganini anglab yetdim. Kimdir bizni sotib qo‘ygandi.
- Opa, sizni hokim chaqiriyapti. To‘xtang, ortingizga qayting?” – dedi ortimdan jon holatda kelayotganlardan biri.
-
O‘zingizni tanishtiring, kimsiz? Hokim chaqirayapti sizni, ortingizga qayting! – dedi ikkinchisi.
Mendan shaxsimni so‘rab-surishtirgan kishi, u hokimiyat vakili bo‘ladimi, MXX xodimimi, prokuratura va yo IIB polkovniki bo‘ladimi, eng avvalo o‘zlarini tanishtirishlari kerakmidi, yo‘qmidi?
Fuqaro kiyimidagi noma'lum bu shaxslar xuddi bezori yo‘lto‘sarlar, qattol qaroqchilardek, ortimdan quvishardi, yo‘limni to‘sishardi, so‘roqqa tutishardi. Ammo “Kechirasiz, men Xazorasp tuman hokimiyat vakili, va yo MXX xizmatchisi faloncha pusmodonchaev bo‘laman. Mana mening guvohnomam. Marhamat qilib, Siz ham shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatingizni ko‘rsatsangiz?” deyishmaydi. O‘zlarini o‘la qolishsa ham tanishtirishmaydi.
Meni ta'qib qilayotganlar Xazorasp tuman hokimiyati va yo organ vakillari emas, ehtimol, rostanam bezori yo‘lto‘sarlardir? Ularning peshonasiga “Hokimiyat vakillari, organ odamlari” deb yozib qo‘yibdimi? Modomiki, ular o‘zlarini tanishtirishmas ekan, men ham ularga “otchyot” berishga shoshilmayman. “Nega endi menga rasman murojaat qilmayotgan shaxslarga hisobot berishim kerak?” degan o‘yda ularga bee'tibor bir qarab qo‘ydim-u, yo‘limda davom etishdan to‘xtamadim.
- Kimsiz, o‘zingizni tanishtiring. Qaysi tashkilotdansiz? Yo otinoyimisiz? Majlisga nima maqsadda kirgandingiz? Sizni hokim chaqirayapti, ortingizga qaytasizmi, yo‘qmi? – degan kuyi hokimiyatning uch vakili ortimdan ergashardi.
Ularga nima deyman? “Men otin oyi emasman. RayGaz va yo RayONOdan ham emasman. Men mustaqil jurnalistman. Majlisga senatorning dag‘dag‘alariga guvoh bo‘lish, tasmaga muhrlash uchun kirgandim deymanmi?
Haqiqatni aytish mushkul emas. Bu qo‘rqinchli ham emas. Buningdek holatda bizni eng hayiqtiradigan narsa fleshka. Ularga men kerak emasdim. Ularga majlislar zalidagi paxta yig‘im terimining borishi, kunlik paxta terimining uddalanishiga oid hokimning hayqiriqlari, rejani uddalay olmagan tuman tashkilot rahbarlarini kamsitishlari yozib olingan fleshka kerak edi, xolos.
Rost so‘zlaydigan bo‘lsam, fleshkamni tortib olishlarini, uning ichidagi bor-yo‘g‘ini o‘chirib, qo‘limga qaytarishlarini, hayotimni xatarga qo‘yib qo‘lga kiritgan dalillarimdan ayrilib qolishimni, barcha mehnatlarim zoe ketishini bilardim.
Men yolg‘on ham gapira olmasdim, rost so‘ylashga ham vaziyat izin bermasdi. Shu bois sukut saqlashni lozim topardim…
Qorong‘ida yo‘lni bilmaganligim sababli hokimiyat binosidan chiqishim bilan o‘ng tomonga yo‘nalibman. Oldimni ko‘priksiz suv to‘la oqib o‘tayotgan kattagina kanalmi, anhormi “to‘sib oldi” –“tupik”ka kirib qoldim. Yo‘limni davom ettira olmasdim. Ortga qaytay desam, bir emas, hokimiyat binosidagi majlislar zalidan yugurgilab chiqqan uchovlon, garchi meni qo‘llari bilan ushlashmasa-da, “Ortingizga qayting, hokim chaqirayapti” degancha ta'qib qilishardi. Imkonsizlikdan ortga o‘grildim.
Hokimiyat hovlisiga qaytgach, kanal ko‘prigi ro‘parasiga yetgach, yo‘limni asfalt yo‘l tomon burdim.
Ortimdan tinimsiz ta'qib qilayotgan yo‘lto‘sarlarning yoshrog‘i qulochini yoygancha qarshimdan to‘sib chiqdi: “Ortingizga qaytmasangiz bo‘lmaydi, opa, sizni hokim chaqirayapti!”.
Uning amriga bo‘ysunmay, izimda davom etdim. Shunda ulardan biri “Nachalnik militsiyaga telefon qil. Bu bilan nachalnikning o‘zi shug‘ullansin” dedi. Ikkinchisi esa mobil telefonida raqamlarni tera boshladi. Men esa hech bir gap so‘zsiz mijoz kutib qator turgan taksilardan biri – neksiyaga o‘tirdim.
“Qaerga borasiz? Qancha berasiz? Nega savdolashmaysiz?” deya xarxasha qilayotgan haydovchiga “So‘raganingizni olasiz, manzilimni yo‘l-yo‘lakay aytaman, gazni bosing” dedim sekingina. Taksi joyidan jildi. Shoshilinch tarzda oq rangli spark rusumli mashinaga o‘zlarini urgan uchovlon ta'qibchi ortimizdan tushdi. Ular to Hozarasp tumanining Bo‘ston deb yozilgan joyga qatar izma-iz ta'qib qilib, quvlab kelishdi.
“Opa, ortimizdan oq spark tushgan. Ular sizni quvishmoqdami?” so‘radi oynadan ortni kuzatayotgan haydovchi yigit. Men unga “Meni quvlayotganlar hokimiyat majlislar zalidan chiqqan shaxslar” demadim. Negaki, rostini aytgudek bo‘lsam, haydovchi taqqa to‘xtab qolishi ham hech gap emasdi.
Bu paytda soat tungi 22.00 ga yaqinlashgan. Atrof zim-ziyo. Ikki tomonimiz paxtazor. Mashinasiz qoladigan bo‘lsam, tunda yolg‘iz o‘zim qaerga ham borardim. Shu bois “Mening shevam boshqacha bo‘lganligi sababli notanish erkaklar tegajonlik qilishmoqda, siz taksist ekanligingizni isbotlangchi? Barcha jin ko‘chalarni bilishingiz kerak. Gazni bosib, shu notanish odamlarni yo‘ldan adashtirib ketmaysizmi?” dedim haydovchiga. Shofyor shunday qildi. Tezlikni oshirib, ta'qib qilib kelayotgan spark avtomashinasini ortda qoldirdi. Haydovchi ta'qib qilib kelayotgan sparkni dog‘da qoldirib ketdi deb o‘ylagandim. Xomtama bo‘lgan ekanman. Keyinchalik mulohaza qilib ko‘rsam, men o‘tirgan mashina raqamini ko‘rgan ta'qibchilarning o‘zlari atay ortda qolishgan ekan.
Qo‘nim topgan manzilimizni topib borgach, haydovchi bilan hisob-kitob qilarkanman, “Mabodo boyagi mashinadagilar yo‘lda sizni kutib turishgan bo‘lsa, iltimos, meni keltirgan manzilingizni ularga aytmasangiz?” deb iltimos qildim. U ko‘ngandek bo‘ldi. Ammo hayal o‘tmay mahallani maxsus xizmat xodimlari qurshab olishgani haqida xabar tarqaldi.
Men jinoyatchi emasdim. Hokim “Ortingizga qayting, joyingizga o‘tiring” deganida, qaytib, o‘tirsam ham bo‘lardi. Biroq, yana eslataman, yuqorida ta'kidlaganimdek, men senator olib borgan majlis “mojarosi” muhirlangan fleshkalarimdan xavotirda edim. Ularni “udalit” qilib tashlashlari aniq edi. Fleshkadagi dalillarni asrab qolish uchun ham tuman hokimining amriga bo‘ysunmaslikka majbur edim.
Mahallani qurshab olgan maxsus xizmat xodimlari sal kam yarim tun bo‘lishiga qaramasdan surishtiruv ishlarini boshlab yuborishni boshlashgan ekan. Bu haqda xabar kelishi bilan fleshkalardagi yozuvlarni omon saqlab qolish umidida, mahalliy aholi ko‘magida Yelena Urlaeva bilan birgalikda paxtazoru, kanal yoqasidagi jiydazor, to‘qayzor oralab ketdik….
Elektr chirog‘i yo‘qligi sababli yusel antenasi juda nimjon ekan, internet nihoyatda sust ishlardi. Ming mashaqqatlar bilan to‘qayzorda fleshkadagi materiallarni internet ko‘magida xavfsiz deb bilgan manzilimizga jo‘natib bo‘lgach, tungi soat 1.30 larda ortga, qo‘nim topgan kulbamizga qaytdik. Biz qaytayotgan uyga olib boradigan yo‘l muyulishida oq matizdagi maxsus xizmat xodimlari bizni hamon kutib turishardi. To‘g‘ri, ular bizga dahl qilishmadi. Ammo to tonggacha uyni qorovullab chiqishdi.
(Hozarasp tuman hokimi bo‘lgan senator O‘ktam Qurbonovning paxta yig‘im-terimining borishiga oid majlis zalidan yozib olingan tasmalar ilova qilinadi)
Yo‘q, biz Qoraqalpog‘istonga, Ellikqal'a va yo Beruniy tumanlariga o‘tib ketsak ham bo‘lardi. Biroq, Hozaraspda hali monitoring nihoyasiga yetkazilmagandi. Qolaversa, aybdor odamlardek yarim tunda qochib ketishni istamasdik…
Hozarasp tumanida paxta terimiga jalb etilgan kollej o‘quvchilari xaroba joylarga joylashtirilgandi
Monitoringning keyingi kuni – 29 sentyabr erta tong, soat 5.00 larda, kollej o‘quvchilari paxta dalasiga chiqib ketmasidan oldin ular joylashtirilgan dala shiyponlari, garajlar, bolalar bog‘chasiga otlandik. Maqsad: o‘quvchilarning yashash sharoitlarini o‘rganish, oziq-ovqatlari sifati bilan tanishish edi.
Biz mahalliy aholi vakili huquqbon Shokir Davletov va ularning o‘g‘illari Zokir Davletovlar hamrohligida eng avvalo Sanoat qishlog‘i paxtazorlarida joylashgan dala shiyponiga yo‘l oldik. Biz tunab qolgan uy oldida tun bo‘yi soqchilik qilib chiqqan oq matizdagi fuqaro kiyimidagi maxsus xizmat ayg‘oqchilari ortimizdan tushishdi. Biz borgan mazkur dala shiyponi paxta yig‘im-terimiga safarbar etilgan Qishloq xo‘jaligi kolleji o‘quvchilariga yotoq sifatida berilgan ekan. Biz borgan paytimizda, tong saharda ikki o‘quvchi tunikadan yasalgan qo‘lbola o‘choqqa o‘tin qalab, olti obtova va bir chovgumda barcha o‘quvchilar uchun nonushtaga choy qaynatishardi.
Odatda, O‘zbekistonda obtovada choy qaynatilmaydi. Mazkur idish asosan tahorat olish, yuz-qo‘l yuvishda ishlatiladi.
Bir kam ellik yoshim davomida O‘zbekistonda obtovani o‘choqqa qo‘yib, choy qaynatishlariga ilk bor guvoh bo‘lishim.
Bu nimadan dalolat?
Paxtaga jalb etilgan Qishloq ho‘jaligi kolleji o‘quvchilari joylashtirilgan dala shiyponida choy qaynatish uchun hatto bitta samovar ham yo‘qligidan darak emasmi?
Quyidagi suratlarga esa izohning hojati yo‘q:
(Hozarasp tuman, Sanoat qishloq paxta dalasidagi dala shiyponida yashashga majbur etilayotgan qishloq xo‘jaligi kolleji o‘quvchilarning hayoti, shiroitiga oid suratlar ilova qilinadi)
O‘quvchilar bilan suhbatdan so‘ng keyingi manzilimiz Sanoat qishlog‘idagi bolalar bog‘chasi bo‘ldi. Mazkur bolalar bog‘chasiga paxta terimiga jalb etilgan qishloq xo‘jaligi kolleji o‘quvchilari joylashtirilgan bo‘lib, ularga yaratilgan shart sharoitni ham qoniqarli deb bo‘lmasdi.
(Bolalar bog‘chasiga joylashtirilgan Qishloq xo‘jaligi kolleji o‘quvchi – qizlar xonasi aks etgan suratlar va kollej o‘quvchi qizidan olingan intervyu ilova qilinadi.)
Sanoat qishloq paxta dalalarining birida ko‘rimsizgina suvchilar kulbasi bor ekan. Paxta terimiga safarbar etilgan Maishiy xizmat ko‘rsatish kasb hunar kolleji o‘quvchilari mazkur xaroba binoda tunab qolishga mahkum etilgan.
2015 yil, 29 sentyabr. Erta tong. Soat taxminan 6.00 bilan 7.00 lar o‘rtasi.
Paxta terishdek mashaqqatli va og‘ir yumushga safarbar etilgan mazkur kollej o‘quvchilarining ertalabki nonushtaga yozilgan dasturxonini ko‘ring:
Hozarasp tuman hokimi, senator o‘ktam qurbonov majburiy mehnatga oid monitoring o‘tkazishimizga qonun idoralari qo‘li bilan qarshilik ko‘rsatdi
Sanoat qishlog‘i paxta dalasida qad ko‘targan suvchilar kulbasiga joylashtirilgan Maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘quvchi yigitlari biz borganimizda endigina dasturxon atrofiga o‘tirishgan ekan. Bizni ko‘rgan yigitlar uyalib, dasturxon atrofidan turib, xonani tark etishdi.
Biz endigina bitta rasm olib ulgurgan edik hamki kulba hovlisiga shahd bilan kirib kelgan ikkita neksiya rusumli mashina to‘xtadi. Mashinalardan bitta IIB formasidagi va o‘nga yaqin fuqaro kiyimidagi devqomat erkaklar va ikki nafar notanish ayollar tushishdi.
Bor-yo‘g‘i ikkita neksiyaga shuncha odam qanday jo bo‘lganiga hayron bo‘lib turganimda, kutilmaganda fuqaro kiyimidagi erkak kishilar bizga tashlanishdi. Qo‘llarimizni qayirib, (Xuddi kinolardagidek! Qora niqobli qurollangan maxsus guruhlar jinoyatchilarni qanday qo‘lga olishganlarini filmlarda ko‘p ko‘rnganman: qo‘llaringni ortga qayirishadi. Boshingni yerga qarab bosishadi. Ikki buklanib qolasan. Keyin shu kuyi mashinaga tiqishadi. Ikki tomoningda ikkitasi o‘tirib ham olishadi. Guyo sen tezlikda ketayotgan mashinadan o‘zingni otib yuboradigandek! Kinolardagidan farqi shunda ediki, bizga tashlangan notanish erkaklarning yuzlariga qora niqob tortilmagan edi) o‘zlari o‘tirib kelgan mashina tomonga turtkilab ketishdi.
Shunda ular bilan birga kelgan ayollardan biri: “Sen eding-a, ana u yoqda bizni haqorat qilib ketgan, janjal ko‘targan?! Nega bizni haqorat qilib ketding-a? Endi javob berchi?!” degancha shallaqilarcha baqira ketdi menga. Chiyillash jarayonida xuddi men qochib ketayotgandek egnimga yopishdi. Shundagina IIB xodimlari xuddi Qashqadaryodagi kabi bizga nisbatan maxsus yollangan shallaqi ayollarni “tashlashganligini” anglab ketdim. “Assalomu alaykum, salomatmisiz? Hormanglar. Xazoraspda ilk bor mehmon bo‘lib turibsiz. Xudodan qo‘rqing opajo-oon, (ular mendan kichik edi) men sizni birinchi marta ko‘rib turibmanu?” dedim o‘zimni jilmayishga, xushmuomala bo‘lishga majburlab.
Ularning aynan menga yopishishlari bejiz emasdi. Negaki, ular Urlaevaga udag‘aylay deyishsa, rus tilini bilishmasdi. Bu orada o‘zlarini tanishtirmagan, xizmat guvohnomasini ko‘rsatmagan fuqaro kiyimidagi (ular bezorilarmi, maxsus xizmat xodimlarimi, shallaqi ayollar boshlab kelgan qarindoshlarimi, anglashga ulgurmay ham qoldik) o‘nga yaqin erkak kishilar men va Yelena Urlaevani urib-turtib, Neksiyaga o‘tqazishga ulgurishgandi.
“Qo‘lidan fotoapparatini ol!” deb xitob qildi erkaklardan biri. “Cho‘ntagingda nima borr, barchasini chiqar bu yoqqa!” deya udag‘ayladi ikkinchisi. IIB formasidagi xodim Urlaeva va mening fotovideoapparatimizni yulqib olarkan, cho‘ntaklarimizni titkiladi. Mening cho‘ntagimdan chiqqan pasportimga tegishmadi. Ammo ikki dona adapterga solingan hajmi 4 GB bo‘lgan ikkita fleshka va bitta yuzbini ham topib, tortib olib qo‘yishdi.
Orqa o‘rindiqqa Urlaeva va meni o‘tqazishdi. Militsiya formasidagi va fuqaro kiyimidagi navbat bizga hamrohlik qilgan mahalliy aholi vakili va uning o‘g‘liga keldi. Ularni kuch ishlatib, majburan mashinaga o‘tqazish chog‘ida, hamrohimizning 23 yoshli o‘g‘li Zokirning boshiga jarohat yetkazishdi. Yigitning peshonasidan qon oqardi. Buni ko‘rgan Yelena Mixaylovna zo‘ravon kishilardan “Zudlik bilan “Tez yordam” chaqiringlar, bolaga tibbiy ko‘mak kerak” deya talab qilishiga qaramasdan, hech birlari quloq solishmadi ham.
Barchamizni Hozarasp tuman IIB idorasiga olib borishdi. Ortimizdan kelayotgan maxsus mashinada bizga hujum qilishga shaylangan ikki nafar ayolni ham o‘zlari bilan Xazorasp tuman militsiya idorasiga keltirishdi.
Ayollarning sumkasi biz o‘tirgan neksiyaning orqa oynasi oldida ekan. Ayollardan biri biz o‘tirgan mashinaga yaqinlashib, bizga soqchilik qilib kelgan fuqaro kiyimidagi erkak kishidan “Sumkalarimizni bering-a, ana, orqa oyna oldida turibdi” dedi. Bizning “qorovul” ayolga orqa oyna oldidan ayollar sumkasini olib berdi. Shundan keyin biz IIB xodimlarining kuzatuvida binoning ikkinchi qavatiga kutarildik. Yelena Urlaevani, meni, hamrohlarimiz ota-bola Davletovlarni alohida-alohida xonalarga bandi etishdi.
Keyinchalik Bizga hamrohlik qilgan huquqbon Shokir Davletovning Sanoat qishlog‘ining paxtazor dalasidagi suvchilar kulbasi yaqinida qolib ketgan mashinasini ham militsiya xodimlari keyinchalik maxsus transportga ortib, tuman IIB binosiga keltirishdi.
Maxsus xizmat xodimlari bizga qarshi maxsus yollangan yengiltabiat ayollar shantajidan foydalanishga urindi
Meni Hozarasp tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosarining xonasiga “xibs” etishgan ekan.
IIBga kelib aniqlik kiritishimizcha, bizni tuman IIB Jinoyat qidiruv bo‘limining tezkor guruh vakillari “asr olishgan” ekan.
Xonaga kirib o‘tirar-o‘tirmasimdanoq tergov boshlanib ketdi.
So‘roq boshlanishi bilan:
- Bizga qanday ayblov qo‘yishni bilmasdan, yollangan fohisha ayollar shantaji ko‘magidan foydalanishga qaror qildingizlarmi? Aytib qo‘yay, bu stsenariy bizga notanish emas. Buningdek shantajni Qashqadaryoda boshimizdan kechirganmiz. Yollangan ayollar ko‘magida bizni ayblashga urinish epizodi allaqachonlar urfdan qolib ketgan. Shunday qiladigan bo‘lsalaringiz butun olam oldida sharmanda bo‘lasizlar, Bu hiylani bilib qolganlarning barchasi ustingizdan kulishadi, – dedim, garchi mendan bu haqda hech kim so‘ramagan bo‘lsa-da.
Qanaqa ayollar? Tushunmadim, bu nima deganingiz? – so‘radi o‘zini tanishtirmagan fuqaro kiyimidagi IIB xodimi. Keyinchalik uni hamkasblari “Farrux” deb chaqirishganlarini eshitdim).
Sizlarga bizni ayblash kerakmi? Unda «chestnыy» o‘yin o‘ynash kerak. Hammasi halol bo‘lsin. Buning uchun sizlar meni o‘z holimga qo‘yib bering. Men ko‘rgan-bilganlarim haqidagi maqolamni e'lon qilay. Mabodo, xabarimda zarracha yolg‘on qo‘llasam, ana undan keyin meni O‘zJKning 139-, 140- moddalari asosida osongina jinoiy javobgarlikka tortishlaringiz mumkin bo‘ladi. Menga ayblov qo‘yishning eng oson yo‘li shu. Menga farqi yo‘q. Men O‘zMTRKdagi 20 yillik jurnalistlik faoliyatim davomida sud, prokuratura, militsiya xodimlari bilan hamkorlikda ishlaganman, ko‘rsatuvlar qilganman.
Shuning uchun bu soha odamlarini yaxshi bilaman, yaxshi ko‘raman, sizlarga dushmanligim yo‘q. Sizlar ham o‘z vazifalaringizni bajarishlaringiz, rahbariyatingizdan gap eshitib qolmasligingiz, xatoga yo‘l qo‘ymasliklaringiz, kulgiga qolmasliklaringiz kerak. Sizlarniyam oilangiz bor, bolalaringizni boqishlaringiz kerak…. Shuning uchun ham gapga qolmanglar demoqchiman xolos…., – dedim. Bu gaplarni sidqidildan aytgandim.
- Bizga hayrihoh bo‘lsangiz qimmatliroq ma'lumotlarni bering, – kuldi tergovchi yigit.
Bundan ham bebaho maslahat bo‘lishi mumkinmi? – dedim ajablanib.
Farrux bilan suhbatimiz uzoq davom etdi.
U “Birdamlik” haqida qiziqdi. Siz “Birdamlik” liderimisiz?” – deb so‘ragandi, asablarim qaqshab ketdi.
- Men haqimda hech narsani bilmas ekansiz. Yana o‘zingizni jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakiliman deysiz. Internetni kuzatib boraman, “Kasalligingizni aniqlash borasidagi analiz javoblaringiz bir setka bo‘lganidan ham xabarim bor, hammasini bilaman” deysiz. Men “Birdamlik”dan otamning zamonida chiqib ketganman. Bu haqda e'lon ham berganman, – dedim jahl bilan.
IIB xodimi nima sababdan “Birdamlik”ni tark etganimga qiziqdi. Rostini aytdim. Yashirib nima qildim? Baribir internetdan o‘qib bilishadi.
Oilaviy ahvolim, kasbim, ilgari qaerlarda ishlaganim, hozir aynan nima ish bilan shug‘ullanishimga qiziqishdi.
Talabalikdan to bugungi kungacha bo‘lgan hayot yo‘limni qisqacha gapirib berdim. Hech bir yolg‘on aralashtirmasdan.
“Noqonuniy tarzda paxta dalalarida bo‘ldim, suratlarga oldim, tasvirlarga tushirdim, o‘quvchilar bilan suhbatlashdim” deb yozib bering”.
– Qani, Xorazmga qachon keldingiz, nima maqsadda keldingiz? Qaerlarda bo‘ldingiz? Nimalarni s'yomka qildingiz? Kimlardan intervyular oldingiz? Barchasi haqida nachalnik nomiga bir boshidan yozib bering qani? – buyurdi Farrux.
– Nega yozarkanman. Yozmayman. Oldin menga aybim nimada ekanligini ayting. Qaysi qonun talabini buzgan ekanman? Men O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi doirasidan chetga chiqqan emasman.
– Qonunni buzmagan bo‘lsangiz, nimadan qo‘rqasiz? Yozasiz! – takror talab qildi IIB xodimi.
– Endi advokat ishtirokisiz bir og‘iz ham gapirmayman, bir qator ham yozmayman. Toshkentdan advokatimni chaqiring, uning ishtirokida so‘roq qilasiz, – e'tiroz bildirdim.
– Yozasiz, shunday yozasizki…, – menga nafrat va g‘azab bilan tikildi u.
– Istasangiz peshonamdan otishingiz mumkin. Hohlasangiz shu kabinetning o‘zida nomusimga tajovuz qilishingiz mumkin. Ammo, endi mendan gap ololmaysiz, – deb javob qilibman azboroyi asabiylashganimdan. Oxirgi gaplarni nega aytdim? Nimagayam shunday dedim, bunga keyinchalik o‘zim ham hayron qoldim.
– Nimaga unday deysiz, Xudo saqlasin-e, opa! Bu nima deganingiz? Nima, bundan oldin hayotingizda shunday voqea sodir bo‘lganmi? Militsiya xodimlaridan birortasi sizni zo‘rlaganmi? – sinchkov tikildi Farrux.
– Bunday holatlar haqida ming marta o‘qiganman. Shunday aziyat chekkanlarning barchasi bizga shikoyat qilib kelishadi. Million marta eshitganman, – dedim ishonch bilan.
Darhaqiqat, mamlakat militsiyasi qo‘liga tushgan erkaklarni amriga bo‘ysunmadimi, urib, po‘la qiladi, Aytganiga itoat qilmagan ayollarni esa nomusiga tajovuz qiladi. Bu bor gap-ku. Buni olamu odamga ma'lum.
Ana shu suhbatdan so‘ng Farrux butunlay ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi-yu, uning o‘rnini fuqaro kiyimidagi o‘zga notanish bir xodim egalladi.
“Paxta siyosatiga aralashmay uyda ketni qisib o‘tirish kerak edi!”
Hozarasp tuman IIBsida mahalliy vaqt bilan soat 8.00 da majburan keltirishgan bo‘lsa, to soat 20.30 ga qadar shaxsan meni fuqaro kiyimidagi o‘zini tanishtirmagan 3 nafar organ xodimi so‘roq qildi. Ular prokuratura tergovchisi edimi, MMX xodimi edimi, tuman ichki ishlar bo‘limidanmi, anglash mushkul edi.
Biroq xodimlar bir-birlariga murojaat qilishlari ortidan meni so‘roq-savol qilayotgan shaxslarning nomlarini aniqlash imkoniyati tug‘ildi.
Meni ilk bor so‘roqqa tutgan xodimni Farrux deb atashdi.
Keyingi “tergovchi”ni Hozarasp tuman IIB boshlig‘ining o‘rinbosari ekanligidan xabar topib qoldim.
Mendan “gap olgan” navbatdagi shaxsni Otaboy deb chaqirishdi.
Agar men 12 yarim soatlik tergov tafsilotlarini qog‘ozga tushiradigan bo‘lsam, katta bir asar bo‘ladi.
Qisqa qilib aytganda mening talabalikdan tortib shu davrgacha bosib o‘tgan hayot yo‘lim, oilam, siyosiy qarashlarim… hamma-hammasi haqida so‘rab-surishtirishdi.
Hatto hojatxonaga borishga ham izn bermay, qiynab olib o‘tirishdi.
Yaqinginada to‘shak tortib yotgan odam edim. Yaratganga shukur, uning amri bilan tabib bahona-yu sabab endigina oyoqqa turgandim. Adog‘siz savollar sillamni quritib yubordi.
“Xorazmga qachon kelding, nima maqsadda kelding, paxtazordagi dala shiyponlariga, suvchilar uyiga, bolalar bog‘chasiga nima uchun borasan?! Nima uchun o‘quvchilar bilan suhbatlashasan?! Nima uchun ruxsatsiz tasvirga olasan, nega ruxsatsiz s'yomka qilasan?! Nega avval hokimiyatga kirmaysan, nega avval tuman rahbarlaridan ruxsat olmaysan?!” degan mazmundagi adog‘siz savollar bilan “qonimni ichishdi”.
– “Tuman hokimini iznisiz Hozaraspga kelgan kishining harakatlanishi ta'qiqlanadi!” degan birorta bir huquqiy hujjat ko‘rsating menga? – dedim sabr kosam limmo-lim bo‘lib – to‘kilib. – Kollej o‘quvchilarining yashash sharoitlari, oziq-ovqatining sifati bilan qiziqdik. Paxtaga ixtiyoriy chiqqanmi, safarbar etilganmi, bilgimiz keldi.
– Qora niyatda kelganlaringiz aniq. Aslida niyat qora bo‘lgan! – tutaqdi IIB xodimi.
– O‘smirlarning taqdiri, yashash sharoitlari, ijtimoiy ahvoli bilan niyati bad odamlar qiziqishadimi? – so‘rayman hayratimni yashirmay.
– Ichlaring qora bo‘lmaganida, maqsadlaring yurtni sotish bo‘lmaganida birinchi bo‘lib hokimiyatga uchrashgan bo‘lardinglar! – bu so‘zlar suhbatdoshimning tishlari orasidan sizib chiqadi-da naqd yurakni mo‘ljalladi.
“Nima uchun hokimga uchrashishimiz kerak? Xalqaro Mehnat Tashkiloti ekspertlarini laqillatishganlari kabi bizning ham qulog‘imizga lag‘mon osib yuborishlari uchunmi?” demoqchi bo‘ldim-u, o‘zimni zo‘rg‘a tiydim.
– Aybimiz aytilmadi. Bizni tutqinlikda ushlab turish shunchalar zarur bo‘lsa, uy qamog‘iga olsalaringiz bo‘lmaydimi?, – so‘radim tergovchidan, – Men yaqinginada kasaldan turgan odamman. Toliqib ketdim. Birozgina yotsam degandim. Juda bo‘lmasa, kameraga tashlanglar, u yerda loaqal karovat bo‘lsa kerak, oz bo‘lsayam hordiq olardim.
Tergovchi, avvaliga, kinoyali ohangda “Charchab qoldingizmi?” dedi-da ustimdan mazxaratomuz kulgan bo‘ldi. Keyin esa ko‘zlarini ola-kula qilib “Siz davlat dushmanimisiz?! Davlat siyosatiga qarshimisiz?! Kasal bo‘lsangiz paxta dalasida sizga qovurib qo‘yibdimi?! Uyda ketni qisib o‘tirish kerak edi paxta siyosatiga aralashmasdan!” deya dag‘dag‘a qila ketdi.
Buningdek fikrdagi IIB xodimi bilan tortishish befoyda ekanligini anglab yetgan bo‘lsam-da, bo‘sh kelishni istamasdim:
– Kim aytdi sizga davlat siyosati paxta mavsumi davridagi majburiy mehnatni yoqlaydi, qo‘llab, quvvatlaydi deb? Hukumatning yangi farmon va qarorlaridan bexabarmisiz deyman? Hukumat qarorlari bu holatni qoralaydi-ku?
Mana, yaqinginada Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan hamkorlikda “paxta yig‘im terimi jarayonida majburiy mehnat holatlariga yo‘l qo‘yilmaydi!…”, “majburiy mehnat holatlari qonunga zid hisoblanadi hamda ma'muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi”, “paxta yig‘im terimi jarayonida bolalar mehnatidan foydalanish holatlariga yo‘l qo‘yilmaydi!”, “majburiy tartibda paxta terish holatlari guvohi bo‘ldingizmi? Darhol xabar qiling!” Degan turli mazmunlarda varaqalar tarqatilgan, ishonch telefonlari qayd etilgan. Demak, eng avvalo, majburiy mehnatga ta'qiq qo‘yilishini targ‘ib qilayotgan mehnat va aholini ijtimoiy muhofazi qilish vazirligi vazirini, o‘zbekiston kasaba uyushmalar federatsiyasi rahbarini xibisga olish kerak. Bu mavzuda varaqalar tarqatgani uchun ularni jinoiy javobgarlikka tortish, so‘roqqa tutish kerak bo‘ladi. Ana undan keyin qonun yo‘l qo‘yib bersa bizni istaganingizcha ushlab turishga haqlisiz, – dedim.
– Biz nega endi Mehnat vazirligiga, Kasaba uyushmalari kattalariga bo‘ysunishimiz kerak? Ular kim bo‘pti? Biz Ichki ishlar vazirligiga bo‘ysunamiz. Qaysidir vazirliklar, qandaydir federatsiya, uyushmachalar varaqa tarqatib, majburiy mehnat ta'qiqi targ‘iboti bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, unday uyushmalarga, vazirliklarga o‘z qo‘l ostidagi xodimlari itoat qilishsin, bizlar emas! – dedi Hozarasp tuman IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimi beparvolik bilan.
– Mehnat vazirligi, Kasaba uyushmalar federatsiyasi majburiy mehnatning ta'qiqiga oid targ‘isob varaqalarini o‘z-o‘zidan tarqatmagandir? Davlat qonunlari, hukumatning qaror va farmonlaridan chiqib kelib tayyorlashgandir? Yoki paxta mavsumida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi xususidagi ular tayyorlagan bunday ogohlik varaqalarning hammasi shunchaki xo‘jako‘rsin uchunginamidi? – degan mazmundagi diydiyolarimni hech kim eshitishni istamadi.
– Hozaraspda majburiy mehnat bor ekanmi? Bizda majburiy mehnat yo‘q. Dala shiyponlarida, suvchilar uyida, bolalar bog‘chasida tunayotgan kollej o‘quvchilari o‘z ixtiyorlari bilan vatanimizga yordam qilish istagida hasharga chiqishgan. Ularni birov paxta terishga majbur qilgan emas. Yoki birortasi sizga “Bizni terimga majburlashmoqda” dedimi, – Xazorasp tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosarining xizmat xonasida meni tergov qilayotgan fuqaro kiyimidagi maxsus xizmat xodimi bu gaplarni shunchalar ishonch va xotirjamlik bilan aytdiki, bu yolg‘onlarga hatto o‘zimning ham ishonib qolishimga bir bahiya qoldi.
“Nega dala sheyponida ovoz chiqarishga qo‘rqqaningizdan sherigingizni qo‘l bilan imlab chaqirdingiz?!”
– Xorazmda nima bor edi sizga?! – dedya dag‘dag‘ada davom etti Otaboy.
– Kelishim ta'qiqlanganmi?
– Kelsangiz, tinchgina kelib keting edi! Paxta dalasida nima qilib yuribsiz?! Nimaga o‘quvchilar bilan gaplashasiz?! Paxta shiyponiga nimaga borasiz?! Nimaga yashirinib, qochib yuribsiz?!
– O‘zga viloyatdan kelgan shaxsning Xorazm dalalariga chiqishi, kollej o‘quvchilari bilan gaplashishi mumkin emas degan qonun bormi? Men erkin inson bo‘lsam. Istasam, paxta kezaman, istasam, odamlar bilan gaplashaman, hohlagan joyimga boraman, suratga olaman…
– Nega unda pusib yuribsiz?! Qochasiz, yashirinasiz?! Tong saharda paxta shiyponida nima bor edi?!
– Yashirinish maqsadimiz yo‘qligi sabab ham, pusib yurmaganimiz uchun ham, garchi, tunab qolgan uyimizni maxsus xizmat xodimlari qurshab olganidan xabar topgan bo‘lsak ham, ortimizdan “ayg‘oqchi” izma-iz tushganini, bizni ta'qib qilib borayotganligini bilsak ham, qochib qolgan emasmiz, aksincha, tong saharda dala shiyponiga yo‘l tolganmiz. O‘quvchilar paxta terimiga ketib qolmaslaridan oldin ularning yashash sharoitlari bilan tanishish, oziq-ovqatlari sifatini ko‘zdan kechirish maqsadida saharda dala shiyponlariga shoshilgandik.
– Yashirinib, pusib yurgansiz! Yashirinmagan bo‘lsangiz, nega unda dala shiyponidagi bolalarni rasmga olib bo‘lib, ketar chog‘ingizda ana u rus ayolini, sherigingizni ovoz bilan chaqirishga cho‘chib, “ketdik” deya unga qo‘lingiz bilan imo qildingiz?!
– Siz dala shiyponida yo‘q edingiz-ku?
– Siz bizni hech narsadan bexabar deb o‘ylamang! Qaerda bo‘lgan bo‘lsangiz, o‘sha yerdagi dala shiyponi, bolalar bog‘chasi, suvchilar uyidagi o‘qituvchilarni olib kelganmiz! Barchasi sizlarning harakatlaringiz haqida hisobot yozib o‘tiribdi!
– Dala shiyponidagi, bog‘cha va suvchilar uyidagi kollej o‘qituvchilaridan hech qanday ariza va tushuntirish xati ololmaysiz. Mabodo, olgudek bo‘lsangiz, kollej o‘quvchilarining paxta shiyponida yotib-turishini o‘z qo‘llaringiz bilan ochib qo‘ygan, isbotlab bergan berasiz. Tong sahargi soat 5.00 da kollej o‘qituvchisi-yu o‘quvchilari shiyponda nima qilib yuribdi degan savol o‘rtaga qalqib chiqadi.
– Siz menga dars berayapsizmi?! Ovoz chiqarishga qo‘rqqaningizdan sherigingizni qo‘lingizni imo qilib chaqirganingiz yolg‘onmi?! Nimaga qo‘lingizni imlab chaqirdingiz?!
– Xorazmda qo‘l bilan imo qilib chaqirish jinoyat ekanligini bilmagan ekanman. Mayli, mamlakat qonunlarida fuqaroning qo‘l bilan imo qilishi jinoyat sanalsa, bu harakatga nisbatan jinoiy javobgarlik ko‘rsatilgan bo‘lsa, menga o‘sha moddani qo‘llay qoling, – dedim sekingina.
“Sizdaqa vatanfurushlarga xudoning o‘zi “statya” qo‘yib qo‘yibdi!”
– Biz qo‘ymaymiz moddani! Xudoning o‘zi sizdaqa vatanfurushlarga statya qo‘yib qo‘yibdi! – o‘shqirdi fuqaro kiyimidagi Otaboy otlig‘ IIB xodimi.
– Xudo urib qo‘yibdi demoqchimisiz? Nimani nazarda tutayapsiz, tushunmadim? Ikki yillik og‘ir kasalligimni nazarda tutayapsizmi? Betobligim uchun, “Sizni Xudo ana shunday qilib urib qo‘yibdi!” demoqchimisiz? Kasal bo‘lmagan odam bormi?
– Xudo urib qo‘yibdi demadim! Xudoning o‘zi statya qo‘yib qo‘yibdi dedim!
– Xudoning o‘zi statya qo‘yib qo‘yibdi degani, Xudoning o‘zi urib qo‘yibdi degani-da!
– O‘zingizcha to‘qib bichmang!
“Vatanfurushligingiz uchun qancha haq olasiz?”
– Bizda majburiy mehnat bormi? Bilib qo‘ying, bizda majburiy mehnat yo‘q. Hamma paxta terimiga o‘z ixtiyori bilan chiqadi. Hamma hasharchi. Bitta fermer shuncha gektardagi paxtani qanday terib oladi. Uch-to‘rttagina ishchisi bo‘lsa. Paxtani nobud qilish kerakmi? Boshqa kasb egalari ham paxta tersa, nima bo‘pti? Paxta bu bizning boyligimiz-ku! Sizlarga o‘xshaganlar arzimas shu narsani ham bo‘rttirib, oshirib-toshirib ko‘rsatasizlar. Paxta terimi haqida olgan shu materiallaringizni qaerga berasiz? “Ozodlik”gami? Shunday vatanfurushligingiz uchun qancha haq to‘lashadi?, – meni so‘roqqa tuta ketdi o‘zini tanishtirmagan fuqaro kiyimidagi (MMX xodimimi, IIB vakilimi va yo prokuraturadanmi, buni yolg‘iz Xudo biladi!) maxsus xizmat xodimi.
– Vatanni sotishmi bu?
– Ha, vatanni sotasizlar. Qancha berishadi?
– Sariq chaqa ham to‘lashmaydi. “Ozodlik”ga mening mutlaqo aloqam yo‘q. Hayotimda “Ozodlik”dan qalam haqi olgan banda emasman. Umuman, to‘plagan materiallarim uchun biror bir shaxs va yo tashkilotdan haq olmaganman.
– Biz go‘lga o‘xshaymizmi? Xorazmgacha kelish bepul bo‘lmagandir? Yo‘l xarajatlarini kim to‘laydi?
– Men Qaraqalpog‘istonning Ellikqalasiga, “Kechirmas ota” ziyoratgohiga boraman deb yo‘lga chiqqandim. Men o‘z maqsadim yo‘lida o‘z cho‘ntagimdan pul sarfladim. Birovning xizmati uchun xarajat tortgan emasman.
– Hech qaysi radio qalam haqi bermasa, tashkilotlar pul to‘lamasa, u holda kimning, nimaning hisobiga yashaysiz? – savol ustiga-savol qotadi IIB xodimi.
– Qizim ishlaydi. Uning topganiga qo‘l uchida kun ko‘ramiz…
– Tekindan-tekinga ma'lumot to‘playsizmi? Radiolarni, saytlarni bepuldan-bepul ma'lumot bilan ta'minlaysizmi? Bundan nima foyda sizga? Tekindan-tekin ishlash zarurmi sizga? Horij radiolari, saytlari quruq qo‘ymasligini, katta haq to‘lashini bilmaymizmi? Biror bir naf ko‘rmasangiz dalama dala yurarmidingiz? – iddao qildi tergov olib borayotgan fuqaro kiyimidagi o‘zini tanishtirmagan maxsus xizmat xodimi.
– Men jurnalistman. O‘zMTRKda 21 yildan ortiq faoliyat yuritganman. Bu mening kasbim. Kasbim mening hayotim. Shu ishga urganim qolganman. Men kimdir haq to‘lashi uchun reportajlar tayyorlamayman, yurak g‘uborimni chaqarib tashlash, ko‘nglimdagi dardlarimni to‘kib solish maqsadida matreallar tayyorlayman. Siz buni tushunmasangiz kerak. Shu kasbim uchun men juda ko‘p narsadan kechganman….
– Aytingchi, s'yomkani olib bo‘lgandan keyin “Ozodlik”ga qanday qo‘ng‘iroq qilasizlar?
“Ozodlik” qayda-yu men qayda. Men hayotimda “Ozodlik”ka qo‘ng‘iroq qilgan emasman. Chet elga qo‘ng‘iroq qilaversam uyimni qaerdan topaman? Ularning o‘zlari onda-sonda bizga chiqib turishadi. Keyingi bir yarim yildan buyon mendan intervyu ham olishgan emas. Ular bilan aloqam siz tasavvur qilgan darajadama-aaas, -dedim.
– Paxta haqida olganlaringizni “Ozodlik”ga bermasangiz, qaerda qanday qilib tarqatasiz? – qiziqdi IIB xodimi.
– Istalgan OAVga berishim mumkin. E'lon qilishga ko‘ngudek bo‘lsa, mahalliy gazetalarga ham berardim. Asosan internet saytlari orqali e'lon qilaman dedim-ku. Necha marta takrorlashim kerak, hayronman, – dedim norozi to‘ng‘illab.
– Vatanfurushlik bo‘lmay nima bu? Sizlar Vatanni sotish bilan shug‘ullanasizlar!
Nega bizni bunchalar tahqirona tekshirishdi?
Bizni asirga olishganiga uch soatlar bo‘lgandi, yanglishmasam, bir mahal IIB xodimlaridan biri men o‘tirgan xonaga ikki ayolni boshlab kirdi. Ulardan birining egnida oq xalat bor edi.
Oq xalatli ayol o‘zini tanishtirmagan edi, ism-sharifini o‘zim so‘rab bildim: Mehriniso Shokirova ekan. Ginekolog. Yechinishimni buyurdi. Karaxt bo‘ldim.
– Sizdan bir narsani iltimos qilsam bo‘ladimi, opajon? Mana, siz ayol kishisiz. Men ham. Bu yerda juda uyatga qoladi-da odam, opa. Iltimos, bizni tug‘riqxonaga, yo ginekologiya bo‘limiga olib borib ayollarning maxsus kreslosida ko‘rikdan o‘tkazsangiz devdim, – yalingudek dedim, ginekolog Mehriniso Shokirovaga.
– Zarari yo‘q. Bu bor-yo‘g‘i 3-4 daqiqa vaqtingizni oladi, – deb javob qildi ginekolog.
Ularning niyatini darhol fahmladim: Bizning bachadonimizdan fleshka izlashmoqchi!
Avvaliga IIB xodimlarining o‘zi bizlarni qandaydir qora temir tayog‘i bilan ko‘rikdan o‘tkazishgandi. “Temir tayoq” bilan ham fleshkalarimizni topa olishmagan edi. Ana shuning alamiga tibbiy yo‘l bilan qidirish maqsadida atay ginekologni boshlab kelishibdi.
Ginekolog ko‘rigiga rozi bo‘lishdan o‘zga iloj ham yo‘q edi. Qarshilik ko‘rsatgudek bo‘lsak, yanada ko‘proq shubhaga borishlari tabiiy “A-ha, demak, si'yomka qilingan fleshkalar rostdanam bachadonida ekan-da!” deb o‘ylashadi.
Keyin ginekologik tekshiruvga majburlashadi. Kuchi yetmasa, IIB xodimlarini ko‘makka chaqirishadi. Ikkita militsiya oyog‘ingdan, yana ikkitasi qo‘lingdan tutib turadi-da, ginekolog M. Shokirovani ishga solishadi. Bunday holatlarda qarshilik ko‘rsatish befoyda.
– Ust-boshingizni yeching, – buyurdi ginekolog.
Hozarasp tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari xonasida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri stol ustiga qip-yalang‘och yotqizgan holda ginekolog Mehriniso Shokirova onadan qanday tug‘ilgan bo‘lsam, shu kuyi yechintirib oldi. Shokirovaga hamrohlik qilib kelgan ayol men egnimdan yechgan barcha ust-boshimni chok-chokiga qadar bittama-bitta sinchiklab tekshirib, birma-bir ko‘zdan kechirib chiqdi.
Bu vaqt davomida ginekolog oq xalati cho‘ntagidan chiqargan qandaydir tibbiyot uskunalari bilan bachadonimdan fleshka izlay yetdi. Topaolmagach, qo‘li ko‘magida qidirdi. Baribir foydasi bo‘lmadi.
Ko‘rikni nihoyasiga yetkazgan ginekolog M. Shokirova kiyinishimni buyurdi. So‘ngra eshikni ocharkan uning ortida kutib turgan IIB xodimlariga: “Hammasi top-toza. Hech narsa topilmadi. Sizlar qidirayotgan fleshka chiqmadi” deya axborot berdi.
Yanada muhimrog‘i shundaki, ginekolog tibbiy uskunalari ko‘magida bachadonimdan analiz uchun nimadir oldi-da “prozrachnыy” selofanga soldi. Men undan biror bir analiz olishini o‘tinmagan edim. Ammo ginekolog Mehriniso Shokirova mendan analiz uchun qanday maqsadda namuna oldi, buni yolg‘iz Xudo biladi.
Ayol kishi sifatida ilgarilari ham ginekologik tekshiruvlardan o‘tib yurgan odamlarmiz. Biroq, hatto, ko‘zimiz yorigan kezlarida ham biror bir ginekolog bizni onadan tug‘ilgandek shir yalang‘och qilib yechinishga majbur etmagan. Yarim yalang‘och qilgan bo‘lishi mumkin. Ammo qip-yalang‘och holatda bachadonni “ag‘dar-to‘ntar” qilish Shokirovaga nima uchun zarur bo‘lib qolganiga haligacha tushunmayman.
Umuman olganda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xazorasp tuman ichki ishlar idorasida, boshliq o‘rinbosari xonasida, stolda ginekologik tekshiruvdan o‘tkazish, bachadonni “taftish” qilish mumkinmi? Bu holat tibbiyot talablariga javob beradimi? Va yana ginekolog Mehriniso Shoirova to‘g‘ridan-to‘g‘ri oq xalatining cho‘ntagidan chiqargan tibbiyot asbob-uskunalariga biror bir mikrob va yo infektsiya ilashmaganmikin? Ginekolog qo‘lidagi tibbiy uskunalarni «sterilnыy» ekanligiga kafolat qani?
Tibbiyot talablariga zid ravishta IIB binosida ginekologik ko‘rikdan o‘tkazishdan tap tortmagan Shokirova bachadonimizga biror bir yuqumli bedova bir dardni qastdan tibbiy asboblari yordamida yuqtirmaganligiga kim kafolat beradi? Modomiki, shifokor degani tibbiyot qasamini buzdimi, tibbiyot talabidan chetga chiqdimi, unday shaxsdan har qanday qabixlikni kutishi mumkin.
Organizm menikimi, meniki. Men Shokirovadan bachadonimdan tahlil uchun namuna olishni so‘ramaganman. Garchi so‘ramasam-da, nima uchun u mendan analiz uchun namuna olib, selofanga soladi? Bundan maqsad nima edi? Gap yo‘q, so‘z yo‘q. Tushuntirish yo‘q!
Ginekologning mana shunday shubhali va noqonuniy hatti-harakatlaridan so‘ng, “Mehriniso Shokirova oq xalati cho‘ntagidan olgan tibiyot asbob-uskunalari vositasida bachadonimga davosiz bir kasallik infeksiyasini qasddan yuqtirmadimikin?” degan gumonga borishim tabiiymi, yo‘qmi? Modomiki, mening bachadonimga fleshka yashiringan degan shubhaga borishgan ekan, nega aynan tibbiyot asbob-uskunalari yordamida “ko‘rikdan o‘tkazishdi”?
Vaholanki, M. Shokirova ayol bachadonini UZI ko‘magida ham ko‘zdan kechirish mumkinligini bilardi-ku! Demak, ularga Urlaeva va mening organizmimga qandaydir kasallik yuqtirish kerak bo‘lgan! Ajabmas, ertaga u mening matkamdan olgan namunani haqiqiy xastaning namunasiga almashtirgan holda meni “OITS”mi, qandaydir xavfli dardlardan biriga chalingan bemor ekan!” degan iddaoni ilgari surib qolsa! Bu fursat ichida esa u yuqtirgan infeksiya vujudimga tarqab ulgurgan bo‘ladi. Shu bahona hukumat bitta “monitoring o‘tkazuvchi” jurnalistdan qutiladi-qo‘yadi. Ajabmas, shundan so‘ng va'dalariga muvofiq shifokor Shokirova xonimgaga shon-sharaflar yog‘ilsa, amal egariga ilinsa!
Hozarasp tuman shifoxonasi shifokorlari, jumladan, ginekolog Mehriniso Shokirova ichgan tibbiyot qasamiga sodiqlik ko‘rsatadimi va yoki tuman hokimi, senator O‘ktam Qurbonovning buyrug‘iga so‘zsiz bo‘ysunadimi? IIB idoralarining nog‘arasiga usul qiladimi?
Keyinchalik Yelena Urlaeva bilan bo‘lgan suhbat jarayonida aniq bo‘lishicha, Mehriniso Shokirova Ye. Mixaylovnani ham tahqironi ginekologik “tekshiruvdan” o‘tkazgan. Huquqbonni ham qip-yalang‘och qilishgan.
Dunyo hamjamiyati O‘zbekiston shifokorlari kuch ishlatar tizimlarining og‘zaki topshirig‘iga asosan ayol bachadoniga qasddan kasallik yuqtirish qudratiga ega ekanligidan ogoh bo‘lishlari lozim!
Bizga isbatan qo‘llanilgan bunday tahqirni biz ham javobsiz qo‘ymoqchi emasmiz. Shu kecha kunduzda Hozarasp tuman hokimi – senato-oorni, IIB boshlig‘i va bizni asir etgan xodimlarini, tibbiyot talabiga emas, senator O‘ktam Qurbonov va IIB boshlig‘iga so‘zsiz itoat etib, ularning og‘zaki bo‘yruqlarini so‘zsiz bajarayotgan ginekolog Mehriniso Shokirovani sudga berish borasida da'vo ariza tayyorlash bilan mashg‘ulmiz.
“Rostini ayting, kuni kecha paxta yig‘im-terimiga bag‘ishlangan yig‘ilishda tuman hokimi O‘. Qurbonovning kunlik terim rejasini uddalay olmagan tashkilot rahbarlariga qilgan dag‘dag‘alariga guvoh bo‘lganim, tasvirga olganim uchun qasddan bizni qiynab o‘tiribsizlarmi?”
– Fleshka elektrotexnika asbobi bo‘lsa. Unga nam tekkudek bo‘lsa, ishdan chiqsa. Biz nega fleshkani yashiramiz o‘zi? Uni asrab qolish uchunmi? Modomiki, uni omon saqlab qolishni istarkanmiz, qanday qilib uni bachadonimizga joylashtirishimiz mumkin?
– Selafanga o‘rab, – uqtirdi IIB xodimi.
– Inson organizimining 90 foizdan ortig‘i suvdan iborat bo‘lsa… Har qanday selafan suyuqlikda tursa, nam tortashi yosh bolaga ham ma'lum-ku. Bu holatda fleshka o‘z-o‘zidan ishdan chiqadi. Fleshka yaroqsiz holga kelib qolar ekan uni chiqindi chelakka tashladik nima, bachadonga joyladik nima? Har ikki holatda ham foydalanib bo‘lmaydi. Matkadan fleshka qidirish hech bir aqlga sig‘maydi. Shuni bilgan holda sizlar qanday qilib ayol bachadonidan fleshka qidirishga bo‘yruq berasizlar-a? – dedim hayratimni yashirmay.
– Selafanga o‘ralsa, ishdan chiqmaydi, – dedi IIB xodimi ishonch bilan.
– Kuni kecha hokimiyat yig‘ilishiga kirganim, senator bo‘lgan hokimlaringizni kunlik paxta terish rejasini uddalay olmagan tashkilot rahbarlariga qilgan dag‘dag‘alarini yozib olganimning alamigami bularning bari? Hokim O‘ktam Qurbonovning dag‘dag‘alari tushirilgan fleshkani topib, yo‘q qilish uchun qidirayapsizlarmi? Buning evaziga menga qanday ayblov qo‘yasizlar? Uyushtirish yo‘li bilan qamaysizlarmi? – savol qotdim o‘zini tanishtirmagan fuqaro kiyimidagi IIB xodimiga.
“Muhammad Solih bilan oxirgi marta qachon gaplashgansiz? Nima haqida suhbatlashgansiz?”
Bizga soqchilik qilish barobarida so‘roqqa tutayotgan navbatdagi Hozarasp tuman IIB xodimlaridan biri (Hamkasblari fuqaro kiyimidagi bu yigitni Sobir deb chaqirishdi) kutilmaganda suhbat mavzusini o‘zgartirdi:
– Bizdan bir kishi chiqqandi-ku. Otiyam nimaydi-ya? – dedi atay o‘smoqchilab, – Ha, esladim, Muhammad Solihni taniysizmi?
– Shoir odamni tanimaymanmi, taniyman, albatta, – hozirjavoblik qildim.
– Uchrashganmisiz? Gaplashganmisiz? Oxirgi marta qachon gaplashgansiz? Nima haqida gaplashgansiz, – savollarni qalashtirdi o‘zini tanishtirish ko‘nglining ko‘chasiga ham kelmagan Sobir otlig‘ IIB xodimi.
– Uchrashganman, gaplashganman. Karimov bilan birga Muhammad Solihning prezidentlikka nomzodi qo‘yilgan kezlarida, tanqidchilar “Nuqul Islom Karimovni targ‘ib qilasizlar, Muhammad Solihni chetlab o‘tasizlar. Torozi pallasi Karimov tomonga bosib ketmoqda. Torozi pallasini to‘g‘ri tutmayapsizlar” deb tanqid qilishgandi.
O‘shanda, garchi rahbarlarim menga ko‘rsatma berishmagan bo‘lsa-da, Muhammad Solihdan intervyu olish, maxsus eshittirish tayyorlash maqsadida Respublika yozuvchilar uyushmasiga borganman. Kirsam, Muhammad Solih Dilorom Isoqova bilan o‘tirishgan ekan.
O‘shanda Muhammad Solih maqsadimni tinglagach, “O‘zimni emas, sizning tinchligingizni o‘ylaganim uchun intervyu bermolmayman. Eshittirishni efirga bera olmasdan qiynalib qolishingizni istamayman” deb taklifimni rad etgandi.
Hafsalam pir bo‘lib qaytgandim. Birinchi va oxirgi marta ko‘rganim ham, gaplashganim ham shu, – deya yaqin o‘tmish haqidagi qisqa hikoyani gapirib berdim.
– Shoir-a?
– Shoir. Lekin ularning tagma'no she'rlarini tushunishga mening ko‘pam aqlim yetavermaydi. O‘qimaganman. Menga Muhammad Yusufning jaydari she'rlari yoqadi, ko‘p yod olaman, – dedim. (U mabodo FB sahifalarini kuzatib borganida, men bosgan “Nravitsya”larning hisobini olganida edi, mening nechog‘liq rost yo yolg‘on so‘zlayotganligimni anglab yetgan bo‘lardi)
Bu javobim Sobirga xush yoqdi shekilli uning labida tabassum o‘ynadi. Keyin:
– O‘sha saylovda siz kimga ovoz bergansiz? – deb so‘radi.
“Bizning tutqunligimizga buning nima aloqasi bor?” deb so‘ragim keldi-yu, tilimni tiydim.
– Agarda internetni kuzatib borganingizda, o‘sha saylovda kimga ovoz berganligim haqida hozir o‘zimdan so‘rab o‘tirmagan bo‘lardingiz. To‘g‘ri, “Shoirdan shoh chiqadimi?” deb e'tiroz bildirganlar ham bo‘lgan o‘shanda. Lekin Bobur Mirzo kim edi? Ruboiylar bitardi. Shoh va shoir bo‘lgan. Davlat arbobi Navoiy ham shoir. Sharof Rashidov ham ijodkor bo‘lgan. Men ijod ahliga yaqin odam bo‘lganligim uchun ham Muhammad Solihga ovoz berishni istagandim.
Men M. Solihni targ‘ibot qilganman. Onam Karimovni targ‘ibot qilgandilar. Ra'no Abdullaeva davrida machitlarga borish, nomoz o‘qish, jonaza o‘qish ta'qiqlangandi. Karimovning dastlabki davlat boshqaruvida odamlarga diniy erkinlik berildi, keksalarning nafaqasi ma'lum ma'noda oshirildi. Dehqonlarga yerlar bo‘lib berildi.
Shunga onam Karimovga tarafdor bo‘lib qoldi. Besh vaqt nomozida bolalariga qo‘shib Karimovni ham duo qilardi, unga omonlik tilardi. Onam bizga “Agar meni onam desanglar, Karimovga ovoz berasizlar” deb shart qo‘ygan edi. Karimovga hayrihohligim uchun emas, onamning hurmati uchun o‘shanda Karimovga ovoz berganman. 2010 yilda ishonchim, bergan ovozim evaziga Karimovdan unutilmas mukofot olganman. Ishdan haydalganman, jarimaga tortilganman. O‘zMTRKdagi ta'magirlik, poraxo‘rlik, iqtisodiy jinoyatchiliklarni ochaman deb ming bir baloga giriftor bo‘lganman. Shuning uchun kechagi saylovda Karimovga ovoz bermaganman. Bular haqida yozganlarimni e'lon qilganman, intervyular berganman, – degan mazmunda javob qildim “suhbatdoshimga”.
“Shunday qilib bosh vazir o‘rinbosarining iste'fosini so‘rab namoyishga chiqqanman deng?”
Navbatdagi “soqchim” o‘z vazifasini o‘tab bo‘ldi chamasi, uning o‘rnini kostyumining ikki yengi tirsagiga “moda” uchun rangiga monand yamoq qo‘yilgan qotmadan kelgan o‘zim tengi kishi kirib keldi:
– Shunday qilib Bosh vazir o‘rinbosarining iste'fosini so‘rab namoyish o‘tkazganman deng, – dedi “T” shaklidagi stol to‘ridagi krisloga cho‘karkan qo‘llarini bir-biriga chalishtirib. Keyin boshini ortiga tashlab, yalpayib o‘tirib oldi.
– Ha, shunday. Oqibatda biz ishdan haydaldik, Aripov esa ham amalidan, ham BOING somolyotidan ayrilib qoldi, – axborotga to‘ldirish kiritdim. Keyin surishtirib bilsam, kostyumi yenglarining ikki tirsagi yamoq bu shaxs Hozarasp tuman IIB boshliq o‘rinbosari bo‘lar ekan.
Qiziq, men Farruxning bu boradagi savollariga javob berayotganimda “zamnachalnik” yo‘q edi-ku? Qanday eshitdi ekan? O‘ylanib qoldim.
“Bu ayolga bosh og‘riq dorisini emas, unga sichqon dori bering!”
Hozarasp tuman IIB binosida, “qorovullar” qurshovida uzo-ooq o‘tirdik. Hatto hojatxonaga borishga ham izin berishmadi degandim-a? Yelena Urlaeva qo‘shni xonada “xibs” etilgandi.
Bir mahal Urlaevaning uch-to‘rt bor “Rebyata, ya xochu v tualet” degan talabi eshitildi. Ularga hech qanday javob berilmadi. Shunda Ye. Mixaylovnaning “U menya pochka bolit. Ya bolshe ne mogu terpet. Eto je vredno. Davayte, togda prinesite vedro pryamo v kabinet, ey, nachalnik” degan ovozi yangradi.
Urlaeva bilan mintalitetimiz tubdan farq qilardi. Ular chelak talab qilib turgan bir paytda men “Erkak kishilarga qanday qilib “Hojatga boraman deb aytaman?” degan iste'holada tishimni-tishimga qo‘yib o‘tirardim….
Tahqirlardan Urlaevaning qon bosimi ko‘tarilib ketgandi. Boshida qattiq og‘riq turgan Yelena opa IIB xodimlaridan shifokor chaqirishlarini talab qildi. Shifokor Urlaevaning qon bosimini tushiradigan ukol qilishga chog‘lanayotgan pallada IIB xodimlaridan biri “Urlaeva baribir o‘zbek tilini tushunmaydi” degan o‘yda komil ishonch bilan baland ohangda “Unga siqchon dori bering, margumush berish kerak unga” deb xitob qiladi. IIB xodimining xitobini garchi qo‘shni xonalarga qamab qo‘yilgan bo‘lsa-da aniq eshitgan hamrohlarimiz Shokir aka va o‘g‘li Zokirlar bu haqda keyinchalik so‘zlab berishdi.
“O‘ylab qadam qo‘yishingiz kerak. Agar bu sistima istasa narkotika va yo bir parcha varaqa tashlab qo‘yadi. Ikki soatda g‘oyib bo‘lasiz-qolasiz. Sizni qidirib hech qaerdan topisholmaydi. Dodingizni xudoga aytib qolaverasiz!”
– Mana, o‘zingiz oilali ayol ekansiz. Bolalaringiz bor ekan. Nega o‘ylab ish qilmaysiz. Shukur qiling, omon o‘tiribsiz. Agarda bu sistema istasa, bunchagina, – Otaboy ismli Xazorasp tuman IIBining jinoyat qidiruv bo‘limi xodimi ko‘rsatgich va bosh barmoqlari bilan ko‘rsatgan bo‘ldi, – Arzimagan narkotika, yo bo‘lmasa varaqa tashlab qo‘yadi. Qarabsizki, ikki soat o‘tar-o‘tmas g‘oyib bo‘lasiz-qolasiz. Izingizni izlab hech kim topa olmaydi. Dodingizni Xudoga aytib qolaverasiz, shu kerakmi sizga?
– Nima qildim men?
– Sistema bilan o‘ynashmaslik kerak. Hech narsa qilmaganingiz shu bo‘lsa, qilganingiz qanaqa bo‘ladi? Ignaday narsani tuyaday qilib chet elga sotasizlar-ku! – dedi u meni gap bilan siltab.
“Noqonuniy tarzda paxta dalalarida bo‘ldim, suratlarga oldim, tasvirlarga tushirdim, o‘quvchilar bilan suhbatlashdim” deb yozib berasiz!”.
– Qani, Xorazmga qachon keldingiz, nima maqsadda keldingiz? Qaerlarda bo‘ldingiz? Nimalarni s'yomka qildingiz? Kimlardan intervyular oldingiz? Barchasi haqida nachalnik nomiga bir boshidan yozib bering qani? – buyurdi Farrux.
– Nega yozarkanman. Yozmayman. Oldin menga aybim nimada ekanligini ayting. Qaysi qonun talabini buzgan ekanman? Men O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi doirasidan chetga chiqqan emasman.
– Qonunni buzmagan bo‘lsangiz, nimadan qo‘rqasiz? Yozasiz! – takror talab qildi IIB xodimi.
– Endi advokat ishtirokisiz bir og‘iz ham gapirmayman, bir qator ham yozmayman. Toshkentdan advokatimni chaqiring, uning ishtirokida so‘roq qilasiz, – e'tiroz bildirdim.
– Yozasiz, shunday yozasizki…, – menga bor nafrati bilan tikildi u.
– Istasangiz peshonamdan otishingiz mumkin. Hohlasangiz shu kabinetning o‘zida nomusimga tajovuz qilishingiz mumkin. Ammo endi mendan bir og‘iz ham gap ololmaysiz, – deb javob qilibman azboroyi asabiylashganimdan. Oxirgi gaplarni nega aytdim? Nimagayam shunday dedim, bunga keyinchalik o‘zim ham hayron qoldim.
– Nimaga unday deysiz, Xudo saqlasin-e, opa! Bu nima deganingiz? Nima, bundan oldin hayotingizda shunday voqea sodir bo‘lganmi? Militsiya xodimlaridan birortasi sizni zo‘rlaganmi? – sinchkov tikildi Farrux.
– Bunday holatlar haqida ming marta o‘qiganman. Shunday aziyat chekkanlarning barchasi bizga shikoyat qilib kelishadi. Million marta eshitganman, – dedim ishonch bilan.
Darhaqiqat, mamlakat militsiyasi qo‘liga tushgan erkaklarni amriga bo‘ysunmadimi, urib, po‘la qiladi, Aytganiga itoat qilmagan ayollarni esa nomusiga tajovuz qiladi. Bu bor gap-ku. Bu olamu odamga ma'lum.
Ana shu suhbatdan so‘ng Farrux butunlay ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi-yu, uning o‘rnini fuqaro kiyimidagi o‘zga notanish bir xodim egalladi.
“Viloyatdan kelgan kattalar saytingizda chiqqan maqolalarni o‘qib o‘tirishibdi”
– Sanktsiyasiz bizni uch soatdan ortiq ushlab o‘tirishlaringiz mumkinmi? Kelganimizga hademay bir sutka bo‘ladi-ku, qachon qo‘yib yuborasizlar?, – betoqat bo‘lib so‘radim Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimidan, – Sizlarga faqat men kerakman. Bizga hamrohlik qilgan ota-bolalarning bizning ishimizga mutlaqo aloqasi yo‘q. Aybi yo‘q ularning. Beayb shuncha qiynab qo‘ydinglar. Men-ku yoshroqman, Yelena Mixaylovnaning yoshi mendan kattaroq. Ularni azobga qo‘ymanglar, iltimos. Hamrohlarimning hammasiga javob berib yuboring. Evaziga garov sifatida meni istaganingizcha olib o‘tirishingiz mumkin, – degandim, Otaboy degan IIB xodimi:
- Opa, viloyatdan kattalar kelishgan. Nachalnikning xonasida saytingizda chiqqan maqolalarni o‘qib o‘tirishibdi. Maqolalaringiz bilan tanishib bo‘lishgach, bir qarorga kelishsa kerak, – deya meni tinchlantirgan bo‘ldi.
Yana qanaqa sayt? Menda sayt nima qiladi? Men sayt ochgan emasman, – dedim hayronligim oshib.
Maqolalaringiz chiqqan ekan-ku?
Ana shundagina Hozarasp tuman IIB xodimi nima uchun kutilmaganda suhbat mavzusini Muhammad Solih tomonga burganligini tushinib yetgandek bo‘ldim. Demak, keyingi paytlardagi yozganlarim O‘XH saytida e'lon etilgani uchun ham ular mening M. Solih bilan qandaydir aloqasi bor deb o‘ylashgan…. To‘g‘ri, Urganchdan kelgan viloyat qonun idoralari vakillari bizga ko‘rinish bergan emas, ammo, Hozarasp tuman IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari bizni so‘roqqa tutib, noqonuniy tergov jarayonini tasvirga tushirib, “nachalnik” xonasida o‘qirgan viloyat KATTAlariga yetkazib, ularni biz va biz haqimizdagi ma'lumotlar bilan ta'minlab turishgan.
Hozarasp iibsida ham bizga hayrihohlar bor
Tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosarining xizmat xonasida Otaboy otliq xodimning “Vatanfurushlar” deya qilgan dag‘dag‘asi yurtni buzib yotgandi.
Bu soha xodimlari faqat xizmat xonasida jallod bo‘lisharkan. Kechga yaqin oyog‘imning chigalini yozish ilinjida xonadan sekingina karidorga chiqqanimda Otaboy deyarli ovozsiz, unsiz pichirlab, lablari ko‘magida shunday dedi: “Opa, biz ham aslida siz tomondamiz. Lekin xizmatchilik, – u qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi, – Hali xonada qattiq ketdim. Xafa bo‘lmang yana. Ko‘nglingizga olmang. Aslida, sizlar to‘g‘ri yo‘l tutayapsizlar. Xalqni o‘ylayapsizlar. Biz buni tan olib ochiqcha aytolmaymiz. Buyruqqa bo‘ysunishga majburmiz. Kunlar keladi, mehnatlaringiz ro‘yobga chiqadi. Bo‘sh kelmang, opa. Biz siz bilan!” dedi shivirlagancha lablari va qo‘llari bilan imo-ishora qilgan kuyi. Otaboyning gaplarini eshitishim bilanoq jamiki chekkan zahmatlarim, jabru sitamlarim, ozorlarim unutilgandek bo‘ldi. Tahqirlarni bir zum bo‘lsayam esdan chiqdi. Quvondim. Ko‘nglim ikki tom bo‘yi o‘sib ketdi. Men ko‘k ko‘z bu yigitni kun boshida “kalla kesar jallod” deb o‘ylagandim… Ilk taassurotim aldamchi bo‘lib chiqdi…
“Nima uchun dala shiyponlarida bo‘lganliklaringiz haqida qancha tez tushuntirish xati yozib bersangiz, shuncha tez ketasiz”
- Hokimiyatning majlislar zaliga nima uchun kirganingiz, nima sababdan yig‘ilishni, hokimni yozib olganingiz, tong saharda dala shiyponlarida nima qilib yurganingiz haqida qancha tez tushuntirish xati yozib bersangiz, shuncha tez ketasiz, – dedi Sobir ismli IIB xodimi.
Aytdim-ku, Toshkentdan advokatimni chaqiringlar. Uning ishtirokida tushuntirish xati yozib beraman.
Advokatingiz to Toshkentdan kelguniga qadar qancha vaqt o‘tadi, bilasizmi? Bu yerda uzoq vaqt qolib ketishingizga to‘g‘ri keladi, – dedi jinoyat qidiruv bo‘limi xodimi.
Ishsizman, mendan bekorchi odam yo‘q. Istasangiz, besh kun, ellik kun, hatto besh yilgacha kutishim mumkin. Advokatim kelsa bo‘lgani, -degandim, IIB xodimining ko‘zi ola-kula bo‘lib ketdi.
Unda o‘zingizga qiyin qilasiz, – dedi u, – Yozasiz, hokimiyat yig‘ilishiga qay maqsadda kirganligingiz haqida tushuntirish xati yozasiz?
Qaysi asosga ko‘ra buni mendan talab qilayapsiz? – deya qizishdim.
Hokimiyatdagi majlisga kirganligingiz uchun ustingizdan shikoyat tushgan.
Shikoyatni keltiring, avvalo, u bilan tanishib chiqishim kerak, – talab qildim.
Toki yozmas ekansiz, shu yerda o‘tiraverasiz, – degancha “tergovchi” shahd bilan chiqib ketdi.
Oxir-oqibat IIB boshlig‘i nomiga “Xodimlaringiz fuqarolar bilan muloqot chog‘ida xizmat guvohnomasini ko‘rsatishlarini, o‘zlarini tanishtirishlarini, xushmuomala bo‘lishlarini iltimos qilib so‘rayman. Bizni mashinaga o‘tirishga taklif qilishmadi. Taklif etishganlarida qarshilik ko‘rsatmagan bo‘lardik. IIB xodimlari bizga dabdurustdan kuch ishlatishdi, Zokir ismli hamrohimizning boshiga jarohat yetkazishdi. Peshonasi qon bo‘lsa-da “Tez yordam” mashinasi chaqirishmadi. Bu kabi salbiy holatlarga chek qo‘yilishini so‘rayman” degan mazmunda “Tushuntirish xati” bitdim.
“Tushuntirish xati”mni o‘qib ko‘rgan IIB xodimining ko‘zlari chiqib ketdi. Uni oldida “nachalnik”ning xonasida bizni “kuzatib” o‘tirgan Xorazm viloyat qonun idoralari kattalarining huzuriga yugurdi.
Qaytib kelgach, “Sizga Horazmga nima maqsadda kelganingiz, nima uchun dala shiyponlarida bo‘lganingiz, o‘quvchilardan nima haqda intervyu olganingiz, bu s'yomkalarni keyin nima qilishingiz haqida “Tushuntirish xati” yozing dedim! IIB rahbari nomiga iltimosnoma yozishingizni so‘ramadim!! O‘tiring!!! Qaytadan belgilangan tartibda “Tushuntirish” yozing, bilmasangiz, aytib turaman! – deya o‘shqirdi u menga.
“Tushuntirish xati”m mazmunini o‘zgartirishni istamaganim, qayta yozishdan bosh tortganim uchun tutqinlik soatlarini noqonuniy tarzda qastdan cho‘zib o‘tirishdi.
Asrlikdan ozod bo‘lgach, aniq bo‘lishicha, Yelena Urlaeva ham “Men Xorazmga kelgandim. IIB noqonuniy tutib o‘tiribdi. Hech bir gaplariga tushunmayapman. Menga advokat va tarjimon keltiring” degan mazmunda ikki qator “Tushuntirish xati” yozib berganlari uchun ham militsiya xodimlari yanada quturib ketishibdi.
Ikki dona fleshka uchun yana qo‘shimcha ikki soatlik tutqunlik jazosi tayinlashdi
Mustaqil davlat bo‘lganimizga 25 yil bo‘libdiki, hali hamon “Militsiya to‘g‘risidagi qonun”imiz yo‘q. Shu bois ham IIB xodimlari ko‘ngillarining ko‘chasiga kelgan noma'qulchilikni qilishadi.
Yo‘lto‘sar qaroqchilar kabi suvchilar uyida ikkita fleshka solingan ikkita adapterni, bitta yuzbini fotovideoapparatga qo‘shib tortib olishgandi. Har birimizdan tortib olingan narsalar xususida na dalolatnoma tuzildi, na hujjatlar rasmiylashtirildi. Narsalarimizni olishdi-yu, ketishdi. “Olarda oramijon, chiqarda chiqadi jon” deganlaridek, kech soat 20.30 larda bizga javob tekkach, yulqib olgan narsalarimni qaytarisharkan, ikkita adapter berishibdi. Ichi bo‘m-bo‘sh.
- Bu adapterlar ichidagi fleshkalari qani? Nima, men fleshkasiz, bo‘m-bo‘sh adapterni ko‘tarib yuradigan odamga o‘xshaymanmi? Nega qo‘limdan olgan narsalaringizni bus-butun, o‘z holicha qaytarmaysiz? – dedim IIB xodimiga.
Bizni shantaj qilmang, – dedi jinoyat qidiruv bo‘limi xodimi, – Ikkita fleshkangiz nari borsa 50 ming turadi. Shuyam pulmi? Biz shu pulga zormimzmi? – jerkidi xodim.
Sizga pul bo‘lmasligi mumkin, lekin menga 50 ming so‘m ham pul, – dedim, – Nega shantaj qilarkanman. Men safarga o‘ynagani chiqmaganman, tasvirga, rasimga olgani chiqqanman. Fleshka mening ish qurolim. Busiz ishim bitmaydi. shunday ekan zahiraga fleshka ko‘tarib yurmasdan, nima qilaman? Fleshkalarimni qaytaring, bo‘ldi, – e'tiroz bildirdim unga.
Shunaqami? – IIB xodimi stol ustiga qo‘yilgan narsalarimni qayta yig‘ishtirib olarkan, norozi chimrilgancha xonani tark etdi. “Ikkita fleshkam yo‘q-ku? Qani” degan so‘rovim uchun shu o‘tirganimizcha yana 2 soatdan ortiq IIB binosida qolib ketdik…
IIB xodimlaridan har birining hajmi 4GB bo‘lgan ikkita fleshkamni qaytarishlarini talab qilganim qimmatga tushdi: nafaqat meni Urlaevani, ota-bola Davletovlarni ham och-nahor yana ikki sodatdan ortiq besabab ushlab turishdi.
Qachonki, tortib olib qo‘ygan fleshkalarimni qaytarishlarini talab qilmaslikka rozi bo‘lganimdan keyingina tutqunlikdan ozod qilishdi!
“Meni militsiya xodimlari urgan emas”
Bizni kuch ishlatish yo‘li bilan Hozarasp tuman IIB binosiga keltirishgach, Yelena Urlaeva militsiya xodimlaridan peshonasidan jarohat olib, qonayotgan 23 yoshli hamrohimiz Zokirga “Tez yordam” mashinasi chaqirishlarini talab qildi.
Ammo hech bir xodim alohida xonada qo‘riqlab o‘tirishgan mahalliy aholi vakillaridan biri Zokirga tibbiy yordam ko‘rsatish haqida bosh ham qotirgan emas.
Qachonki, militsiya xodimlarni bizning bachadonimizdan fleshka qidirish maqsadida Tuman birlashgan shifoxonasi ginekologi Mehriniso Shokirovani IIB binosiga, biz o‘tirgan xonaga boshlab kelgach, karidorga chiqqan Yelena Mixaylovnaning “Biz sizning xizmatingizga muhtoj emasmiz. Ana u xonadagi Zokirga – yosh yigitga tibbiy yordam kerak. Bizga hujum chog‘ida IIB xodimlari uni urib, boshiga jarohat yetkazishgan” degan baland ovozdagi xitobi eshitildi.
O‘zbekistonda ginekologlar ko‘p tarmoqli mutaxassis ekanligini endi eshitishim.
Urlaevaning talabidan keyin ginekolog Mehriniso Shokirova koridorda turgan holda boshi lat yegan Shokir bilan savol-javob qilmoqda:
- Militsiya xodimlari urdimi seni? – so‘radi bemordan.
Ha deganda aniq javob ololmagan shifokor yana savolini takrorladi:
- Militsiya xodimlari urdimi seni?
Yo‘q, meni militsiya xodimlari urgan emas, – Shokirning g‘udrangan ovozi eshitildi, – Milisalar meni mashinaga turtib o‘tqizishayotganlarida o‘zim boshimni mashina eshigiga urib oldim. Meni hech kim urganmas.
Zokirdan o‘zi istagan javobni olgan ginekolog nihoyat o‘z “diagnoz”ini qo‘ydi:
- “Ana, bolaning o‘zi aytayapti! Uni hech qanday militsiya urmagan ekan-ku! O‘zi boshini mashinaga urib olgan ekan!”
Hatto boshi lat yegan erkaklarniyam ko‘rikdan o‘tkazishga malakasi yetadigan ginekolog Mehriniso Qurbonovaning tashhizi shunday bo‘ldi: “Militsiya urmagan, o‘zi boshini mashinaga urib olib jarohatlagan”. Mohir med.ekspert! Militsiya qo‘l ko‘tarmadimi, yo‘q! IIB xodimlariga da'vo qilmadimi, yo‘q! Jarohati sababini o‘z zimmasiga oldimi, Oldi! Demak, da'vo qilmagan bemorga tibbiy ko‘mak kerak emas!
Shunday to‘xtamga kelgan ginekolog kelgan joyiga ravona bo‘ldi.
Tutqinlikdan ozod bo‘lgach, Zokirdan “Nega militsiya xodimlarining zo‘ravonligi tufayli peshonangiz lat yeganini yashirdingiz? Nega “Jarohatga o‘zim sababchiman” dedingiz?” deb so‘radim. “Menga hech narsa kerakmas. Ozgina qon oqsa o‘lmayman. Otamning moshinini jarima maydoniga olib ketishdi. Bir yarim million so‘m jarima solishmoqchi. Muhimi mening boshim emas, otamni bir yarim million so‘mlik jarimaga tortishmasa bo‘lgani. Agar ularga o‘chakishib, urdi desam, baloga qolib ketamiz. Sizlar ketgach, Hozaraspda yuraolmasdan qolamiz” javob qildi u menga kuyib-yonib.
Hozarasp tuman IIBsidan ozod bo‘lgach, 29 sentyabrdan 30 sentyabrga o‘tar kechasi tunab qolgan xonadonimiz eshigini tongacha qoravullab chiqqan maxsus xizmat xodimlari uy egalarini qo‘rqitish bilan qanoat qilishgan emas.
30 kuni ertalab bizni bosimlar ostida Toshkentga qatnovchi taksiga o‘tirishga majbur etishdi. Bir ayol va bir erkakdan iborat ayg‘oqchilarini ham bizga hamroh qilishni eslaridan chiqarishgan emas. Biz taksidagi ikki nafar maxsus kuzatuvchilar hamrohligida poytaxtga qarab yo‘l oldik.
Malohat Eshonqulova,
mustaqil jurnalist
www.Eltuz.com